Demokratiya – xalq hokimiyatchiligi

0

Demokratiya – xalq hokimiyatchiligi. Демократия – халқ ҳокимиятчилиги. Демократия – халк хокимиятчилиги.


Xalq hokimiyatchiligi prinsipi mamlakatimizning Asosiy qonunida ifodalangan bo’lib, unda xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbayi ekanligi ta’kidlangan.

Asosiy qonun belgilaydi

Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbayidir.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 7-modda.

«Xalq hokimiyatchiligi» atamasi yunon tilidagi «demokratiya» (demosxalq, kratos – hokimiyat) so’zining aynan tarjimasidir. Bu tushuncha ilk marotaba Qadimgi Yunonistonda vujudga kelib, butun jahonga keng tarqaldi.

Demokratiya — bu:

  • saylab qo’yiladigan hokimiyat organlarida ishtirok etish;
  • fuqarolarning davlatni boshqarishda ishtirok etishi;
  • hammaning va har kimning qonun oldida tengligi;
  • jamiyat va inson xavfsizligi;
  • fuqarolar huquq va erkinliklarining to’la-to’kisligi;
  • inson farovonligi va manfaatlari xususida davlat g’amxo’rligi;
  • inson huquq va erkinliklari muhofazasining kafolatlangan mexanizmi mavjudligi.

O’z tarixi davomida insoniyat demokratiyaning ikki shaklini yaratgan:

  • bevosita, ya’ni to’g’ridan to’g’ri demokratiya. Bunda xalq davlat ish- larini vakillarsiz o’zi hal qiladi (saylov, referendum, fuqarolar murojaati, qonunlar loyihalari muhokamasi va boshqalar orqali);
  • bilvosita, ya’ni vakillik demokratiyasi. Unda xalq suveren huquqlaridan foydalanib, o’zlari saylab qo’ygan vakillari (deputatlar va senatorlar) orqali davlat ishlarini amalga oshiradi.

Davlat miqyosidagi muammolarni hal etishda xalqning bevosita ishtiroki referendumda, ya’ni mamlakat siyosiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan o’tkaziladigan umumxalq muhokamasida va bevosita ovoz berishda qatnashishi orqali namoyon bo’ladi.

Xalq nomidan faqat ular saylagan Prezident, Oliy Majlis deputatlari va senatorlar ish olib borishi mumkin.

Asosiy qonun belgilaydi

Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muho- kamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo’yiladi. Referendum o’tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.

O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 9-modda.

Davlat qaror qabul qilishi uchun jamoatchilik fikrini bilishi zarur bo’lib qolganda Konstitutsiya, qonunlarning loyihalari umumxalq muhokamasiga qo’yilishi, ya’ni referendum o’tkazilishi mumkin. Umumxalq referendumi butun mamlakat miqyosida yoki mahalliy hududda o’tkazilishi mumkin. Masalan, 2002-yil 27-yanvarda O’zbekiston Respublikasida referendum o’tkazilib, unda navbatdagi chaqiruvda O’zbekiston Respublikasining ikki palatali parlamentini saylash to’g’risidagi masala hal etildi. Referendumda ishtirok etgan fuqarolarning ko’pchiligi mazkur masalaga ijobiy javob berdilar. Shu tarzda O’zbekiston Respublikasida ikki palatali parlament vujudga kelgan.


Batafsil >> O’zbekiston respublikasi konstitutsiyasining asosiy prinsiplari

Previous articleO’zbekiston respublikasi – mustaqil suveren davlat
Next articleKonstitutsiyaviy tuzum prinsiplari