Havo harorati va bosimi

0

Havo harorati va bosimi. Ҳаво ҳарорати ва босими. Хаво харорати ва босими.


Havoning harorati termometr yordamida o‘lchanadi. Termometr yer yuzasidan 2 m balandga, Quyosh nuri tushmaydigan soya joyga o‘rnatiladi. Meteorologik stansiyalarda termometr maxsus meteorologik quti ichiga o‘rnatiladi. Quti ichiga havo erkin kirib-chiqib turadigan qilib ishlanadi. Qutining eshigi shimol tomonda bo‘ladi. Shunda quti eshigi ochilganda Quyosh nuri termometrga tushmaydi. Dunyodagi ko‘pchilik meteorologik stansiyalarda ob-havo holati, shu jumladan, havo harorati har 3 soatda kuzatib turiladi. So‘ngra o‘rtacha harorat aniqlanadi. Buning uchun sutka davomidagi barcha natijalar qo‘shilib, necha marta kuzatilgan bo‘lsa, shunchaga bo‘linadi. Toshkentda 10 apreldagi bir sutkalik kuzatish natijalari quyidagicha deylik: kechasi soat 1 da +6 °C, soat 4 da +4 °C, ertalab soat 7 da +5 °C, soat 10 da +10 °C, kunduzi soat 13 da +14 °C, soat 16 da +16 °C, kechqurun soat 19 da +10 °C, soat 22 da +7 °C. Haroratlar yig‘indisi 72 °C : 8 = 9 °C. Sutkalik o‘rtacha harorat +9 °C ekan. Lekin sutka davomidagi eng yuqori harorat bilan eng past harorat farqi 12 °C ga teng.

Oylik o‘rtacha harorat

Oylik o‘rtacha haroratni topish uchun oydagi kunlik o‘rtacha haroratlar qo‘shilib, oyning kunlari soniga bo‘linadi. Yillik o‘rtacha haroratni topish uchun hamma oylar o‘rtacha harorati qo‘shilib, 12 ga taqsimlanadi.

Havo haroratini kuzatish uning sutka va yil davomida ancha o‘z- garib turishini ko‘rsatadi. Havoning harorati kunduz kuni soat 14 va 15 larda eng yuqori, erta bilan Quyosh chiqishi oldidan esa eng past bo‘lishi aniqlangan. Sutkalik havo haroratining eng yuqori va eng past ko‘rsatkichlari orasidagi farq havo haroratining sutkalik amplitudasi (farqi) deb ataladi. Yil davomidagi eng yuqori harorat bilan eng past harorat orasidagi tafovut esa havo haroratining yillik amplitudasi deyiladi.

Turli iqlim mintaqalarida havo haroratining sutkalik va yillik amplitudalari har xil bo‘ladi. Haroratning sutkalik o‘zgarishi okean va dengizlar ustida 1-2 °C bo’lsa, dasht va cho’llarda 15-20 °C gacha boradi. Yillik amplituda esa ekvator atroflarida 5-10 °C dan oshmaydi. Ekvatordan qutblarga tomon yillik amplituda kattalashib boradi. Masalan, Toshkentda yillik amplituda 28 °C ga teng (iyul oyidagi o‘rtacha harorat +27 °C, yanvar oyidagi o‘rtacha harorat esa -1 °C. Binobarin, yillik farq 28 °C ga teng).

Haroratning yil davomida o‘zgarishini chizma ko‘rinishida tas- virlash mumkin. Buning uchun bitta vertikal va bitta gorizontal chiziq chiziladi. vertikal chiziqqa harorat yoziladi. Gorizontal chiziqqa esa oy nomlarining bosh harfi yoziladi. So‘ngra har bir oydagi o‘rtacha harorat belgilanadi (53-rasm).

53-rasm. Toshkentda havo haroratining yil davomida o‘zgarishi chiz- masi
53-rasm. Toshkentda havo haroratining yil davomida o‘zgarishi chiz- masi

Havoning harorati quyosh nurining tik yoki qiya tushishiga, joyning dengiz sathidan balandligiga ham bog‘liq. Shuning uchun ham ertalab va kechqurun quyosh nuri qiya tushganida havo salqin bo‘ladi. Kunduz kuni, ayniqsa, tush vaqtida quyosh nuri tik tushganida havo harorati ko‘tarilib ketadi.

Bundan tashqari, havoning harorati joyning dengiz sathidan baland- ligiga ham bog‘liq. Yer yuzidan har 1000 metr yuqoriga ko‘tarilganda quruq iqlim sharoitida havo harorati 6 °C ga pasayadi. Masalan, tekislikda havo harorati +20 °C bo‘lganda, tog‘da 3000 m balandda +2 °C, 4000 m balandda esa -4 °C bo’ladi. Shuning uchun ham baland tog‘larda qor va muzliklar yozda ham erimay turadi.

Havo bosimi

Havo juda yengil. Dengiz sathida 1 m3 havo atigi 1 kg 330 gramm (g) keladi. Lekin 1 cm2 yuzaga 1 kg ga teng bo‘lgan kuch bilan bosadi. Yer yuzasidagi har bir predmet va organizmlarga ham shunday kuch bilan ta’sir ko‘rsatadi.

Havoning Yer yuzasiga va undagi barcha narsalarga bo‘lgan bosimini havo bosimi deyiladi. Odam bu bosimni sezmaydi, chunki havo bosimi odam tanasidagi ichki bosim bilan bir xil, ya’ni muvoza- natlashgan. Yuqoriga ko‘tarilgan odamga havo bosimining kamayishi seziladi. Agar tog‘da 3000 m balandga ko‘tarilsa, nafas qisiladi, bosh aylanadi, 4000-5000 m balandda burun qonashi, tomirlar yorilishi mumkin.

Havo bosimi barometr asbobi bilan o‘lchanadi («baros» – og‘irlik, bosim, «metreo» – o‘lchash). Barometr ikki xil bo‘ladi: simobli barometr va metall barometraneroid (54-rasm).

54-rasm. Simobli barometr (a) va metall barometr — aneroid (b).
54-rasm. Simobli barometr (a) va metall barometr — aneroid (b).

Simobli barometr asosan uzunligi 1 m va kengligi 1 cm bo‘lgan shisha naychadan iborat. Naychaning bir uchi berkitilgan bo‘ladi. Shisha naycha millimetrlarga bo‘lingan. Shisha naychani simobga to‘ldirib, simob solingan idishga ochiq tomoni bilan botirib tik qo‘yiladi. Simobli barometrdan meteorologik stansiyalarda foydalaniladi. Dengiz bo‘yida havo harorati 0° C bo‘lganda barometr naychasidagi simob 760 millimetr (mm)ni ko‘rsatadi. Shunda havo bosimi 760 mm simob ustuni bosimi (Hg) ga teng bo‘ladi. Bunday bosim normal (me’yordagi) bosim deyiladi.

Dengiz bo‘yidan balandlikka ko‘tariladigan bo‘lsa, har 100 m ko‘tarilganda barometrdagi simob 10 mm pasayadi (yoki har 10 m da 1 mm pasayadi). Bosim qanday o‘zgarishini bilgandan keyin turgan joyimizning baland- ligini aniqlashimiz mumkin. Toshkentda havo harorati 0° C, simobli barometr 720 mm Hg ni ko‘rsatayapti. Toshkentning dengiz sathidan balandligi qancha bo‘ladi?


Tayanch so‘z va tushunchalar

  • Havo harorati
  • Havo bosimi
  • Yillik amplituda
  • Yillik o‘rtacha harorat
  • Termometr
  • Amplituda
  • Normal bosim
  • Barometr
  • Sutkalik va oylik o‘rtacha harorat

Savollar

  1. Havo harorati qanday o‘lchanadi?
  2. Sutkalik va oylik o‘rtacha havo harorati qan- day aniqlanadi?
  3. Havo bosimi nima? Eng yuqori havo bosimi qayerda kuzatiladi?
Previous articleMezosfera nima? Termosfera nima? Ekzosfera nima?
Next articleAmaliy mashg‘ulot (geografiya)