Yer yuzasi relyefining asosiy shakllari

0

Yer yuzasi relyefining asosiy shakllari. Ер юзаси рельефининг асосий шакллари.


Globus yoki dunyoning tabiiy xaritasiga bir nazar tashlasangiz, Yer yuzasining juda notekis ekanligini ko‘rasiz. Ba’zi joylar keng tekisliklardan, boshqa joylar esa tog‘li o‘lkalardan iborat. Okeanlar tagi ham quruqliklarga o‘xshagan, juda notekis. Yer yuzasining bunday notekisligiga Yerning ichki kuchlari asosiy sabab bo‘lgan. Bu kuchlar ta’sirida Yer yuzasining ayrim joylari ko‘tariladi, boshqa joylari cho‘kadi, Yer po‘sti yorilib, lavalar oqib chiqadi, vulqon tog‘larini hosil qiladi. Yer qimirlashlar ham Yer yuzasi relyefini o‘zgartiradi.

Yer yuzasi relyefini tashqi kuchlar ham o‘zgartiradi. Tashqi kuchlar suv, shamol, muzliklar, Quyosh nuri, organizmlardan iborat. Suv tog‘ jinslarini yemiradi, oqizib ketadi va past, chuqur joylarni to‘ldiradi, vodiylar, daralarni hosil qiladi. Chuqur joylarning o‘rnida tekis yerlar bunyod bo‘ladi. Shamol mayda jinslarni uchirsa ham uzoq vaqtda juda ko‘p miqdordagi qumlarni uyub tashlaydi. Qattiq toshlar kunduzi Quyosh nuridan qiziydi, kechasi soviydi. Natijada yorilib, asta-sekin maydalanib ketadi.

Xullas, tashqi kuchlar tog‘larni yemirib, chuqurliklarni to‘ldiradi, ya’ni, Yer yuzasidagi baland-pastliklarni tekislaydi. Shunday qilib, ichki kuchlar bilan tashqi kuchlar bir-birlariga butunlay teskari ish bajaradi. Ya’ni ichki kuchlar baland-pastliklar hosil qiladi, tashqi kuchlar esa ularni tekislaydi.

Materiklar va okeanlar Yer relyefining eng yirik shakllaridir.

Materiklar – Yer po’stining ko’tarilib qolgan eng yirik bo’laklari. Materiklarning katta qismi okean suvlaridan ancha baland ko‘tarilib turadi. Yer sharida 6 ta materik bor. Bular: Yevrosiyo, Afrika, Shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Antarktida va Avstraliya (38-rasm).

38-rasm. Yer yuzidagi materiklar
38-rasm. Yer yuzidagi materiklar

Orol va yarimorollar

Okean va dengizlarda suvdan ko‘tarilib turgan va hamma tomondan suv o‘ragan kichikroq quruqliklar orollar deyiladi. Grenlandiya, Yangi Gvineya, Kalimantan, Madagaskar eng katta orollardir. Agar quruqlik uch tomondan suv bilan o‘ralib, faqat bir tomonidan katta quruqlik bilan tutashgan bo‘lsa, ular yarimorollar deb ataladi. Arabiston, Hindiston, Hindixitoy eng katta yarimorollar hisoblanadi (ularni yarimsharlar tabiiy xaritasidan toping).

Dunyo okeani

Dunyo okeani – materiklarni o’rab turgan va bir-biri bilan tutashib ketgan suvli hudud. Dunyo okeani to’rtta – Tinch, Atlantika, Hind va Shimoliy Muz okeanlaridan iborat. Dunyo okeani Yer yuzining 71 foiz (%) ini, quruqlik esa 29 % ini egallagan.

Tog‘ va tekisliklar

Tog‘ va tekisliklar quruqlik relyefining asosiy shakllari hisob- lanadi. Tog‘lar Yerning ichki kuchlari ta’sirida hosil bo‘ladi. Tekis- liklar tog‘larning yemirilishi va yemirilgan jinslarning chuqurliklarni to‘ldirishidan vujudga keladi. Tekisliklar yuzasi tekis yoki biroz past- baland yerlardir. Dunyodagi eng katta tekisliklar: Amazonka, G‘arbiy Sibir, Sharqiy Yevropa va Turon tekisliklaridir (Bularni xaritadan toping). Yer yuzining dengiz sathidan baland ko‘tarilgan va yer yuzasi notekis bo‘lgan joylariga tog‘lar deyiladi. Tog‘larning eng baland qismlari tog‘ cho‘qqisi deb ataladi. Dunyodagi eng baland nuqta Himolay tog‘laridagi Jomolungma cho‘qqisi bo‘lib, balandligi 8848 m. Bu cho‘qqini O‘zbekistondan birinchi bo‘lib, 1998-yilning 22-mayida Rustam Rajabov zabt etgan. O‘zbekistonning eng baland nuqtasi esa Hisor tizmasidagi Hazrati Sulton cho‘qqisi (4643 m) hisoblanadi.

Yer yuzidagi tog‘ va tekisliklarning balandligi har xil bo‘ladi. Agar tekisliklarning dengiz sathidan balandligi 200 m dan oshmasa, ular pasttekislik deyiladi. Tekisliklar balandligi 200 m dan 500 m gacha bo‘lsa, ular qirlar deb ataladi. Ba’zi bir tekisliklarning dengiz sathidan balandligi 500 m dan ham ortiq bo‘ladi. Bunday baland tekisliklar yassitog‘lik deb yuritiladi. Bunga O‘rta Sibir, Braziliya yassitog‘liklari misol bo‘ladi (xaritadan toping). 39-rasmda turli balandlikdagi tekis- liklar, qirlar va tog‘lar ko‘rsatilgan.

Tog‘lar ham balandligiga qarab, past, o‘rtacha, o‘rtacha baland va baland tog‘larga bo‘linadi. Agar tog‘larning balandligi 500 m dan 1000 m gacha bo‘lsa, past tog‘lar; 1000 m dan 2000 m gacha bo‘lsa, o‘rtacha tog‘lar; 2000 m dan 3000 m gacha bo‘lsa, o‘rtacha baland tog‘lar; 3000 m dan yuqori bo‘lsa, baland tog‘lar deyiladi. O‘zbekistondagi Bo‘kantov, Tomditov past tog‘lar, Nurota tog‘lari o‘rtacha baland tog‘lardir (Xaritadan topib, nomlari va balandligini geografiya daftaringizga yozib qo‘ying).

Ba’zan tog‘lar bir-biriga tutashib, uzoq masofalarga cho‘zilib ketgan bo‘ladi. Bunday relyef shakllari tog‘ tizmalari deb ataladi. Ularga And, Kordilyera, O‘rta Osiyodagi Tyanshan, Hisor tizmalari misol bo‘ladi. Juda katta maydonlarni egallagan tog‘ tizmalari, yakka-yakka tog‘lar va vodiylar birgalikda tog‘li o‘lkalar deyiladi.


Tayanch so‘z va tushunchalar

  • Ichki kuchlar
  • Okeanlar
  • Materiklar Orollar
  • Yarimorollar
  • Tashqi kuchlar
  • Tekislik Qir
  • Tog‘li o‘lkalar
  • Tog‘ tizmalari
  • Cho‘qqi Tog‘

Savollar

  1. Materik nima? Orollar va yarimorollar deb nimalarga ay- tiladi?
  2. Tekisliklar va tog‘lar balandligiga qarab qanday turlarga bo‘linadi?
  3. Yozuvsiz xaritaga materiklar va ulardagi baland tog‘ hamda eng katta tekisliklarning nomlarini yozing.
  4. Quyidagi rasmda 1, 2, 3 va 4 raqamlari bilan qaysi okeanlarning o‘rni ko‘rsatilgan? Ulardan qaysinisi mam- lakatimizga eng yaqin, qaysi biri eng uzoqda joylashgan?
Previous articleYer po‘stining harakatlari
Next articleGidrosferaning tarkibi. Dunyo okeani