Bozorlar va narxlar / Бозорлар ва нархлар

0

Bozorlar va narxlar / Бозорлар ва нархлар

Bozorlar va narxlar

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. Rasmlardagi tovarlarga sotuvchi sifatida narx belgilang.
  2. Ushbu tovarlarga xaridor sifatida narx belgilang.
  3. Narx belgilayotgan paytingizda nimalarga e’tibor berdingiz?
  4. Tovarga narx belgilash uchun sizga qanday ma’lumotlar kerak bo’ladi?
  5. Do’konda biror tovarning ayni paytdagi narxini surishtiring va bu tovar nima sababdan bunday narxda sotilayotganini izohlashga urinib ko’ring.

O’tgan mavzuda ta’kidlanganidek, bozor xaridorlar va sotuvchilar o’rtasidagi tovarlar hamda xizmatlarni ayirboshlash jarayonida yuzaga keladigan o’zaro munosabatlardir. Narx esa xaridorlar ma’lum bir tovar yoki xizmatning bir birligi uchun to’laydigan pul miqdoridir. Masalan, bir kilogramm sariyog’ uchun 30 000 so’m, bir qadoq choy uchun 4500 so’m, bir dona velosiped uchun 1 200 000 so’m va hokazo.

Narx — bir birlik tovar qiymatining puldagi ifodasi.

Narxlar har doim bir-biri bilan taqqoslanadi. Turli mahsulotlarning narxlarini o’zaro taqqoslash orqali iste’molchilar ularni xarid qiladi. Turli resurslarning narxlarini taqqoslash orqali firmalar ma’lum tovarlar va xizmatlarni sotib oladi. Turli bozorlardagi narxlarni o’zaro taqqoslab, sotuvchilar tovarlarining narxlarini aniqlash imkoniga ega bo’ladilar. Shu tariqa iqtisodiyotning uch asosiy savoliga javob beriladi.

Nima ishlab chiqarish kerak?

Eng ko’p foyda keltiradigan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish kerak.

Qanday qilib ishlab chiqarish kerak?

Iloji boricha kamroq xarajat qilib ishlab chiqarish kerak.

Kim uchun ishlab chiqarish kerak?

Ushbu tovarga ehtiyoji bor va belgilangan narxda pul to’lashga qodir iste’molchi uchun ishlab chiqarish kerak.

O’zaro bir-biriga bog’liq bozor narxlari markaziy rejalashtirishsiz yoki xususiy ishlab chiqaruvchilar va xaridorlarning qarorlarini bevosita nazorat qilmay turib son-sanoqsiz tovarlar hamda xizmatlarni istalgan paytda, istalgan miqdorda ishlab chiqarish va yetkazib berishini anglash juda muhimdir. Bu hodisa narxlar bozor tizimida uch asosiy vazifani bajarishi bois sodir bo’ladi: 1) axborot berish vazifasi; 2) rag’batlantirish vazifasi; 3) taqsimlash vazifasi.


Qadriyatlar!

Hech e’tibor berganmisiz, har gal qandaydir narsa sotib olsak, beixtiyor uning boshqa sotuvchilardagi narxini surishtirishga tushamiz. Buyumning narxi haqidagi ma’lumot bizga nima uchun kerak?

Narxlar va ular orasidagi nisbatlar bozor tizimidagi iste’molchilar, ishlab chiqaruvchilar hamda resurs egalarini nimani, qancha miqdorda sotib olish kerakligi haqida qaror qabul qilish uchun zarur asosiy ma’lumot bilan ta’minlaydi. Narxlarning axborot berish vazifasining ahamiyatini to’la tushunib olish uchun quyidagi holatlarni tasavvur qiling: Supermarketda xarid qilyapsiz. Peshtaxtalardagi buyumlarning birortasining ham narxi ko’rsatilmagan. Yoki ikkita yumushdan birini ularga to’lanadigan ish haqini bilmay turib tanlashni faraz qiling. Yoki bo’yoqchilar ishi uchun qancha so’rashi, bo’yoq, mo’yqalam va boshqa materiallarning narxlari to’g’risida hech qanday ma’lumotga ega bo’lmay turib, bo’yoqchi yollash yoki bu ishni o’zingiz bajara olishingiz to’g’risida qaror qabul qilishga intilayotganingizni tasavvur qiling. Bu holatlarning har birida narx haqida ma’lumotga ega bo’lmay turib, qaror qabul qilish juda qiyin bo’ladi.

Narxlarning o’zgarishi bozor iqtisodiyotida resurslarni ko’chirish yoki qayta taqsimlash uchun rag’batlar hosil qiladi. Lavlagining narxi makkajo’xori narxiga nisbatan ortishi fermerlarni ko’proq lavlagi va kamroq makkajo’xori ekishga da’vat etadi. Huquqshunoslar maoshi buxgalterlarnikiga nisbatan kamligi kamroq odamlarning huquqni va ko’proq odamlarning buxgalteriyani o’rganishiga sabab bo’ladi.

Erkin bozorda foydaning ortishi resurslarni jalb qiladi va zararning ortishi bunga qarama-qarshi natijaga sabab bo’ladi. Foyda iqtisodiy hayotning yashil, zarar esa qizil chiroqlaridir. Yaxshi ishlaydigan yo’l harakati nazorati tizimi ham yashil, ham qizil rangning bo’lishini talab qilganidek, yaxshi ishlaydigan bozor tizimi uchun ham foyda, ham zararning mavjud bo’lishi zaruriyatdir. Yuqorida keltirilgan misollarning har birida narxlarning rag’batlantirish vazifasi namoyon bo’ladi.

Narxlarning yana bir muhim vazifasi — bu ularning taqsimlash vazifasidir. Boshqa shart-sharoitlar o’zgarmay, biror tovarning narxi oshsa, odamlar uni kamroq xarid qilishga harakat qiladilar va aksincha, narx qanchalik past bo’lsa, odamlarda shu tovarni xarid qilish istagi ortadi. Narxlar vositasida bozorda tanqis resurslar, ular uchun pul to’lash istagi va qobiliyati eng yuqori bo’lgan iste’molchilar orasida taqsimlanadi. Shahar markazidagi bino egasi uni ofis binosi uchun ijaraga berganda, garaj yoki ombor uchun bergandagiga nisbatan ko’proq ijara haqi olish imkoniyati bo’lsa, demak, undan ofis binosi uchun foydalaniladi. Agar 50 000 kishi 5 000 kishilik zalda o’tkazilishi ko’zlangan konsertni tomosha qilishni istasa, chiptaning narxi faqat 5 000 kishi to’lay olgunga qadar oshishi mumkin, qolgan 45 000 kishi chipta narxi qimmat bo’lgani uchun konsert tomosha qila olmaydi.

Adam Smit bozor tizimi tovarlarga hech kimning aralashuvisiz “ado- latli” narxlarni o’rnata oladi deb hisoblagan. U barcha tovarlar o’zining muayyan narxiga ega bo’lib, bu narx ushbu tovarni ishlab chiqarishga ketgan sa’y-harakatlarga bog’liq deb hisoblagan. Uning fikricha, tovar ishlab chiqarish uchun ishlatilgan yer uchun renta ko’rinishidagi haq to’lanishi lozim. Shu tovarni ishlab chiqarish uchun jalb qilingan kapi- taldan foydalanilgani uchun ham muayyan miqdordagi haq to’lash kerak bo’ladi. Jalb qilingan ishchi kuchi uchun ham ish haqi to’lanishi kerak.

Adam Smit fikricha, mana shu xarajatlar tovar narxini shakllantiradi. Biroq u narx ayrim paytlarda birmuncha o’zgarishi mumkin, masalan, taqchillik yuz bergan paytda, deb hisoblagan.


Adam Smit

Adam Smit (1723 —1790). Shotlandiyalik iqtisodchi olim Adam Smitni ko’pchilik zamonaviy iqtisodiyot fani asoschisi, deb hisoblaydi. U o’zining “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to’g’risida tadqiqot” nomli shoh asari va boshqa asarlari bilan iqtisodiyot fani rivojiga katta hissa qo’shgan.

Adam Smit fikri bo’yicha, millat boyligi ishlab chiqarish hajmiga bog’liqdir. U iqtisodiy faoliyatga davlat aralashuvini keskin kamaytirish tarafdori bo’lgan. U iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy omili deb moddiy manfaatdorlikni ko’rsatgan. Iqtisodiyot faniga “ko’rinmas qo’l” ifodasini kiritgan.

Har qanday ishlab chiqarishning yagona intihosi va maqsadi iste’moldir. (A.Smit)


Buni yodda tuting!

  • Narx tovar qiymatining puldagi ifodasidir.
  • Bozor iqtisodiyoti sharoitida narx axborot berish, rag’batlantirish va taqsimlash vazifalarini bajaradi hamda iqtisodiyotning uchta asosiy savoliga javob beradi.
  • Bozor tizimida narx iste’molchi va ishlab chiqaruvchilarga tovarni ishlab chiqarish hamda taqsimlash bo’yicha qimmatli ma’lumot beradi.

Bilimingizni sinab ko’ring!

  1. Tovarning narxi deb nimaga aytiladi?
  2. Bozorda biror narsa sotib olayotganingizda nima sababdan birinchi duch kelgan sotuvchidan xarid qilmaysiz?
  3. Bozor iqtisodiyoti sharoitida narx qanday vazifalarni bajaradi?
  4. Bozorda tovar narxi qanday ma’lumot beradi?
  5. Narxning axborot berish, rag’batlantirish va taqsimlash vazifalarini aniq misollar yordamida tushuntiring.
  6. Ishlab chiqaruvchilar uchun foyda va zarar nimadan xabar beradi?
  7. Siz Adam Smitning fikriga to’liq qo’shilasizmi?
  8. Sizning fikringizcha, u nimalarni e’tiborga olmagan?
  9. Adam Smit davridagi va hozirgi zamondagi sharoitni taqqoslab, hozirgi zamondagi narxlar shakllanishiga yana nimalar ta’sir qilishi mumkin ekanligini sanab bering.
Previous articleIntellektual tovarlar bozori nima? Интеллектуал товарлар бозори
Next articleNarx nima? Нарх нима?