Mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv

0

Меҳнат тақсимоти ва ихтисослашув. Мехнат таксимоти ва ихтисослашув. Mehnat taqsimoti va ixtisoslashuv.

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

Yuqoridagi chizmada muzqaymoq ishlab chiqarish uchun zarur resurslar, ularning kelib chiqishi, qaerdatayyorlanishi qisman keltiril- gan.Muzqaymoq ishlab chiqarishdayanaqanday resurslar jalb etilishi, ularning qaerdan keltirilishini aniqlab sxemani to’ldiring (lozim bo’lsa, yana qo’shimcha kataklar chizing).

Muzqaymoq ishlab chiqarishda o’nlab odam ishtirok etadi va ularning har biri o’ziga tegishli bo’lgan bitta turdagi vazifani bajaradi.

  1. Ishning bunday taqsimlanishining qanday afzalligi bor?
  2. Bu jarayonga siz qanday o’zgartirish kiritgan bo’lar edingiz?

Ishlab chiqarish jarayoni resurslarning o’zaro birikishi natijasida vujudga keladi. Resurslarning muayyan miqdoridan ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori ushbu resursning mahsuldorligi deb ataladi. Har bir korxonaning maqsadi kam resurs sarflab, ko’p miqdorda mahsulot ishlab chiqarishdan, ya’ni mahsuldorlikni oshirishdan iborat bo’ladi. Chunki ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi nafaqat qancha ishchi ishlayot- ganiga, balki qanday ishlayotganiga ham bog’liq bo’ladi. Bu ko’rsatkich mehnat unumdorligi yordamida aniqlanadi.

Mehnat unumdorligi deb vaqt birligi ichida bir birlik resursdan foy- dalanib ishlab chiqarilgan tovar va xizmat miqdoriga aytiladi. Ya’ni,

U=Q:T

bu yerda Q ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori, T —shu mahsulotni ishlab chiqarishga sarflangan vaqt, U —mehnat unumdorligi.

Quyidagi omillar mehnat unumdorligining oshishiga sezilarli ta’sir ko’rsatadi:

  • korxonadagi ishchilarning malakasi, ularning kasb mahorati;
  • ishlab chiqarish dastgohlari va asbob-uskunalarining sifati;
  • ishlab chiqarish texnologiyasining to’g’ri tanlanganligi;
  • mehnat taqsimotining to’g’ri tashkil etilganligi.

Mahsuldorlik — resurslarning muayyan miqdoridan ishlab chiqarilgan mahsulot miqdori.

Texnologiya— mahsulot ishlab chiqarishda qaysi resurslardan foydalanish, qanday usul va ketma-ketlikda ishlov berish yo’l-yo’rig’i.

Mehnat unumdorligi — vaqt birligi ichida bir birlik resursdan foydalanib ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlar miqdori.

Biror korxonaga borib mahsulot yaratish jarayonini kuzatgan bo’lsan- giz, xom ashyoga ishlov berish jarayoni ishchilar orasida taqsimlab olingan bo’lib, har bir ishchi o’ziga ajratilgan ishnigina bajaradi. Ishni ishchilarga bunday taqsimlab berishga, o’z nomi bilan mehnat taqsimoti deb ataladi. Mehnat taqsimotining asosida — ishni tezroq bajarish, kamroq resurs sarflab, ko’proq yaxshi, sifatli mahsulot ishlab chiqarish, ya’ni mahsuldorlikni oshirish yotadi. Mehnat taqsimoti natijasida, odamlar turli xil kasblar bo’yicha ixtisoslashadi. Bularning hammasi birgina maqsad — mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan bo’ladi.


Mehnat taqsimoti — mahsulot ishlab chiqarish jarayonining ish- chilar o’rtasida ishni taqsimlash asosida tashkil qilinishi.


Mehnat taqsimotining ijobiy tomonlari:

  • odamlar yaxshi uddalaydigan ishga ixtisoslashadi;
  • arzon bahoda ko’proq mah- sulot ishlab chiqariladi;
  • mashina va dastgohlarni ishla- tish imkoniyati tug’iladi;
  • har bir ishchi o’z ishini yaxshi- roq va tezroq bajarish malakasiga ega bo’lib boradi;
  • ishchining bir joydan ikkinchi joyga ko’chishiga hojat qolma- ganligi uchun vaqti tejaladi;
  • ishchilarning biror kasbni egal- lashi osonlashadi.

Salbiy tomonlari:

  • faqat bir xil ishni bajarish ishchilarni toliqtirishi mumkin;
  • hamma tovarlar bir xil qolipda ishlab chiqariladi;
  • ishchilarning mahorat darajasi pasayib boradi, chunki ularning ishini mashinalar bajara boshlaydi;
  • unumdorlik barcha ishchi- larning ishlash tezligiga bog’liq bo’lib qoladi;
  • ishchilar bir xil ishni baja- rishga ixtisoslashgani uchun ish- dan bo’shatilganda ishga joy- lashish muammosiga duch keladi.

Ishlab chiqarish taraqqiyoti natijasida ba’zi bir mahsulot turlarini yaratish jarayoni murakkablashib boradi. Bitta korxona miqyosida bun- day mahsulotlarni ishlab chiqarishning iloji bo’lmay qoladi. Shu sabab, korxonalar o’rtasida bu mahsulotni yaratish jarayoni, ya’ni ish o’zaro taqsimlab olinadi. Natijada, korxonalar o’rtasida mehnat taqsimoti yuz berib, ular bir butun mahsulotni emas, balki uning ma’lum bir qismini ishlab chiqarishga moslashadi, ya’ni ixtisoslashadi.

Shu tariqa bir necha korxonalardan iborat, muayyan mahsulotni ishlab chiqaruvchi tarmoq vujudga keladi. Misol tariqasida avtomobil ishlab chiqarishni olaylik. Ma’lumki, avtomobil yuzdan ortiq katta-kichik detal- lar, qismlardan tashkil topgan. Uning bitta detali, masalan, g’ildiraklari bitta korxonada ishlab chiqarilsa, oynasi ikkinchi korxonada, motori esa uchinchi korxonada ishlab chiqariladi va hokazo. Xullas, avtomobil qismlarini ishlab chiqarish bilan o’nlab korxonalar shug’ullanadi. Oxiri yig’uv korxonasida bu qismlardan avtomobil yig’iladi. Shu tariqa bu kor- xonalar birgalikda avtomobil ishlab chiqarish tarmog’ini tashkil qiladi va har biri ma’lum detalni ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Korxonalar- ning ma’lum bir mahsulotlarni ishlab chiqarish bo’yicha bitta tarmoqqa birlashishi ham mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan bo’ladi.

O’z navbatida, bir-biriga yaqin turdagi mahsulot ishlab chiqarayotgan tarmoqlar birlashib, ishlab chiqarishning yirikroq tarmoqlarini, ular ham birlashib, ishlab chiqarish sohalarini tashkil qiladi.

An’analar, mahalliy zarurat tufayli bir butun hudud, hatto mamlakatlar ham ko’proq mahsulotlarning ayrim turlarini ishlab chiqarishga ixtisosla- shadi. Masalan: Braziliya — qahva, Hindiston — choy ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bunday ixtisoslashuv hududiy ixtisoslashuv deyiladi.

Ixtisoslashuv — biror mahsulot turini yoki mahsulotning bir qismini ishlab chiqarish bo’yicha korxonalar o’rtasidagi mehnat taqsimoti.

Hududiy ixtisoslashuv — sharoit, an’analar, mahalliy imkoniyatlar tufayli butun bir hudud mahsulotning biror turini ishlab chiqarishga moslashuvi.

Ixtisoslashuvning bir qator afzalliklari bo’lsa-da, quyidagi omillar ixtisoslashuvni amalga oshirishga yo’l qo’ymaydi:

  1. Har qanday ishlab chiqarishni mayda qismlarga qanchalik ko’p bo’lmang muayyan sondagi bo’linishdan keyin bu qismlarni yanada may- daroq qismlarga yoki jarayonlarga bo’lishning iloji yo’q bo’lib qoladi.
  2. Mahsulotni ayirboshlash ham ixtisoslashuvga ta’sir qiladi. Ma- salan, fermer xo’jaligi kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan bo’lsa va kartoshkaning bahosi bir necha yil surunkasiga arzon bo’laversa, fermer o’z yerida boshqa ekin ekishga o’tishi mumkin.
  3. Ixtisoslashuvga bozordagi talab ham ta’sir qiladi. Masalan, mam- lakatimiz avtomobil sanoati “Malibu” avtomobilini “Spark” avtomobiliga qaraganda ancha kam ishlab chiqaradi. Chunki “Spark” tejamkor va arzonligi uchun uni olishni xohlovchilar soni ko’proq.
  4. Mahsulotni katta hajmda bir joyda ishlab chiqarilganda uni iste’molchilarga yetkazish ko’p xarajat va vaqtni talab qiladi.
  5. Iste’molchilar katta zavod va fabrikalarda ishlab chiqarilgan mah- sulotga nisbatan hunarmandlar tomonidan mahalliy mahsulotlarni xush ko’rgan hollar ham ko’p. Masalan, ayollar ayrim hollarda fabrikalarda tikilgan kiyimlarga qaraganda kichik tikuv atelyesida maxsus buyurtma asosida tikilgan kiyimlarni afzal ko’radilar.
  6. Turizm yoki sartaroshlik kabi xizmat turlarini yirik korxonalardan ko’ra kichik shaxobchalar amalga oshirgani qulayroq.

Buni yodda tuting!
  • Iqtisodiy rivojlanish zamirida mehnat unumdorligini oshirish yotadi.
  • Mehnat unumdorligiga mehnat taqsimoti, ishchi xodimlar malakasi, texnologiya va asbob-uskunalarning holati ta’sir ko’rsatadi.
  • Mehnat taqsimotining bir qator ijobiy va salbiy tomonlari mavjud.
  • Ixtisoslashuvning asosiy maqsadi ishlab chiqarish unumdorligini oshirish va ishlab chiqaruvchilar imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Bilimingizni sinab ko’ring!

  1. Mehnat unumdorligi nima va unga ta’sir qiluvchi omillarni sanang.
  2. Mahsuldorlik va mehnat unumdorligining o’zaro farqini ayting.
  3. Mehnat taqsimoti va ixtisoslashuvdan ko’zlangan asosiy maqsad nima?
  4. Ixtisoslashuvning afzalliklari hamda kamchiliklarini sanang.
  5. Ixtisoslashuvni aniq misollar yordamidatushuntiring.
  6. Hududiy ixtisoslashuv nima? Mamlakatimizdagi biror-bir mahsulotni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan viloyat, tuman, hududlarni aniqlang.
  7. Ixtisoslashuvni restoran xizmati ko’rsatishga nisbatan televizor ishlab chiqarishida yo’lga qo’yish osonroq ekanligini asoslab bering.
  8. “Ixtisoslashuvga bozordagi talab ta’sir qiladi” degan jumlani o’z so’zlaringiz bilan tushuntirib bering.
Previous articleTadbirkorlik layoqati nima? (Iqtisodiyot bilim)
Next articleMahsuldorlik nima? (Iqtisodiyot bilim)