Taklifga ta’sir etuvchi boshqa omillar. Таклифга таъсир этувчи бошқа омиллар.


| Choynak narxi (p), so’mda | Choynak taklifi miqdori (q), ming donada |
| 30 000 | 10 |
| 40 000 | 30 |
| 50 000 | 60 |
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
- Chinni buyumlar bozoridagi choynak taklifi yuqoridagi jadvalda berilgan. Bu jadvaldan foydalanib, choynaklar taklif chizig’ini quring.
- Chinni xom ashyosi respublikamizda ishlab chiqariladigan bo’ldi. Bu holat chinni buyumlar bozorida qanday o’zgarishga olib keladi? Endi chinni buyumlar ko’p ishlab chiqariladimi yoki kam ishlab chiqariladimi? Chinni buyumlar taklifi chizig’i qanday o’zgaradi? Bu o’zgarishni grafik yordamida ko’rsating.
- Bozorga katta miqdorda Xitoyda ishlab chiqarilgan chinni buyumlar keltirildi va ko’plab sotuvchilar ularni sota boshladilar. Bu holat bozorda qanday o’zgarishga olib keladi?
Tovar taklifi quyidagi tovar narxiga bog’liq bo’lmagan omillar asosida ham o’zgarishi mumkin:
- Resurslar narxlarining o’zgarishi. Agar resurslar narxi oshsa, tovarni ishlab chiqaruvchilarning xarajatlari ortadi. Oldin ular ma’lum miqdordagi mablag’larini xarajat qilib, qandaydir miqdordagi tovar ishlab chiqarayotgan bo’lsalar, endi bu mablag’ga oldingidan kamroq tovar ishlab chiqara oladilar, xolos. Shu tariqa, bozorda tovar taklifi kamayadi.
- Ishlab chiqarish texnologiyasining o’zgarishi. Texnologiyaning o’zgarishi, odatda, xarajatlarni kamaytiradi, unumdorlikni esa oshiradi. Shu sababdan tovar taklifi oshadi.
- Davlat tomonidan ishlab chiqaruvchilarga solinadigan soliqlar va imtiyozlarning o’zgartirilishi. Soliqlar ko’paysa, tovar uchun qilinadigan xarajatlar oshadi. Shu bois, tovar taklifi kamayadi va aksincha.
- Narx o’zgarishining kutilishi. Agar bozorda tovar narxi oshishi kutilayotgan bo’lsa, sotuvchilar o’z tovarlarini hozir arzon narxda sotishdan ko’ra, keyin qimmatroq narxda sotish uchun g’amlab qo’yishadi. Natijada, tovar taklifi kamayadi va aksincha.

- Bozordagi sotuvchilar sonining o’zgarishi. Bunda tovar taklifi ham o’zgaradi.
- Foyda olishning boshqa manbalari. Ko’pchilik tovar ishlab chiqaruvchilar bir xil tovar ishlab chiqarish bilan qanoatlanmaydilar. Ular boshqa turdagi tovarlar ishlab chiqarishadi va foyda olishadi. Shu foydadan bir qismining jalb qilinishi ham taklif o’sishiga olib kelishi mumkin va aksincha, sarmoyaning kattaroq qismi boshqa tovarlar ishlab chiqarishga sarf qilib yuborilishi taklifning kamayishiga olib kelishi mumkin.
- Boshqa tovarlar narxi. Ko’pincha boshqa tovarlar narxining o’zgarishi ham ko’rilayotgan tovarimiz taklifga ta’sir qilishi mumkin. Bu omillar ta’sirida agar taklif o’ssa, taklif chizig’i (S0) o’ng tomonga siljiydi (S1), agar taklif pasaysa, taklif chizig’i chap tomonga siljiydi (S2).
Bozorda talab ko’pgina omillar ta’sirida o’zgarishi mumkin. Talab o’zgarishiga bozor taklifning o’zgarishi bilan javob beradi. Buning uchun kimningdir chetdan aralashishi yoki rejalashtirishi shart emas. Buning uchun bozor qatnashchilarining o’z manfaatlarini ko’zlab faoliyat ko’rsatishlari yetarlidir.
Bu yerda bozor qatnashchilari deganda faqat firmalarnigina emas, balki ishlab chiqarishda mashg’ul bo’lgan ishchi va xodimlar ham nazarda tutilmoqda. Firmalar manfaati foydadan iborat bo’lsa, ishchi va xodimlarning manfaati kattaroq maosh olish hisoblanadi. Aynan mana shu manfaatlar taklifning o’zgarishiga sabab bo’luvchi kuchdir.
Bozorda taklifning talab miqdoriga bog’liq ravishda o’zgarishini muayyan misol yordamida ko’rgazmali ravishda tushuntirish mumkin.

Lekin bunday holat bozorga yangi firmalar kirib narxlarni o’z “tabiiy” darajasiga tushirgunigacha davom etadi.

Buyuk mutafakkir, davlat arbobi va qomusiy olim Zahiriddin Muhammad Boburning iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirgan ishlari va bildirgan g’oya va fikrlari g’arbning ko’pgina olimlarining tahsiniga sazovor bo’lgan.
Bobur, ayniqsa, soliq va pul siyosati sohasida katta ishlarni amalga oshirgan. Uning davrida ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, yer hosildorligini yaxshilash borasidagi choralarga katta ahamiyat berilgan. Bozorlarni erkin- lashtirish Boburning doimiy e’tiborida bo’lgan.
Boburning iqtisodiy qarashlari uning qomusiy asari “Boburnoma”da va “Mubayyin”, “Zakot to’g’risidagi katta kitob” asarlarida o’z ifodasini topgan.
Boburning iqtisodiyot sohasidagi ishlari uning avlodlari, ayniqsa, Humoyun (1508—1556) va Akbarshoh (1542—1605) davrida munosib davom ettirildi.
Topshiriq
Sinfdoshlaringizga shartli ravishda ish taklif qiling. Qanday ish haqi belgilanganda, ular bu ishni bajarishga rozi ekanliklarini, ya’ni ularning ishchi kuchlarining qiymatini aniqlab, taklif jadvalini tuzing va taklif chizig’ini quring. Biror maoshga rozi ishchining undan ham ko’p maoshga ishlashi mumkinligini jadval tuzayotganda hisobga oling.
Bilimingizni sinab ko’ring!
- Taklifga ta’sir qiluvchi, narxga bog’liq bo’lmagan qanday omillarni bilasiz? Ularning taklifga ta’sirini misollar yordamida tushuntiring.
- Makaronning taklif chizig’i yil boshidagi vaziyatiga nisbatan: a) chapga; b) o’ngga surilsa bu nimani anglatadi? Bu o’zgarish yuqorida keltirilgan 5 ta omillarning qaysilari ta’sirida sodir bo’lishi mumkin?
- “Lazzat” qandolatchilik fabrikasiga yangi zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari o’rnatildi. Bu qandolat tovarlari taklifiga qanday ta’sir ko’rsatadi?
- Davlat tomonidan biror-bir tovarni ishlab chiqarishga imtiyozlar berilib, soliqlar kamaytirilsa, bu tovar taklifi qanday o’zgaradi?
- Talabning o’zgarishiga bozor qay tariqa javob beradi?
- Taklifning talab miqdoriga bog’liq ravishda o’zgarishiga qanday omil ta’sir qiladi?
- Soyabonlar va ko’zoynaklar takliflarining o’zgarish mexanizmi tasvirlangan sxemani tavsiflab bering.
Buni yodda tuting!
- Tovarning taklifi narxga bog’liq bo’lmagan omillar ta’sirida ham o’zgarishi mumkin.
- Talab o’zgarishiga bozor taklifning o’zgarishi bilan javob beradi. Buning uchun chetdan kimningdir aralashishi shart emas.
- Tovar taklifininng o’zgarishiga: resurslar narxlarining o’zgarishi; ishlab chiqarish texnologiyalarining o’zgarishi; davlat tomonidan ishlab chiqaruvchilarga solinadigan soliqlar va imtiyozlarning o’zgarishi; bozorda sotuvchilar sonining o’zgarishi; narx o’zgarishining kutilishi; foyda olishning boshqa manbalari; boshqa tovarlar narxlarining o’zgarishi kabi omillar ta’sir o’tkazishi mumkin.
- Talab va taklifni A. Smit bozorning ‘‘ko’rinmas qo’li’’ deb atagan va bozorni shu ‘‘ko’rinmas qo’l’’ boshqarib turadi, deb ta’kidlagan.









