13-§. Daromad va boylik

0

Tadbirkor Soliyevaning ko’rsatkichlari.


2017- yilda 5500 ta ayollar kostyumi ishlab chiqardi va har birini 50000 so’mdan sotdi.

2018- yilda 6200 ta yangi dizayndagi ayollar kostyumi ishlab chiqardi va 80000 so’mdan sotdi.


Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. Soliyeva 2017- yilda qancha daromad qilgan, 2018- yilda-chi?
  2. U 2018-yilda 2017-yildagiga nisbatan qancha ko’proq daromad qilgan?
  3. U qo’shimcha daromadini nima hisobiga olgan deb o’ylaysiz?

Odatda, har bir kishi mehnat faoliyati natijasida insonning asosiy boyligi — mehnati evaziga ma’lum daromadga erisha boshlaydi. Kishining aql-idroki, bilimi, zakovati, kuch-quvvati, ish tajribasi, kasbiy mahorati, salohiyati, sog’lig’i va ma’naviy dunyosi uning — insoniy boyligi (kapitali)ni tashkil qiladi. Inson kapitali — bu kishining iqtisodiy qadr-qimmatini aniqlovchi kattalik. Insonning ma’naviy boyligi — uning dunyoqarashi, xulqi, odobi, madaniyati kabi ruhiy dunyosi bilan bog’liq fazilatlari inson kapitalining asosiy tashkil etuvchilardan hisoblanadi.

Inson kapitali — kishining aql-idroki, bilimi, zakovati, kuch-quvvati, ish tajribasi, kasbiy mahorati, salohiyati, sog’lig’i va ma’naviy dunyosi.

Mamlakatdagi mehnat resurslari uning barcha fuqarolari insoniy kapitallarining yig’indisidan tashkil topadi. Yaponiya davlatida tabiiy boyliklar yo’q hisobi. Bu davlat o’z fuqarolarining insoniy kapitallarini rivojlantirish va boyitib borish evaziga hozirda ulkan iqtisodiy salohiyatga, boy kapital resurslarga ega. Kishining insoniy kapitali qancha yuksak, ma’naviy dunyoqarashi qancha go’zal bo’lsa, uning evaziga olinadigan daromad miqdori — ish haqi ham shuncha ko’p bo’ladi. Ayni paytda, siz o’z insoniy kapitalingizni oshirish maqsadida maktabda o’qimoqdasiz.

Keyin akademik litsey, kollej yoki universitetlarda bilimingizni yanada oshirasiz. Bularning barchasi avvaliga insoniy kapitalingizni, so’ng daromadingizni oshirishga xizmat qiladi.

Daromadlarning asta-sekin ko’payib borishi natijasida uni jamg’arish imkoniyati tug’iladi. Topilgan daromadning bir qismi o’sha zahotiyoq sarflansa, bir qismi bankka qo’yilgan pul, sotib olingan qimmatli qog’ozlar, zavod, fabrika, avtomobil, uy-joy, zeb-ziynatlar ko’rinishidagi mulk sifatida jamg’ariladi. Bu mulk kishining moddiy kapitalini tashkil qiladi. Uning insoniy va moddiy kapitali esa uning boyligi hisoblanadi.

Odatda boshqalarga qaraganda ko’proq ne’matlarga ega bo’lgan kishini odamlar boy deb ataydilar. Iqtisodiyotda esa muayyan vaqtdagi kishi daromadlarining xarajatlaridan katta darajada ortiqligi tushuniladi.

Yuqorida aytilganlarning hammasini umumlashtirib boylikka quyidagicha ta’rif berish mumkin: Boylik — bu kishida yoki jamiyatda pul, ishlab chiqarish vositalari, ashyolar kabi moddiy ne’matlarning hamda nomoddiy ne’matlarning ehtiyojlariga nisbatan ko’pligidir. Albatta, biz haqiqiy boy odam deb ma’naviy dunyosi ham havas qilsa arzigulik odamlarni aytamiz.

Moddiy kapital —jamg’arilgan daromadning moddiy mulkka aylangan qismi va pul mablag’lari.

Boylik — kishining barcha insoniy va moddiy kapitallari yig’indisi.

Kishining moddiy kapitalini tashkil etuvchi xususiy zavod va fabri- kalar, ijaraga berilgan uy yoki avtomobil, bankka qo’yilgan mablag’, qimmatli qog’ozlar kabi mulklari unga ijara haqi (renta), omonat foizi, dividend va tadbirkorlik foydasi ko’rinishida qo’shimcha daromad keltiradi.

Mamlakatimizdagi iqtisodiy munosabatlar, jamiyatdagi ijtimoiy muhit kishining va butun jamiyatning daromadlari tarkibiga keskin ta’sir qiladi. Mustaqillikkacha bo’lgan davrda tadbirkorlik foydasi kishilar daromadlari tarkibida deyarli yo’q edi. Mustaqillikdan keyin kishining va butun jamiyatning daromadlari tarkibida tadbirkorlik daromadi va foydasi eng katta ulushga ega bo’lib bormoqda.

Har bir kishi turli xil qobiliyat va salohiyat egasidir. Shu bois, ular daromadlarining miqdori ham turlicha bo’ladi. Daromadlarning tengsizligi bozor iqtisodiyotiga xos xususiyat bo’lib, aynan shu tengsizlik kishilarni yaxshiroq ishlashga, ko’proq daromad topishga undaydi.

Daromadlar o’rtasidagi farq keskin oshib ketishi ham yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi, albatta. Shu sababdan, aholining daromadlari

o’rtasidagi keskin farqlar davlat tomonidan fuqarolar daromadlarini soliqqa tortish, kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar berish va boshqa yo’llar orqali tartibga solib turiladi.

Ijara haqi (renta) — birovning mulkidan foydalanganlik uchun to’lanadigan haq.

Omonat foizi — omonatga qo’yilgan pul mablag’idan foydalanganlik uchun to’lanadigan qo’shimcha haq.

Tadbirkorlik foydasi — tadbirkorlik faoliyati natijasida qo’lga kiritiladigan daromaddan kelgan foyda.

Qadriyatlar!

“Boylik molning ko’pligida emas, balki ko’ngilning to’qligidadir” deyilgan hadisga o’z munosabatingizni bildiring.

Ma’lumki, bozor iqtisodiyoti sharoitida narxlar o’zgarib turadi. Odatda, turli yillardagi daromadlar o’zaro taqqoslanayotganda ularning shu yillardagi miqdori nominal qiymati emas, balki muayyan yilga nisbatan qiymati, ya’ni real qiymatlari taqqoslanadi. Shunday qilib, nominal daromad daromadning joriy yildagi narxlardagi qiymati. Real daromad esa daromadning muayyan yildagi narxlarga nisbatan qiymatidir. Real daromad nominal daromadni tegishli iste’mol narxlari indeksiga bo’lib topiladi.

Iste’mol narxlar indeksi (INI) aholi tomonidan sotib olinadigan muayyan tovar va xizmatlar narxining ma’lum boshlang’ich davrdagi narxlarga nisbatan o’zgarishini ifodalaydi. Uni boshqacha qilib, qaralayotgan vaqt davomida narxlarning o’zgarish darajasi deb ham aytish mumkin. Masalan, 2018- yil shartli mamlakat aholisining o’rtacha nominal daromadi 2017- yilga nisbatan 36,4%ga oshgan. Natijada 2017- yili fuqaro 1 000 000 shartli pul birligi daromad qilgan bo’lsa, 2018- yilga kelib 1 364 000 so’m daromad qilgan. Bu — fuqaroning turmush darajasi 2018- yil oxiriga kelib, 2017- yilga nisbatan 1,364 marta yaxshilanganligini bildirmaydi, albatta. Chunki, bu vaqt davomida narxlar ham oshib borgan. Ma’lum bo’lishicha, narxlar bu davrda o’rtacha 7,5%ga, ya’ni 1,075 martaga oshgan. Agar nominal daromad miqdorini narxlarning oshishi darajasiga bo’lsak: 1 364 000 : 1,075 = 1268837 so’m aholining real o’rtacha daromadlari miqdori kelib chiqadi. Demak, 2018- yil oxirida fuqarolarning daromadlari 2017- yilga nisbatan taxminan 1,27 marta oshgan ekan. (1 268 837:1 000 000 ≈ 1,27)

Nominal daromad — ma’lum davr davomida alohida olingan shaxs yoki oila tomonidan qo’lga kiritilgan daromad miqdori.

Real daromad — nominal daromadning muayyan davrdagi narxlar zgarishiga nisbatan qiymati.

Formula

Rn — nominal daromad;

Rr — real daromad;

I — iste’mol narxlari indeksi yoki narxlarning o’zgarish darajasi.


Bilimingizni sinab ko’ring!

  1. Insonning iqtisodiy qadr-qimmati nima bilan o’lchanadi deb o’ylaysiz?
  2. Insonning ma’naviy boyligi deganda nimani tushunasiz? Uning inson kapitali — iqtisodiy qadr-qimmatidagi o’rni haqida nima deya olasiz?
  3. Boylik nima? Qanday odamni boy deb atash mumkin?
  4. Xususiy mulkdan olinadigan daromadga misollar keltiring.
  5. Nominal va real daromadning farqini aytib bering.
  6. Daromadlar tengsizligining afzallik va kamchilik tomonlarini sanang.

Buni yodda tuting!

  • Har qanday odamda yoki korxonada ma’lum miqdordagi mulk bo’ladi.
  • Mulkning shaxsiy, jamoaviy, davlat va xususiy turlari farqlanadi.
  • Davlat mulki barcha fuqarolar uchun xizmat qiladi.
  • Bozor iqtisodiyotida xususiy mulk yetakchi o’rin tutadi.
  • Xususiylashtirish orqali mulk haqiqiy egasiga topshiriladi.

Buni yodda tuting!

  • Insonning iqtisodiy qadr-qimmati (boyligi) — uning insoniy va moddiy kapitallari yig’indisi bilan o’lchanadi.
  • Mehnat resursi — ish haqi, tabiiy resurs — renta, kapital resurs — foiz (dividend), tadbirkorlik — foyda ko’rinishida daromad keltiradi.
  • Nominal daromad joriy narxlarda hisoblansa, real daromad olingan muayyan yil narxlariga nisbatan hisoblanadi.
  • Daromadning real miqdori uning yillar bo’yicha qay darajada o’zgarganligini aniqlashga yordam beradi.
Previous articleMilliylashtirish nima? Xususiylashtirish nima?
Next articleInson kapitali nima? Инсон капитали нима?