«Nido» dostoni haqida

0

Nido dostoni  hakida. Urushlar qadim-qadimdan insoniyat boshiga faqat kulfat keltirgan. Urush tufayli qanchadan qancha odamlar qurbon bo‘lgan, ayollar tul, bolalar yetim qolgan, gullab-yashnab yotgan shahar-u qishloqlar kultepaga aylangan. Shuning uchun ham yuragida odamzodga mehr-muhabbat bo‘lgan har qanday inson urushni qattiq qoralagan, hamis ha unga qarshi chiqqan. Tinchlik uchun kurashda, ayniqsa, olimlar, san’atkorlar, shoir-u yozuvchilarning xizmati katta. Chunki ular yaratg an asarlardan, ilgari surgan g‘oyalardan millionlab kishilar bahramand bo‘ladi.

Afsuski, fan-texnika rivojlanib, qurol-yarog‘lar takomillashib borgani sayin urush qurbonlarining ham soni ortib, u keltirgan vayronliklarning ko‘lami kengayib bordi. Eng oxirgi – ikkinchi jahon urushida ellik milliondan ortiq odam halok bo‘ldi.

Erkin Vohidovning «nido» dostoni ham xuddi ana shu urush va u olib kelgan kulfatlar, u yetkazgan jarohatlar haqida. Bu doston qisman avtobiografik xarakterga ega, ya’ni shoirning tarjimayi holi bilan bog‘liq. Chunki uning ayni qalam ushlab, savod chiqarish davri ana shu urush yillariga to‘g‘ri kelgan.

Doston yigirma yil avval urushda halok bo‘lgan otasini xotirlayotgan farzandning xayollari, iztiroblari bilan boshlanadi. Oradan yigirma yil o‘tib ketgan bo‘lsa-da, hamon uning jarohatlari bitgani yo‘q. Hamon yer qa’ridan «o‘g‘lim!» degan nido yangrab turadi. Bu nidoning ma’nosi nima? Shu o‘rinda shoir olis bolalik yillarini eslab ketadi. Ko‘z oldidan to‘p-to‘p bo‘lib jangga ketayotgan odamlar o‘ta boshlaydi. Yoshgina bolakay hali urush nima ekanligini to‘liq tasavvur qila olmaydi. Biroq ko‘p o‘tmay bu bolakay ko‘cha changitib yurgan olis, sokin qishloqda ham urush o‘zining fojiali qiyofasini namoyon eta boshlaydi:

Rustamning akasi urushdan qaytdi,
Qo‘ltiqtayog‘i bor, Bir oyog‘i yo‘q.
Rustam aytib berdi:
Ataka payti
Tizzasidan olib ketgan emish o‘q…

Yoki urushning ana shu qishloq boshiga solgan yana bir dahshati:

Xol aka qaytganda uyga to‘satdan,
O‘g‘li: «Dadajon», – deb chopib kelibdi.
Ota quchay desa qo‘li yo‘q ekan,
Tik turgan joyida yig‘layveribdi.

Rustamning akasi bilan xol aka-ku nogiron bo‘lishsa ham qaytib kelishibdi. Ammo el-yurtning tinchligi, farzandlarning baxtiyor kelajagi deb jon bergan insonlar qancha!

Darsga kelmay qoldi tunov kun Tal’at,
Muallim urishsa, turaverdi jim.
Dadasidan kelgan ekan qoraxat,
Hammamiz yig‘ladik, hatto muallim…

Bu urush har bir xonadonga kulfat olib kelgan, har bir qalbda bitmas jarohat qoldirgan. Lekin urush degan balo hali yer yuzidan butunlay supurib tashlangani yo‘q. U goh terrorchilik shaklida, goh milliy va diniy adovatlar shaklida o‘z sharpasini ko‘rsatib turibdi. Agar odamzod ogoh bo‘lmasa, ona zamindagi barcha tinchliksev ar kuchlar birlashib, urushga qarshi chiqmasa, bu fojia avvalgilaridan ham dahshatliroq bo‘lib takrorlanishi mumkin. Dostonda tinchlik uchun kurashib jon berganlar nidosi, ularning ortida qolgan farzandlar, onalar, chol-u kampirlar nidosi umumlashib davr nidosiga – tinchlik uchun kurash nidosiga aylanib ketadi:

Bo‘lurmiz gal kelsa har birimizga
Tinchlik janggohining fidosi.
Bu senga, bu menga, bu bizga
Yigirmanchi asr nidosi.

Ana endi doston nomidan – «nido»dan anglashilgan ma’no ma’lum bo‘ldi. Demak, tinch lik uchun, insoniyatning baxtli kelajagi uchun kurash nidosi xxi asrda ham, undan keyin ham, to yer yuzida abadiy tinchlik o‘rnatilgunga qadar har bir insonning qalbida jaranglab turmog‘i kerak.


  1. «Nido» dostonida qaysi urush tasvirlangan va bu urush insoniyat boshiga qanday falokatlar olib kelgan?
  2. Urush tugaganidan so‘ng oradan yigirma yil o‘tgan bo‘lsa ham shoir nega u yillarni alam bilan eslayapti?
  3. Urushning oddiy bir qishloq boshiga solgan fojialari qaysi misralarda tasvirlangan?
  4. Urush jangda halok bo‘lgan qurbonlardan tashqari yana qanday kulfatlar olib kelgan?
  5. Doston orqali shoir aytmoqchi bo‘lgan eng asosiy muddao nima?
  6. O‘zingiz o‘qigan urushga qarshi asarlar, ko‘rgan film va spektakllarin giz haqida hikoya qilib bering.
  7. Dostondan o‘zingizga ma’qul bo‘lgan parchani yod oling.

Erkin Vohidov

Previous articleErkin Vohidov hayoti va ijodi
Next articleNutq madaniyati tarixidan. Nutq madaniyati va notiqlik san’ati