Baliqlar. Tashqi tuzilishi, skeleti, suzgich pufagi

0

Балиқлар. Ташқи тузилиши, скелети, сузгич пуфаги. Баликлар. Ташки тузилиши, скелети, сузгич пуфаги.


Baliqlar

Baliqlar suvda yashovchi xordali hayvonlar. Tanasi ikki yondan siqilgan, tangachalar bilan qoplangan, uchta toq, ikkita juft suzgichlari bor. Jabra orqali nafas oladi. Yuragi ikki kamerali, qon aylanish sistemasi bitta doiradan, nerv sistemasi bosh miya va orqa miyadan iborat.

Baliqlar tuzilishi zog‘ora baliq misolida o‘rganiladi.


Tashqi tuzilishi, skeleti, suzgich pufagi

Yashash muhiti va tashqi ko‘rinishi. Zog‘ora baliq O‘rta Osiyoning tog‘ daryolaridan boshqa barcha suv havzalarida hayot kechiradi. Uni ko‘l, hovuz va sholipoyalarning iliq suvida, tinch oqadigan daryolar o‘zanida uchratish mumkin. Zog‘ora baliq ning kattaligi 1 m gacha, og‘irligi 8–16 kg gacha boradi.

Zog‘ora va boshqa ko‘pchilik baliqlar tanasi suyri shaklida; ikki yon tomondan yassilashgan; bosh va dum qismlari ingichkaroq bo‘ladi (58-rasm).

58-rasm. Zog‘ora baliqning tashqi tuzilishi: 1 – jabra qopqog‘i; 2 – ko‘krak suzgichlar; 3 – qorin suzgichlar; 4 – anal suzgich; 5 – dum suzgich; 6 – orqa suzgich; 7 – yon chiziq
58-rasm. Zog‘ora baliqning tashqi tuzilishi: 1 – jabra qopqog‘i; 2 – ko‘krak suzgichlar; 3 – qorin suzgichlar; 4 – anal suzgich; 5 – dum suzgich; 6 – orqa suzgich; 7 – yon chiziq

Baliqlarning boshi tanasiga harakatsiz qo‘shilib ketgan. Siz suvning havoga nisbatan zich muhit ekanligini va uning harakat lanayotgan jismga ko‘proq qarshilik ko‘rsatishini bilasiz. Shuning uchun baliqlar tanasining suyri shakli va tuzilishi suvning qar shiligini yengib, tez harakatlanishga imkon beradi.

Suzgichlari. Zog‘ora baliq tanasini o‘ngga va chapga biroz bukib, suz gichlari yordamida oldinga qarab suzadi. Baliqning toq (orqa, dum, anal) va juft (ko‘krak, qorin) suzgichlari mavjud. Dum suzgichi ikkiga ajralgan. Anal suzgichlari dumining ostida joylashgan. Suzgichlari yupqa teri pardadan va uni tutib turadigan suzgich yoylardan iborat. Oldingi tomonga suzishda dum suzgichlari katta ahamiyatga ega. Baliqlarning juft suzgichlari tanasini muvozanatga solib turish va harakatlanganida burilishiga yoki to‘xtashiga, shuningdek, oldinga qarab asta-sekin suzishiga yordam beradi.

Terisi. Terisi tangachalar bilan qoplangan. Tangachalarning oldingi qirrasi teriga botib kiradi, keyingi qirrasi o‘zidan keyingi tangacha chetiga yopishib turadi. Tangachalar baliq tanasini tashqi ta’sirdan himoya qiladi, lekin uning suzishiga xalaqit bermaydi. Baliq o‘sgan sayin tangachalar ham yiriklasha boradi. Tangachalardagi halqalar soniga qarab baliqning yoshini aniqlash mumkin. Tangachalar sirtidagi teri bezlari ajratib chiqar adigan yupqa shilliq parda baliq tanasining suvga ishqalanishini kamaytirib, harakatini osonlashtiradi.

Baliqlar tanasi rangi atrof-muhit rangiga bog‘liq. Chuchuk suv havzalarida yashaydigan ko‘pchilik baliqlar tanasining orqa tomoni balchiq rangiga o‘xshash to‘q yashil, qorin tomoni oqish bo‘ladi. Shu sababli suv tubida suzayotgan baliqni yuqoridan qarab payqab olish qiyin. Suv yuzasidagi baliqni pastdan qaralganda suv qatlamining oqish rangidan ajratib bo‘lmaydi. Gavda rangi atrof-muhitga mos bo‘lganida hayvonlar yirtqichlar ko‘ziga tashlanmaydi. Bu hodisa himoya rangi deyiladi. Siz o‘tgan darslardan hasharotlar himoya rangiga ega bo‘lishini bilasiz.

Skeleti. Zog‘ora baliq skeleti asosini tana bo‘ylab o‘tadigan umurtqa pog‘onasi tashkil etadi (59-rasm). Umurtqa pog‘onasi chala harakatchan birikkan 39–42 ta umurtqalardan iborat. Har bir umurtqaning tanasida bir juftdan ustki va ostki yoylar bor.

59-rasm. Zog‘ora baliq skeleti: 1 – bosh qutisi; 2 – jabra qopqog‘i; 3 – orqa suzgich; 4 – umurtqa pog‘onasi; 5 – anal suzgich; 6 – ko‘krak suzgich; 7 – qorin suzgich; 8 – dum suzgich
59-rasm. Zog‘ora baliq skeleti: 1 – bosh qutisi; 2 – jabra qopqog‘i; 3 – orqa suzgich; 4 – umurtqa pog‘onasi; 5 – anal suzgich; 6 – ko‘krak suzgich; 7 – qorin suzgich; 8 – dum suzgich

Ustki qarama-qarshi yoylar o‘zaro tutashishi tufayli ular orasida umurtqa nayi hosil bo‘ladi. Bu nayning ichida orqa miya joylashgan. Tana bo‘limidagi umurtqalarga ikki yon tomondan qilichsimon qovurg‘alar birikadi. Qovurg‘alarning ikkinchi uchi muskullar orasida erkin yotadi. Dum umurtqalarida qovur g‘alar bo‘lmaydi; ular ostida uzun qiltanoq suyakchalar joylashgan. Baliq umurtqa pog‘onasi kalla suyagi bilan ha rakatsiz bi rikkan.

Suzgichlar skeleti suzgich yoylari va ular kamari suyaklaridan iborat. Kamar suyaklar umurtqa pog‘onasiga tutashmaganligi bilan boshqa umurtqalilardan farq qiladi.

Bosh skeleti bosh miyani himoya qilib turadigan miya qutisi, og‘iz bo‘shlig‘ini o‘rab turadigan jag‘lar, jabra ravoqlari va jabra qopqoqlari suyaklaridan iborat.

Skelet muskullar uchun tayanch, ichki organlarni himoya qilish vazifasini bajaradi.

Muskullari baliq terisi ostida joylashgan bo‘lib, suyaklarga birikkan. Muskullarning qisqarishi va bo‘shashishi tufayli baliq tanasini egib harakatlanadi. Baliqlar gavdasining orqa tomonida va dumida joylashgan muskullar kuchli rivojlangan.

Suzgich pufagi qorin bo‘sh lig‘ida ichagining ustida joylashgan. Pufak o‘rtasidan tortilib ikkiga bo‘lingan, gaz bilan to‘lgan kumushrang xaltachadan iborat. Suzgich pufagi ichak bilan ingichka naycha orqali tutashgan bo‘ladi. Tuxumdan chiqqandan 2–3 kun o‘tgach, lichinka suv yuzasiga ko‘tarilib, atmosfera havosi bilan suzgich pufagini to‘ldirib oladi.

Pufak yuzasi kapillyar qon tomirlari bilan qoplangan. Baliqning suv yuzasiga ko‘tarilishi yoki suv tubiga tushishi suzgich pufagi hajmining o‘zgarishi bilan bog‘liq. Suzgich pufagining kengayishi qondan ajralib chiqadigan gazlarning pufakni to‘l dirishi bilan bog‘liq. Pufak gazga to‘lganida baliq yuqoriga ko‘tariladi. Gazlar pufakdan ingichka nay bilan ichakka, undan jabra yoriqlari orqali suvga chiqqanida pufak puchayadi. Tanasi birmuncha og‘irlashgan baliq suv tubiga tushadi. Suzgich pufagining hajmi o‘zgarmasa, baliq muayyan chuqurlikda muallaq turadi.

Suzgich pufagi tovushni kuchaytiradigan rezonator vazifasini ham bajaradi. Bu esa tovushni yaxshiroq eshitish imkonini beradi.


Savollar

  1. Baliqlarning tana shakli yashash muhitiga qanday moslashgan?
  2. Baliqlarning suzgichlari qanday tuzilgan?
  3. Baliqlar terisi qanday tuzilgan?
  4. Baliqlar umurtqa pog‘onasi qanday tuzilgan?
  5. Suzgichlar skeleti qanday tuzilgan?
  6. Suzgich pufagi qanday tuzilgan?
Previous articleXordalilar tipi. Lansetnik – tuban tuzilgan xordali hayvon
Next articleBaliqlarning tashqi tuzilishi va harakatlanishi (laboratoriya mashg‘uloti)