Baliqlarning ko‘payishi va rivojlanishi

0

Baliqlarning ko‘payishi va rivojlanishi. Балиқларнинг кўпайиши ва ривожланиши. Баликларнинг купайиши ва ривожланиши.


Ko‘payish organlari. Zog‘ora baliq ayrim jinsli; urg‘ochilarining jinsiy organlari tana bo‘shlig‘ida joylashgan yirik tuxumdondan iborat. Unda tuxum hujayralari yetiladi. Erkaklarida esa bir juft uzun urug‘donlar bo‘ladi. Urchish davrida urug‘donlar quyuq oq suyuq lik – «sut» bilan to‘ladi. «Sut» tarkibida millionlab urug‘ hujayralari (sper matozoidlar) bo‘ladi.

Tuxum qo‘yishi. Jinsiy hujayralarning yetila boshlashi bilan baliqlarda ko‘payish instinkti paydo bo‘ladi (64-rasm). Instinkt ularni tuxum qo‘yish va nasl qoldirish uchun qulay joy axtarishga undaydi.

64-rasm. Zog‘ora baliqning ko‘payishi: 1 – tuxumlari; 2 – tuxum ichida embrionning rivojlanishi; 3–4–5 – yosh baliqchalarning rivojlanishi; 6 – voyaga yetgan baliq

Ba’zi baliqlar suv havzalarining oqmaydigan joylarini, boshqalari esa suvi oqib turadigan joylarni tanlaydi. O‘tkinchi baliqlardan ba’zilari chuchuk suv havzalaridan dengizga, boshqalari, aksincha, dengizdan chuchuk suv havzalariga ko‘chadi. Ayrim o‘tkinchi baliqlar, masalan, Uzoq Sharq losossimonlaridan keta va bukri baliq uvildiriq tashlash uchun Amur daryosining irmoqlariga o‘tadi. Ugor balig‘i Yevropa daryolaridan minglab kilometr uzoqda joylashgan Atlantika okeanining Sargass dengiziga borib tuxum qo‘yadi. Zog‘ora baliq suv havzalarining tinch oqadigan sayoz joylariga, suvomborlari va ko‘llarga tuxum qo‘yadi. Urg‘ochi baliq suv o‘simliklari ustiga uvildiriq tashlaydi. Erkagi esa tuxumlar ustiga o‘zining «suti»ni sepib ketadi. «Sut»dagi spermatozoidlar tuxum hujayralarini urug‘lantiradi.

Rivojlanishi. Zog‘ora baliqning urug‘langan tuxum hujayralaridan qulay sharoitda 4–6 kun ichida juda mayda baliqchalar (cha voqlar) rivojlanib chiqadi. Chavoqlar dastlab suvdagi mayda mikroorganizmlar, keyinroq mayda umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlana boshlaydi. Yilning oxiriga kelib, ularning uzunligi 5–10 sm ga yetadi.

Naslga g‘amxo‘rlik qilishi. Zog‘ora baliqning nasliga g‘amxo‘rlik qilishi tuxum qo‘yish uchun joy tanlashdan iborat. Tuxum qo‘ygan baliq bu joyni tark etadi. Nasli to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilmaydigan baliqlar, odatda, juda ko‘p tuxum qo‘yadi. Masalan, okun 300 minggacha, treska bir necha million tuxum qo‘yadi. Ular naslining juda oz qismigina voyaga yetadi. Chunki tuxumlari va lichinkalarining juda ko‘p qismi boshqa hayvonlarga yem bo‘ladi.

Ayrim baliqlarning nasli to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish instinkti kuchli rivojlangan. Chuchuk suv tikanbalig‘ining erkagi urchish davrida suv o‘tlarini so‘lak bezlari ishlab chiqaradigan suyuqlik bilan yopishtirib, urg‘ochilari uchun qulay uya yasaydi. Bu uyaga bir necha urg‘ochi baliq tuxum qo‘yadi. Erkak baliqlar uyaga qo‘yilgan tuxumlarni urug‘lantiradi va tuxumdan chiqqan ba liqchalarni mustaqil oziqlana oladigan bo‘lguncha himoya qilishadi (65-rasm).

65-rasm. Baliqlarning nasl to‘g‘risida g‘amxo‘rligi: A – erkak tikanbaliq uyadagi tuxumlarini qo‘riqlamoqda; B – dengiz otchasi erkagi urg‘ochisi qo‘ygan tuxumlarni qornidagi xaltasida olib yuradi
65-rasm. Baliqlarning nasl to‘g‘risida g‘amxo‘rligi: A – erkak tikanbaliq uyadagi tuxumlarini qo‘riqlamoqda; B – dengiz otchasi erkagi urg‘ochisi qo‘ygan tuxumlarni qornidagi xaltasida olib yuradi

Dengiz otchasi erkaklari tuxumlarini qornidagi maxsus xaltachasida olib yuradi. Afrika tilyapiya balig‘ining erkaklari urg‘ochilari tashlagan tuxumlarni og‘iz bo‘shlig‘ida olib yuradi. Biror xavf tug‘ilgudek bo‘lsa, hatto yosh baliqchalari ham erkak baliqning og‘ziga kirib yashirinib oladi.


Savollar

  1. Baliqlarning jinsiy hujayralari qayerda yetiladi?
  2. Baliqlarning ko‘payish instinkti qanday namoyon bo‘ladi?
  3. Baliqlar tuxumi qanday urug‘lanadi?
  4. O‘tkinchi baliqlarda ko‘payish instinkti qanday namoyon bo‘ladi?
  5. Naslga ko‘p g‘amxo‘rlik qilish qanday namoyon bo‘ladi?
  6. Naslga kam g‘amxo‘rlik qilish nimadan iborat?
Previous articleNerv sistemasi va sezgi organlari
Next articleJahon Otin Uvaysiy hayoti va ijodi – Жаҳон Отин Увайсий