Biosfera va noosfera to’g’risidagi ta’limot

0

Ekologiya va ijtimoiy ekologiyaning nazariy sohasida V. I. Vernadskiyning

Biosfera va Noosfera to’g’risidagi umumlashtiruvchi tabiiyotshunoslikka oid ta’limoti alohida o’rin egallaydi. Qomusiy olim, Yerda hayotning rivojlanishiga sayyora va koinot jarayonlari bilan uzviy aloqada amalga oshadigan jarayon deb qaraydi. Bunda hayotning o’zi jonli moddaning alohida, yagona bir butunligi, Yer yuzasidagi barcha jonli organizmlarning majmui sifatida ta’riflanadi. Ana shu a’zolar Yer yuzasi bo’ylab tarqaladi, uni o’zgartiradi, alohida uyushqoqlikni yaratadi. Jonli organizmlarning sayyorada tarqalishi Vernadskiy tomonidan biosfera, hayotning yagona bir butunligi joylashgan alohida makon sifatida ta’riflanadi.

Biosfera o’z-o’zidan rivojlanuvchi eng ulkan ekologik tizim sifatida koinotda nodir hodisadir. V.I.Vernadskiy tizimining tabiiy faoliyati va doimiy harakatdagi muvozanatini ta’minlaydigan biosferaning uyushqoqligi geologik davrida yer qobig’idagi biologik-geologik-kimyoviy jarayonlarining asta-sekin murakkablashuvi natijasida qaror topgan. Bu jarayonlar esa jonli moddaning tabiiy faoliyati sababli ro’y beradi.

Olimning talqinicha, «Jonli modda» (materiya) – bu uning o’ziga xos bir qancha xususiyati bo’lgan tiriklikka (jonga) ega moddadir va ayni zamonda geologik jarayonlarda qatnashadigan organizmlar majmuidir.

V.I.Vernadskiy yer qobig’ida ro’y beradigan jarayonlarga biogeokimyoviy ta’sir ko’rsatadigan jonli modda tarkibiga insoniyatni ham kiritadi. Odamning biologik mohiyati ekologiya jihatidan biosfera bilan bog’langandir, zero u o’z fiziologiyasi bilan energetika oqimlari va biogeokimyoviy hodisalar davrasiga tortilgan. Demak, «Jamiyat-tabiat» tizimiga (biosfera tushunchasiga kiruvchi) ikki tarkibiy qisimli tabiiy-ijtimoiy tizim, planetar (umumsayyoraviy) ijtimoiy ekologik tizim, deb qarashga asoslar bor. Uning shakllanishi va faoliyat ko’rsatishida inson ongi alohida o’ringa ega.

Ammo bu tizimda insoniyatning roli jonli moddalarning boshqa shakllaridan farq qiladi. Bu xususda olim shunday deb yozadi: “Insoniyatning bir xil jonli modda sifatida geokimyoviy ahamiyatini o’rganishda biz uning butunlay vaznga, tarkibga va energiyaga mansub qilib qo’ya olmaymiz. Biz bu yerda yangi omilinson ongiga duch kelamiz”.

Shunday qilib, biosfera, bir tomondan, jonli moddaning faoliyatidir, ikkinchi tomondan, planetar ekologik tizim sifatida organik hayot evolyutsiyasining tabiiy platformasidir. Inson esa uning cho’qqisidir. Bilimlar va texnikaviy yutuqlar bilan qurollangan inson biosferaning faoliyat ko’rsatishiga va uyushqoqligiga hamda uning sifat jihatidan yangi holat – Noosferaga o’tishiga ta’sir ko’rsata boshladi. «Noosfera» – iborasi ilmiy adabiyotga V. I. Vernadskiyning biogeokimyoviy fikrlari tarafdori, fransuz matematigi va faylasufi E. M. Rua tomonidan kiritilgan.

Ammo V.I.Vernadskiy unga butunlay yangi ijtimoiy, ekologik mazmun bahsh etgan. Uning tushuntiricha, noosfera biosferaning shunday bir holatidirki, unda ong va shu ong yo’naltirib turgan inson ishlari sayyorada misli ko’rilmagan kuch sifatida namoyon bo’lishi kerak. Ko’rinib turibdiki, noosfera «biotik» va «ijtimoiylik»ni birlashtiradi, bu yangi uyg’unlashgan fan – ijtimoiy ekologiyaning shakllanishida muhim ahamiyatga egadir.

V.I.Vernadskiy, Yerdagi hayot juda qadimda paydo bo’lgan deb taxmin qilgan. Hozirda bu taxminni tasdiqlovchi turli-tuman ma’lumotlar mavjud.

Shulardan eng muhimi 3-5 mlrd. yil avval mavjud bo’lgan Yerdagi hayot izlari topilganligidir. Boshqacha qilib aytganda, koinot jismi sifatida Yerning paydo bo’lishi va unda hayotning vujudga kelishi 4-5 mlrd. yil muqaddam fazoviy miqyoslarda deyarli bir vaqtda ro’y bergan.

V.I.Vernadskiy birinchilardan bo’lib Yerda hayot paydo bo’lishi faktining kosmik ahamiyatini tushuna oladi va uning sayyora rivojiga ta’sirini o’rganadi. Uning fikricha, bizning sayyoramiz va koinot hozir yagona tizim sifatida tasavvur qilinadi. Bu tizim hayot, jonli modda Yerda sodir bo’ladigan jarayonlarni birbutunlikka birlashtiradi. Yerning butun tarixi davomida V. I. Vernadskiyning baholashi bo’yicha, biosferada jonli modda miqdori amalda doimiy bo’lgan. Quyosh energiyasi hisobiga geokimyoviy davrlar yoki tabiatda moddalarning doimiy o’zgarib turishi yuzaga keldi. Bunday o’zgarib turishga dastlabki materiyaning yangidan-yangi massalari jalb bo’lgan. Chunki shunday jinslar qatlami paydo bo’la boshladiki, ular keyin geologik va geokimyoviy jarayonlar ta’sirida o’zgardilar.

Umumsayyoraviy rivojlanishning bu mislsiz miqyosdagi manzarasi aql egasi- odamning paydo bo’lishini ham o’z ichiga olgan edi. Odam esa sayyorada sodir bo’luvchi barcha jarayonlarni yanada tezlashtirdi.

Biokimyoviy yaratilish tabiiyki, yangi masalani-umumsayyoraviy rivojlanish manzarasida insonning o’rni masalasini o’rtaga qo’yadi. Bu masalaga V. I. Vernadskiy javob berdi. XX asrning dastlabki yillaridayoq olim insonni tabiatga ta’siri shunchalar tez o’sayotgan ediki, uning asosiy geologik o’zgartiruvchi kuchga aylanishi vaqti unchalik uzoq emas. Ana shu gapning ma’nosi shuki, inson tabiatni rivojlantirish istiqboli ma’suliyatini o’z zimmasiga olishi kerak. Ekologik tizim va jamiyatning rivoji chambarchas bog’lanib ketmoqda. Kuni kelib biosfera aql jabhasi – Noosferaga o’tadi.

Inson va insoniyatning biosferada tutgan o’rni masalasiga ilmiy tarzda birinchi marotaba XVIII asrning o’rtalarida e’tibor qaratilgan edi. Shu davrda K. Linney sut emizuvchilar guruhida eng yuqori turkumni ajratgan edi. Ammo, bu qariyib 2, 5 mln. yil muqaddam paydo bo’lgan dastlabki «gominid»lar (lotincha xomo-odam) ning biosferaga ta’siri boshqa, yuqori darajada uyushqoq bo’lgan sut emizuvchilar ta’siridan kam farq qilgan. Gominidlar sodda (ibtidoiy) miyaga ega bo’lgan va mehnat qurollaridan foydalanmagan. Ilk paleolitda oddiy mehnat qurollari bilan foydalana oladigan Xomo faber (usta odam) paydo bo’ladi. Uning populyatsiyasi kam bo’lganligi sababli biosferaga ta’siri keng ko’lamni tashkil etmagan.

Insonning aqliy jihatdan rivojlana borgani sari paleolitning pirovard davrida tabiiy muhitga ancha faol ta’sir ko’rsatadigan Xomo sapiens (ongli odam) shakllanadi. Biroq V. I. Vernadskiyning isbotlashicha, insonning ta’siri ortib borishi uning soni ko’payishi bilan (bunday ta’sir muayyan joyda nomoyon

bo’ladi) belgilanmaydi, balki insoniyat ilmiy tafakkuri o’sishi bilan bog’liqdir. Shu tariqa asta-sekin biosfera rivojida yangi bosqich – biotik bosqich boshlandi, demakki biosferaning sifat jihatdan yangi holati noobiosfera yoki V. I. Vernadskiyning izohlashicha, Noosfera shakllanishi uchun shart-sharoit yaratiladi.

Noosfera rivoji boshlanishini olim dehqonchilik va katta shaharlar, nisbatan rivojlangan qudratli antik davlatlar shakllanishi bilan bog’lagan. Ayni mana shu ijtimoiy- iqtisodiy negiz V.I.Vernadskiyning ta’kidlashicha, inson populyatsiyasi tez ko’payishiga, «insoniyatning madaniy biokimyo energiyasi o’sishi» va demakki, ijtimoiy hayotda tafakkur paydo bo’lishi ko’maklashgan.

Insoniyatning biosfera va noosfera tizimida tutgan o’rni jonli modda boshqa formalaridan sifat jihatdan farq qiladi, zero biz bu o’rinda inson tafakkuri va ongli harakatining yangi omili bilan to’qnashamiz. Ayni ana shu omil jamiyat va tabiat munosabatlarini qulaylashtirishda hal qiluvchi ko’rsatkichdir.

Noosfera orqali atrof-muhitdagi sifat jihatdan yangi ekologik jarayonlar bilan insoniyat rivojlanishi tarixi o’tasidagi sabab va oqibat aloqalari o’rnatiladi. V.I. ernadskiy bizning asrimiz tarixda burilish hisoblanadi, deb ta’kidlaydi. Chunki inson birinchi marotaba biosferaning o’zaro bog’langan barcha bloklari ya’ni litosfera, gidrosfera, atmosfera, jonli modda faoliyatining butun jabhasini va hatto fazo bo’shlig’ini ham o’zining texnogen ta’siri bilan qamrab oldi.

Biroq V.I.Vernadskiy izohlashicha, ilmiy tafakkurning geologik kuch sifatidagi ahamiyati faqat biosferaga texnogen ta’sir ko’rsatish va uning noosferaga aylanishidagina namoyon bo’lmaydi. Balki, zamonaviy bilimlar bilan qurollangan insonning atrof-muhit ekologik halokatini oldini olishga qodir bo’lgan imkoniyatlarida ham namoyon bo’ladi. Hozirgi zamon olimlari oldida, – deb yozgan edi V.I.Vernadskiy, – noosfera uyushqoqligini ongli ravishda yo’naltirishning misli ko’rilmagan vazifalari turibdi. Olimlar bu vazifalardan yuz o’gira olmaydilar, zero, ilmiy bilishning tabiiy jarayoni ularni shunga yo’llaydi.

V.I.Vernadskiy ta’limotning puxta ishlangan qoidasini ajratib ko’rsatishda olim tomonidan ta’riflangan ikki biogeokimyo prinsiplari to’g’risida gapirish mumkin. Bu prinsiplar biosfera rivojini ko’zdan kechirishda hal qiluvchi ahamiyatga egadir.

Birinchi biogeokimyo prinsipining ma’nosi shuki, jonli moddaning biosferadagi geokimyo energiyasi (jonli moddaning ongga ega bo’lgan oliy ko’rinishi insoniyatni qo’shib) o’zini eng ko’p darajada namoyon etishga intiladi. Ikkinchi biogeokimyo prinsipining ma’nosi shuki, turlar evolyutsiyasi jarayonida organizmlar, jonli moddaning ayrimlari omon qoladiki, ular o’z hayot faoliyati bilan biogen munosabatni yuqori darajada ko’paytiradi. Biotizimning faoliyat ko’rsatishi xususida ayni shunday ta’rifni taxminan ayni bir vaqtda (XX asr 30yillarining birinchi yarmi) biofizik E. Bauer ham taklif qilgan edi. Shu boisdan yuqorida ta’riflangan prinsiplarni Vernadskiy-Bauer qonunlari deb atash ham mumkin.

Bu qonunlardan juda muhim hulosalar keltirib chiqarish mumkin. Uning mohiyati shundan iboratki, biosfera (noosferagenez) ni hozirgi zamonda o’zgartirishning barcha jarayonlarida insoniyatning ijtimoiy-tarixiy taqazolangan ehtiyojlari va sayyora o’zgarishi tabiiy qonuniyatlarining o’zaro ta’siri yuqorida ta’riflangan ikki qonunga zid bo’lmasligi kerak.

Shunday qilib, V.I.Vernadskiyning umuman biosfera haqidagi ta’limoti ilmiy bilim taraqqiyotining hozirgi bosqichi uchun ham muhim ahamiyatga egadir: insoniyatning ijtimoiy faoliyati bilan o’zaro munosabatda bo’ladigan bu tabiat, koinot-sayyora jarayonlarini o’rganish bo’yicha to’xtovsiz o’sib boruvchi goelogik omil sifatida maydonga chiqishini tahlil etilishi biosfera to’g’risidagi ta’limotning uzviy davomidir.

Noosfera to’g’risidagi ta’limot tabiat kuchlaridan inson manfaatlari yo’lida foydalanish va uni rivojlantirish, ijtimoiy mehnat unumdorligini oshirish, tabiatdan oqilona foydalanish, aholi salomatligini saqlash va rivojlantirish yo’llarini ko’rsatib beradi. Bu masalalar V. I. Vernadskiyning insoniyat rivoji tabiiy-tarixiy aspektlariga doir ishlanmalari bilan bog’liqligi yuqorida ko’rsatib o’tilgan edi. Mazkur ishlanmalar bir qator xorijiy olimlar, shu jumladan Rim klubi xomiyligida (A. King, J. Forrester, D. Medouz, P. Yerlix va bosh. ) faoliyat yuritgan olimlar ishlab chiqqan umidsiz bashoratlarga barham berishning real imkoinyatlarini ochib beradi. Ular ekologik, energetik, demografik deb ataluvchi juda ulkan muammolar ro’y berishhini karomat qildilar.

Ta’limotning asosiy g’oyasi V. I. Vernadskiy tamonidan insoniyatning avtotrofligi to’g’risidagi fikriga umumlashtirilgan. U insoniyat biosferaning chegaralangan resurslarini, energiya manbaalarini, xom ashyo boyliklari materiallari va ularning rivojlanishini yaqin kelajakdayoq jiddiy ravishda cheklab qo’yadi deb hisoblagan. Olim shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlarini avval labaratoriyalarda, keyinchalik esa sanoat miqyosida ham sintezlash bu qaramlikni bartaraf etishda ko’maklashishini ta’kidlaydi.

Bu holat insoniyatning avtotrofligi ijtimoiy sabablar asosida ro’y berganini ifodalaydi. Odamlar hayotida va biosferada oziq-ovqatni ana shunday sintezlash qanday ma’noni bilidiradi? Uning amalga oshirilishi insonni boshqa jonli moddaga qaramlikdan ozod qilgan bo’lur edi. Ya’ni inson ijtimoiy geterotrof mavjudotdan ijtimoiy avtotrof mavjudotga aylanadi.

Previous articleУзбекча шеърлар табриклар туғилган кун
Next articleYerning quyosh atrofida aylanishi