Bozor qatnashchilari. Бозор қатнашчилари

0

Bozor qatnashchilari. Бозор қатнашчилари


Bozor qatnashchilari. Бозор қатнашчилари


Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

1- rasmdagi zavod va 3- rasmdagi musiqa maktabi davlatga tegishli. 2- rasmdagi fabrika xususiy tadbirkorga tegishli. Har bir oilaning o’z xo’jaligi, o’zining kichik iqtisodiyoti bor. Shuning uchun ham iqtisodiyot fanida oila haqida gapirilganda “Uy xo’jaligi” iborasi ishlatiladi.

  1. Davlat musiqa maktabi qurish uchun materiallarni, ishchi kuchini va uning uchun jihozlarni qayerdan oladi? U yerda ishlaydigan o’qituvchi va xodimlar qay tariqa ishga yollanadilar?
  2. To’qimachilik fabrikasi xom ashyoni va ishchi kuchini qayerdan oladi? U o’zining mahsulotini qayerda sotadi?
  3. Davlat o’z zavodi uchun ishchi kuchini qayerdan yollaydi va o’z mahsulotini qayerda sotadi?
  4. Uy xo’jaligi o’z iste’moli uchun tovarlarni qayerdan oladi? Uy xo’jaligi ishchi kuchi bozoriga nima taklif qila oladi?

Javoblaringizda bozor atamasini qo’llashni yodingizdan chiqarmang. Rasmlardagi obyektlarning ishchi kuchi, xom ashyo, material, jihozlar va ishchi kuchi bilan ta’minlanishida, mahsulotlarini sotishida bozorning ahamiyati haqida gapirib bering.

Ishlab chiqaruvchilar — tovar va xizmatlarni yaratadigan korxonalar. Ular bir tomondan tabiiy resurslarni, ishlab chiqarish vositalarini, ishchi kuchini bozordan sotib olib xaridor sifatida qatnashsa, ikkinchi tomondan ishlab chiqargan tovarlari va xizmatlarini, o’zlariga tegishli mulkni bozorda sotib, sotuvchi sifatida ishtirok etadi. Masalan, un ishlab chiqaruvchi korxona o’zi uchun kerakli bino, tegirmon uskunalari, bug’doyni va ishchi kuchini bozordan sotib oladi, ya’ni bozorda xaridor sifatida ishtirok etadi. Shu bilan birga, bug’doydan un ishlab chiqarib, uni bozorda sotadi. Ya’ni bozorda sotuvchi sifatida ham qatnashadi.

Ishlab chiqaruvchilar — tovar va xizmatlarni yaratadigan korxonalar.

Iste’molchilar — uy xo’jaliklari o’zlari uchun kerakli xizmatlarni, iste’mol tovarlarini va turli xil mulklarni xaridor sifatida bozordan sotib oladilar. Ikkinchi tomondan, aholi o’ziga tegishli mulkni bozorda sotadi. Shuningdek, odamlar turli xil korxonalarda mehnat qilib, evaziga ish haqi oladilar, ya’ni sotuvchi sifatida o’z ishchi kuchini sotadilar. Demak, iste’molchilar — uy xo’jaliklari bozorda ham xaridor, ham sotuvchi sifatida qatnashar ekan.

Iste’molchilar — yaratilgan tovar va xizmatlarni bevosita iste’mol qiluvchi yoki ulardan foydalanuvchilar. Iste’molchilar, asosan, o’z oilalari bilan hayot kechirganligi bois, ularni boshqacha uy xo’jaliklari deb ham atashadi.

Bozorda davlat (hukumat) jamiyatning boshqaruv organi, tabiiy resurslar egasi sifatida alohida o’rin tutadi. Davlat bir tomondan tabiiy resurslarni, davlat idoralari va mahkamalarining xizmatlarini, turli xil davlat korxonalarida ishlab chiqarilgan tovarlarni, davlat mulkini sotsa, ikkinchi tomondan davlat korxonalari ehtiyojlari uchun bozordan tovarlar, xizmatlar va ishchi kuchi sotib oladi. Davlat aholi va korxonalarga o’z idoralari va mahkamalari orqali ko’rsatgan xizmatlari evaziga turli xil majburiy to’lovlar, soliqlar ko’rinishida haq undirib oladi. Masalan, bir qarashda aholiga bepul tibbiy xizmat ko’rsatilayotgandek ko’rinadi. Aslini olganda esa bu xizmat uchun har birimiz daromadimizdan chegirib qolinadigan soliq ko’rinishida haq to’laymiz.

Bozorning har uchala ishtirokchisi — davlat, ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar bozor orqali bir-birlariga pul qarz beradilar hamda oladilar, bir-birlarining qimmatli qog’ozlarini sotib oladilar va sotadilar. Shu tariqa, bozorning har uchala ishtirokchisi orasida oldi-sotdi jarayoni sodir bo’lib, bozorni davriy ravishda harakatga keltirib turadi.

Kimlar ishtirok etmasin, bozorning asosiy vazifasi — bu sotuvchi bilan xaridor o’rtasidagi oldi-sotdi munosabatlarini tashkil qilish bo’lib qolaveradi. Ya’ni, bozor — bu pul orqali amalga oshiriladigan tovar va xizmatlar oldi-sotdi bitimlarining jamlanmasidir. Iqtisodiy munosabatlarning bunday ko’rinishidan bozordagi bitta bitim bo’yicha tovar-pul munosabatlarining eng sodda formulasini keltirib chiqarish mumkin:

SOTUVCHI — TOVAR — PUL — XARIDOR

Bu formula bozor “hujayra, katakcha”sining tuzilishini ifodalaydi. Bozorning butun “organizmi” esa mana shunday “hujayralar”dan tashkil topgan. Demak, bozor sharoitidagi tovar munosabatlari ham yuqoridagi formulaga o’xshagan bog’lanishlardan iborat.

Bozor qatnashchilari bo’lmish davlat, ishlab chiqaruvchilar va oila — uy xo’jaliklari (iste’molchilar) bozordan nimanidir sotib oladi va nimanidir sotadi. Shu bois, bozorda resurslar, tovarlar, xizmatlar va pul mablag’lari quyidagi chizmadagidek tinmay aylanib turadi.

Uy xo’jaliklari, ya’ni iste’molchilar o’zlariga tegishli mulkni, ishchi kuchlarini ish haqi, maosh, foiz to’lovi va foyda kabi pul daromadlari evaziga davlatga hamda ishlab chiqaruvchi firma va korxonalarga sotadi. Olingan daromadga esa o’z ehtiyojlarini qondirish uchun bozordan kerakli xizmatlarni, iste’mol tovarlarini va turli xil mulklarni sotib oladi.

O’z navbatida, davlat bu pullarga o’zi uchun kerakli tovar va xizmatlarni ishlab chiqaruvchilar hamda uy xo’jaliklaridan sotib oladi. Ishlab chiqaruvchilar esa uy xo’jaliklaridan olgan pullarga yana aholi hamda davlatdan kerakli resurslarni sotib oladi va hokazo. Shu tariqa, iqtisodiyotda resurslar, tovarlar, xizmatlar va pul mablag’lari to’xtovsiz aylanib turadi.

Bozor vazifalarini amalga oshirishda bevosita qatnashmasdan unga yordam beruvchi, xizmat ko’rsatuvchi korxona, tashkilot va muassasalarning hammasi bitta nom — bozor infratuzilmalari nomi bilan ataladi. Bozor infratuzilmalariga banklar, sug’urta kompaniyalari, tovar, fond va boshqa turdagi birjalar, savdo uylari, bojxona idoralari, hisob- kitob, moliya, huquqiy maslahat xizmati ko’rsatadigan turli tashkilotlar, turli xil maxsus savdolarni tashkil qiluvchi muassasalar va tashkilotlar kiradi.

Bozor infratuzilmalaribozor vazifalarini amalga oshirishda bevosita qatnashmasdan, unga yordam beruvchi, xizmat ko’rsatuvchi korxona, tashkilot va muassasalar.


Buni yodda tuting!

  • Davlat, ishlab chiqaruvchilar va oila uy xo’jaliklari bozor qatnashchilaridir.
  • Bozorda davlat, ishlab chiqaruvchilar, iste’molchilar o’rtasida resurslar, tovarlar, xizmatlar va pul mablag’lari muntazam ravishda aylanib turadi.

Bilimingizni sinab ko‘ring!

  1. Bozor ishtirokchilarini tavsiflab bering.
  2. Davlat mulkini tejash va avaylash, eng avvalo, kim uchun muhim?
  3. Oilangiz misolida bozordan, odatda, nima xarid qilishingizni va nima sotishingizni gapirib bering.
  4. Bozor sharoitidagi tovar-pul munosabatlari haqida aytib bering.
  5. Iqtisodiyotda resurslar, tovarlar, xizmatlar va pul mablag’lari aylanib turishi mexanizmini tushuntirib bering.
  6. Bugungi kunda mamlakatimizdagi bozor infratuzilmalari haqida nimalar bilasiz? Fikringizni hayotiy misollar yordamida tushuntirishga harakat qiling.
Previous articleNarx nima? Нарх нима?
Next articleIste’molchilar nima? Истеъмолчилар нима?