Ishlab chiqarish va uning omillari

0

Ишлаб чиқариш ва унинг омиллари


Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. Qaysi rasmlardagi ne’matlar tabiat tomonidan, inson ishtirokisiz vujudga kelgan?
  2. 2- rasmdagi nonlar tayyor bo‘lgunicha qanday bosqichlardan o‘tgan?
  3. 3 — 6- rasmlardagi narsalarning qaysi birining vujudga kelishida inson ishtiroki ko‘proq talab qilinadi deb o‘ylaysiz?
  4. Rasmdagi narsalarning vujudga kelishida inson ishtirokidan tashqari yana nimalar bo‘lishi talab qilinadi.

Insonlarning o‘z ehtiyojlarini qondirish maqsadida iqtisodiy ne’matlar yaratish jarayoni ishlab chiqarish deb yuritiladi. Iqtisodchilar iqtisodiy ne’matlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarni — ishlab chiqaruvchilar, ularni iste’mol qiluvchilarni esa iste’molchilar deb ataydilar.

Sut, non, avtomobil, poyabzal, koptok, kitob, mehmonxona yoki sartarosh xizmati kabilar hozirgi zamonda iqtisodiyot sohasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning bir qismi, xolos.Ishlab chiqarilayotgan tovarlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning turi shu qadar ko‘p va xilma-xilki iqtisodchilar ularni bir necha yo‘l bilan quyidagi turlarga ajratadilar:

  1. Ishlab chiqarish iqtisodiyotning qaysi sohasida ro‘y berayotganli- giga qarab:
  • iqtisodiyotning birlamchi sohasida foydali qazilmalar, suv, gaz, neft, yog‘och kabi tabiiy ne’matlar xom ashyo sifatida tabiatning o‘zidan bevosita olinadi. Bu ne’matlarni biz ishlab chiqarishning tabiiy omili deb aytgan edik.
  • iqtisodiyotning ikkilamchi sohasida xom ashyo qayta ishlanadi va kiyim-kechak, konfet, daftar, velosiped kabi tayyor mahsulotga aylan- tiriladi.
  • iqtisodiyotning uchlamchi yoki xizmat ko‘rsatish sohasida esa tu- rizm, teatr tomoshalari, tibbiy va shu kabi xizmatlar ko‘rsatiladi.
  1. Ishlab chiqarish kim tomonidan amalga oshirilayotganiga qarab:
  • davlat sektoridagi ishlab chiqarish;
  • xususiy sektordagi ishlab chiqarish.
  1. Ishlab chiqarilgan mahsulot kimga mo‘ljallanganligiga qarab:
  • iste’molchilar uchun tayyor mahsulot ishlab chiqarish;
  • ishlab chiqaruvchilar uchun mahsulot ishlab chiqarish.
  1. Ishlab chiqarish omillaridan foydalanish darajasi bo‘yicha:
  • kapitaldan ko‘p foydalaniladigan ishlab chiqarish. Masalan, kimyo, neft va gaz, avtomobil sanoatida inshoot, dastgoh, asbob-uskunalardan ko‘p foydalaniladi va ularning ishlab chiqarish omillaridagi ulushi kat- tadir.
  • ishchi kuchidan ko‘p foydalaniladigan ishlab chiqarish. Masalan, turizm, chakana savdo, teatr tomoshalari kabi xizmat ko‘rsatish sohalarida ishchi kuchining ishlab chiqarish omillari tarkibidagi ulushi kattaroq.

Ishlab chiqarish — inson ehtiyojlarini qondirish maqsadida iqtisodiy ne’matlar yaratish jarayoni.

Ishlab chiqaruvchilar, odatda, moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish sohalariga bo‘linadi. Moddiy sohada moddiy ko‘rinishdagi mahsulotlar, tovarlar ishlab chiqariladi. Moddiy ishlab chiqarish sohasiga sanoatdagi zavod va fabrikalarni, qishloq xo‘jaligidagi fermer va dehqon xo‘jaliklarini misol qilib keltirish mumkin.

Ishlab chiqaruvchilar — iqtisodiy ne’matlarni yaratuvchi korxonalar yoki shaxslar.

Iste’molchilar— iqtisodiy ne’matlarni iste’mol qiluvchilar.

Ishlab chiqarishning nomoddiy sohasida esa, asosan, turli ko‘rinishdagi xizmatlar ko‘rsatiladi. Bular jumlasiga ta’lim, sog‘liqni saqlash, yo‘l xavfsizligi, mudofaa, davlat boshqaruvi, mada- niyat kabi sohalar kiradi.

Xizmatlarning moddiy ko‘rinishdagi mah- sulotlardan farqi, ularni moddiy narsalarni jamg‘argan kabi omborda jamg‘arib bo‘lmaydi. Xizmatlar ishlab chiqarish jarayonining o‘zidayoq iste’mol qilinadi, ya’ni ulardan foydalaniladi.

Ma’lumki, biror mahsulotni ishlab chiqarish uchun resurslar kerak bo‘ladi. Ishlab chiqarishga jalb qilingan resurslar faqat manba, zaxira sifatida emas, balki uni harakatga keltiruvchi, unga ta’sir etuvchi omil sifatida ham qaraladi. Shu sababli, ishlab chiqarishga jalb etilgan resurslar boshqacha — ishlab chiqarish omillari deb ham ataladi. Ular, odatda, tabiiy, kapital va ishchi kuchi omillariga bo‘linadi. Tabiiy omillarga ishlab chiqarishda foydalaniladigan barcha tabiiy resurslar kiradi.

Kapital omillar deb ishlab chiqarish jarayoniga jalb etiladigan kapital resurslarga aytiladi. Iqtisodchilar ularni boshqacha — ishlab chiqarish vositalari, deb ham ataydilar. Ularga bino va inshootlar, asbob-uskuna va mashina-mexanizmlar, turli-tuman dastgohlar va jihozlar, xom ashyolar va boshqa son-sanoqsiz turdagi narsalar kiradi. Ishchi kuchi omillari deganda, ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinadigan mehnat resurslari tushuniladi.

Tabiiy omillar— ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinadigan barcha tabiiy resurslar.

Kapital omillar — ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinadigan barcha kapital resurslar.

Ishchi kuchi omillari — ishlab chiqarish jarayoniga jalb qilinadigan barcha mehnat resurslari.

Keyingi paytlarda ishlab chiqarishning tabiiy, mehnat va kapital omillari qatoriga to‘rtinchi omil — odamlarning iqtisodiy qaror qabul qilishi, ishlab chiqarishni uyushtirishi va tashkil qilishi bilan bog‘liq faoliyati — tadbirkorlik layoqatini ham kiritishmoqda.

Qurilish uchun eng zarur bo‘lgan sement ishlab chiqarishni tashkil qilish misolida ishlab chiqarish omillarini aniqlaylik. Ma’lumki, sement ishlab chiqarishni amalga oshirish uchun birinchidan, tabiiy resurs — yer maydoni va sement olinadigan tog‘ jinsi bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, sement ishlab chiqarish uchun mehnat resurslari — odamlar— ishchi kuchi talab etiladi. Mehnat omili — odamlarsiz, ularning jismoniy kuchisiz, aqli va malakasisiz hech narsa qilib bo‘lmaydi. Uchinchidan, tog‘ jinslariga ishlov berishda qo‘llaniladigan asbob-uskuna, bino va inshootlar, ya’ni kapital resurslar ham bo‘lishi kerak.

Bu omillarni o‘zaro birlashtirish — to‘rtinchi omil — tadbirkorlik layoqati evaziga amalga oshiriladi. Tadbirkor sement ishlab chiqarish imkoniyatlarini hammadan oldin ko‘rib, tashabbusni qo‘lga oladi. Bu ishni amalga oshirish uchun uchala omilni birlashtiradi. Mavjud resurslarni jalb etadi, kuch-g‘ayrati, bilimini sarflaydi, ma’lum darajada tavakkal qiladi va ishbilarmonligini ishga soladi. Oxir-oqibat uning xatti-harakatlari, tadbirkorligi sement ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga sababchi omil bo‘ladi. Demak, ishlab chiqarish tabiiy, ishchi kuchi, kapital va tadbirkorlik layoqati omillarining birlashishidan yuzaga kelar ekan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida tadbirkorlik layoqati omili alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbirkorlik layoqati — odamlarning iqtisodiy qarorlar qabul qilishi bilan bog‘liq tovarlar va xizmatlar ishlab chiqarish layoqati.


Buni yodda tuting!
  • Ishlab chiqarish jarayonida iqtisodiy ne’matlar yaratiladi.
  • Ishlab chiqarishning tabiiy, kapital, ishchi kuchi va bu uchala omilni birlashtiruvchi tadbirkorlik layoqati omillari mavjud.
  • Ishlab chiqarishning bir qancha turlari mavjud.

Bilimingizni sinab ko‘ring!

  1. Tumaningizdagi ishlab chiqarish korxonalarini sanang.
  2. Tumaningizdagi biror korxona misolida bu korxonaning qanday resurs turlaridan foydalanayotganini gapirib bering.
  3. Tadbirkorlik layoqati va ishchi kuchi omili orasida qanday farq bor?
  4. Asaka shahridagi avtomobil zavodining ishga tushirilishi natijasida o‘tgan yillar mobaynida respublikamizda qanday o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?
  5. Iqtisodchilar ishlab chiqarishni qanday turlarga ajratadilar?
  6. So‘nggi yillarda respublikamizda yetishtirilayotgan paxtaning ko‘p qis- mi qayta ishlanib, tayyor mahsulot shaklida chet elga sotilayapti. Buning mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun qanday afzalliklari bor deb o‘ylaysiz?
Previous articleMurosali tanlov nima? (Iqtisodiyot bilim)
Next articleIshlab chiqarish nima? (Iqtisodiyot bilim)