Bozor tushunchasi va uning turlari

0

Бозор тушунчаси ва унинг турлари. Bozor va uning turlari. Bozor tushunchasi va uning turlari. 

Bozor va uning turlari
Bozor va uning turlari

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. 1- rasmda tasvirlangan hunarmandchilik mahsulotlari bozoridagi odamlarni qanday ikki toifaga ajratish mumkin? Kimlar sotuvchi yoki xaridor sifatida qatnashyapti? Ularning farqi nimada? Ularning bozordagi maqsadi nimadan iborat?
  2. 2- va 3- rasmlardagilarni bozor deb atasak bo’ladimi?
  3. Bozor qanday vazifalarni bajaradi deb o’ylaysiz? Fikringizni hayotiy misollar yordamida tushuntirib bering.
  4. 4-, 5-, 6-rasmlarda tasvirlangan tovar va xizmatlar qaysi bozorlarda sotiladi yoki sotib olinadi?

Siz odamlar bilan gavjum, savdo-sotiq amalga oshiriladigan, alohida ajratilgan joy sifatidagi dehqon bozori, avtomobil bozori, kiyim-kechak bozori va buyumlar bozori kabi bozorlarni yaxshi bilasiz. Bozor uchun har doim ham alohida ajratilgan joyning bo’lishi shart emas. Oldi-sotdi jarayoni telefon va internet tarmog’i orqali ham amalga oshirilishi mumkin.

Bozor quyidagi vazifalarni bajaradi:

— ishlab chiqarish va iste’molni bir-biriga bog’laydi;

— oldi-sotdi jarayoni orqali tovarning narxini belgilaydi;

— iqtisodiyotni, ishlab chiqarishni tartibga solib turadi;

— turli davlatlar o’rtasida iqtisodiy hamkorlik aloqalarini o’rnatadi. Tovarni mo’ljalidan ko’ra qimmatroq narxda sotib olgan xaridor yoki tovarni arzonroq narxda sotgan sotuvchining birortasi ham bozordan ranjimaydi. Bozor — tovarning narxini belgilovchi eng xolis hakam.

Bunda “Nima ishlab chiqarish kerak?”, “Qanday ishlab chiqarish kerak?”, “Kim uchun ishlab chiqarish kerak?” degan savollarga faqatgina bozor javob beradi. Bozor tovar narxining ko’tarilishi yoki pasayishi orqali ishlab chiqaruvchilarga qaysi tovardan qancha ishlab chiqarish kerakligi yoki kerak emasligi haqida axborot berib turadi. Tovar bozorgir bo’lsa, uni ishlab chiqarish ko’paytiriladi, tovar mo’ljaldagi narxda sotilmasa, uni ishlab chiqarish to’xtatiladi yoki sarf-xarajatlar kamaytirilib, tovar narxi arzonlashtiriladi.

O’zaro manfaatli hamkorlikdan hamma foyda ko’radi. Shunday ekan bozor chegara bilmaydi. Hozirda bozorlarimizdagi dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan keltirilgan tovarlar buning yorqin isbotidir.

Oldi-sotdi jarayoni — tovar va xizmatlar pulga, pul esa tovar va xizmatlarga ayirboshlanadigan jarayon.

Bozor — xaridor va sotuvchilar oldi-sotdi jarayonini amalga oshirishlari bilan bog’liq o’zaro munosabatlardir.

Bozorlar ularda sotiladigan tovarlarga ko’ra iste’mol tovarlari, ishlab chiqarish vositalari, moliya, mehnat, intellektual tovarlar bozori kabi turlarga bo’linadi.

Aholi uchun zarur bo’lgan tovarlar va xizmatlar iste’mol tovarlari bozorida sotiladi. Biz yaxshi bilgan dehqon bozori, mol bozori, mashina bozori, uy-joy bozori, kiyim-kechak va buyumlar bozori, do’konlar, supermarketlar, oshxona, novvoyxona, transport, aloqa, elektr, suv, gaz, issiqlik ta’minoti korxonalari, sartaroshxona, madaniyat, sog’liqni saqlash, ta’lim maskanlari — iste’mol tovarlari bozorini tashkil qiladi.

Iste’mol tovarlari bozori — aholi, uy xo’jaliklari ehtiyojlari uchun zarur tovar va xizmatlar sotiladigan bozor.

Korxonalarda tovar ishlab chiqarish uchun kerak bo’ladigan asbob- uskunalar, bino-inshootlar, xom ashyo va materiallar ishlab chiqarish vositalari bozorida sotiladi. Ishlab chiqarish vositalari oldi-sotdisi to’g’ridan-to’g’ri, bevosita ishlab chiqaruvchi va iste’molchi orasida yoki tovar birjalari hamda savdo firmalari xizmatlari orqali amalga oshiriladi. Tovar birjalari tovarlarni katta-katta hajmda, ulgurji (ko’tarasiga) sotib olish va sotishni uyushtiradigan vositachi tashkilotlardir.

Ishchi kuchi, ya’ni mehnat ham maxsus tovar bo’lganligi uchun uning ham o’z bozori bor. Mehnat, ishchi kuchi bozorida ishchi kuchi sotiladi.

Tovar birjasi — tovarlarni katta-katta hajmda, ulgurji (ko’tarasiga) sotib olish va sotishni uyushtiradigan vositachi tashkilot.

Ishlab chiqarish vositalari bozori— korxona va firmalar ehtiyojlari uchun zarur tovar hamda xizmatlar sotiladigan bozor.

Bunday bozorda aholini ishga joylashtirish bilan shug’ullanuvchi ishchi kuchi birjalari, korxona va tashkilotlar faoliyat ko’rsatadi. Bandlikka ko’maklashish va ijtimoiy muhofaza qilish markazi ishchi kuchiga ehtiyoji bor, bo’sh ishchi o’rinlari mavjud bo’lgan korxona va ish qidirib yurgan kishilar o’rtasida vositachilik faoliyatini olib boradi.

Bandlikka ko’maklashish va ijtimoiy muhofaza qilish markazi — korxonalar va ish qidirib yurgan kishilar o’rtasida vositachilik faoliyatini olib boruvchi tashkilot. Bu tashkilotni, odatda, mehnat birjasi deb ham ataydilar.

Mehnat ishchi kuchi bozori — ishchi kuchi oldi-sotdi jarayonlari amalga oshiriladigan bozor.

Pulni maxsus, hammabop tovar deb aytgan edik. Demak, uning ham o’z bozori bo’ladi. Bu bozorni moliya bozori deb atashadi. Moliya bozorida pullar qarzga beriladi yoki qarzga olinadi. Bunday xizmatlarni banklar amalga oshiradi. Moliya bozorida oddiy pullardan tashqari “qimmatli qog’ozlar” — aksiya, obligatsiya, veksel deb ataluvchi maxsus pullar sotiladi va sotib olinadi. Qimmatli qog’ozlar savdosini tashkil qilish bilan fond birjalari shug’ullanadi. Shuningdek, moliya bozorida xorijiy davlat pullari — valutalar ham sotiladi va sotib olinadi. Bu ishni banklarning valuta almashtirish shoxobchalari amalga oshiradi.

Qimmatli qog’oz — ma’lum miqdordagi mablag’ga yoki mulkka egalikni yoki ularga nisbatan munosabatni tasdiqlovchi maxsus pul ko’rinishidagi hujjat.

Fond birjalari — qimmatbaho qog’ozlar oldi-sotdisini tashkil qilish bilan shug’ullanuvchi vositachi tashkilot.

Moliya bozori — pul va qimmatli qog’ozlar oldi-sotdi jarayonlari amalga oshiriladigan bozor.

Intellektual tovarlar bozorida — aqliy mehnat mahsuli bo’lgan tovarlar va xizmatlar sotiladi. Bunday tovarlarga ilmiy g’oyalar va san’at asarlari, turli xil ma’lumotlar, texnik loyiha hamda kashfiyotlar, kompyuter dasturlari, kino, konsert tomoshalari va hokazo aqliy mehnat natijasi bo’lgan tovar va xizmatlar kiradi.

Intellektual tovarlar bozori — aqliy mehnat mahsuli bo’lgan tovarlar oldi-sotdi jarayoni amalga oshiriladigan bozor.

Shu bilan birga, alohida olingan tovarlar bozorlari ham bo’ladi. Masalan, neft bozori, paxta bozori, g’alla bozori, rangli metallar bozori va boshqalar. Bozorlar hududiy qamrov darajasiga qarab mahalliy, hududiy, milliy va xalqaro bozorlarga bo’linadi.

Bozorlar, odatda, ikkita katta sinfga ajratib o’rganiladi. Ular tovar va xizmatlar bozori hamda ishlab chiqarish omillari bozorlaridir.


Abu Ali ibn Sino (980 —1037). Sharqning qomusiy olimi, alloma Abu Ali ibn Sino Iqtisodiyot faniga o’zining ilmiy qarashlari bilan katta hissa qo’shgan. Jumladan, u ehtiyoj tushunchasiga ta’rif bergan, moddiy boyliklar yaratishda mehnatning o’rnini aniqlab bergan, “mehnat taqsimoti”, “iste’mol savatchasi” va inson omili tushunchalariga oid qimmatli fikrlar bildirgan.


Bilimingizni sinab ko’ring!

  1. Bozorning mavjud bo’lishi uchun har doim ham maxsus ajratilgan joyning bo’lishi shartmi?
  2. Bozor qanday vazifalarni bajaradi? Ularni birma-bir tushuntirib bering.
  3. Bozor turlarini sanab bering. Ishlab chiqarish vositalari bozorining iste’mol tovarlari bozoridan farqi nimada?
  4. Intellektual tovarlar bozorida nimalar sotiladi?
  5. Ishchi kuchi bozoriga misollar keltiring.
  6. Moliya bozorida qanday savdo amalga oshiriladi?
  7. Mahalliy, hududiy, milliy va xalqaro bozorlarga misollar keltiring.
  8. Qanday birjalarni bilasiz? Ularning farqi va umumiy tomonlarini aniqlang.

Buni yodda tuting!

  • Bozor tovarlarni o’zaro ayirboshlash imkoniyatini yaratadi.
  • Tovarning narxi bozorda aniqlanadi.
  • Bozor iqtisodiyotni tartibga solib turadi.
  • Bozorlar ularda sotiladigan tovarlarga ko’ra iste’mol tovarlari, ishlab chiqarish vositalari, moliya, ishchi kuchi va intellektual tovarlar bozori kabi turlarga bo’linadi.
Previous articleMolekulalarning o‘zaro ta’siri va harakati. Broun harakati
Next articleOldi-sotdi jarayoni nima? Олди-сотди жараёни нима?