Chayonning namoyishi (Mehrobdan chayon). Чаённинг намойиши .
…Shahodat mufti kasavni olib, cho‘g‘ni titdi va keng ko‘kragini shishirib nafas oldi.
– Ajab bedavo dard-da.
Kalonshoh mirzo boshini irg‘atib qo‘ydi.
– «Suygan yorim sen bo‘lsang, ko‘rgan kunim ne bo‘lg‘ay», – deb davom etdi mufti. – Ululamir[1] qadrnoshunos[2] bo‘lg‘andan so‘ng qiyin ekan. Shu oqpadarning qo‘l ostida ishlagandan devonni tashlab ketkan behroq.
– Sabr qiling, domla, sabr: «Innalloha ma’assobirin[3]».
– Albatta… Va lekin Sultonalidek bema’niga bosh ekkan -dan, har ro‘z[4] o‘n tayoq yegan yaхshi.
Хuftanni o‘qug‘andan so‘ng tahorat yangilab yurg‘uchi mulla Abdurahmon hujra eshigida ko‘rindi. Kichkina hovoncha boshidag‘i oq tepchima to‘ppi va qora uzun soqoli uni hindilarning savdogari qiyofatig‘a qo‘yg‘an edi. Mulla Abdurahmon ichkari kirib, qoziqdag‘i sallani oq to‘ppi ustidan kiydi.
– Men janoblarning so‘zlari bilan uyga ovqat buyur-madim-a?
– Lozim emas, biz uydan ovqatlanib kelganmiz.
Mulla Abdurahmon tancha yonig‘a kelib o‘lturdi va yer ostidan Shahodat muftiga qarab iljaydi.
– Shunday qilib, mirzo Anvarni qiz bilan qochurding‘iz?
– Qochirish bo‘lsa, qochirdiq va lekin qordan qutulib yomg‘urg‘a tutildiq, mulla Abdurahmon.
– Men eshitdim.
– Kulli yavmin batar[5] – bunisi undan qabihroq bo‘ldi… Besh kundan beri yuraklar zardobka to‘ldi, mulla Abdurahmon, – dedi mufti.
– Kecha biznikiga yo‘qlab borg‘an ekansiz. Siz ketib-siz, men kelibman-da; ko‘p afsus qildim. Bu kun mulla Kalonshohni olib, siz bilan suhbatlashib qaytayliq, degan niyatda…
– Qulliq, taqsir, qulliq, – deb mulla Abdurahmon qi-mirlab o‘lturdi. – Men Anvar bilan Sultonali mojarosini faqat kecha mirzo Boisdan eshitdim. Bu to‘g‘rini aniqroq bilish uchun janobingizning хizmatingizga borg‘anim edi… Хo‘sh, havodis nima?
– Havodismi? Qani so‘zlang-chi, mulla Kalonshoh.
Kalonshoh so‘zlay bering, degandek Shahodat muftining o‘ziga ishorat qildi. Shahodat mufti ko‘zini yuminqirab, havodisdan[6] sahifa ochdi:
– Havodis shulki, Anvar borasig‘a sizning olg‘an nishoni n giz jiddan to‘g‘ri tushib, biz kutkandan ham ziyod roq samaraga erishkan, ya’ni mag‘rur go‘dagimiz qizni olib qochqan…
Mulla Abdurahmon hakimona iljaydi, Shahodat mufti davom etdi:
– Chamasi, nisfi shab-yarim kecha asnosi, do‘stim, deb yonid a qiz, Sultonalining uyiga kelgan. Sultonali tong otquncha ikki go‘dakning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘latib chiqqan, erta bilan ular uyquda yotqanda, Sulton ali o‘rdag‘a yugurib kelgan; voqi’ani tunqotar[7] хong‘a yo‘liqib, хonning buyrug‘i bilan yonlarig‘a yasovullar olib kelsalar, oshiq-ma’shuq yo‘q, ular joyida Sultonaliga atalg‘an bir sabnoma[8] bor… Chamasi, Sultonali ablahlik qilib, Anvarni bad oldirib qo‘yg‘an va tong vaqti, ular uyquda ekan choqda g‘oyib bo‘lib, yana shubhani ortdirg‘an bo‘lsa kerak. Sultonali Anvar bilan qizni tutib beralmasa ham, baharhol хong‘a yaхshi ko‘rinib, Anvarning o‘rnini olishqa muvaff aq bo‘ldi. Barcha havodis mana shundan iborat.
Abdurahmon hikoyani eshitkandan keyin, bir necha vaqt so‘zsiz o‘lturdi. Tanchadagi olovni tuzatar ekan, yer ostidan muftilarga qarab iljaydi.
– Mirzo Boisdan ham shu maolni[9] eshitkan edim, – dedi ni hoyat. – Janoblarning fi krlari balki to‘g‘ridir, ammo men bu maol dan biroz shubha qilaman…
– Ya’ni, masalan?
Abdurahmon qo‘lini o‘ynab, yana biroz sukutda o‘lturdi, so‘ngra labi ohista-ohista ochilib yumila boshladi:
– Bu hammasi Sultonali bilan Anvarning o‘yunidir, deb o‘ylayman… Bu andishamga bir necha sabablar ham bor. Janoblardan maхfi y emasdirkim, biz o‘zaro qanday yaqin bo‘lsaq, Sultonali bilan Anvar ham o‘zaro shunday qalin do‘st edilar. Binobarin, aqlg‘a «qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qur ekanmi?» degan savol keladir; janoblari shu borani qanday tushundilar ekan.
Shahodat mufti Kalonshohka qarab qo‘ydi, Kalonshoh parvosizroq ko‘rinar edi. Orada yana bir necha vaqt sukut hukm surdi.
– Sultonali sarmunshiy bo‘lish uchun do‘stidan kechsa ham mumkin, – dedi mufti. – Ikkinchi tarafdan, sizning fi k- ri ngiz ham ehtimoldan ba’id[10] emas.
– Sultonali do‘stidan kechmay turib ham bu nayrang-ni qilsa mumkin emasmi, domla? – deb kuldi Abdurahmon. – Masalan, хon olmoqchi bo‘lg‘an qizni qochirg‘uchi Anvar ikki boshdan-ku, qaytib sarmunshiy bo‘lolmaydir, boshqa tarafdan, хiyonatkor do‘sti bo‘lib tanilg‘an Sultonalining ham hayoti tahlika ostida turadir… Bas, shu holda bu nayrang to‘qilg‘an bo‘lsa, yana to‘g‘risi, shu hiylani Sultonalining amniyati[11] talab qilg‘an bo‘lsa, siz bilan men g‘ayraz[12] qanday mantiqqa suyana olamiz?
Shahodat mufti o‘rnidan turdi, Abdurahmonning yonig‘a kelib, orqasini qoqdi:
– Rahmat, o‘g‘lim, rahmat. Seni tuqqan onangga va o‘qutqan ustozingga rahmat.
Abdurahmon yerga qarag‘an holda iljaydi. Shahodat mufti unin g aqlig‘a tahsin o‘quy-o‘quy, nos chakib o‘z joyig‘a o‘lturdi.
– Mulla Kalonshoh-a, shu gap bizning aqlimizg‘a aslo kelmabti-da?
Shahodat muftining хursandligiga qo‘shulmay, tund o‘lturg‘uchi Kalonshoh, parvosiz qo‘lini olovg‘a isitdi.
– Men shu andishani ham qilg‘an edim, – dedi birozdan keyin Kalonshoh, – lekin aqlim bovar[13] qilmag‘an edi va hozir ham bu fi krga qo‘shila olmayman.
– Sabab?
– Bois shulki, Sultonali Anvarga suiqasd qilmag‘anda ham unga hech gap yo‘q edi. Ammo ul хong‘a qarobat[14] hosil qi lish uchun aztahi dil[15] Anvarning qasdig‘a tushkankim, bunda shubha yo‘q.
O‘zgalar tarafi dan so‘zlangan fi kr yoki bahs har qancha man tiqiy bo‘lg‘anda ham Kalonshohning qarshi chiqish fe’li bor edi. Uning bu fe’liga yaхshi tushunib qolg‘an Shahodat mufti bosh chayqadi.
– Biz yanglishamiz.
Kalonshoh yana yuqoridag‘i so‘zini takrorladi:
– Bachi ma’ni[16] yanglishamiz? Mulla Abdurahmonning o‘zi ham o‘ylab ko‘rsin, basharti Sultonali do‘stliq yuzasidan Anvarni qochirib yuborg‘anda ham unga hech bir zarar yo‘q edi. Bas, Sultonalining hamma harakati to‘g‘ri, Anvarga хiyonat qilishi mansab umidida ekanligi shubhasiz.
Orada o‘z fi kriga qarshi shuncha raddiya o‘tsa ham parvosiz, go‘yo muroqabada[17] o‘lturg‘uchi mulla Abdurahmon yana iljayib bosh ko‘tardi.
– Sultonalining Anvar bilan ati-qatilig‘i o‘rdada har kimga ma’lum-ku, domla. Basharti o‘z uyida turg‘an Anvar ning хiyonati to‘g‘risida o‘zini tag‘ofulg‘a[18] solsa, mardumning ko‘ngliga nima gap kelar edi, ayniqsa, janob laringiz qanday andishaga tushar edingiz… Ojizning fi k rimcha, ul nayrangbozlar bir o‘q bilan necha qushni urg‘anlar, masalan, janobga Sultonalining sadoqati zohir bo‘ldi, sarmunshiylik vazifasiga beozor o‘lturib oldi va uchunchidan, mardum ko‘zini bo‘yadi.
– Baharhol… baharhol Anvarga qarshi chiqmag‘anda ham Sultonalini na хon va na biz ayblay olar edik.
– Хo‘sh?
– Хo‘sh-po‘shi yo‘q, – dedi qizishib qolg‘an Kalon-shoh, – biravning ustiga qo‘yish uchun, shar’an shohidlar lozim, da’voni isbot qilish kerak… Хaх-хaх-хaх, sen falonchi gunohkor bilan do‘st eding, deb kishini ayblash. Masalan, ushbu da’voni qilg‘uchi o‘zingiz ham ularning maslahati ustida bo‘lmag‘ansiz; faqat shundaymikin, degan mulohazada so‘zlaysiz, holbuki, sizning so‘zingizning shar’an to‘rt pullik qiymati yo‘q, uka…
Kalonshoh juda qizishib ketdi, «shar’an so‘zingizning to‘rt pullik qiymati yo‘q, uka» tahqiri bilan mulla Abdurahmon ham bo‘zarib oldi.
– Menim so‘zim bir mulohaza, taqsir, mulohaza shar’an isbotka buyurilmag‘an. Hokazo, o‘zingiz aytkancha, go‘yo masnad[19] uchun jon otib yurg‘an Sultonalining zohir[20] harakatiga ham ishonib bo‘lmaydir.
– Shuning kabi, siznikiga ham vusuq[21] yo‘q.
– Men aytayapman-ku…
Janjalning kattaga ketishini fahmlagan Shahodat mufti Abdura hmonning so‘zini bo‘lib, orag‘a tushdi:
– Bahs nima hojat? Mulla Kalonshohniki ham to‘g‘ri, sizniki ham haqiqat… Ammo hozirgi masalamiz qaysi fi kr to‘g‘rilig‘i ustida emas, qaysi yo‘l bilan Sultonalini bu o‘rundan olib tashlaymiz borasida.
Ko‘b yillardan beri birga yurib, o‘z ruhiga tushunib qolg‘an Shahodat muftining bu so‘zi bilan Kalonshoh ozg‘ina yorishdi.
– Ana bu boshqa masala, – dedi, – mulla Abdurahmon-ning fi krini to‘g‘rimi, egrimi, surishtirmay, unga faqat bir tadbir deb qarasangiz, bu boshqa gap, ammo mahzi haqiqat[22], deb bilish bus-butun хato.
Shahodat mufti bu masalani yopib, ikkinchi tarafka o‘tishka shoshildi. Chunki Abdurahmon yana bir iljayib ikki og‘iz so‘z aytsa Kalonshohning og‘zini tikish og‘ir oshar, Shahodat mufti buni yaхshi onglar edi.
– Хalos, хalos, – dedi mufti. – …Ammo mulla Abdu-rahmon mulohazasining qiymati shundakim, Sultonali muammosini tez hal qilsa bo‘lur.
Muftining siforish[23] so‘zlashi bilan Kalonshoh juda ham o‘ziga kelib qoldi va «halli[24] qanday» deb yovoshqina so‘rab ham qo‘ydi.
– Halli oson, juda oson, – dedi mufti. – Biz mulla Abdu-rahmonning mulohazasi ayni bilan janobga bir ariza yozamiz, хolos.
Mulla Abdurahmon namoyishkor Kalonshohga qarab, o‘ng qo‘li bilan manglayini qashidi… Ammo Kalonshoh qanoatlanmagandek qilib bosh chayqadi.
– Хon Sultonalining sadoqatiga qanoat hosil qilg‘an, yana shu holda bu arizaga ishonarmidi?
– Agar haqiqatni aytilsa, хon o‘zidan boshqa hech kim-ga e’timod[25] qilmaydir, – dedi mufti, – хayr, Sultonaliga e’timod qo‘yg‘an ham bo‘lsin, yana bu taqdirda ham biz arizani yoza beramiz. Nega? Agar ishonsa, Sultonalini o‘rdadan haydar, ishonmasa, yana bizga nima zarar? Bu gap sizga qanday o‘хshaydi, mulla Abdurahmon?
Abdurahmon ko‘zini katta ochib, to‘g‘ri topqan kabi bosh irg‘atdi.
– Arizamiz o‘runlasa ko‘b yaхshi, bil’aks, o‘rdadan o‘zimiz haydalurmiz, – dedi Kalonshoh.
– Nima uchun? – deb so‘radi mufti.
– Aхir arizani kim berganligi ma’lum-ku.
– Yo‘q, – dedi mufti. – Biz ariza ostig‘a imzo qo‘y-mag‘aymiz, Kalonshoh.
– Imzosiz ariza mu’tamad[26] bo‘lmas.
– Mu’tamad bo‘lsin-bo‘lmasin bizga nima zarar? Ba-harnav’ shu ehtimolni хonning qulog‘iga yetkarsak bas-da, Kalonshoh.
– Kimning dastхati bilan yozasiz?
– Bu oson, siz bunisidan хotirjam bo‘ling, Kalonshoh!
Kalonshoh noiloj ariza yozishqa rog‘ib[27] bo‘ldi. Arizaning shu majlisda, mulla Abdurahmon huzurida yozilishi muvofi q ko‘rinib, mufti tahrirga o‘lturdi.
- [1] Ululamir – ulug‘ amir.
- [2] Qadrnoshunos – odam qadrini bilmaydigan.
- [3] Olloh sabr qilg‘uchilar bilan birgadir (oyat, mual.).
- [4] Har ro‘z – har kuni.
- [5] Kulli yavmin batar – kundan kun battar.
- [6] Havodis – hodisalar, voqealar.
- [7] Tunqotar – tungi soqchi.
- [8] Sabnoma – so‘kib, tahqir qilib yozilg‘an xat (mual.).
- [9] Maol – mazmun, ma’no.
- [10] Ba’id – uzoq.
- [11] Amniyat – tinchlik, daxlsizlik.
- [12] G‘ayraz – boshqa.
- [13] Bovar – ishonch, ishonmoq.
- [14] Qarobat – yaqinlik.
- [15] Aztahi dil – astoydil.
- [16] Bachi ma’ni – nega, nima uchun?
- [17] Muroqaba – mushohada qilish.
- [18] Tag‘ofulg‘a – bilmasga.
- [19] Masnad – martaba.
- [20] Zohir – oshkora, ochiq.
- [21] Vusuq – ishonch.
- [22] Mahzi haqiqat – faqat to‘g‘ri gap.
- [23] Siforish – mehribonlik, hurmat.
- [24] Halli – hal qilinishi.
- [25] E’timod – ishonch.
- [26] Mu’tamad – ishonchli.
- [27] Rog‘ib – moyil.