Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi va kattaligi

0

Odamlar juda qadim zamonlardanoq Quyosh har kuni sharqdan chiqib, g‘arb tomonga botishini bilib olganlar. Quyosh chiqib, bot- gunga qadar o‘tgan vaqt kunduzi, botgandan chiqqunicha o‘tgan vaqt esa kechasi deyiladi. Bir kecha bilan bir kunduz sutka deb ataladi. Yer bir sutkada, ya’ni 24 soatda o‘z o‘qi atrofida g‘arbdan sharqqa tomon bir marotaba aylanib chiqadi.

Kecha bilan kunduzning almashinib turishini o‘zingiz bema- lol tajriba qilib ko‘rishingiz mumkin. Buning uchun kechqurun qorong‘uda koptok yoki sharni olasiz. Ularni chiroq yonida tutib tursangiz, yarmiga nur tushib yorug‘ ko‘rinadi, yarmi esa qorong‘u bo‘ladi. Agar sharni sekin aylantirsangiz yorug‘ va qorong‘u tomon- lari almashinadi. Yerda kecha bilan kunduzi ham xuddi shunday almashinadi. Chunki Quyosh nuri Yerni bir vaqtning o‘zida hamma tomonini yorita olmaydi.

Yer aylanish o‘qining Yer yuzi bilan tutashgan ikki nuqtasi Yerning qutblari deb ataladi. Yer qutblari ikkita — Shimoliy va Janubiy qutblar. Yer yuzida qutblardan barobar uzoqlikda o‘tkazilgan aylana chiziq ekvator deb ataladi. Ek- vator Yerni ikkita yarim sharga — Shimoliy va Janubiy yarimsharlarga ajratib turadi.

Shimoliy qutb bilan Janubiy qutbni tutashtiruvchi Yer yuza- sidan o‘tkazilgan yarim aylana chiziqlar meridianlar deyiladi. Yer ekvatoriga parallel qilib chizilgan aylana chiziqlar esa parallellar deb yuritiladi. Ekva- tordan qutblarga o‘tgan sari pa- rallellarning uzunligi qisqarib boradi (11-rasm).

11-rasm. Yer qutblari, ekvator, meridianlar, parallellar
11-rasm. Yer qutblari, ekvator, meridianlar, parallellar

Yerning kattaligi

Yerning kattaligi. Yer Quyosh sistemasidagi sayyo- ralardan biri bo‘lib, Quyoshga yaqin-uzoqligiga ko‘ra Merkuriy va Venera sayyoralaridan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Quyosh bilan Yer oralig‘i o‘rta hisobda 150 million kilometr (mln km). Soatiga 1000 km tezlikda ucha- digan samolyot bu masofani 17 yilda bosib o‘tadi. Raketa soatiga 39600 km tezlikda uchsa, Quyoshga 5 oydan ko‘proq vaqtda «yetib boradi».

Yerning shakli dumaloq, shar ko‘rinishida. Uning o‘rtacha diametri 12756 km, aylanasi esa 40000 km dan ortiqroq. Yerning qutblari salgina siqiqroq. Uning qutb radiusi ekvator radiusidan 21 km qisqa. Odamlar Yerning kichraytirilgan shaklini yasashgan. U globus deb ataladi. Globusda materiklar, okeanlar, orollar, tog‘ va tekisliklar, umuman butun Yer yuzasi kichraytirilgan holda tasvir- о langan bo‘ladi. Globuslarda ekvator, meridianlar, parallellar chizib q qo‘yiladi.

Globus va xaritalardan kerakli nuqta qanday topiladi? Globus  va xaritalarda chizilgan parallel va meridianlar Yer yuzini to‘rga  o‘xshab qoplab oladi. Bu to‘r daraja to‘ri deyiladi. Daraja to‘ri yordamida Yer yuzidagi xohlagan nuqtaning o‘rnini aniqlash mumkin. Bunga geografik kenglik va uzunliklar yordam beradi.

Geografik kenglik

Geografik kenglik deb meridianning ekvatordan berilgan nuqtagacha bo‘lgan qismi yoyining daraja (gradus) hisobidagi kattaligiga О aytiladi (12-rasm). Globus yoki xaritadagi istagan nuqtaning kengligini aniqlash uchun qaysi parallelda joylashganini bilish zarur. Masalan, Toshkent 40° va 50° parallellar oralig‘ida, aniqrog‘i 41° parallelda, Qohira shahri 30°, Kiyev esa 50° parallelda joylashgan. Bu parallellarning hammasi ekvatordan shimolda joylashganligi sababli ularning kengligi shimoliy kenglik deyiladi. Ekvatordan janubda joylashgan nuqtalarning kengligi esa janubiy kenglik deb belgilanadi (12-rasm).

Lekin har bir parallelda bitta nuqta emas, juda ko‘p nuqtalar bor. Shuning uchun globus va xaritadagi kerakli nuqtaning o‘rnini aniqlashda kenglikni bilishning o‘zi kamlik qiladi. Buning uchun geografik uzunlikni aniqlash zarur. Geografik uzunlik deb Bosh meridiandan berilgan nuqtagacha bo‘lgan parallel yoyining daraja hisobidagi uzunligiga aytiladi. London shahri yaqinidagi Grinvich rasadxonasi meridiani Bosh meridian deb qabul qilingan.

Geografik kengliklar globusda parallellarga Bosh meridian yoniga yozib qo‘yilgan darajalar yordamida aniqlansa, geografik uzunliklar meridianlarning ekvator yoniga yozib qo‘yilgan darajalar yordamida topiladi. Geografik uzunliklar Bosh meridiandan sharqda bo‘lsa, sharqiy uzunlik, g‘arbda bo‘lsa, g‘arbiy uzunlik deyiladi (13-rasm).

12-rasm. Geografik kengliklar. 13-rasm. Geografik uzunliklar.
12-rasm. Geografik kengliklar.
13-rasm. Geografik uzunliklar.

Yer yuzasidagi har bir nuqtaning kenglik va uzunligi uning geografik koordinatasi deb ataladi. Masalan, Toshkentning geografik koordinatasi 41° shimoliy kenglik va 69° sharqiy uzunlikni tashkil etadi.


  1. Sutka deb nimaga aytiladi?
  2. Yerda nechta geografik qutb bor?
  3. Bosh meridian qayerdan o‘tkazilgan?
  4. Meridianlar va parallellar deganda nimani tushunasiz?
Previous articleYulduzlar. Yulduzga qarab oriyentirlash
Next articleКомил инсон (фалсафа, тасаввуф)