Vatanni ulug‘lash

0

Vatanni ulug‘lash. Ватанни улуғлаш. Ватанни улуглаш.


Aziz o‘quvchi, ona Vatanimiz tug‘ilgan kunimizdan boshlab bizga bor mehrini beradi. Uning bag‘rida sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayishimiz uchun barcha sharoitlarni yaratadi. Vaqti kelib, biz yetuk inson bo‘lganimizda Vatan oldidagi qarzimizni uzish, unga sadoqat bilan xizmat qilish asosiy burchimiz va vazifamizga aylanadi.

Yoshlar hamma zamonlarda ham millat suyanchi, xalqning tayanchi bo‘lib kelgan.

Xalqimiz «Yoshlar – Vatan kelajagi» deydi. O‘zining kelajagini o‘ylagan har qanday davlat, avvalo, yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor beradi. Yaponiya davlati Ikkinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchrab, juda ko‘p zarar ko‘rgan edi. Uning Xirosima va Nagasaki degan shaharlariga tashlangan atom bombasining fojiali oqibatlari hozirgacha bu yurt odamlarini bezovta qilib kelmoqda.

Shunday og‘ir va murakkab ahvolga tushib qolganiga qaramasdan, bu davlat urushdan keyin yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor berdi. Birinchi galda ta’lim tizimi isloh etildi. Buning natijasida yoshlar eng zamonaviy bilimlarni egallab, o‘z yurtini jahonda yetakchi o‘rinlarga olib chiqdi. Millionlab vatanparvar yoshlarning kuch-g‘ayrati va fidoyiligi bilan bugungi kunda Yaponiya dunyodagi eng qudratli davlatlardan biriga aylandi.

Abdulla Avloniy
Abdulla Avloniy

Yoki mamlakatimiz tarixining o‘tgan asr boshlaridagi davriga e’tibor beraylik. O‘sha paytda qalbi va ongi ma’rifatga intilish tuyg‘usi bilan to‘lgan yurtimiz yoshlari taraqqiyot g‘oyalarini o‘rtaga tashlab, gazetajurnallar nashr ettirish, maktablar ochish, teatr tomoshalari qo‘yish, xayriya jamiyatlari tuzish kabi ezgu ishlar bilan shug‘ullangan. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy kabi vatanparvar bobolarimiz ilk asarlarini yozib, ma’rifatchilik faoliyatini boshlaganida hali yosh o‘spirin edilar. Ammo, afsuski, sobiq sho‘ro tuzumi ularning oliyjanob intilishlariga yo‘l bermadi. Bu zotlarning aksariyati o‘sha yovuz tuzum qurboniga aylandi, lekin ularning ibratli ishlari, ezgu an’analari mustaqillik yillarida qayta tiklandi va davom ettirilmoqda. Masalan, aynan ana shu ajdodlarimiz asos solgan milliy teatr – bugungi O‘zbek milliy akademik drama teatrining 100 yillik yubileyi 2014-yilda mamlakatimizda keng nishonlandi.

Tarixning ana shunday saboqlarini hisobga olgan holda, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor berilmoqda.

«Bu haqda fikr yuritganda, men Abdulla Avloniyning «Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir» degan chuqur ma’noli sozlarini eslayman. Buyuk marifatparvar bobomizning bu sozlari otgan asr boshida millatimiz uchun qanchalar muhim va dolzarb bolgan bolsa, hozirgi vaqtda ham biz uchun shunchalik, balki undan ham kora muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi»[1].

Bugungi kunda yurtimiz, xalqimiz oldida turgan yuksak maqsadlarga erishish uchun mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama kamol topishiga xizmat qiladigan samarali tizim ishlab chiqilgan. Bu tizimning qonuniy asosini 1997-yilda qabul qilingan Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, 2004-yili qabul qilingan Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi, sog‘lom avlodni voyaga yetkazish masalalariga doir Prezidentning ko‘plab farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, davlat dasturlari tashkil etadi.

Ma’rifat markazi
Ma’rifat markazi

Ayniqsa, Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga binoan, mamlakatimizda mutlaqo yangi ta’lim tizimi joriy etildi. Bu tizim 12 yillik majburiy ta’limni ko‘zda tutadi. Ya’ni, yurtimiz bolalari dastlab 9 yil umumta’lim maktablarida o‘qiydi, bu bosqichni tugatganidan so‘ng uch yillik o‘rta maxsus ta’lim bosqichida – o‘z xohishi va qiziqishiga qarab, akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida tahsil oladi. Bu esa sizdek yoshlar uchun zamonaviy bilimlar, kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni o‘rganishda katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Yangi ta’lim tizimi bo‘yicha oliy ta’lim ikki bosqichdan – bakalavriat va magistraturadan iborat bo‘ldi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tashkil etilgan yangi universitetlar, oliy o‘quv yurtlari va o‘quv markazlari ham mamlakatimizda shakllangan yangi ta’lim tizimi imkoniyatlaridan dalolat beradi.

Eng muhimi, bu tizim sizdek yoshlarning erkin bilim olishi, sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun xizmat qilmoqda.

Lekin bugungi kunda Vatanimizning kelajagini ko‘rolmaydigan, uning buyuk davlatlar qatoridan joy olishini istamaydigan kuchlar ham topiladi. Ular avvalo yurtimiz istiqbolini belgilab beradigan yosh avlodni o‘z ta’siriga olmoqchi, shu tariqa mamlakatimiz kelajagiga bolta urmoqchi bo‘ladi. Bunday xavf-xatarlarga xalqaro terrorchilik va ekstremizm, diniy aqidaparastlik, har xil zararli mafkuraviy oqimlar, axloqsizlik, «ommaviy madaniyat» niqobi ostidagi soxta madaniyat namunalari, giyohvandlik, ichkilikbozlik, kashandalik kabi illatlar kiradi.

Hozirgi kunda yoshlarning yo‘lida g‘ov-to‘siq bo‘layotgan salbiy holatlarga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li– bilim va ma’rifatdir. Shuning uchun mamlakatimizda ta’lim sifatini yaxshilashga, yoshlarni mard va barkamol insonlar qilib tarbiyalashga katta e’tibor berilmoqda. Chunki jahon faqat mard va kuchli, o‘zining iste’dodi, bilim va tajribasiga tayanib yashaydigan insonlarni tan oladi va hurmat qiladi. Shunday darajaga yetish uchun esa tinimsiz o‘qib-o‘rganish, ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan kuchli bo‘lish lozim.

Siz xalqaro sport olimpiadalarini, boshqa nufuzli musobaqalarni ko‘rganmisiz? Ularda qaysi mamlakatning bayrog‘i ko‘proq ko‘tarilib, davlat madhiyasi ko‘proq jaranglaydi? Qaysi mamlakatning sportchi yoshlari ko‘proq oltin medallarni qo‘lga kiritsa!

Shuning o‘ziyoq mardlari, kuchli farzandlari ko‘p yurtni butun dunyo tan olishi va hurmat qilishini ko‘rsatadi.

Aziz o‘quvchi, shuni esda tutingki, ozod Vatanimizni ulug‘lash uchun barchamiz, avvalo, zimmamizdagi farzandlik burchimizni sidqidildan ado etishimiz zarur. O‘z kasbimizni puxta egallab, amaliy ishimiz bilan ona yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shishimiz lozim. Siz iste’dodi va mahorati bilan mamlakatimiz nomini dunyoga yoyishga xizmat qilayotgan yoshlarimiz haqida televideniye, radio va gazetalar orqali xabardor bo‘lsangiz kerak. Ayniqsa, xalqaro toifadagi hakam, «O‘zbekiston iftixori» unvoni sohibi

Ravshan Irmatov, og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempioni Ruslan Nuriddinov, shaxmat bo‘yicha xalqaro grosmeyster Nafisa Mo‘minova kabi opa va akalaringizning sport sohasidagi faoliyatidan o‘rnak olib, ular kabi Vatanimizni o‘z iste’dodingiz bilan dunyoga tanitishga intilib yashash sizlar uchun ham asosiy maqsad bo‘lishi kerak.

Odam uchun kindik qoni tomgan qadrdon o‘lkada yashash qanchalik ulug‘ baxt bo‘lsa, uning kelajagini barpo etishda ishtirok etish shunchalik katta sharafdir. Sizning zimmangizda ham ana shunday mas’uliyatli vazifa borligini hech qachon unutmang.


Savol va topshiriqlar:

  1. Nima uchun yoshlar – Vatanning kelajagi, deymiz?
  2. O‘z yurti kelajagining bunyodkori bo‘lish uchun yoshlar qandayfazilatlarga ega bo‘lishi lozim?
  3. Jahon kimni tan oladi va hurmat qiladi?
  4. Mamlakatimiz nomini dunyoga yoyishga munosib hissa qo‘shayotganyoshlardan kimlarni bilasiz?

[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 62-bet.


«Biz hech kimdan kam bo‘lmaymiz» mavzusidagi amaliy mashg‘ulot uchun adabiyotlar

  1. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent,«Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 94–96-betlar.
  2. Islom Karimov. Vatan va xalq mangu qoladi. Toshkent, Alisher Navoiynomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2010-yil, 13–16-betlar.
  3. Ma’naviy yuksalish yo‘lida. Toshkent, «Ma’naviyat» nashriyoti, 2008yil, 16–20-betlar.
  4. XXI asr: istiqbolimiz timsollari. Toshkent, «O‘zbekiston» nashriyoti,2001-yil.
  5. Iqbol Mirzo. Agar jannat ko‘kda bo‘lsa… Toshkent, «Sharq» nashriyotmatbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati, 2010-yil, 5–8-betlar.
Previous articleO‘zbekistonning fidoyi farzandlari
Next articleTa’lim va tarbiya uyg‘unligi