Dunyo dinlarida tinchlik g‘oyasi

0

Дунё динларида тинчлик ғояси.


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. «Bir kun urush-janjal bo‘lgan joydan qirq kun baraka ketadi» degan hikmatli gapning ma’nosini bilasizmi?
  2. Urush va buzg‘unchilik qanday oqibatlarga olib kelishi haqida o‘ylab ko‘ring.
  3. Tinchlikni asrash uchun har birimizning mas’uliyatimiz nimada deb o‘ylaysiz?

O‘zaro hamfikr, hamdard bo‘linglar, birbiringizni birodarlarcha sevinglar. Bir-biringizga mehr-shafqatli va kamtar bo‘linglar.

Yangi Ahd. Pyotrning birinchi maktu bi, 3-bob, 8–1


Ilm-fan, madaniyat, iqtisodiyot va boshqa barcha jabhalarning taraqqiy etishi tinchlik, osoyishtalik bilan bog‘liqdir. Shu sababli ham bugungi kunda xavfsizlik butun dunyoda eng dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Yil sayin davlatlar tomonidan mudofaa tizimi va harbiy sohaga ajratilayotgan xarajatlarning oshib borishi fikrimizni tasdiqlaydi. Biroq faqatgina zamonaviy qurol-yaroqqa ega bo‘lishning o‘zigina tinchlikni ta’minlamaydi. Chunki zamonaviy buzg‘unchi kuchlar ochiqcha jang qilmay, balki to‘satdan qo‘poruvchilik amaliyotlarini qo‘llash, harbiylar emas, balki tinch aholini nishonga olish kabi qabih usullardan foydalanmoqdalar. XX asrning ikkinchi yarmida dunyoda 300 dan ortiq tinchlikka raxna soluvchi nizolar qayd qilingani ham afsuslanarli holdir

Har qanday din o‘z izdoshlarini tinchlik va insonparvarlikka chaqiradi. Hech qaysi din nohaq qon to‘ kish, urush olovini alanga oldirish va buzg‘unchilikni targ‘ib qilmagan.


Hech kimga yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar. Barcha odamlarning ko‘zi oldida yaxshilik qilishga intilinglar.

Agar iloji bo‘lsa, qo‘lingizdan kelganicha, barcha odamlar bilan tinch­totuv hayot kechiringlar.

Yangi Ahd. Rimliklarga maktub, 12­bob, 17–18.


Xristianlik dunyoda eng keng tarqalgan din hisoblanadi. Tarixda mazkur dinni niqob qilib buzg‘unchilik, xunrezlik maqsadlarida foydalanilgani, «Salb yurishlari», «Inkvizitsiya» nomlari ostida ko‘plab shaharlar vayron qilingani, minglab odamlarning halok bo‘lgani tarixdan ma’lum. Holbuki, xristianlikda hech kimga yomonlik qilinmaslik haqida ta’lim beriladi. Bu din ham barcha dinlar kabi tinchlikparvarlik, yaxshilik qilish va ezgulikka chaqiradi. Buddaviylik ta’limotining o‘ziga xos jihatlari barcha jonli narsalarga muhabbat bilan qarashning targ‘ib etilishida, aql ko‘rsatmalariga qat’iy bo‘ysunish va his siyotga berilmaslikda ham aks etgan. Tinchlikparvarlik va ezgulik g‘oyalari buddaviylikning «Pancha shila» (sanskritcha — besh nasihat) qoidasida ham aks etadi. Unga ko‘ra buddaviy qotillik, o‘g‘rilik, gumrohlik, yolg‘on so‘z, mast qiluvchi narsalardan saqlanishi lozim. Bu dinga e’tiqod qilgan har bir rohib o‘zgalar mulkiga ko‘z olaytirmaslik, birovga nafrat bilan qaramaslik, adolat haqida o‘ylash, munosib insonlardan yaxshilikni ayamaslik, axloqiy xatti-harakat qoidalariga amal qilishi lozim hisoblanadi.


Xalq orasida fitna qo‘zg‘atish, tuhmat va ig‘vo tarqatish yo‘lidagi urinishlar, tinchlik va xotirjamlikni izdan chiqaruvchi hodisalar yoki harakatlar islomning mohiyatiga mutlaqo zid.


Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan zardo‘shtiylik dini ham o‘zining tinchlikparvarligi bilan alohida ajralib turgan. Bu «Avesto»da aks etgan «Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal» ta’limotida ham o‘z aksini topgan. Ayni damda, Videvdat kitobining ikkinchi fragardida tinchlikning muhimligi borasida fikrlar bildirilgan. Yasna kitobining 12-bobida har bir zardo‘shtiy tiyilishi lozim bo‘lgan narsalar qatorida chorvani talon-taroj qilish, talafot va vayrongarchilik keltirishdan tiyilish ham sanab o‘tilgan.


«O‘zingga ozor yetmasin desang, o‘zgalarga ozor berma, boshqalarga ozor bersang, o‘zing ham ozor chekasan. Hirs­u havas barcha baxtsizliklarning sababchisidir. Vaqt o‘tishi bilan hamma narsa o‘zgaradi, shuning uchun hech narsaga ortiqcha ko‘ngil bog‘lama, ko‘ngilni toza tut, haqiqat va boqiy saodat izla. Yomonlik qilma, gunohdan saqlan. Hamisha yaxshilik qil. Boshqalarni sevsang, o‘zing ham, boshqalar ham baxtli bo‘lishadi. O‘zgalarning aytganlarini rad etma va qoralama, o‘zni baxtli qilish uchun o‘zgalarni baxtsiz qilish insofdan emas».

Budda

Ahimsa — nafaqat odamlar, shu bilan birga barcha jonli mavjudotlarga nisbatan ham zo‘ravonlik qilmaslik.
Ahimsa — nafaqat odamlar, shu bilan birga barcha jonli mavjudotlarga nisbatan ham zo‘ravonlik qilmaslik.

Milliy dinlardan bo‘lgan hinduiylik va jayniylikda tinchlikparvarlik g‘oyalari «ahimsa» — kuch ishlatmaslik ta’limotida o‘z aksini topgan. Unga ko‘ra yer yuzida buzg‘unchilik qilish, nafaqat insonlar, balki barcha jonzotlarga ozor berish taqiqlanadi. Ayni damda mazkur ta’limot zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob berish, urush qilganga qarshi urushishni ham qoralab chiqadi.

Tinchlik g‘oyasiga eng katta e’tibor qaratgan dinlardan biri islom dinidir. Zero, «Islom» so‘zining ma’nolaridan biri ham tinchlik demakdir.

Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy sharti hisoblanadi. Islom ta’limotida masalaning bu jihatiga ham alohida e’tibor berilgan.


Ijodiy faoliyat

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, sizning xotirjam yashashingiz, maktabga borishingiz, dam olishingiz, maroqlanib televizor qarshisida o‘zingiz yoqtirgan ko‘rsatuvlarni ko‘rib o‘tirishingiz uchun qancha odamlar o‘zlarining rohatlaridan kechishlari kerak?

Islom dini ta’limotida ulug‘ ne’mat bo‘lgan el-yurt tinchligi, xalq xotirjamligini qadrlash, asrab-avaylash, unga putur yetkazishdan saqlanish zarurligi haqida qat’iy ko‘rsatma beriladi. Bu masala islom dinining muqaddas manbalarida muhim o‘rin egallaydi.


Men senga tinchlikni ko‘paytirib beraman, men tinchligingni qaytarib beraman va himoya qilaman. Mening saltanatimda na sovuq shamol, na qurg‘oqchilik, na azob va na o‘lim bo‘ladi.

Avesto


Islom ta’limoti Alloh taoloning ulug‘ ne’matlari — tinchlik va xotirjamlikning qadriga yetish, hushyor va e’tiborli bo‘lishga chaqiradi. Loqaydlik, e’tiborsizlik, befarqlik, noshukurchilik emas, balki berilgan ne’matni e’tirof etish, uning qadriga yetish, e’zozlash, asrab-avaylash shukronalikning mohiyatini tashkil etadi. O‘zaro nizolarni yarashish, kelishish yo‘li bilan hal etish, jamiyatdagi tinchlikka tahdid qilishda, tajovuzkorlik va zo‘ravonlikda davom etadiganlarga nisbatan qat’iy va tezkor choralar ko‘rish zarurligi qayd qilinadi.


«Men Prezident sifatida Amerika xalqi va o‘z nomimdan kafolat beraman, biz terrorizm va ekstremizmga qarshi qattiq kurash olib boramiz, bu yo‘lda, qaysi din vakili bo‘lishimizdan qat’i nazar, barchamiz birlashishimiz zarur. Yer yuzida tinchlikni saqlash va mustahkamlash eng asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak, dedi AQSH Prezidenti.

Sammit minbaridan yangragan bunday gaplar, albatta, bizga ham ma’qul bo‘ldi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, biz bugungi kunda ijtimoiy-ma’naviy hayotimizni rivojlantirish borasida amalga oshirayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishimiz, buning uchun davlatimiz va jamiyatimizning barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etishimiz shart».

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 15-iyulda «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi» mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqidan


Islom dinining muqaddas manbasi bo‘lmish Qur’oni karimning «Baqara» surasi, 208-oyatida: «Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!» — deyiladi. Oyatdagi «yoppasiga» so‘zi tafsir kitoblarida keltirilishicha, bir tomondan, barcha insonlarning birlashgan holda tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligi, ikkinchi tomondan esa, uni barqaror qilish uchun qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham hissa qo‘shish zarurligini bildiradi. Shu bilan birga, Alloh taoloning «U (yer)ga sog‘-salomat, tinch-omon kiringiz!» (Hijr, 46) degan oyatida jannat ahlining abadiy hayoti tinchlik, osudalik va salomatlikda kechishi ta’kidlangan. Demak, bu oyat tinchlik va omonlik nafaqat bu dunyoda qadrli, balki jannatda ham juda ulug‘ ne’mat ekanini hamda yer yuzi insoniyatning farovon, o‘zaro totuv va hamjihat yashashi uchun yaratilganini bildiradi.


Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U xotirjamlik va sihat­salomatlikdir.

Hadis


Tinchlikni saqlash uchun har bir kishi mas’ul, uni saqlab qolish va mustahkamlash uchun har kim o‘z hissasini qo‘shishi lozim. Tinchlikka qarshi da’vatlar ayrim hududlarda notinchlik, beqarorlik, xunrezlik va xudkushliklar hukm surayotgan hozirgi davrda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash o‘z-o‘zidan bo‘lmayotganini anglashga, o‘zaro yanada inoq va ahil bo‘lib yashashga undaydi.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar
  1. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosati prinsiplarida tinchlikni saqlashga qaratilgan qanday tamoyillar mavjud?
  2. Dunyo dinlari ta’limotida tinchlikni asrash g‘oyalari qanday talqin etiladi?
  3. «Avesto»da aks etgan «Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal» ta’limotining tinchlikparvarlikka qanday aloqasi bor?
Previous articleKsenofobiya nima? Ксенофобия нима?
Next articleMissionerlik — yoshlar kelajagiga tahdid