Missionerlik — yoshlar kelajagiga tahdid

0

Миссионерлик — ёшлар келажагига таҳдид.


Faollashtirish uchun savol va topshiriqlar

  1. Missionerlik va prozelitizm haqida nimalarni bilasiz?
  2. Missionerlarning asosiy maqsadlari nimadan iborat deb o‘ylaysiz?
  3. O‘zbekiston qonunlarida missionerlik haqida nima deyilgan?
  4. Missionerlikning jamiyatga qanday ta’siri bor?

Sektalar

Missionerlik dinlar orasidagi tabiiy muvozanatning buzilishi, dinlararo ziddiyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi qonunga zid bo‘lgan illatlardan biridir. Bugun ayrim sekta va guruhlar missionerlik faoliyatini jamiyatni ichidan yemirish, g‘arazli maqsadlarga erishish yoki pul topishga yo‘naltirganlar. Ularning bu faoliyati minglab insonlar, ayniqsa, yoshlarning hayoti, sog‘lig‘i va ruhiyatiga jiddiy tahdid tug‘diradi.


Sekta — faqat o‘zini «haq din», insonlarni «najotga yetkazuvchi» deb da’vo qiladigan, aslida esa muayyan siyosiy va iqtisodiy maqsadlarni ko‘zlaydigan guruhdir.


Ko‘pchilik sektalar «Vatan» tushunchasini umuman inkor qiladilar. Bu esa insonlarda Vatandan begonalashish, uning taqdiriga nisbatan loqaydlik va befarqlik kayfiyatining shakllanishiga olib keladi.

Ayrim missionerlik tashkilotlari o‘z a’zolariga harbiy xizmatga borishni taqiqlaydi. Bu kabi g‘oyalarga qat’iy sadoqatning talab etilishi o‘z mohiyatiga ko‘ra, milliy xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid tug‘diradi. Ayrim sektalar esa «Bibliya»dagi ba’zi ko‘rsatmalarni g‘ayriinsoniy mazmunda talqin qiladilar. Ba’zi sektalarda bir insonning qonini boshqasiga quyish gunoh hisoblanadi. Inson hayoti uchun kutilmagan vaziyatlarda qon quyish hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday g‘oyaviy targ‘ibot fojiaviy oqibatlarga olib keladi.


Missionerlarning maqsadi ma’lum xalqlar o‘rtasida o‘z e’tiqodiga nisbatan shubha paydo qilib, asta-sekin ularda o‘z ota-onasi, millati, Vataniga nafrat uyg‘otishdir


Missionerlik uslublarining takomillashuvi

Missionerlar makon va zamonga moslashgan holda o‘z uslub va vositalarini doimiy takomillashtirib kelganlar.

Xususan, so‘nggi vaqtlarda ular ma’lum bir ijtimoiy qatlamni ajratib olib, ushbu qatlam bilan maqsadli ish olib borishga intilmoqdalar.

Jumladan, missionerlar asosiy e’tiborni aralash millat vakillaridan iborat oilalarning a’zolari, ilgari hech bir dinga e’tiqod qilmagan, og‘ir xastalikka, judolikka, moddiy qiyinchilikka duch kelgan, axloq tuzatish muassasalaridan chiqib kelgan, ya’ni moddiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj kishilarga qaratmoqdalar.

Shu bilan birga, missionerlar sanoat korxonalari joylashgan hududlarda ishchilar va vaqtincha ishsizlar hamda xususiy tadbirkorlar bilan ishlashga ham alohida e’tibor bera boshlaganlarini ta’kidlash zarur.


Ijodiy faoliyat

Fuqarolarning quyidagi burchlari cheklanishi mumkinmi yoki qaysi hollarda boshqa vazifa bilan almashtiriladi?

O‘zbekiston Respublikasini himoya qilish — O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 52-modda


Shuningdek, san’at sohasi xodimlari, kutubxonachilar, o‘rta maktab o‘qituvchilari, turli idoralar xizmatchilari faol missionerlik targ‘iboti obyekti sifatida tanlanayotganini ham qayd etish lozim. Bunda sekta ta’siriga tushgan san’atkor san’atning hissiy-emotsional ta’sir quvvatidan foydalanib, e’tiqodiy bosim o‘tkazishda yuqori samaradorlikka erishishi mumkin bo‘lsa, prozelit kutubxonachida esa «o‘lja» sifatida tanlanganlar bilan yakka tartibda ishlash imkoniyati tug‘iladi.

Qayd etilgan misollar ham missionerlik obyekti sifatida tanlanayotgan qatlamlar doirasi muntazam ravishda kengayib borayotganini ko‘rsatadi.


O‘tgan asrning 90-yillari boshlarida, 1995-yilgacha qon quyilmagani uchun qurbon bo‘lgan 3 315 sekta izdoshlari nomma-nom ko‘rsatilgan memorial tashkil etilgan edi.


Missionerlar tizimli targ‘ibot-tashviqot bosimini amalga oshirish, tadrijiy psixologik tazyiq o‘tkazish orqali kishilarni o‘z e’tiqodini o‘zgartirishga majbur qiladilar. Ularning bunday harakatlari oxir-oqibatda insonlar va konfessiyalararo dushmanlik kayfiyatining shakllanishiga zamin yaratadi.


Missionerlar va bolalar

Missionerlar o‘zlari haqida ijobiy tasavvurni shakllantirish va shu yo‘l bilan o‘z faoliyatlarini kengaytirish maqsadida maktab yoshidagi bolalar bilan ishlashga ham alohida e’tibor bermoqdalar. Jumladan, bolalar uchun yozgi oromgohlar tashkil etish orqali tegishli e’tiqodiy ta’lim-tarbiyani amalga oshirishdan keng foydalanilayotganini ta’kidlash zarur. Bunday yo‘nalishdagi harakatlar O‘zbekistonda ham kuzatilganini qayd etish lozim.


Ijodiy faoliyat

Iyegovo shohidlari tomonidan 1930-yildan 1952-yilga qadar (22 yil davomida!) o‘z tarafdorlariga kasalliklarning oldini olishga qaratilgan vaksinatsiyalarni olishni, 1967-yildan 1980-yilgacha (23 yil davomida!) teri va organlarni ko‘chirib o‘tkazishning taqiqlab kelingani odamni taajjubga soladi. Ular tomonidan 1944-yilda qabul qilingan birovning qonini quydirmaslik bo‘yicha taqiq hozirgacha amal qilib kelmoqda.


Yozgi ta’til davrida bolalarni dam olish joylariga qisqa muddatga olib chiqish, cherkov hududida bir necha smenali, kamida 2 mahal ovqat beriladigan kunduzgi dam olish oromgohlari tashkil etish ham missionerlar faol foydalanadigan usullardan hisoblanadi.


Harakat inson qiyofasini ochib beruvchi eng aniq vositadir. Inson qanday harakat qilsa o‘shandaydir. Gegel


Odatda, bunday amaliyot cherkovga qatnaydigan fuqarolarning bolalari uchun tashkil etilgani haqida hamma joyda ochiq-oshkor e’lon qilinadi ham. Ammo aslida bunday harakatlar «e’tiqodiy tarbiyadan chetda qolayotgan bolalar» uchun mo‘ljallangani hech kimga sir emas.

Cherkovga ibodatga keladiganlar orqali mahalla va maktablarda bolalar oromgohlariga bepul yo‘llanma borligi, dam olish davrida turli to‘garaklar faoliyat ko‘rsatishi, bolalarning dam olishi mazmunli o‘tishi, qadimiy joylarga sayohatlar tashkil etilishi haqidagi e’lonlarning tarqatilishi ham shunday xulosa chiqarish imkonini beradi.


Har kimki «meni bilimdon ekan, desinlar» degan maqsadda o‘zidan donoroq odam bilan bahslashsa o‘z nodonligini namoyish qilgan bo‘ladi. Sa’diy Sheroziy


Missionerlar tarqatayotgan kitoblar ichida bolalar uchun mo‘ljallangan «Injil»ning bo‘lishi esa tashqaridan qaragan odam uchun kichik bir tasodifdek tuyulishi mumkin, ammo missionerlar taktikasidagi tabiiy-qonuniy hol hisoblanadi.

Cherkovlarda bolalar uchun mo‘ljallangan «yakshanba» maktablari tashkil etish, bunday maktablarga jalb qilinganlar ishtirokida turli tadbirlar o‘tkazish, o‘z sektalari ta’limoti bilan yo‘g‘rilgan spektakllar qo‘yish va muayyan tayyorgarlikdan o‘tgan tarbiyalanuvchilardan masihiylikka da’vat qiluvchi turli adabiyotlarni tarqatishda faol foydalanishga intilishni ham bolalar orasida olib borilayotgan missionerlikning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida qayd etish mumkin.


Missionerlikka qarshi kurash

Missionerlikka qarshi kurash masalalari O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonuni bilan belgilab qo‘yilgan.

Qonunga binoan «Bir diniy konfessiyadagi dindorlarni boshqasiga kiritishga qaratilgan xatti-harakatlar (prozelitizm), shuningdek, boshqa har qanday missionerlik faoliyati man etiladi. Ushbu qoidaning buzilishiga aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka tortiladilar» (5-modda).


Yoshlarning ongida qanday kayfiyat ustunligini aytsang, men senga keyingi avlodning tabiati qanday bo‘lishini aytib beraman.

Edmund Berk


Lekin bugungi kunda missionerlar dunyo bo‘yicha demokratik qadriyatlar, inson huquqlari ustuvor ahamiyat kasb etib borayotganidan ham o‘z maqsadlari yo‘lida ustalik bilan foydalanishga intilmoqdalar.

Masalan, missionerlar, ko‘pincha, «Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi» hamda «Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risida xalqaro Pakt»larda mustahkamlab qo‘yilgan ayrim qoidalarni ro‘kach qiladilar.

Bunda har bir inson vijdon erkinligi huquqiga egaligi, ushbu huquq, jumladan, o‘z dinini o‘zgartirish, toat-ibodat qilish, diniy rasm-rusum va marosimlarni ado etish erkinligini o‘z ichiga olishi haqidagi qoidalarni keltirgan holda o‘z faoliyatlarining go‘yoki qonuniy ekanini asoslashga harakat qiladilar.


Ijodiy faoliyat

Berilgan matnni «Talaba yoshlar — missionerlik faoliyatining asosiy obyekti» degan fikr bilan bog‘lab tushuntiring.

«Butun dunyoda universitet va kollejlarda 37 million talaba tahsil oladi. Ularning ko‘plari 20 yildan so‘ng yirik mansablarni egallashadi». P. Jonstoun. «Dunyo operatsiyasi»


Ijodiy faoliyat

Matnni o‘qing. Davlat fuqarolarga vijdon erkinligi huquqini berish bilan birga, bu huquqni amalga oshirishlarida ularga qanday majburiyat yuklamoq da? Fikringizni asoslang.

Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 20-modda


Lekin mazkur hujjatning 18-moddasi 2-bandida e’tiqodni o‘zgartirish majburiy xatti-harakatlar bilan bog‘liq bo‘lmasligi, 20-moddasining 2-bandida esa dushmanlik va diniy g‘animlikni keltirib chiqaradigan harakatlar qonun bilan taqiqlab qo‘yilishi zarurligi haqidagi qoidalar mustahkamlangan.

Missionerlarning asosiy maqsadi qaysidir dinni targ‘ib qilish yoki qaysidir dinni kuchsizlantirish emas, balki siz-u biz yashab turgan yurtning tinchligiga raxna solish va taraqqiyotini barbod qilishdir.


Mustahkamlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Sekta deganda nima tushuniladi?
  2. Sektalar faoliyatining zararlari nimalarda namoyon bo‘ladi?
  3. Missionerlar bolalar orasida ish olib borishda nimalarga e’tibor bermoq dalar?
  4. O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunida missionerlikka qanday munosabat bildirilgan?
Previous articleDunyo dinlarida tinchlik g‘oyasi
Next articleSektalar – Секталар