Истеъмолчиларнинг ҳуқуқлари / хукуклари ва мажбуриятлари.

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
- 1- rasmda keltirilgan vaziyatga o’z munosabatingizni bildiring. Do’kon egasining mana shunday yozuvni osib qo’yishga haqqi bormi? Siz bunday holatga duch kelsangiz qanday yo’l tutgan bo’lar edingiz?
- 2 va 3- rasmlarda tasvirlangan mahsulot yorlig’ida qanday ma’lumotlar berilganligini aniqlang. Bu ma’lumotlarning qaysi biri siz uchun muhim hisoblanadi?
- Reklama hayotingizda qanday o’rin tutadi? 2 va 3- rasmlardagi kefir mahsulotini reklama qilmoqchi bo’lsangiz, siz qanday iboralarni ishlatgan bo’lar edingiz?
Har birimiz bozorda iste’molchi sifatida qatnashamiz. Xo’sh, iste’molchi sifatida, biror tovarni xarid qilish chog’ida, nimalarga e’tibor berishimiz kerak? Iste’molchi sifatida qanday haq-huquqlarimiz bor? Bu va shunga o’xshash savollarga O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi qonunidan javob topishimiz mumkin. Quyida shu huquqlar haqida qisqacha ma’lumot beramiz.
- Iste’molchilar tovar va uni ishlab chiqaruvchi korxona to’g’risida quyidagi ishonarli hamda to’la axborotni olish huquqiga ega: tovarning tegishli sifat ko’rsatkichlariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjat; tovarning iste’mol va o’ziga xos xususiyatlarining ro’yxati; tovarning narxi; tovar tayyorlangan sana; tovardan foydalanish qoidalari va shartlari; tovarning xizmat (yoki saqlash) muddati; ishlab chiqaruvchining kafolat majburiyatlari; tovarni saqlash usullari va qoidalari.
- Tovar sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi va inson salomatligiga hamda atrof-muhitga xavfsiz bo’lishi lozim. Ishlab chiqaruvchi tovarning butun xizmat muddati mobaynida tovarning xavfsiz bo’lishini ta’minlashi lozim.
- Agar iste’molchi nuqsonli tovar sotib olgan bo’lsa, o’z xohishiga ko’ra quyidagilarni talab qilishga haqli: nuqsonli tovarni tegishli sifatga ega bo’lgan xuddi shunday tovarga almashtirish; boshqa shunga o’xshash tovarga, xarid narxini tegishli hisob-kitob qilish yo’li bilan almashtirish; ishlab chiqaruvchidan tovar kamchiliklarini bepul tuzatib berish yoki tuzatish xarajatlarini undirish; nuqsonli tovar narxini tegishli miqdorga kamaytirish; yetkazilgan zararni to’la hajmda qoplash sharti bilan, nuqsonli tovarni ishlab chiqaruvchiga qaytarish.
- Iste’molchi bu huquqlardan tovar sotib olingan kundan boshlab, tovarning kamchiliklari aniqlangan quyidagi muddatgacha foydalanishi mumkin: kafolat muddati yoki ishga yaroqlilik muddati ichida; kafolat muddati yoki ishga yaroqlilik muddati belgilanmagan tovarlar uchun — 6 oy, ko’chmas mulk uchun — 2 yil (agar shartnomada boshqa muddat belgilanmagan bo’lsa).
- Iste’molchining talablari tovarni aynan shu ishlab chiqaruvchi (sotuvchi)- dan sotib olganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (masalan, kassa cheki, tovarning hujjati) taqdim etilgandagina ko’rib chiqiladi.
- Qonunda ko’rsatilgan bu huquqlar buzilganda va tomonlar murosaga kelolmaganda sudga yoki davlatning boshqa vakolatli organlariga murojaat qilish mumkin.
- Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida joylarda jamoat birlashmalarini tashkil qilish mumkin.
Albatta, har qanday bitim, shu jumladan sotuvchi va iste’molchi o’rtasidagi bitim ham tomonlarning roziligi bilan amalga oshiriladi. Bunda iste’molchi zaifroq tomon deb hisoblanadi va uning huquqlari qattiq himoya qilinadi. Lekin qonunda alohida ta’kidlanmagan bo’lsa-da, iste’molchining fuqarolik qonunchiligidan kelib chiqadigan qator majburiyatlari ham bor. Ular orasidan eng asosiylari quyidagilar: iste’molchilarning tovar (xizmat) uchun vaqtida haq to’lash majburiyati; shartnoma bekor qilingan holda tovarni o’z vaqtida qaytarib berish majburiyati; tovar o’ziga xos qilib, masalan, maxsus buyurtma bo’yicha, maxsus o’lchamda tikilgan bo’lsa u tayyor bo’lgandan keyin uni qabul qilib olish majburiyati; sifatli tovarni almashtirib berishni (boshqa o’lcham yoki rangiga) qaytarilayotgan tovarning iste’mol sifatlari, ko’rinishi, yorliqlarini buzilmagan holda taqdim qilish majburiyati.
Reklama ommaviy axborot vositalarida iste’molchilarga tovar haqida ma’lumot berish bilan ularning tovarga bo’lgan talabini oshirishga qaratilgan tashviqot tadbiridir. Reklama lotincha so’z bo’lib, jar solish, chaqiriq degan ma’nolarni anglatadi.
Reklamaning afzalliklari: reklama iste’molchilar manfaatiga xizmat qiladi, chunki u iste’molchilarni bozordagi narxlar va yangiliklardan xabardor qiladi; reklama ko’pincha narxlar pasayishiga olib keladi; reklama raqobatni rag’batlantiradi; reklamadan tushadigan daromad ommaviy axborot vositalari xarajatlarining katta qismini qoplaydi; reklama iste’molchilar talabining ko’payishi, ishlab chiqaruvchilar foydasining ortishi va buning natijasida iqtisodiyotning o’sishiga olib keladi.
Reklamaning kamchiliklari: reklama ba’zida iste’molchilarga noto’g’ri axborot berib, chalkashtiradi; reklama katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi, bu esa tovarlar narxini oshiradi; iste’molchilarda uncha zarur bo’lmagan tovarlarga pul sarflash maylini keltirib chiqaradi; ommaviy axborot vositalari reklama beruvchilarga qaram bo’lib qoladi, bu esa ularning erkinligi va mustaqilligini cheklaydi.
Reklama — ommaviy axborot vositalarida iste’molchilarga tovar haqida ma’lumot berish bilan ularning tovarga bo’lgan talabini oshirishga qaratilgan tashviqot tadbiri.
Tovarning shtrix kodi o’ziga xos ma’lumot manbai bo’lib, undan tovarning qaysi davlatda tayyorlanganligini, qaysi korxona ishlab chiqarganligini va tovar haqidagi boshqa ma’lumotlarni aniqlab olish mumkin. 13 ta raqamdan iborat 8710335230431 shtrix kodning birinchi ikki raqami 87 — tovarning Niderlan- diyada tayyorlanganligini, keyingi 5 ta raqam 10335 — tovar ishlab chiqarilgan firmaning bu mamlakatda ro’yxatga olingan raqamini anglatadi. Keyingi 5 ta raqam 23043 — tovarning xususiyatlari haqida ma’lumot beradi. Oxirgi raqam 1 esa tovar kodining nazorat raqamidan iborat. Tovarning kodi yordamida uning qalbaki yoki haqiqiy ekanligini sodda arifmetik hisob-kitoblar yordamida bilib olish mumkin.
Tovarning shtrix kodi — tovar haqidagi ma’lumotlarni tovar yor- lig’ida ifodalovchi chiziqchalar dastasi va raqamlar ketma-ketligidan iborat maxsus belgi.
| Davlatlar | Kodlar | Davlatlar | Kodlar |
| AQSH, Kanada | 00 – 09 | Turkiya | 869 |
| Fransiya | 30 – 37 | Rossiya | 460 |
| Germaniya | 400 – 440 | O’zbekiston | 46 – 47 |
| Yaponiya | 49 | Buyuk Britaniya | 50 |

Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi QR-kod nomli oq kvadrat ichiga joylashgan qora kvadratlar tasviridan iborat kodning vujudga kelishiga olib keldi. Bunday tasvirni so’nggi paytlarda: kassa cheklarida, pattalarda, muzey va metrolarda, restoran taomnomalarida, tovar yorliqlarida va boshqa narsalarda uchratish mumkin.
QR ingliz tilida qisqartirilgan inglizcha jumla — Quick Response (tez javob qaytarmoq) ni anglatadi.
QR-kod — bu tegishli dasturiy ta’minoti bo’lgan mobil telefondagi kamera orqali tezda tanib olinadigan ma’lumotni taqdim qiluvchi ikki o’lchamli shtrix-koddir.
QR-kod oddiy shtrix kodga qaraganda ancha ko’p ma’lumotni yetkaza oladi. U maxsus dastur orqali skaner yordamida kiritiladi va uni oddiy mobil telefon yordamida ham o’qish mumkin.
Bilimingizni sinab ko‘ring!
- Iste’molchi huquqlaridan ba’zilarini aytib bering. Ishlab chiqaruvchi va sotuvchilarning qanday huquqlari bor? Iste’molchilarning huquqlari himoya qilinib, unga katta ahamiyat berilishining boisi nimada deb o’ylaysiz?
- Siz iste’molchi sifatida do’kondan biror narsa sotib olayotganingizda tovar haqida qanday ma’lumotlarni bilishga haqqingiz bor?
- Do’kondan biror narsa sotib olganingizda beriladigan chekning siz uchun qanday ahamiyati bor?
- Reklamaning siz uchun foydasi bormi? Reklamadan kim ko’proq naf ko’radi?
- Biror-bir tovar qadog’ida keltirilgan ma’lumotlarning to’laligini tahlil qiling.
- Tovar shtrix kodi nima uchun kerak?
- Tovarning QR-kodi oddiy shtrix-koddan nimasi bilan farq qiladi.
Buni yodda tuting!
- Iste’molchilar huquqlari O’zbekiston Respublikasining “Iste’mol- chilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida”gi qonuni orqali himoya qilinadi.
- Tovarning shtrix kodi yoki QR — kodi tovar to’g’risida to’liq ma’lumot beradi.
- Reklamaning ijobiy va salbiy tomonlari bor.







