Talabga ta’sir etuvchi boshqa omillar. Normal tovarlar. Past tabaqali tovarlar.
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
Tovarga bo’lgan talab tovar narxi o’zgarmaganda ham turli omillar ta’sirida o’zgarishi mumkin. Buni quyidagi misolda ko’ramiz:
I . Oshxonada tushlikda kartoshka somsa va gumma sotiladi. Somsa va gumma bir-birining o’rnini bosuvchi tovarlar sirasiga kiradi.
Yuqoridagi jadvallarda bu oylardagi sotilgan gumma va somsa miqdori berilgan.
- Jadvalda keltirilgan somsaning narxi va unga bo’lgan talab miqdoriga e’tibor bering. Somsa narxi o’zgarmasa-da, unga bo’lgan talab miqdori nima sababdan o’zgargan?
- Bir-birining o’rnini bosuvchi tovarlardan birining narxi oshishi natijasida ikkinchisiga bo’lgan talab qanday o’zgarar ekan?
II. Birgalikda foydalanishga mo’ljallangan tovarlar bir-birini to’ldiruvchi tovarlar deb yuritiladi. Bunday tovarlarga avtomobil va benzin misol bo’la oladi. Avtomobillar narxi oshsa, benzinga bo’lgan talab qanday o’zgaradi? Bunga o’xshash bo’lgan yana qanday tovarlarni bilasiz?
Bozorda tovarga bo’lgan talabning o’zgarishiga narxga bog’liq bo’lmagan boshqa omillar ham ta’sir qiladi. Bu omillar quyidagilar:
Iste’molchilarning didi va yil mavsumining o’zgarishi. Iste’molchilar didi, yil mavsumi o’zgarishi va moda o’zgarishi natijasida tovarga bo’lgan talab o’sishi va aksincha, pasayishi ham mumkin. Masalan, mavsum o’zgarishi bilan yozda paltoga bo’lgan talab pasayadi.
Bozordagi iste’molchilar sonining o’zgarishi. Ma’lumki, iste’molchilar soni ortsa, ularning biror tovarga bo’lgan talabi ham o’sadi va aksincha. Masalan, shahar aholisining ko’payishi tibbiy xizmatga bo’lgan talabning o’sishiga olib keladi.
Iste’molchilar daromadlarining o’zgarishi. Odatda, aholi daromadlarining ortishi bilan deyarli barcha tovarlarga bo’lgan talab o’sadi. Bunday tovarlar normal tovarlar deb ataladi. Lekin shunday tovarlar ham borki, ularga bo’lgan talab aholi daromadlarining kamayishi bilan o’sadi. Bunday tovarlarni iqtisodchilar past tabaqali tovarlar deb atashadi. Masalan, aholi daromadlarining kamayishi sifati past va eski avtomobillarga bo’lgan talabning o’sishiga olib keladi.
Normal tovarlar — aholi daromadining oshishi bilan unga bo’lgan talab oshadigan tovarlar.
Past tabaqali tovarlar— aholi daromadining kamayishi bilan unga bo’lgan talab ortadigan tovarlar.
Yaqin kelajakda iste’molchilar daromadlari va tovar narxi o’zgarishining kutilishi. Agar yaqin kelajakda aholi daromadlarining oshishi kutilayotgan bo’lsa, ular ayni paytdagi kundalik xarajatlarini kamroq chegaralay boshlashadi va shu bois, ko’proq tovarlar sotib ola boshlaydilar va aksincha.
Agar yaqin kelajakda ba’zi tovarlar narxining oshishi kutilayotgan bo’lsa, iste’molchilar bu tovarlardan ko’proq xarid qilib, zaxiraga ham yig’ishga harakat qilishadi. Agar kelgusida ayrim tovarlar narxining pasayishi kutilayotgan bo’lsa, iste’molchilar bu tovarlarni kamroq xarid qila boshlaydilar.
O’zaro bog’liq tovarlar narxining o’zgarishi. Bir tovar narxining o’zgarishi ikkinchi tovarga bo’lgan talabning o’zgarishiga olib kelishi mumkin. Bunday tovarlar jufti o’zaro bog’liq tovarlar deb ataladi. O’zaro bog’liq tovarlarga yuqorida ta’kidlangan bir-birining o’rnini bosuvchi (masalan, gumma va somsa) va bir-birini to’ldiruvchi (masalan, avtomobil va benzin) tovarlar misol bo’la oladi.
O’zaro bog’liq tovarlar — birining narxi o’zgarishi ikkinchisiga bo’lgan talabning o’zgarishiga olib keladigan tovarlar jufti.
Bir-birining o’rnini bosuvchi tovarlar — bir xil ehtiyojlarni qondirishga mo’ljallangan tovarlar jufti.
Bir-birini to’ldiruvchi tovarlar — birgalikda foydalanishga mo’l- jallangan tovarlar jufti.
Narxga bog’liq bo’lmagan yuqoridagi omillar ta’sirida talab chizig’i holatining o’zgarishini tahlil qilaylik. Faraz qilaylik, boshlang’ich holatda tovarga bo’lgan talab 1- jadvalda berilgan bo’lib, unga mos talab chizig’i D 0 ko’rinishda bo’lsin. Aytaylik, iste’molchilar sonining oshishi natijasida tovarga bo’lgan talab o’sib, 2- jadval ko’rinishini olgan bo’lsin. Bu jadval asosida talab chizig’ining boshlang’ich va keyingi holatlarini chizadigan bo’lsak, talab chizig’i boshlang’ich D 0 vaziyatdan keyingi D 1 vaziyatga o’tganligini, ya’ni o’ng tomonga surilganligini aniqlashimiz mumkin. Iste’molchilar daromadining kamayishi natijasida tovarga bo’lgan talabning 3- jadvaldagidek pasayishi natijasida talab chizig’ining boshlang’ich D 0 holatdan chap tomonga surilib, D 2 holatga o’tishini ko’rishimiz mumkin.

Bilimingizni sinab ko’ring!
- Bir-birining o’rnini bosuvchi va to’ldiruvchi tovarlar juftiga ikkitadan misol keltiring hamda bu tovarlarga bo’lgan talabning o’zgarishini tahlil qiling.
- Tovarga bo’lgan talab chizig’ining quyidagi omillar ta’sirida o’zgarishini aniqlang: a) aholi sonining o’sishi; b) iste’molchilar daromadlarining kamayishi; d) tovar o’rnini bosuvchi tovar narxining kamayishi; e) to’ldiruvchi tovar narxining oshishi; f) tovar narxi oshishining kutilishi; g) iste’molchilar daromadi oshishining kutilishi.
Amaliy tadqiqot
Quyidagi hollarda tovarga bo’lgan talabning qay darajada va nima sababdan o’zgarishini tushuntirib bering.
I. Tovar nomi: Qimmat narxdagi futbol to’pi. Narxi: 140.000 so’m.
- Barcha iste’molchilarning daromadlari 20% ga o’sdi;
- Futbol maydonidan foydalanish haqi ikki baravarga oshdi;
- Futbol bo’yicha jahon chempionati o’yinlari televideniye orqali namoyish qilina boshladi;
- Shaharda bir nechta tennis kortlari qurilib ishga tushirildi;
- Yoz seryomg’ir keldi.
II. Tovar nomi: Arzon narxdagi futbol to’pi. Narxi: 30.000 so’m.
- Barcha iste’molchilarning daromadlari 20 % ga o’sdi;
- Futbol maydonidan foydalanish haqi ikki baravarga oshdi;
- Futbol bo’yicha jahon chempionati o’yinlari televideniye orqali namoyish qilina boshladi;
- Shaharda bir nechta tennis kortlari qurilib ishga tushirildi;
- Yoz seryomg’ir keldi.
III. Tovar nomi: Velosiped. Narxi: 850.000 so’m.
- Barcha iste’molchilarning daromadlari 10% ga kamaydi;
- Shahar transportidan foydalanish narxi 30% ga oshdi;
- Yoshlar o’rtasida rolikli konkida uchish urf bo’la boshladi;
- Televideniye orqali velosiped reklamasi namoyish qilina boshladi;
- Oziq-ovqat narxi keskin oshib ketdi.
- Yuqoridagi hollarning har birida talab chizig’i qaysi tomonga siljishini ko’rsatib bering.
Buni yodda tuting!
Tovarga bo’lgan talab narxga bog’liq bo’lmagan quyidagi omillar asosida o’zgarishi mumkin: 1) iste’molchilarning didi va yil mavsumining o’zgarishi; 2) bozordagi iste’molchilar sonining o’zgarishi; 3) iste’molchilar daromadlarining o’zgarishi; 4) o’zaro bog’liq tovarlar narxining o’zgarishi; 5) yaqin kelajakda iste’molchilar daromadlari va tovar narxi o’zgarishining kutilishi.






