Zulfiya Isroilova she’rlari haqida

0

Зулфия Исроилова шеърлари хакида.


Zulfiya she’rlari harorat bilan bitilgan ehtirosli, hayotbaxsh she’rlardir. Ular xoh vatan haqida, uning go’zal tabiati, mehnatkash odamlari, buyuk bunyodkorlik qudrati xususida bo’lsin, xoh insonlarning turfa his-tuyg’ulari: mehr-muhabbat, quvonch-u shodlik, baxt, saodatni tarannum etishga bag’ishlangan bo’lsin, barchasida hayotsevarlik, o’quvchida yorug’ kayfiyat paydo etish istagi hukmrondir. Bu fikrning isbotini shoiraning «Bog’lar qiyg’os gulda», «Bahor keldi seni so’roqlab», «Baxtim bor, ajoyib kishilar aro…» she’rlari misolida ko’rib chiqish mumkin.

Shoira Zulfiyaning qalbiga ehtiros va ilhom bag’ishlagan tuyg’u – bu bahor kelib, bog’-rog’larning jonlanishi, daraxtlarning qiyg’os gulga kirib, tevarak-atrofning chamanzorga aylanishidir.

Zulfiya hayoti va ijodi
Zulfiya
Muallif gulga burkangan manzarani tasvirlar ekan, uni ramziy ma’noda qo’llaydi. «Bir kaft bog’», ya’ni yaxlit bir manzil – Vatanda turlicha tarovat, turli bo’y taratuvchi daraxtlar bor. Ularning har biri o’zicha ko’rk, o’ziga xos meva-yu hosil beradi.

Go’yo har bir daraxt bu bir-biriga o’xshamaydigan millat va elatdir. Ularning har birining o’z tarixi, o’z urf-u odatlari, yashash tarzi bor. Lekin ular bitta bog’da – bir maskanda, ya’ni bir Vatanda – O’zbekistonda jam bo’lganlar. Ular turli millat va elatlar bo’lsa ham, bir xalq – O’zbekiston xalqi farzandlaridir. Bir vatanda yashayotgan yagona xalq esa, millatidan qat’i nazar, biri biriga suyanch, madadkor, himoyachi. Ular Vatanimizning qay manzilida yashamasin, bir ko’z qorachig’i, birday aziz, qadrli:

Har navda bir gulda, har gulda bir ro’y,
Har daraxt bargi bir dunyo hikoya.
Har birin hosili o’zgasiga ko’rk,
Biri biri uchun qudrat, himoya.

Biroq yurtimizdagi millat-u elatlarning qardosh, qadrdonligi har qancha mustahkam bo’lmasin, ular barchasi suyanadigan «orqa tog’» bo’lmog’i kerak:

Bu – qadim dunyoda yangi bir olam,
Bunda orqa tog’siz bir tirik jon yo’q.

Bu suyanch, bu tayanch kim? Tayanch bo’lmasa agar, bu murakkab, xavf-u xatarlarga to’la dunyoda tinch, xotirjam yashab bo’ladimi? Inson hamisha kimgadir suyanib, intilib yashaganidek, kichik xalq – elatlar ham katta xalq va millatlarga suyanadi, ishonadi. O’zbekiston misolida o’sha xalq, o’sha suyanch, o’sha tayanch bu – o’zbek xalqidir. O’zbekistonda yashovchi barcha insonlar – bir xalq, O’zbekiston fuqarosi.

Ularga O’zbekistonning Asosiy qonuni – Konstitutsiyasi bo’yicha barcha masalalarda teng huquq va imkoniyatlar berilgan. Agar shu tenglikka amal qilmay, men katta millat, sen kam sonli elatsan, deb ayirmachilik, mahalliychilik qilinsa, bunday mamlakat, bunday davlat tanazzulga yuz tutadi, urush-u janjaldan bo’shamaydi. O’zbek xalqi azal-azaldan bag’rikeng, serhimmat, saxovatli xalq. Shuning uchun ham bugun uning bag’rida 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch, osuda va bunyodkor hayot kechirmoqdalar. Shoira Zulfiya ana shunday mustahkam, ishonchli tayanch bo’lolgani uchun bag’rikeng ona xalqini ulug’laydi, unga muhabbatini eng aziz tuyg’u deb biladi.

Zulfiya she’riyatida, ko’rib o’tganimizdek, bahor mavzusi ayricha bir ahamiyatga ega. Uzoq ijodiy umr davomida yozilgan she’rlarning aksariyati bahor fasli, uning insonlarga baxshida etadigan go’zalligi, tarovati, jozibasi haqida.

Yoki bo’lmasa bahorning fusunkor manzaralari, betakror nafosatidan ilhomlanib kishida paydo bo’ladigan turli o’ylar, qiyos va o’xshashliklar ta’siridagi hayot hodisalari, tabiat va inson kechmishlari xususidagi mulohazalardir. Biz dastlab ko’rib chiqqan «Bog’lar qiyg’os gulda» she’ri – so’zlarimizning isboti.

Ayni chog’da Zulfiyaning bahor haqidagi ko’plab she’rlari orasida yana bittasi borki, unda avvalgilaridan farqli, shoira she’riyatdagi jonlantirish san’atidan mahorat bilan foydalanib, dunyodan o’tib ketgan yaqin odamining sog’inchi, xotirasini qalamga oladi. Bu yaqin odam Zulfiya opaning turmush o’rtog’i, otashnafas shoir Hamid Olimjon edi.

Aziz o’quvchi, Sizlar quyi sinfda Hamid Olimjon hayoti va ijodi bilan tanishgansiz. Shunda shoirning «baxt va shodlik» kuychisi deya sharaflanishi, «O’rik gullaganda» deb nomlangan mashhur she’ri borligini hamda Hamid Olimjon ayni navqiron o’ttiz besh yoshida, ya’ni 1944-yili avtomobil halokatida vafot etganini bilib olgansiz.

Zulfiya she’riyat muxlislariga oradan bir yil o’tib, ya’ni 1945yili yozgan «Bahor keldi seni so’roqlab» she’ri bilan baxt va bahor haqida jo’shib kuylagan yori – turmush o’rtog’i Hamid Olimjonning hayotini, she’rlarini eslatadi. Shu niyatda tabiatga murojaat qiladi, uni xayolan o’z suhbatdoshiga aylantiradi.

Mana, qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekildi nari.

«Qani o’sha kuychi, xayolchan, yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»

«O’rik oppoq bo’lib gullagani»ni kuylagan yigitni izlab kelgan bahor shabboda bo’lib bog’larni, qir-adir, yashil qirg’oqlarni qidirib chiqqani, izlarini topolmagach, bo’ronga aylanib tog’lar toshlarini qulatib, na’ra tortganini aytar ekan, shoira bu bilan o’z qalbidagi holatni ifoda etadi. Suyukli kishisidan, ikki farzandining otasidan ayrilish, judolik alamlarini ramziy obrazlarda ko’rsatadi. Shoirini topolmay sarson kezgan bahor uning uyiga, yotog’iga kirib keladi. Shoirani so’roqqa tutib qalb yaralarini yangilaydi.

Qanday javob aytay, loldir tillarim.

Ana shunday holatga tushgan shoira bahorni yorining qabriga boshlab boradi. U esa bor haqiqatni anglagach, alamda tutoqib daraxtga, endigina uyg’onayotgan kurtaklarga dardini aytib ko’z yosh to’kadi. Bu endi shamollar esib, yomg’ir yog’ib turgan holatning ramziy ifodasi. Shu tariqa shamollardan tebranib, yomg’ir suvlarida yuvilgan gul-u rayhonlarning atri olamni tutib, go’yo bir qo’shiq kuylayotganday mayin, hayotbaxsh ohanglar taraladi. Demak, lirik qahramonning bahor tufayli qalbida uyg’ongan dard, alam-u azoblari o’sha gullar atridan, ya’ni bahorning bor atrofga go’zallik, yoshlik, yashillik bag’ishlashidan taskin topib, tarqalib, yorug’likka, umid va orzularga yana quchoq ochadi. Shoira shundan so’ng «O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot» deya she’rni baland pardalarga ko’tarib, bag’oyat hayotbaxsh, tantanavor yakun yasaydi.

Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam.
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

She’rning ana shunday yakun topishi go’yoki qishning sovuq, qorong’u kunlaridan keyin bahor fasli bor tabiatga yorug’lik, yasharish bag’ishlaganiga o’xshash qiyosiy, ramziy tasavvur beradi. Shoiraning badiiy mahoratiga, ya’ni ramzlardan, o’xshatish va jonlantirish kabi she’r san’atlaridan mohirona foydalana bilganiga qoyil qolasiz. Zulfiya she’rlariga qiziqishingiz yanada ortadi.

Hayotsevarlik, umidbaxsh tuyg’ular «Baxtim bor, ajoyib kishilar aro…» satri bilan boshlanuvchi she’rning ham bosh mavzusi. Shoira yoshi oltmishlardan o’tib, keksalik boshlanishi pallalarida yozgan mazkur she’rida umri har qancha qiyinchilik, judolik va ayriliqlarga qaramay, yaxshi insonlar orasida kechganini, shukronalik hislarini qalamga oladi.

Atrofini o’ragan odamlar unga hamisha yaxshilik tilaganlarini, biri kulgu-quvonch baxsh etsa, boshqa birovi orzu-maqsadlar sari intilib yashashga chorlaganini, shulardan quvvat olib, yelkasiga tog’ ortsa ham ko’tara olgulik qudrat his etayotganini aytadi. Bu holat shoirani tinmay ishlashga, qo’lidagi qalamni bir dam qo’ymay yozishga, ijodga undaydi. U hali uzoq yillar ilhom va shijoat bilan ijod qilishini bildirar ekan, hayotga muhabbati, ertangi kuniga ishonchining kuchliligini anglatadi o’quvchiga. Bu bilan she’rxon qalbiga ham umidbaxsh tuyg’ular solib, uni ham o’tayotgan kunlaridan zavqlanib yashashga, yaratishga, bunyodkorlikka da’vat etadi. Avvalgi she’rlardagi tabiat go’zalligi, bahor tarovatidan paydo bo’lgan hayotsevarlik hislari endi yaxshi, ajoyib insonlar bilan hamnafas, zamondosh bo’lib yashayotgani tufayli yanada kuchayadi, mustahkamlanadi.

Muhtaram o’quvchi, shoira Zulfiyaning Sizga taqdim etilgan navbatdagi she’ri yuqorida bir-birini mavzu va mazmun jihatidan to’ldiruvchi she’rlardan farqli, ammo g’oyaviy xususiyatlariga ko’ra juda yaqindir. Bu Zulfiya opaning 1954-yilda jamoat arbobi sifatida turli mamlakatlarda bo’lib, tinchliksevar odamlar, har qanday urushlarga yo’l qo’ymaslik uchun kurashuvchilar saflarida ishtirok etgan pallalarida yozilgan «O’g’lim, sira bo’lmaydi urush» nomli mashhur she’ridir.

She’r yozilgan sanadan o’n besh yil avval Ikkinchi jahon urushi boshlangan edi. Nemis-fashist bosqinchilari avval Yevropani, so’ngra boshqa mamlakatlarni urush, qirg’inlar bilan bosib olishga kirishdi. Yuzlab shaharlar, qishloqlar vayron qilindi, millionlab odamlar – yosh-u qari, ayollar va bolalar ayovsiz qirildi, konslagerlarda ne-ne azob-u uqubatlarga mahkum etildi. Bu urushning jarohatlari bitmay turib, dunyoning boshqa joylarida zo’ravonlik, kuchsiz davlatlar ustidan hukmronlik qilish istagidagi yovuz niyatli odamlar tomonidan yangi urush xavflari paydo bo’la boshladi. Afsuski, bunday xavf hali-hanuz davom etmoqda. Hozir ham dunyoning turli hududlarida urush olovlari yonmoqda, uylar vayron, ayollar, bolalar qirilmoqda. Kuchli, katta mamlakatlarning zaif, qoloq mamlakatlarni bo’ysundirishga, ularning boyliklariga egalik qilishga, urush, zo’ravonlik bilan o’z manfaatlarini qondirishga urinishlar kuchaymoqda. Boshqa bir tomonda diniy aqidaparastlik, terrorizm, jaholat urushlari ham avj olmoqdaki, bularga qarshi kurashlarda shoirlarimizning urushni qoralab yozgan asarlari yana dolzarblik kasb etmoqda. Shu jumladan, «O’g’lim, sira bo’lmaydi urush» she’ri ham.

Shoira she’rning boshlanishida fikrni yana bahor fasliga buradi. Uning tug’ilish, yosharish, uyg’onish pallasi ekaniga ishora qilib, bahor fasli manzaralari, xislatlarini yodga olib, uni ulg’ayib borayotgan o’spirin o’g’lining misolida namoyon etib, agar urush bo’lsa, shu hayot davom etadimi, bu go’zalliklar, quvonchshodlik, zavq, umid-orzular yo’q bo’ladimi, degan ritorik so’roqlarga undaydi o’quvchi xayolini. Bu so’roqlar urush yillari halok bo’lgan ota haqidagi alam-armonlar bilan javobini topadi.

Urush, noming o’chsin jahonda,
Hamon bitmas sen solgan alam.
Sen tufayli ko’p xonadonda,
Ota nomli buyuk shodlik kam.

Shu satrlardan keyin shoira lirik chekinish qilib, otalik baxti, otasizlik alami, o’zining ham ota, ham ona bo’lib farzandini tarbiyalayotganidan so’z ochadi. O’g’lining qaddu bastiga boqib, umid va ishonchga to’liq kelajak orzularidan so’ylaydi. Xalqimiz orasida tarqalgan go’zal bir tushunchaga ishora qilib, aynan xalqona ibora qo’llaydi.

Mana, yurtga o’g’il o’stirgan
Bir davlatmand boy bo’lib qoldim.

Ana shu satrlardan so’ng qoya kabi onaning yonida turgan, suyansa suyangudek mustahkam himoyachisi borligidan g’urur hissi ifoda etiladi. Pirovardida, bu tuyg’ular onaning «Yo’q, urushning nomi ham o’chsin!» degan hayqirig’iga sabab bo’ladi. Ona farzandini hayot uchun, hayotni davom ettirish, umrni farovon qilish uchun dunyoga keltirganini aytar ekan, dunyo onalarini har qanday urushga qarshi kurashmoqqa chorlaydi, birlashishga undaydi.

Ko’krak suti va mehnat bilan
Biz jahonga berganmiz turmush,
Ona qalbi oyoqqa tursa,
O’g’lim, sira bo’lmaydi urush!

Ko’rinadiki, bahoriy manzaralar, o’g’il o’stirish baxti, otasizlik armonlari kuylangan she’r mantiqan urush va qirg’inlar tufayli sodir bo’ladigan baxtsizliklar, mudhish oqibatlar, tinchlik va farovonlikning naqadar oliy va tansiq ne’mat ekanligi, buning qadriga yetish, shukronalik tuyg’ulari bilan yashash haqidagi teran o’ylarga yetaklaydi. Mazkur she’r ana shu g’oyaviy mazmuni, ibrat va fazilatlari bilan sira eskirmaydi, hamisha dolzarbligini, ahamiyatini saqlab qoladi.

Savol va topshiriqlar

  1. Zulfiya she’riyatining asosiy g’oyaviy xususiyatlari nimalardan iborat?
  2. «Bog’lar qiyg’os gulda» she’rining ramziy ma’nosini tushuntirib bering.
  3. Shoira tog’day tayanch – «orqa tog’» deganda nimaninazarda tutadi?
  4. «O’zbekiston – bag’ri keng diyor» mavzusida yozma ishyozing.
  5. «Bahor keldi seni so’roqlab» she’rida jonlantirish usuliorqali shoira qanday manzaralarni chizadi va nimalarga ramziy ishoralar qiladi?
  6. Hayotsevarlik, umid tuyg’ulari «Baxtim bor ajoyib kishilararo…» she’rida qanday ifoda topgan?
  7. Urush va tinchlik tushunchalari, farzandlar kelajagi, onalarning hayot, tiriklik uchun kurashi g’oyalari aks etgan «O’g’lim, sira bo’lmaydi urush» she’rining dolzarbligi va ahamiyati haqida so’zlang.
  8. Zulfiya she’riyatining tarbiyaviy ahamiyatini tushuntirib beraolasizmi?

Zulfiya hayoti va ijodi <<

Zulfiya sherlari. Zulfiya she’rlaridan namunalar

Previous articleZulfiya sherlari. Zulfiya she’rlaridan namunalar
Next articlePirimqul Qodirov hayoi va ijodi