Tog‘ay Murod hayoti va ijodi. Togay Murod

0

Тоғай Мурод ҳаёти ва ижоди. Тогай Мурод хаёти ва ижоди. Tog‘ay Murod hayoti va ijodi.

Tog‘ay Murod hayoti va ijodi. Togay Murod
Tog‘ay Murod

Tog‘ay Murod (1948–2003). XX asrning 70-yillarida o’zbek adabiyotiga bir qator iste’dodli shoir va yozuvchilar kirib keldilar.

Ular orasida Murod Muhammad Do’st, Erkin A’zamov, Xayriddin Sultonov, Tog’ay Murod singari nosirlar, Shavkat Rahmon, Xurshid Davron, Usmon Azim, Muhammad Rahmon singari shoirlar bor edi.

Bu avlod o’zlaridan avvalgi ijodkorlar boshlab bergan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan holda, adabiyot sahnasiga ko’proq oddiy odamlar obrazini, ularning orzu-armonlari talqinini olib chiqdilar. M.M. Do’stning «Bir toychoqning xuni», «Galatepaga qaytish», E. A’zamovning «Otoyining tug’ilgan yili», «Javob», X. Sultonovning «Yozning yolg’iz yodgori», «Ko’ngil ozodadur» nomli asarlari qahramonlari bir qaraganda boshqalardan keskin farq qilmaydigan, har qadamda uchraydigan oddiy odamlar.

Ular katta tarixiy o’zgarishlarga boshchilik qilishmaydi, favqulodda qahramonliklar ko’rsatib boshqalarga o’rnak bo’lishmaydi, hatto, suvga cho’kayotgan biror odamni qutqarib el og’ziga tushishmaydi ham.

Lekin shunisi muhimki, yosh o’zbek adiblari dunyoning omonligi, jamiki go’zalligi aynan shu oddiy odamlar tufayli ekanini ko’rsata oldilar, isbotlay bildilar. Mana shunday novator (yangilik kashf etuvchi, yangi yo’l ochuvchi) yozuvchilardan biri Tog’ay Murod bo’ldi.

Bu yozuvchining tarjimayi holi ham o’z qahramonlariniki singari oddiyginadir.

U janubiy viloyatlarimizdan bo’lmish Surxondaryoning Denov tumaniga qarashli Xo’jasoat qishlog’ida 1948-yilda tug’ildi. Qishloqdagi o’rta maktabda o’n yil o’qigach, 1966–1972-yillarda hozirgi O’zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida ta’lim oldi.

Bu fakultet o’sha yillari ko’plab yosh iste’dodlarga o’z ijodiy yo’lini topishi, jiddiy asarlar yozib dastlabki muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritishida muhim maktab rolini o’ynagan edi. Fakultetdagi qaynoq, nisbatan erkin ijodiy muhit, o’z davrining yirik shoir va yozuvchilari bilan tez-tez o’tkazib turiladigan uchrashuv va muloqotlar, yotoqxonalarda to tongga qadar tugamaydigan she’riyat kechalari – bularning bari iste’dod g’unchalarining tez yetilishi, kamol topishida jiddiy turtki rolini o’ynardi.

Ko’p yosh ijodkorlarning respublika matbuotida muntazam qatnashishi ham ayni shu fakultetda o’qib yurgan yillariga to’g’ri kelardi. Tog’ay Murod esa talabalik paytidayoq o’nlab hikoyalar yozgan bo’lsa-da, ularni e’lon qilishga shoshilmas, o’zidan, bilimlaridan ko’ngli to’lmasdi.

U iloji boricha ko’proq o’qish, bu orqali faqat o’zimizning ijodkorlarnigina emas, balki dunyoning eng zo’r adiblari tajribalarini ham o’zlashtirishni istardi.

U shu niyatdan kelib chiqib, tirikchilikka yetarli maosh beradigan qanday ish taklif qilinsa, o’sha yerga borib ishlardi. Masalan, 1972–1976-yillarda respublika radiosining «Vatandoshlar» (xorijiy ellarga mo’ljallangan) tahririyatida xizmat qilgan bo’lsa, undan keyin «O’zbekiston fizkulturachisi» gazetasida, 1982-yildan 1985-yilgacha esa «Fan va turmush» jurnalida xizmat qildi.

Tog’ay Murod o’zining ijodiy rejalariga birovlarning aralashishini, unga ta’sir o’tkazishga bo’lgan urinishlarni hecham yoqtirmas, shovqin-suronli davralardan o’zini olib qochar edi. Butun fikri-zikri o’qib-o’rganish, tinimsiz ijodiy mehnat qilish bilan band bo’lardi. Shu tufayli ham, yozuvchi sifatida xalqqa ancha tanilib qolgan bo’lishiga qaramay, 1985–1987-yillar ichida Moskvadagi Jahon adabiyoti institutida ham tahsil olib qaytdi.

Tog’ay Murodni iste’dodli yozuvchi sifatida ko’r satgan dastlabki yirik asar 1976-yilda dunyoga keldi. Bu «Yulduzlar mangu yonadi» nomli qissa edi.

Mazkur asarda yozuvchining qon-qoniga singib ketgan, ming yillar mobaynida unutilmay, elda ardoqlanib kelayotgan tarixiy qadriyat – kurash, kurashchi polvonlar, ular orasidagi muomalamunosabatlar, ziddiyatli hayotiy muammolar qalamga olindi.

Yozuvchining keyingi asari – «Ot kishnagan oqshom» qissasi (1979-yil) «Yoshlik» jurnalida chop qilinishi bilan butun xalqimiz orasida juda tez dovruq qozondi. Chunki bu asarda o’sha davr adabiyotida kamdan kam tilga olinadigan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, butun dunyoga ibrat qilib ko’rsatiladigan «sovet kishisi» tabiatiga xos bo’lgan turfa illatlar badiiy jihatdan ta’sirchan va ishonarli tarzda ochib berilgandi.

Asardagi qishloq mehnatkashlarining og’ir qismati, katta-kichik rahbarlarning ularga bepisand munosabati, odamlardagi pokiza his-tuyg’ularning toptalishi, kuppa-kunduz kuni bo’layotgan adolatsizliklar tasvir va talqini haqiqatga tashna o’quvchilarning qizg’in e’tirofiga sababchi bo’ldi.

Mazkur qissa sho’ro davri adabiyotidagi ko’plab boshqa asarlardan oxiri «umidbaxsh sadolar bilan» tugamasligi jihatidan ham ajralib turardi. Uning so’ngida odam bolalaridan cheksiz adolatsizlik, nomardlik, vahshiylik ko’rgan qissa qahramoni Ziyodulla chavandoz o’zining sevimli, vafodor va bir umrga sadoqatli otidan najot tilaydi!

Aqlli va til-zabonli, kiyim-boshi ozoda va o’zicha madaniyatli kimsalar uni urib o’ldirishga chog’langan bo’lsalar, o’sha – til-zaboni yo’q, ongsiz hayvon sanalmish ot o’z do’stini o’limdan asrab qoladi.

Bir so’z bilan aytganda, odamni o’zi singari odam zulmidan himoya qilish uchun odam topilmaydi, najot faqat hayvonda qoladi!..

Qissaning bunday oshkora tanqidiy ruhi, adolatparvarlik pafosi o’z davrining ko’plab amaldorlari, mafkurachilari g’ashini keltirgani, natijada yozuvchi nomi atrofida turli g’iybat gaplar tarqatilgani ham ma’lum.

Biroq yozuvchi bu malomatlardan cho’chib o’tirmadi, aksincha, oradan bir yil o’tar-o’tmas yana bir ajoyib asarini – «Oydinda yurgan odamlar» qissasini e’lon qildi.

Bu qissaning qahramonlari – Qoplonbek va Oymomo ham atrofdagilarga faqat yaxshilik tilaydigan, umrini ezgulikka baxshida etgan oliyjanob qalb egalaridir. Qissada buyuk muhabbat tuyg’usi bilan bir-biriga mangu bog’langan bu go’zal insonlarning butun hayot yo’li oydinda aytilgan qo’shiqday tarannum etiladi.

Qoplonbekka cheksiz kuch-quvvat, mardlik va shijoat, Oymomoga behad xushro’ylikni ato etgan ona tabiat, afsuski, ularni farzand ne’matidan bebahra qilgandi. Ular umrbod mana shu ne’mat ilinjida yashashadi, ne-ne gap-so’zlarga, g’iybat-pichinglarga chidashadi.

O’zlarini ko’rsatmagan tabib-u do’xtirlar, najot izlab bormagan joy qolmaydi. Farzand sog’inchi shu qadar kuchli ediki, yoshi o’tib, keksayib qolgan Oymomo qo’shni kelinning beshikdagi bolasini ovutib o’tirganda, qup-quruq ko’ksiga birdan sut keladi. U so’nggi nafasidagina onalik baxtidan bir lahza totinadi-yu, dunyodan ko’z yumadi…

Har qancha og’ir bo’lmasin, oraga tushgan qarindosh-urug’lar ularni ajralishib, boshqa oila qurishga zo’rlashmasin, Qoplonbek va Oymomo bir-birlaridan voz kechishmaydi. Qissa so’ngida, hatto, bu dunyodan ketganlaridan keyin ham ular oppoq oydin tunlari oydek sokin va unsiz suhbat quradilar. Bu ikki qalbning muhabbat qissasi eng pokiza insoniy hislar kuylangan abadiyat qo’shig’i bo’lib qoladi.

Qissa janrida yetarli tajriba orttirgan Tog’ay Murod 1993-yilda «Otamdan qolgan dalalar» nomli yirik romanni yozib tugatadi. Bu roman o’zbek xalqining chor Rossiyasi va sho’ro bosqini ostida o’tgan hayotini – yuz yildan ortiqroq tarixni o’zida mujassam etgan.

Asarda bir oilaning uch avlodi hayoti misolida butun millatning taqdiri juda ta’sirchan bo’yoqlarda ifoda etiladi. Oqposhshoning asl niyatini anglamay, bosqinchilarning uyatli qiliqlaridan orlanib, tug’ilib o’sgan yerini tashlab ketgan Jamoliddin ketmon XIX asrning oxiri – XX asrning boshlaridagi xalq vakili edi.

Nima qilib bo’lsa-da, yurt tuprog’ini bosqinchilardan tozalash niyatida qo’liga qurol olgan Aqrab (Chayon) XX asrning 20-yillarida milliy istiqlol yo’lida kurashgan bobolarimiz timsoli sifatida ko’rinadi. Ularning avlodi Dehqonqul esa o’sha paytdagi hukmron Moskvaning «paxta mustaqilligini ta’minlash» siyosati qurboni – millionlab huquqsiz kolxozchilarning umumlashma obrazidir.

«Otamdan qolgan dalalar» romani uchun Tog’ay Murod Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. Aynan shu roman e’lon qilingach, adibga O’zbekiston xalq yozuvchisi unvoni berilgan. Bu asar asosida taniqli kinorejissor Shuhrat Abbosov ikki qismli badiiy filmni suratga olgan.

Yuqorida Tog’ay Murodning xorijiy adiblar kitoblarini chanqoqlik bilan mutolaa qilganini aytgandik. U o’zi bahramand bo’lgan noyob asarlarga boshqalarni ham oshno etish umidida bir qancha tarjimalar ustida ish olib bordi. Jumladan, E. SetonTompsonning «Yovvoyi yo’rg’a» asarini zo’r muvaffaqiyat bilan ona tilimizga o’girdi.

Afsuski, iste’dodli yozuvchi Tog’ay Murod ayni ijodiy kuchga to’lgan paytda – 55 yoshida hayotdan ko’z yumdi. Uning ijod stoli ustida tugallanmagan qator asarlarning, tarjimalarning qo’lyozmalari qoldi. Shunday bo’lsa-da, yozuvchi yaratib, xalqiga yetkazishga ulgurgan ajoyib asarlari bois uning nomi va ishi kelgusi avlodlar qalbida ham aks sado berishi shubhasizdir.


Savol va topshiriqlar

  1. Tog’ay Murod va unga tengdosh yozuvchilar ijodiga xos bo’lgan asosiy xususiyatlarni biror asar misolida ko’rsatishga harakat qiling.
  2. Tog’ay Murodning darslikda keltirilgan qissasidan boshqa yanaqanday asarlarini o’qigansiz?
Previous article«Yulduzli tunlar» («Bobur») romani haqida (Pirimqul Qodirov)
Next articleYulduzlar mangu yonadi (qissadan boblar, Tog’ay Murod)