Yuksak o’simliklar – Юксак ўсимликлар

0

Юксак ўсимликлар. Yuksak o‘simliklar

Yo‘sinlar, Qirqbo‘g‘im, Qirqquloq, Ochiq urug‘li o‘simlik, Archa, Qarag‘ay, Yopiq urug‘li o‘simlik, O‘rik, Terak.

Йўсинлар, Қирқбўғим, Қирққулоқ, Очиқ уруғли ўсимлик, Арча, Қарағай, Ёпиқ уруғли ўсимлик, Ўрик, Терак. Йусинлар, Киркбугим, Кирккулок, Очик уругли усимлик, Арча, Карагай, Ёпик уругли ўсимлик, Урик, Терак


Yuksak o‘simliklarning tanasi ildiz, poya va bargdan iborat. Aksariyat yuksak o‘simliklarda ildiz yaxshi rivojlangan bo‘ladi. Ayrim o‘simliklarda ildiz bo‘lmaydi.

Masalan, suv qaroqchisi, yo‘sin. Yuksak o‘simliklar sporali va urug‘li o‘simliklarga ajratiladi. Spora o‘simliklarning keng tarqalishi, noqulay sharoitda yashab qolishini ta’minlaydi. Sporali yuksak o‘simliklarga yo‘sin, qirqbo‘g‘im va qirqquloqlar kiradi.


Yo‘sinlar

Yo‘sinlar – asosan zax joylarda o‘sadi. Erta bahorda yo‘l chetlarida, zax bosgan devorlarda yashil chim hosil bo‘ladi. Bu o‘simlik funariya yo‘sini hisoblanadi. Ingichka poyasida barglari ketmaket o‘rnashgan bo‘lib, ildizi bo‘lmaydi.

Tuproqqa rizoidlari bilan birikadi. Sporalari yordamida ko‘payadi. Sporalari qo‘ng‘ir rangli ko‘sakchalarda yetiladi. Qulay sharoitga tushgan sporadan yashil nozik suvo‘tga o‘xshash ipcha o‘sib chiqadi (35-rasm).

35-rasm. Funariya yo‘sini.

Qirqbo‘g‘im

Qirqbo‘g‘im – poya va barglari ko‘p bo‘g‘imlarga bo‘linganligi sababli shunday nomlangan (36-rasm). Ular yo‘sinlardan farq qilib, ildiz va ozuqa to‘playdigan ildizpoyaga ega. Dala qirqbo‘g‘imi ikki xil poya hosil qiladi.

Qirqbo‘gim.
36-rasm. Qirqbo‘gim.

Erta bahorda qo‘ng‘ir rangdagi poyao‘sib chiqadi. Uning uchki qismida spora beruvchi boshoq hosil bo‘ladi. Yozda yashil, nozik spora beruvchi poya rivojlanadi. Yozgi poya fotosintez qilib, ildizpoyada zaxira modda to‘playdi. Dala qirqbo‘g‘imining yashil poya va barglaridan tayyorlangan damlama tabobatda siydik haydovchi vosita sifatida qo‘llaniladi.


Qirqquloq

Qirqquloq – patsimon uzun poyada ko‘plab barglari joylashgan, ildizpoyali ko‘p yillik o‘simlik (37-rasm). Yoz oylarida barg ostida qo‘ng‘ir bo‘rtma – sorus hosil qiladi. Sorusda sporalar yetiladi.

37-rasm. Qirqquloq
37-rasm. Qirqquloq

Qadimda iqlim issiq va nam bo‘lgan sharoitda daraxtsimon qirqquloqlar uchragan. Ularning uzunligi 20–25 metrgacha yetgan. Iqlimning keskin o‘zgarishi natijasida daraxtsimon qirqquloqlar nobud bo‘lib, keyinchalik toshko‘mir qatlamlarini hosil qilgan. Hozirda bu o‘simliklar asosan ko‘p yillik o‘t ko‘rinishida uchraydi. Xona o‘simligi va manzarali o‘simlik sifatida ekiladi. Ayrim qirqquloqlardan tabobatda gijjaga qarshi kurashishda foydalaniladi.

O‘simliklarning ko‘payishi va tarqalishi sporali o‘simliklarda spora orqali, urug‘li o‘simliklarda esa urug‘ orqali amalga oshadi. Urug‘li o‘simliklar ochiq urug‘li va yopiq urug‘li o‘simliklar bo‘limini o‘z ichiga oladi.


Ochiq urug‘li o‘simlik

Ochiq urug‘li o‘simliklarga archa, qarag‘ay, qoraqarag‘ay, sarv kabi o‘simliklar kiradi. Ularning urug‘i qubbada ochiq holda yetiladi. Ochiq urug‘li o‘simliklarda urug‘chi qubbada tuxum hujayra, changchi qubbada chang donachasi yetiladi. Chang donachasi shamol yordamida tarqalgani uchun urug‘lanish jarayonida suv ishtirok etishi shart emas. Shu yo‘l bilan urug‘li o‘simliklar suv kam sharoitda yashashga moslashgan.

Ochiq urug‘li o‘simliklar poyasi shikastlansa, o‘zini himoyalash uchun smola ajratadi. Suyuqlik ichiga tushib qolgan hasharot o‘zgarmasdan saqlanadi. Smola yillar davomida qotib, kahrabo toshiga aylanadi (38-rasm). Bu tosh zargarlikda keng qo‘llaniladi.

38-rasm. Kahrabo toshi
38-rasm. Kahrabo toshi

Ochiq urug‘li o‘simliklar bargidan bakteriyalarni o‘ldiruvchi modda – fitonsid ajraladi. Shu sababli shifoxona va dam olish maskanlariga ko‘plab ochiq urug‘li o‘simliklar ekiladi va nafas yo‘li kasalliklarini davolashda foydalaniladi.


Archa

Archa – bo‘yi 20 metrgacha yetadigan, barglari tangachaga aylangan ko‘p yillik o‘simlik (39-rasm). Juda sekin o‘sadi, ming yil yashaydi.

39-rasm. Archa daraxtining qubbali shoxi
39-rasm. Archa daraxtining qubbali shoxi

Barglari galma-galdan yangilanganligi sababli doimo yashil rangda. Kam suv bug‘latish uchun tashqi tomondan mum bilan qoplangan. Urug‘lari yordamida ko‘payadi. Urug‘lari qubba mevalarda yetiladi. Tabiiy holda tog‘larda o‘rmon hosil qilib o‘sadi.

Mustahkam ildizlari bilan tuproqqa birikib, tog‘ni yemirilishdan asraydi. Manzarali o‘simlik sifatida virgin archasi, sharq sauri, tuya archasi ko‘plab ekiladi.


Qarag‘ay

Qarag‘ay – bo‘yi 30–40 m ga yetadigan yorug‘sevar daraxt (40-rasm). Barglari ninasimon, uzunligi 5–7 sm. Qarag‘aynikiga o‘xshash ninasimon bargga ega o‘simliklar ninabargli o‘simliklar deyiladi.

40-rasm. Qarag‘ayning qubbali shoxi
40-rasm. Qarag‘ayning qubbali shoxi

Qubbasi qattiq, yog‘ochsimon. Namlik yuqori bo‘l ganda qubba tangachalari yopilib, urug‘ni himoya qiladi. Havo quruq bo‘lganda tangachalar ochilib, qanotchali mevalari shamolda uchib ketadi. Qulay sharoitga tushgan urug‘dan yosh nihol rivojlanadi. Qarag‘ay archaga nisbatan tez o‘sadi. Poyasida smola bo‘lganligi sababli undan yasalgan qutilar mustahkam va pishiq bo‘ladi. Yog‘och poyasidan qurilishda, qog‘oz tayyorlashda keng foydalaniladi. Ninabarglarida efir moylari va fitonsid modda bo‘lgani uchun bodni davolashda, asabni tinchlantirishda qo‘llaniladi.


Yopiq urug‘li o‘simlik

Yopiq urug‘li o‘simliklar o‘simliklar dunyosida eng yosh va keng tarqalgan organizmlar hisoblanadi. Yopiq urug‘li o‘simliklarning urug‘i meva ichida, yopiq holda yetiladi. Ular gul hosil qilgani uchun gulli o‘simliklar deb ham nomlanadi. Bu bo‘limga kiruvchi o‘simliklar daraxt, buta va o‘t ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Gulli o‘simliklarga daraxtlardan o‘rik, terak; butalardan anor, limon; o‘tlardan qoqi, bug‘doy kabi o‘simliklarni kiritish mumkin.


O‘rik

O‘rik erta bahorda gullaydigan o‘simlik (41-rasm). Dastlab gul kurtaklari, keyin barg kurtaklarini yozadi. Bargi oddiy, tuxumsimon shaklda.

41-rasm. Gullagan o‘rik daraxti
41-rasm. Gullagan o‘rik daraxti

Dastlabki tukkan mevasi – dovuchcha vitaminga boy bo‘lib, iste’mol qilinadi. Pishgan mevasi yurakni quvvatlantirishda, qonni suyultirishda katta ahamiyatga ega. Quritilgan mevasi – turshak holida ham iste’mol qilinadi. Danagi ichidagi mag‘zi B guruh vitaminlariga boy, aqliy faoliyatni yaxshilaydi.


Terak

Terak uzunligi 30– 45 m, bargi oddiy tuxumsimon, poyasi tik va tez o‘suvchi daraxt. Avval gullab, keyin barg yozadi. May oyida teraklarning urug‘chili tuplarida momiqqa o‘xshash uchma meva hosil bo‘ladi (42-rasm). Uchma mevalari allergiya chaqirish xususiyatiga ega. Terak yog‘ochbop o‘simlik, asosan, uy-joy qurilishida va boshqa sohalarda ishlatiladi. Chang va shovqinni yaxshi yutadi. Ko‘pincha yo‘l chetlariga ekiladi.

42-rasm. Terakning uchma mevali shoxi va bargi
42-rasm. Terakning uchma mevali shoxi va bargi

Yuksak o‘simliklar juda xilma-xil bo‘lib, sporalari va urug‘lari yordamida ko‘payadi. Urug‘dan ko‘payadigan o‘simliklarda tashqi muhit o‘zgarishlariga turli moslanishlar paydo bo‘lgan. Urug‘larning meva bilan himoyalanganligi ularni keng tarqalishi uchun imkoniyat yaratadi. Shunga ko‘ra, hozirgi kunda yopiq urug‘li o‘simliklar keng tarqalgan.


  • yuksak o‘simlik
  • qirqquloq
  • yo‘sin
  • ochiq urug‘li
  • qirqbo‘g‘im
  • yopiq urug‘li

  1. Sporali o‘simliklarga misol keltiring.
  2. Qaysi yuksak sporali o‘simlikning ildizi bo‘lmaydi?
  3. Qaysi o‘simlik ikki xil poyaga ega?
  4. Qaysi o‘simlik sorus hosil qiladi?
  5. Ochiq urug‘li o‘simliklardan qanday maqsadlarda foydalaniladi?
  6. Yopiq urug‘li o‘simliklar yana qanday nomlanadi?
Previous articleTashbih, tanosub, irsoli masal san’atlari (adabiyot)
Next articleYo‘sinlar – Йўсинлар