Abdulla Qahhor hayoti va ijodi

0

Abdulla Qahhor hayoti va ijodi (1907-1968), Abdulo Qahor, Aбдуллo Кaххoр хaёти вa ижoди.

O‘zbek milliy nasrining zabardast vakillaridan biri yozuvchi Abdulla Qahhor 1907-yilning 17-sentabrida Qo‘qon shahridan uncha uzoq bo‘lmagan Asht qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi usta Abduqahhor temirchilik bilan shug‘ullanardi. Ustaning oilasida garchi juda ko‘p farzand tug‘ilgan bo‘lsa-da, ular orasidan faqat Abdullajongina yashab qolib, boshqalari go‘daklik chog‘laridayoq turli sabablarga ko‘ra vafot etishadi. Abdullajon tug‘ilgan davrini tasavvur qilar ekansiz, avvalgi darslarda o‘tilgan G‘afur G‘ulom mavzusi, o‘sha ijodkor, ayniqsa, uning Shum bolasi taqdiri darrov yodingizga tushgan bo‘lsa, ajab emas. To‘g‘ri sezdingiz – Abdulla Qahhorning bolalik yillari ham boshqa tengdosh yozuvchi-shoirlarniki singari juda og‘ir kechgandi. Yana bir o‘zbek shoiri Hamid Olimjon o‘sha yillarni eslab:

Men bir qora kunda tug‘ildim,
Tug‘ildim-u, shu on bo‘g‘ildim, –

deyishi bejiz emas edi. Zero, o‘sha yillardagi Turkiston o‘lkasi nihoyatda og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy tanglikni boshdan kechirardi. Abdulla Qahhor endigina yetti yoshga kirganida boshlangan Birinchi jahon urushi esa bu ahvolni yanada og‘irlashtirgandi.

Usta Abduqahhor tirikchilik uchun pul topish ilinjida Qo‘qon atrofidagi qishloqlarga ustaxonasini ko‘chirib borar, oila ham uning ortidan sarson-sargardon sudralib yurardi. Bir qishloqda yarim yil turilsa, boshqa birida ikki oyga yetar-yetmas temirchi usta qiladigan ishlarga ehtiyoj qolmasdi. Yana ko‘ch-ko‘ronni ko‘tarib yo‘lga chiqilar, qayerga borilsa, birovlarning uyi yoki tashlandiq hovlisida sig‘indi bo‘lib yashashga to‘g‘ri kelardi.

Bularning bari Abdullajonning – bo‘lg‘usi yozuvqilmasligi mumkin emas edi, albatta. Agar Abdulla Qahhorning «Sarob» romani (uning 1937-yildagi 1-nashridan o‘rin olgan temirchining o‘g‘li Sarimsoq tarixi), «O‘tmishdan ertaklar» (yozuvchi bolaligi to‘g‘risida batafsil hikoya qilingan avtobiografik asar) qissasi, o‘tmish hodisalari yoritilgan o‘nlab hikoyalariga nazar solsak, bu ta’sirning qanchalar kuchli bo‘lganini ko‘ramiz.

Mazkur asarlarida yozuvchi o‘sha kunlarni quyuq bo‘yoqlarda – xalq taqdiridagi eng og‘ir kunlar sifatida tasvirlaydi.

Abdullajonning savodi o‘sha qishloqlardagi eski maktablarda chiqqan bo‘lsa-da, ota-onasi Qo‘qonga ko‘chib kelib, muqim o‘rnashgandan keyingina u chinakam maktab ta’limini oladi. Avvaliga shahardagi sobiq xotin-qizlar gimnaziyasi o‘rnida tashkil qilingan internatda, keyin esa (1922–1924-yillari) o‘qituvchilar tayyorlanadigan texnikumda o‘qiydi.

U yillari savodli, qo‘lida qalami bor yoshlarga talab nihoyatda katta edi. Shu tufayli ham Abdulla Qahhor Turkiston o‘lkasining markazi – Toshkentga keladi va «Qizil O‘zbekiston» (hozirgi «O‘zbekiston ovozi») gazetasiga adabiy xodim bo‘lib ishga joylashadi. 1926–1930-yillar oralig‘ida O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning pedagogika fakultetida o‘qiydi. O‘qib yurgan kezlari «Mushtum» jurnalida, ko‘plab gazetalarda uning o‘nlab felyetonlari, hikoya va hajviyalari ketma-ket chop etiladi. Yozuvchi bu asarlar ostiga Norin shilpiq, Sarimsoq singari taxalluslar qo‘yardi.

Yosh yozuvchi tez orada yirik janrlarga ham dadil qo‘l uradi. Agar «Qishloq hukm ostida» nomli dastlabki qissasi 1932-yilda chop etilgan bo‘lsa, 1934-yilda u «Sarob» deb atalgan yirik romanini yozib tugatadi. 1935–1939-yillar oralig‘ida adibning uchta «Hikoyalar» to‘plami, 1937-yilning oxirida esa «Sarob» romani o‘quvchilarga kitob shaklida taqdim etiladi.

1939–1945-yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushi Abdulla Qahhor ijodida ham o‘z izini qoldirmay qo‘ymadi. O‘sha yillari adib fashist gazandalarini la’natlagan qator felyetonlar, urushda mardlik namunalarini ko‘rsatayotgan o‘zbek jangchilarini madh etgan maqolalar, urush ortida zahmatli mehnat qilayotgan qariyalar va ayollar to‘g‘risidagi o‘nlab hikoyalarini bitdi.

Urushdan keyin – 1949-yilda Abdulla Qahhor qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish (kolxozlashtirish) mavzusi yoritilgan «Qo‘shchinor» nomli romanini yozib, e’lon qiladi. Biroq matbuotda, Yozuvchilar uyushmasida va boshqa joylarda bildirilgan noo‘rin tanqidiy gaplar tufayli bu asar jiddiy qayta ishlanadi va «Qo‘shchinor chiroqlari» nomi bilan 1951-yilda boshqatdan chop etiladi.

Abdulla Qahhor milliy teatr san’atimiz rivojiga ham katta hissa qo‘shgan ijodkor sanaladi. Uning «Shohi so‘zana» (1951-yil), «Og‘riq tishlar» (1954-yil), «Tobutdan tovush» (1962-yil), «Ayajonlarim» (1967-yil) singari komediyalari o‘z davri tomoshabinlarining sevimli asarlariga aylangan edi.

Xuddi shuningdek, adibning «Sinchalak», «O‘tmish dan ertaklar», «Muhabbat», «Zilzila» (tugallanmagan) qissalari zamonaviy qissachilik rivojiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.

Abdulla Qahhorning qator hikoyalari, hajviy asarlari, «Sinchalak» qissasi, «Qo‘shchinor chiroqlari» romani asosida telespektakllar, video va badiiy filmlar suratga olingan.

Abdulla Qahhor 1968-yilning 25-may kuni vafot etdi va Toshkentdagi Chig‘atoy qabristoniga dafn qilindi. Poytaxtimizda adib yashab ijod etgan maskan bugungi kunda «Abdulla Qahhor uy-muzeyi»ga aylantirilgan.

O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Abdulla Qahhor «O‘zbekiston xalq yozuvchisi» unvoniga, mustaqillik davrida esa «Buyuk xizmatlari uchun» ordeniga munosib topilgan.


  1. Abdulla Qahhor hayoti va ijodiga xos bo‘lgan asosiy jihatlarniesda saqlab qolishga urining.
Previous articleHajviy asar haqida tushuncha
Next articleJoy planidan foydalanish