Hajviy asar haqida tushuncha

0

Hajviy asar tanqidiy va kulgi uyg‘otadigan badiiy asar hisoblanib, mazmuni va shakliga ko‘ra satirik va yumoristik ruhda bo‘ladi. Hajviy asarlarda jamiyat hayotidagi kamchiliklar, ayrim shaxslar fe’l-atvoridagi, xatti-harakatidagi qusurlar tanqid qilinadi, ya’ni kulgili qilib tasvirlanadi.

Hajviy asarlar turli usullarda yozilishi mumkin. Masalan, Muqimiyning «Maskovchi boy ta’rifida», «Saylov», «Dodhohim» va siz yuqorida tanishgan «Tanobchilar» asarlari she’riy hikoya tarzida yozilgan bo‘lsa, Hamzaning «Maysaraning ishi», «Tuhmatchilar jazosi», Abdulla Qahhorning «Og‘riq tishlar», Gogolning «Revizor» asarlari pyesa shaklida, Chexovning «Yovuz niyatli kishi», «Chiqdi», «Qiyshiq oyna», Abdulla Qahhorning «Adabiyot muallimi» hajviy asarlari hikoya janrida yaratilgan. Shuningdek, Ilf va Petrovlarning «O‘n ikki stul», «Oltin buzoqcha», Ne’mat Aminovning «Yelvizak» kabi hajviy yo‘nalishda bitilgan romanlari ham mavjudki, yoshingiz ulg‘aygach Siz ularni albatta topib o‘qiysiz deb ishonamiz. Hajviy asarlar jamiyat va kishilardagi salbiy jihatlarni tanqid qilish va fosh etish darajasiga qarab satirik va yumoristik ruhda bo‘ladi.

Muqimiy qalamiga mansub «Tanobchilar» she’riy hikoyasi satirik asardir. Chunki unda tanobchilarning asl qiyofasi ayovsiz fosh qilingan.

Hajviy asarlarda jamiyatdagi illatlarni, yomon xulqli kimsalarning kirdikorlarini yaqqol fosh etish uchun voqealar bo‘rttirib ko‘rsatiladi, mubolag‘a, fantaziya, sifatlash, o‘xshatish, qarshilantirish kabi badiiy tasvir vositalaridan keng foydalaniladi.

Masalan, «Tanobchilar» satirasidagi tasvir vositalariga e’tibor beraylik:

Sallalari boshlarida oq savat,
Ko‘rpacha tagda hamavaqt uch qavat.

Birlari mo‘ltoninamo, hiylagar,
Birlaridur kunda pix-u gavda xar.
(Sifatlashlar)

Sulton Alixo‘ja, Hakimjon ikav,
Biri xotun, birisi bo‘ldi kuyav.

Osh yesalar o‘rtada sarson ilik,
Xo‘ja – chiroq yog‘i, Hakimjon – pilik.
(O‘xshatish)

Og‘izlari maqtanib o‘n besh qarish,
Mayda suxan, ezmachuruk, zanchalish.
(Mubolag‘a)

O‘zgalarga rohat-u, menga azob.
(Qarshilantirish)

Bunday tasvir vositalarini boshqa hajviy asarlarda ham ko‘plab kuzatish mumkin.

Jahon adabiyotida, jumladan, o‘zbek adabiyotida ham hajviy asar yozma va og‘zaki adabiyotning mustaqil yo‘nalishi sifatida taraqqiy etib kelyapti. Mumtoz adabiyotimizning Gulxaniy, Maxmur, Muqimiy, Zavqiy, bugungi adabiyotimizning Said Ahmad, Ne’mat Aminov, Anvar Obidjon kabi hajvchi adib va shoirlari ijodi buning yorqin misolidir.

Previous articleTanobchilar (Muqimiy hikoya)
Next articleAbdulla Qahhor hayoti va ijodi