Avaz O’tar hayoti va ijodi

0

Avaz O’tar hayoti va ijodi, Аваз Ўтар ҳаёти ва ижоди, Аваз Утар хаёти ва ижоди,


Avaz O’tar (1884–1919)

Avaz O'tar hayoti va ijodi
Avaz O’tar hayoti va ijodi

O’zbek mumtoz adabiyotining taniqli vakili Avaz O’tar o’g’li o’zining ma’rifatparvarlik ruhidagi asarlari bilan adabiyotimiz tarixida alohida o’rin tutadi. Avaz O’tar o’g’li 1884-yil 25-avgustda Xiva shahrida hunarmand oilasida tug’ilgan. Shoirning otasi Polvonniyoz O’tar Gadoyniyoz o’g’li sartarosh edi. Xalq o’rtasida usta O’tar nomi bilan mashhur bo’lgan bu kishi san’at va adabiyotga juda qiziqardi. O’z zamonasining yetuk adiblari Ogahiy, Komil Xorazmiy, Mujrib Xonaxarobiy, Bayoniy kabi shoirlar bilan do’stona munosabatda bo’lib, tez-tez suhbatlashar, doimiy muloqot qilar edi.

Usta O’tar o’z uyida yuqorida tilga olingan shoir-u san’atkorlar, madaniyat ahli bilan suhbatlar uyushtirar, tabiiyki, Avaz ham ularda ishtirok etardi. Yosh Avazning she’riyatga erta havas qo’yishining sababi ham shunda bo’lsa, ajab emas.

Otasi Avazni sakkiz yoshida maktabga beradi. Avaz maktabdan keyingi tahsilni madrasada davom ettiradi. U Xo’ja Hofiz, Nizomiy, Jomiy, Lutfiy, Navoiy, Fuzuliy ijodini qiziqib o’rganadi.

Bundan tashqari, Munis, Ogahiy, Komil, Feruz kabi shoirlar bilan yaqindan muloqotda bo’ladi. Ular ta’sirida she’rlar yoza boshlaydi va tez orada iste’dodli shoir sifatida taniladi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Avaz O’tar o’n to’rt yoshlaridayoq she’r yozishga kirishgan, o’n sakkiz yoshlarida yetuk shoir nomini olib ko’pchilikning e’tiboriga tushgan. Iste’dodli shoir Avaz O’tar to’g’risidagi xabarlar xon saroyigacha yetib boradi. Uni saroyga taklif etadilar. Shoir bir qancha vaqt Xiva xoni saroyida ijod qiladi. Biroq uning bu yerdagi faoliyati ko’p davom etmaydi. Avvalo, saroydagi biqiq ijodiy muhit shoirning ko’ngliga o’tirmaydi, qolaversa, uning she’rlariga hasad bilan qaragan ayrim kimsalar turli bo’htonlar to’qib Avazni xonga yomon ko’rsatadilar.

Xonning buyrug’i bilan shoirni 200 darra urib jazolaydilar, hatto, uni aqldan ozganga chiqarib, yomonotliq qiladilar. Tazyiq va xo’rliklardan bezgan shoir saroyni tark etadi va ota kasbi – sartaroshlik bilan tirikchilik qila boshlaydi, ijod bilan qizg’in shug’ullanadi.

Biroq shoirga nisbatan tazyiqlar qaytadan davom etadi. Xiva xoni Muhammad Rahimxon II vafotidan so’ng otasi o’rniga taxtga o’tirgan Isfandiyorxon ham unga zulm qiladi, sog’lig’i busiz ham nochor bo’lgan Avazni bog’lab 50 darra urdiradi. Ma’naviy va jismoniy qiynoqlardan muttasil azob chekkan shoir uzoq yashay olmaydi – o’ttiz besh yoshida vafot etadi.

Avaz O’tar mumtoz she’riyatning g’azal, muxammas, masnaviy, mustazod, ruboiy, qit’a kabi keng tarqalgan janrlarida ajoyib asarlar yaratdi. Shoir o’z she’rlarini to’plab kattagina devon tuzgan va uni «Saodat ul-iqbol» deb nomlagan. Asarlar to’plami bir necha marta nashr etilgan.

Avaz O’tar turli mavzularda qalam tebratdi. Uning muhabbat haqidagi nozik hislarni uyg’otuvchi she’rlari hozirgacha kuyga solinib ijro etilayotgan bo’lsa, ma’rifatparvarlik ruhidagi asarlari ilm olishga, ma’rifatli bo’lishga da’vat bo’lib yangramoqda. Ular orasida, ayniqsa, «Til» she’ri alohida diqqatga sazovordir. U g’azal shaklida bitilgan bo’lib, Siz-u bizni til o’rganishga, ayniqsa, «g’ayri tilini bilishga sa’y qilish»ga, ya’ni chet tillarni o’rganishga da’vat qilishi bilan muhim. Darhaqiqat, xalqimiz «Til bilgan el biladi» deb bejiz aytmaydi. Shoir tilni insonlar, turli millatga mansub kishilarni birlashtiradigan, do’stlashtiradigan «robitai olamiyon» – kishilarning aloqa vositasi deb ataydi. Shuning uchun ham o’zgalar tilini ona tilidek bilish «foida kondur» deydi. Shoirning ma’rifatparvarlikni targ’ib etuvchi asarlaridan yana biri «Maktab» she’ridir. G’azal shaklidagi bu she’rda Avaz maktabni ilm-madaniyat manbayi sifatida ta’riflab shunday deydi:

Avaz himmatni qil oliy ocharg’a emdi maktabkim,
Baloi jahl-u nodonlikni barbod etgusi maktab.

Yuqorida biz ta’rif bergan «Til», «Maktab» she’rlarining o’zi ham shoirning ilm-fan jonkuyari, ma’rifat kuychisi bo’lganidan dalolat beradi.

Avaz O’tarning «Fidoyi xalqim» deb boshlanuvchi g’azalida shoirning mazlum xalq ahvoliga achinishi, uning mashaqqatli hayotidan cheksiz afsuslanishi yaqqol sezilib turadi. Shoir o’zi mansub xalqqa jonini fido qilishga tayyor:

Fidoyi xalqim bo’lsun tanda jonim,
Bo’lub qurbon anga ruhi ravonim.

Gar o’lsam darbadar mazlumlar uchun,
Budur maqsudi qalbi notavonim.

Na yaxshi o’ylakim, ma’qul-u manzur,
Avaz, xalqim uchun to’kulsa qonim.

Avaz O’tar she’rlari mazmun jihatdan chuqur, ta’sirchanligidan tashqari, ixcham va ravon bitilgan. Ushbu asarlar o’quvchini charchatib qo’ymaydi. Har bir she’rda kishi yuragini jizillatadigan his, joziba sezilib turadi. Shuning uchun ular ravon o’qiladi, tez tushuniladi va tez yodda qoladi.

Avaz O’tarning o’zbek adabiyotidagi o’rni buyuk. Shoir Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Hamza kabi shoirlar qatorida hurmat bilan tilga olishga loyiq ijodkor. Chunki Avaz O’tar ham xuddi ulardek ma’rifatparvarlik she’riyatini yuqori bosqichga ko’tarishga o’z hissasini qo’shdi.


Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.

G’ayri tilini sa’y qiling bilgani, yoshlar,
Kim ilm-u hunarlar bilonki ondin ayondur.

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka oni g’ayrat eting, foida kondur.

Ilm-u fan uyig’a yuboringlar bolangizni,
Onda o’qug’onlar bori yaktoyi zamondur.

Zor o’lmasun onlar dog’i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidan oni bag’ri to’la qondur.


Ochinglar, millati vayronni obod etgusi maktab,
O’qusin yoshlarimiz ko’nglini shod etgusi maktab.

Dil-u jon birla el maktab ocharga ijtihod etsin,
Nedinkim, bizni g’am qaydidin ozod etgusi maktab.

Ko’ngullarning sururi, dog’i ko’zlar nuridur farzand,
Alarning umrini, albatta, obod etgusi maktab.

Ota birla onaga farz o’qitmoq bizni majburiy –
Ki bizni yaxshiliq qilmoqqa mu’tod etgusi maktab.

Qayu millatga bizdek gar nasimi inqiroz yetsa,
Anga, albatta, mustahkamlik ijod etgusi maktab.

Bu ne navmidlikdur, maktab ochsak, oqibat bizni,
Aro’si kom ila maqsudga domod etgusi maktab.[1]

Avaz, himmatni qil oliy ocharg’a emdi maktabkim,
Baloyi jahl-u nodonlikni barbod etgusi maktab.


Fidoyi xalqim o’lsun tanda jonim,
Bo’lub qurbon anga ruhi ravonim.

Gar o’lsam darbadar mazlumlar uchun,
Budur maqsudi qalbi notavonim.

Mani solsa fano yo’liga davron,
Yurur ustimdin avlodi zamonim.

Umidim: yashasin maktab bolasi,
Alar har biri bir sheri jayonim.

Na yaxshi o’ylakim, ma’qul-u manzur,
Avaz, xalqim uchun to’kulsa qonim.


Biling, ushbu zamon g’amnokidurman,
Kuyib o’rtanmish elning xokidurman.
Avazkim, nazm elin cholokidurman[2],
Boshin olmoqqa xonning pokidurman.


Savol va topshiriqlar

  1. Avaz O’tar hayoti va ijodi haqida so’zlab bering.
  2. Avaz O’tarning hukmdorlar tomonidan ko’plab tahdid vatazyiqqa uchrashining sabablari to’g’risida mulohaza yuriting.
  3. Shoirning xon saroyida uzoq tura olmasligining sabablarinimada deb o’ylaysiz?
  4. Shoir «Til» she’ri orqali xorijiy tillarni bilish kishi va jamiyathayotiga qanday ijobiy ta’sirlar ko’rsatishini bashorat qiladi?
  5. «Til» she’ridagi «Til vositai robitai olamiyondur» deganjumlaning ma’nosini tushuntirib bering.
  6. Avaz O’tar «Fidoyi xalqim…» she’rida xalqqa o’z muhabbatini qanday badiiy vositalar orqali ifoda etgan? Fikringizni misollar bilan isbotlang.
  7. Uyda «Til» she’rini yod olib keling.

  • [1] M a z m u n i: Maktab bizni yaxshi tilak va orzularimizga yetishtiradi.
  • [2] Cholok – chaqqon, ziyrak.
Previous article«Zarbulmasal» asari haqida
Next articleAvaz O’tar sherlari (maktab she’ri)