Badiiy so‘z qudrati

0

Бадиий сўз қудрати. Badiiy so‘z qudrati.


Ilohiy kitoblarda aytilishicha, so‘z dunyodagi barcha narsalarning asosidir. Rivoyat qiladilarki, Tangri o‘zining qudrati va jamoliga ko‘zgu bo‘ladigan yaratiq barpo etishni istaydi-yu, kunlarning birida: «Yaral!» (arabchasi «Kun!») – degan so‘zni aytadi. Yaratgan amrining ifodasi bo‘lmish ana shu birgina so‘zning kuchi bilan o‘n sakkiz ming olam va undagi jamiki narsalar dunyoga keldi.

Demak, so‘z olam va undagi narsalardan oldin paydo bo‘lgan ekan. So‘zning cheksiz qudratini shundan ham bilsa bo‘ladi. Har qanday inson hayotida juda katta ahamiyat kasb etadigan badiiy adabiyot ana shunday qudratga ega bo‘lgan so‘z bilan ish ko‘radigan san’at turidir. Shuning uchun ham badiiy adabiyot so‘z san’ati deb yuritiladi.

Badiiy adabiyot san’atning murakkab va serqirra turi bo‘lib, insonda yuksak ma’naviyatni shakllantirishning eng ta’sirchan vositasidir. Insondagi ismsiz tuyg‘ular, nozik kechinmalar, ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitib, qo‘l bilan ushlab, til bilan totinib, burun bilan iskab bo‘lmaydigan ruhiy holat jilvalarini faqat so‘z yordamida ifoda etish mumkin. Badiiy adabiyot san’atning boshqa turlaridan asosiy ish quroli va materiali so‘z ekanligi bilan ajralib turadi.

San’atning adabiyotdan boshqa har qanday turi inson hayo ti yoki hissiyotining faqat birgina holatini ifoda eta olad i. Badiiy adabiyot esa tasvirlanayotgan narsa yoki kimsa ning hozirgi holatini qanchalik ishonarli aks ettirsa, uning o‘tmishini ham, kelajagini ham shunchalik ta’sirchan va jonli tasvirlay oladi.

Demak, odamda yuksak ma’naviy fazilatlarni shakllantirishda ko‘rkam (badiiy) adabiyotning imkoniyati benihoya katta. Siz teatr, kino, televideniyeda ham shunday imkoniyatlar bor-ku, deyishingiz mumkin. Unutmangki, har qanday spektakl, kino yoki telefi lmlarning negizida ham badiiy so‘z turadi.

Ko‘rkam adabiyotda aks ettirilgan hayot serqirra ekanidan tashqari, kishiga qattiq ta’sir ham qiladi. O‘zingizga juda yoqqan badiiy asarni o‘qigan holatingizni bir eslab ko‘ring. Asarda tasvirlangan obrazlarning ham, bu qahramonlar kechirgan tuyg‘ularning ham sizga to‘g‘ridan to‘g‘ri daхli yo‘qligini yaхshi bilasiz.

Asar dagi voqealar hozir ro‘y bermayotganligini ko‘rib turibsiz. Lekin siz asardan bosh ko‘tara olmaysiz. Asar qahramonlari sizga hech kim bo‘lmasalar-da, ular bilan go‘yo qarindosh-u taqdirdoshday bo‘lib qolasiz. Ularning tuyg‘u va kechinmalari siznikiga aylanib ketadi. Kitob qahramonlariga qo‘shilib quvonasiz yoki kuyunasiz. Ba’zan, hatto yig‘laysiz. Nega shunday? San’atning boshqa turlari ham odamga shu хilda ta’sir qilganligini ko‘rish mumkin. San’at asarlarining ta’sirchanligiga sabab nima ekan?

Mana, siz yettinchi yildirki, bir qancha o‘quv predmetlari bilan tanishib kelmoqdasiz. Ularning hammasi ham sizga cheksiz olamning biror tarmog‘idagi hodisalar haqi da ilmiy ma’lumotlar berishga intiladi. Bu o‘quv fanlari sizning aqlingizni o‘stirishga, tafakkuringizni yangi-yangi aхborotlar bila n boyitishga, shu tariqa sizni zamon talablarig a javob bera oladigan, hayotning sinovlariga chidaydigan qilib tayyorlashga хizmat etadi. Siz o‘rgangan o‘quv fanlari yordamida dunyoning sirlari haqida bilimga ega bo‘lasiz.

Badiiy asarlar ham sizning aqlingizni o‘stirishga хizmat qiladi. Lekin ular aqlingizdan ham ko‘ra ko‘proq hissiyoting izga, tuyg‘ularingizga ta’sir ko‘rsatadi. Badiiy asar yuragingizni bezovta qiladi. Sizni loqaydlikdan хalos etadi. Kitob varaqlari ichida yashayotgan qahramonlarning holatiga befarq bo‘lmaydigan odam o‘zining atrofi dagi tirik kishilar ning quvonch-u g‘amlariga ham loqayd qarab tura olmaydi.

Nima uchun badiiy asarlardagi qahramonlarning tuyg‘u-kechinmalari bizga o‘tadi, «yuqadi». Biror qiziqarli badiiy asarni o‘qigan kitobхon: «Ha, hayotda shunaqasi ham bo‘lar ekan- da», – deb qo‘ya qolmaydi. U qaysidir qahramonni yaхshi ko‘rib qoladi va unga o‘хshagisi keladi. Boshqa bir qahramondan esa nafratlanadi hamda unday bo‘lmaslikka intiladi. Asar ta’sirida bir muddat o‘yga cho‘madi.

Siz bultur o‘rgangan «Materik va okeanlar tabiiy geografi ya si», bu yil o‘qiydigan «O‘zbekiston tabiiy geografi yasi» singari darsliklarda kecha va kunduz, uning eng go‘zal hamda so‘lim fursati bo‘lmish tong to‘g‘risida, Quyosh haqida ancha ma’lumot beriladi. Quyosh bo‘lmasa, Yerda hayot bo‘lishi mumkin emasligi ham aytila di. Bu ma’lumotlar sizning bi limlaringizni ko‘paytirishga ta’sir qiladi. Ular tufayli kecha, kunduz, tong va hokazolar borasida oldin bilmagan narsa lardan xabardor bo‘lasiz. Ayni vaqtda, Sizda tongning juda go‘zalligi haqida tushuncha ham paydo bo‘ladi. Lekin bu tushuncha va axborotlar tafakkuringizni o‘stirsa ham hissiyot va tuyg‘ularingizga deyarli ta’sir qilmaydi. Endi shoir Rauf Parfi ning «Tong otmoqda…» deb nomlangan she’ridan bir parchani o‘qib ko‘raylik:

Tong otmoqda. Tong o‘qlar otar
Tong otmoqda, Quyosh – zambarak.
Yaralangan Yer shari yotar
Boshlarida yashil chambarak.

Shoir tong otishi qanday sodir bo‘lishini batafsil tasvirlab, nima uchun shunday bo‘lganligini ilmiy asosda tushuntirib bera yotgani yo‘q, balki mavjud hayotiy holatning badiiy man zarasini yaratmoqda. Bu manzarada tabiatshunoslik yoxud geografi ya ilmidagi axborotlarda bo‘lmagan bir narsa – shoirning tuyg‘u va kechinmalari bor! Shoir tong otish jarayonini juda go‘zal tasvir etadi. O‘quvchini ham tongning chindan-da chi royli otishiga ishontiradi.

Quyosh ning zambarak bo‘lib, «o‘qlar» (nurlar) otishi, o‘sha o‘q lardan Yerni ng yaralani shi va bu yaralanish tufayli o‘lim emas, balki boshida «yashil chambarak», ya’ni hayot paydo bo‘lishi juda ham o‘ziga xos, ta’sirchan ifodalangan. Ayni damda, she’rda ma’lum darajada ilmiy axborot ham yo‘q emas.

Chor Rossiyasi tomonidan bosib olingan ona yurtimiz Turkis tonning ozodligi yo‘lida kurashgan kishilarni bolsheviklar qanday shafqatsizlik bilan qirganligi, o‘lka nechog‘liq oyoqosti etilganligi to‘g‘risida tarixchi olim shunday yozadi: «Butun Turkiston o‘lkasida 1918-yildan 1930-yillargacha davom etgan milliy ozodlik kurashi jarayonida halok bo‘lganlarning sonini hech kim bilmaydi. Taxminiy hisob-kitob qilishlaricha, faqat Turkiston o‘lkasida halok bo‘lganlar soni 800000 dan ortiq… Ko‘plab oilalar o‘z uy-joylarini tashlab, …boshqa o‘lkalarga bosh olib ketishga majbur bo‘ldilar. O‘nlab qishloqlar bo‘shab, quzg‘unlar o‘lkasiga aylangan, dalalarni o‘t-o‘lan bosib, ekin ekilmay qolgan»[1].

Xuddi shu hodisa ko‘plab turkistonlik vatanparvar adiblar tomo nidan turli janrlardagi asarlarda zo‘r qayg‘u-alam bilan aks ettirilgan. Cho‘lponning «Buzilgan o‘lkaga» she’ridan olingan q uyi da gi parchaga quloq tutaylik:

Ko‘m-ko‘k, go‘zal o‘tloqlaring bosilg‘on,
Ustlarida na poda bor, na yilqi.
Podachilar qaysi dorga osilg‘on?
Ot kishnashi, qo‘y ma’rashi o‘rniga
Oh, yig‘i. Bu nega?!

Cho‘lponning she’ri ham bolsheviklar qirg‘ini, sho‘ro mustamlakachilari tomonidan o‘lkamizning vayronaga, o‘lik xonaga aylantirilgani haqida. Lekin bunda bironta raqam, bironta ism, nasab, nom keltirilmaydi. Vayron qilingan shaharlar, egasiz qishloqlar sanalmaydi. Shunday bo‘lsa ham o‘quvchi qalbida bosqin chiga nafrat uyg‘onadi, u millatimiz boshiga ko‘p balolar keltirgan yovuz lardan g‘azablanadi, o‘tmishga beparvo qaramaydigan bo‘ladi. Aslida tarixchi olim ham raqamlarni loqaydlik bilan keltirgan emas. Uning ham qalbida nafrat tug‘yon urganligi ayon. Lekin ilmda olim xolis bo‘lishi shart. Xolis tasvir o‘quvchining ongiga ta’sir ko‘rsatsa ham, tuyg‘ularini junbishga keltiradigan darajada bezovta qilmaydi.

Cho‘lponning she’ri esa aynan tuyg‘ularga ta’sir ko‘rsatish uchun bitilgan. U she’rxonning hissiy dunyosini bezovta qiladi. Chunki shoirning o‘zi tuyg‘ular girdobida. U xolis emas. Negaki, yomon ko‘rmay turib, nafrat qo‘zg‘ashning, yaxshi ko‘rmasdan esa, muhabbat uyg‘otishning imkoni yo‘q. Demak, olim ilmiy tad qiqotda xolis bo‘lishga, tuyg‘ularini mumkin qadar jilovlab, kechinmalarini bildirmaslikka urinishi shart bo‘lsa, shoir o‘z hissiyotini yashirmaydi, uni imkon qadar o‘quvchiga «yuqtiradi». Shuning uchun ham badiiy asar ta’sirchan bo‘ladi. Uning musiqiy ohangi, so‘zlarning mahorat bilan ishlatilishi natijasida paydo bo‘lgan sehr li holat o‘quvchini o‘ziga jalb etadi. Aytilganlardan хulosa qi lish mumkinki, inson ilmiy adabiyot orqali dunyoni aql bilan tanisa, badiiy adabiyot orqali olamni ko‘ngil bilan tuyadi. Shu ma’noda ada biyotni hayotning in’ikosi (surati) deyish mumkin. Ammo unin g suratga tushirilgan ayni nusхasi emas.

Badiiy adabiyotning ilmdan tub farqi shundaki, u ma’naviy haqiqatlarni aks ettiradi, fan esa ilmiy haqiqatlarni ifoda etadi. Il miy haqiqatning haqiqatligi fi kr, mantiq orqali bilinsa, ma’naviy haqiqatni his-tuyg‘u vositasida tuyish mumkin. Ma’naviy haqiqatlar inson mavjudligining maqsadini belgilab bersa, ilmiy haqiqatlar ana shu maqsadga erishishga хizmat qiladigan vositalarni topib beradi. Bu holat shuni ko‘rsatadiki, inson faoliyatida ma’naviyat birlamchi ahamiyatga ega, ammo ilmsiz uni shakllantirish mumkin emas. Chunki ma’naviyatsiz fan bo‘lmaganidek, ilmsiz ma’naviyat ham yo‘qdir.

Badiiy asarlarning kishida his-tuyg‘u uyg‘otishining sababi shundaki, har qanday badiiy asar, avvalo, kechinma, hissiyot, munosabatning mahsulidir. Adabiyotdan bo‘lak o‘quv fanlarida hissiyot bo‘rtib, ko‘zga tashlanib turmaydi. Badiiy adabiyotda, asosan, tuyg‘ular bilan ish ko‘riladi. Hamisha ta’sirlar og‘ushida, munosabatlar va kechinmalar qurshovida bo‘linadi. Chunki yozuvchi o‘z kechinma va hissiyotlarini kitobхondan bekitmaydi, aksincha, unga yuqtirishga intiladi. Mana shu ning uchun ham badiiy asar qahramonlari хuddi tirik odamlarday, go‘yo yaqin kishilarday kitobxonni bezovta qiladi, o‘ylantiradi.

Asar yozayotgan ijodkor hech qachon хolis turmaydi. Chunki ijod jarayonining o‘zi хolislik, betarafl ik holati ning buzilishi oqibatidir. Shuning uchun ham ijodkor hamisha tuyg‘ular og‘ushida bo‘ladi. Chinakam ijod namunalari ijodkorlarning hissiyotlari ifodasidir. Adib doimo nimanidir yoq laydi yoki inkor qiladi. Yozuv chining tuyg‘ulari nechog‘liq kuchli, nigohi o‘tkir, dardlari sal moqli, tili biyron bo‘lsa, o‘quvchi uning asarlariga shunchalik qattiq beriladi. Buning ustiga, badiiy asarlarning o‘ziga хos musiqiyligi, ohangdorligi, so‘zlarning mahorat ila ishlatilishi tufayli paydo bo‘lgan holat, ijodkorning dunyoni tasvirlashdagi o‘ziga хosligi kitobхonni rom etadi.

Ba’zilar badiiy asarlarning ta’sirchanligiga sabab ularda qiziqarli voqealarning tasvirlanganligi deb o‘ylashadi. Holbuki, qiziqarli voqealarning o‘zi hali asarning badiiyligini to‘la ta’minlay olmaydi. Aхir, har bir odamning boshidan qanchadan qancha qiziq voqealar, sarguzashtlar o‘tgan. Lekin ular qog‘ozga tushirilsa, badiiy asar bo‘lib qolavermaydi-ku?! Ko‘rinadiki, badiiy adabiyotni ilmiy adabiyotdan farqlab turadigan narsa uning qiziq voqealar tasviriga bag‘ishlangani emas ekan. E’tibor qilgan bo‘lsangiz, siz shu vaqtga qadar o‘qigan, yodlagan ko‘pgina she’rlarda, umuman, hech qanday voqea tasvirlanmaydi ham. Lekin ular sizga ta’sir ko‘rsata olga n.

Ko‘rkam adabiyotning asosiy belgisi va odamga chuqur ta’sir etishining boisi uning obrazli ekanidir. Agar shunday bo‘lsa, badiiy obraz o‘zi nima degan savol tug‘iladi. Yuqorida aytilganlarga asoslanadigan bo‘lsak, qisqagina qilib ijodkorning fi kr, tuyg‘u, hissiyot va kechinmalari singdirilgan manzara tasviri badiiy obrazdir deyish mumkin. Demak, adabiyot adibning fi kriga uning his, tuyg‘u va se zimlari ham aralashgani uchun boshqalarga ta’sir qiladi. Biror joyda biror kishi bilan bo‘lgan voqea shunchaki aytib berilsa, u jo‘ngina aхborot bo‘lishi mumkin, lekin ada biyot bo‘lolmaydi.

Badiiy obrazga berilgan ta’rifdan ham ko‘rinib turib diki, ijodkor yaratgan asari orqali fikr aytish bilangina kifo yalanmay, o‘z tuyg‘u va hissiyotini ham aks ettiradi. Bunga to‘laroq erishish uchu n tasvirni e’tiborni torta digan ohangga bo‘ysundirishga, kishiga ta’sir qiladigan qiziqarli shaklga so lishga urinadi. Oddiy axborot berish yoki aytib qo‘ya qolish bilan obrazlilikka erishish mumkin emas.

Tasvirning obrazliligini ta’minlash uchun so‘zning oddiy odamlar nazaridan yashirin imkoniyatlaridan foydalana bi lish lozim. Chunonchi, inson hayoti ham og‘ochning umriga o‘xshaydi: avval nozik ko‘chat bo‘ladi, keyin barq urib ko‘karadi, so‘ng qiyg‘os gulga kiradi, bir payt daraxt yaproqlari to‘kiladi va vaqti kelib qurib qoladi yo‘sinidagi fi kr shoir tomonidan:

Umr deganlari o‘tmakda shoshqin,
Tilla barglarini elab yo‘limga, –

tarzida ifodalanadi. Umrning o‘tkinchiligi haqida biz avval bildirgan fi krlar to‘g‘ri bo‘lsa-da, ularda favqulodda o‘ziga xoslik yo‘q. Shu bois ular esda qolsa-da, eshituvchiga kuchli ta’sir ko‘rsatmaydi. She’riy parchada esa, yorqin, o‘ziga xos obrazli ifodalar borki, bular asarning ta’sirchanligini ta’minlagan.

Badiiy adabiyot san’atning nihoyatda qadimiy turidir. Insoniyat paydo bo‘lgandan buyon badiiy asarlar yaratilib kelinmoqda deb bemalol aytish mumkin. Rivoyat qilishlaricha, dunyo dagi birinchi she’rni hazrati Odamota (Odam Ato) o‘g‘li Hobilning o‘ldirilishi munosabati bilan aytgan ekan.

Insonning hayotiga yozuv kirib kelib, keng yoyilgunga qadar badiiy asarlar og‘zaki tarzda yaratilgan va iste’dodli kishilar tufayli og‘izdan og‘izga o‘tib kelgan. Yozuv paydo bo‘lgach va savodli kishilar birmuncha ko‘paygach, badiiy asarlar turli narsalarga yozila boshlagan va bu bilan insoniyatning yo‘qolmas mulkiga aylangan. Qay tarzda yaratilganligi va kishilik хotirasida qaysi shaklda saqlanib qolganligiga ko‘ra badiiy adabiyotni ikki turga ajratishadi: og‘zaki va yozma adabiyot. Og‘zaki adabiyot qadimiy, yozma adabiyot esa undan keyinroq paydo bo‘lgan. Siz yozuv ning og‘zaki nutqdan keyin paydo bo‘lganini bilasiz. Og‘zaki ada biyot yoki хalq og‘zaki ijodi namunalarining dastlab kim tomonidan yaratilganligi ma’lum bo‘lmaydi. Bu хildagi asarlar og‘izdan og‘izga o‘tib yetib keladi. Badiiy adabiyot ifoda хususiyatiga ko‘ra lirik, epik va dramatik singari turlarga bo‘linadi. Har bir adabiy tur esa, o‘z navbatida muayyan janrlardan tashkil topadi. Bu haqda siz o‘quv yili davomida chuqurroq bilib olasi z.

Odamda ko‘ngil bo‘lganligi uchun ham u hamisha go‘zallikka intilib yashaydi. Mutafakkirlarning: «Dunyoni go‘zallik qutqaradi», – degan iborasi, aslida, olamni pokiza ko‘ngil saqlab qolishi mumkin deganidir. Shuning uchun ham san’at odamlar hayotida muhim o‘rin tutadi. Chunki uning yordamida inson ko‘ngli ezgulik va go‘zallikka oshno bo‘ladi.


[1] Yurakdagi Buxoro (to‘plam). Toshkent. «Sharq», 1998. 55bet.


Savol va topshiriqlar:

  1. So‘zning ilohiy mohiyatini tushuntirishga urinib ko‘ring.
  2. Ko‘rkam adabiyotning so‘z san’ati deyilishi sababini tu-shun tiring.
  3. Badiiy adabiyot san’atning boshqa turlariga qaraganda ser-qirra va ifoda imkoniyati kengligi sababini izohlang.
  4. Badiiy va ilmiy adabiyotlar o‘rtasidagi asosiy farqni ko‘rsating.
  5. Badiiy obraz tushunchasiga ta’rif bering.
  6. Adabiy asarning kitobxon tuyg‘ulariga ta’sir etish sababi ni mada?
  7. Og‘zaki va yozma adabiyotga xos belgilarni ko‘rsating.
  8. Borliq badiiy adabiyotda san’atning boshqa turlariga qara-ganda to‘laroq aks ettirilishi sababini izohlang.
Previous articleGipoteza, Dispozitsiya, Sanksiya nima?
Next articleHamza Hakimzoda Niyoziy hayoti va ijodi