Buyuk Ipak yo‘li

0

Buyuk Ipak yuli. Uzunligi 12000 km bo‘lgan Buyuk Ipak yo‘li miloddan avvalgi II asrda ochildi. Bu yo‘l faqat savdo yo‘li emas edi. U, ayni paytda, dunyo xalqlari o‘rtasida madaniy hamda davlatlararo aloqalar yo‘li sifatida ham xizmat qildi. Yo‘l Xitoyning Xuanxe daryosi bo‘yida joylashgan Sian shahridan boshlanib, ikki yo‘nalishli bo‘lgan.

Birinchi yo‘nalish – Xitoydan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘nalish edi. Samarqandda yo‘l yana ikkiga bo‘lingan.

Buyuk Ipak yo‘li

Biri Eron orqali O‘rtayer dengizigacha, ikkinchisi Shimoliy Kavkaz orqali Qora dengizgacha yetib borgan.

Ikkinchi yo‘nalish Xitoydan boshlanib, Pomir – Tyan-Shan tog‘ tizmalaridan o‘tib, Afg‘onistonga, undan Hindistonga olib chiqqan.

«Buyuk» so‘zi yo‘lning juda uzun bo‘lganligini hamda juda ko‘p xalqlar taqdiriga aloqador bo‘lganligini anglatadi, «ipak» so‘zi esa yo‘lning, asosan, ipak savdosiga xizmat qilganligini bildiradi.

Ipak mahsulotlari Yevropa xalqlarini juda maftun etgan. U zamonlarda Yevropa ipak nimaligini bilmagan. Bizning bobolarimiz va xitoyliklar ipakdan ajoyib matolar to‘qiganlar. Bu matolar yevropaliklarni lol qoldirgan. Ba’zi yozma manbalarda yozilishicha, hatto bir vaqtlar ipak mato o‘rami pul o‘rnida ham ishlatilgan.

Buyuk Ipak yo‘lidagi bozor
Buyuk Ipak yo‘lidagi bozor

Buyuk Ipak yo‘li qaysi davlat hududidan o‘tgan bo‘lsa, shu davlat hukmdorlari yo‘l yoqasida bekatlar, karvonsaroylar qurdirganlar. Yo‘lning xavfsiz bo‘lishi choralarini ko‘rganlar.

Chunki, bu yo‘l tufayli shu davlatning ham savdo-sotiq ishlari rivojlangan. Qolaversa, savdo karvonlarining egalari boj ham to‘laganlar. Bu esa davlat xazinasiga katta daromad keltirgan. Buyuk Ipak yo‘li yurtimiz tarixida ham katta iz qoldirdi. Buyuk Ipak yo‘li dunyo xalqlariga o‘n yetti asr davomida xizmat qildi.

Previous articleQadimgi karvon savdo yo‘llari
Next articleYangi dengiz savdo yo‘llarining ochilishi