Qadimgi karvon savdo yo‘llari

0

Savdo-sotiq ishlari barcha davrlarda kishilar hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.

Savdo-sotiq davlat iqtisodiy taraqqiyotiga ham katta ta’sir ko‘rsatgan. Shu tufayli ham turli mamlakatlar o‘zaro foydali savdodan juda manfaatdor bo‘lganlar.

Bu esa qadimda ham muhim savdo yo‘llari ochilishiga olib keldi. O‘z hududidan savdo karvonlari o‘tadigan mamlakatlar yo‘l atroflariga savdogarlar uchun barcha zarur qulayliklarni yaratib berganlar. O‘zlarining va mollarining xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rganlar.

Qadimgi karvon savdo yo‘llaridan biri «La’l yo‘li» deb atalgan. Bu yo‘l miloddan avvalgi 3–2-ming yilliklarda ochilgan.

Yo‘lning «La’l yo‘li» deb atalishiga bu yo‘ldan qimmatbaho la’l toshining tashilishi sabab bo‘lgan. U lojuvard deb ham ataladi.

«La’l yo‘li» Pomir tog‘idan boshlanib, Eron, Mesopotamiya va Misr orqali o‘tgan. La’l toshlaridan yasalgan buyumlar hatto Misr fir’avnlari maqbaralari (ehromlari)dan ham topilgan.

Qadimgi mashhur savdo yo‘llaridan yana biri «Shoh yo‘li» deb ataladi. Unga Eron shohi Doro I asos soldi. Uni Eron shohlari nazorat qilishgan. «Shoh yo‘li» ikki yo‘nalishli bo‘lib, birinchisi O‘rtayer dengizi bo‘yidagi turli shaharlarni Eron bilan bog‘lagan bo‘lsa, ikkinchisi Eron va Baqtriya orqali o‘tib Oltoy va Hindistongacha borgan.

Qadimgi dengiz savdo yo‘li

Qadimgi davrlarda dengiz savdo yo‘llari ham mavjud bo‘lgan. Shulardan biri O‘rtayer dengizining sharqiy sohilida yashagan qadimgi finikiyaliklar ochgan dengiz savdo yo‘li edi.

Finikiyaliklar  o‘z davrining jasoratli dengizchilari bo‘lganlar. Finikiyaliklar birinchi bo‘lib O‘rtayer dengiziga yo‘l ochganlar. Ular shimolda, Gibraltar bo‘g‘ozi orqali Britaniya orollarigacha, Qizil dengiz orqali Hind okeaniga suzib borganlar.  Finikiyaliklar o‘sha davr uchun mustahkam savdo kemalari yasaganlar. Ular yelkanlar yordamida yurgan va ko‘p yuklarni tashiy olgan. Finikiyaliklar kechalari yo‘ldan adashib ketmaslik uchun yulduzlarga qarab suzishni bilganlar.

Finikiya – Hozirgi Livan va Suriya davlatlari hududining bir qismida mavjud bo‘lgan qadimgi davlat.[1]


Savol va topshiriqlar

  1. Nega qadimgi davrlarda ham savdo yo‘llari ochilgan?
  2. «La’l yo‘li» va «Shoh yo‘li» haqida nimalarni bilib oldingiz?
  3. Buyuk Ipak yo‘lining ochilishi va uning dunyo xalqlari hayotida tutgan o‘rni haqida so‘zlab bering.
  4. Qadimgi finikiyaliklar ochgan dengiz savdo yo‘llari haqida nimalarni bilib oldingiz?

[1] O‘zME. – T.: «¤çÌÝ». 2008. 9-jild. 252-bet.

Previous articleDastlabki tangalar. Tangalar – tarix guvohi
Next articleBuyuk Ipak yo‘li