Yangi dengiz savdo yo‘llarining ochilishi

0

Dengiz savdo yo‘llariga ehtiyojning o‘sishi

Milodning XV asri oxiri va XVI asr boshlarida Yevropa qit’asi davlatlarida yangi dengiz savdo yo‘llariga ehtiyoj yanada kuchaydi. Bunga nimalar sabab bo‘ldi?

Birinchidan, XV asr oxiri – XVI asr boshlarida Yevropada tovar ishlab chiqarish yuqori sur’atlarda o‘sa boshladi. Bu esa turli xomashyolarga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Biroq, Yevropa qit’asining o‘zida xomashyo kamligi tufayli ushbu talabni qondira olmadi.

XV asr Amerika xaritasi
XV asr Amerika xaritasi

Bundan tashqari, Yevropada savdo-sotiqning rivojlanishi pulga bo‘lgan ehtiyojni ham oshirib yubordi. Ko‘p miqdorda pul zarb etish uchun ko‘plab oltin va kumush kerak edi. Yevropada esa bunday nodir metallar kam bo‘lgan. Shu tufayli yevropaliklar ularni boshqa qit’a mamlakatlaridan olib kelishni o‘ylay boshladilar. Ularning ongini o‘zga o‘lka xalqlarining oltin-kumushlari va boshqa boyliklarini egallash chulg‘ab oldi. Biroq, yevropaliklar Buyuk Ipak yo‘lidan va O‘rtayer dengizi orqali o‘tadigan dengiz savdo yo‘lidan foydalana olmas edilar. Chunki, bu yo‘llarning nazorati  yevropaliklarning  asosiy raqibi Usmoniylar  davlati (Turkiya) qo‘lida edi. Binobarin, bu yo‘llar yevropaliklar uchun xatarli bo‘lib qoldi. Bunday sharoitda yangi dengiz savdo yo‘llarini ochish zaruriyatga aylandi. Bu davrda yevropaliklarda yangi dengiz savdo yo‘llarini ochishga imkon beruvchi  mustahkam kemalar hamda o‘zlarini himoya qilishga imkon beruvchi  zamonaviy harbiy qurollar mavjud edi.

Bundan tashqari, ular dengizda kompas va  astrolyabiyadan  foydalanishni bilar edilar.

Yangi dengiz savdo yo‘llarining ochilishi

Portugaliya va Ispaniya dengizchilari yangi dengiz yo‘llari ochilishining tashabbuskorlari bo‘lishdi. Yangi dengiz yo‘llarini ochish dengizchilardan katta dovyuraklikni ham talab etgan, albatta.

Yangi dengiz savdo yo‘li ochishga birinchi bo‘lib Ispaniya qirolligiga xizmat qilgan dengiz sayyohi admiral Xristofor Kolumb rahbarlik qildi.

U o‘z oldiga Yevropadan Atlantika okeani orqali Hindistonga boradigan dengiz yo‘li ochishni maqsad qilib qo‘ydi.

Nihoyat, 1492-yilning yozida X.Kolumb boshchiligidagi 3 ta kema Atlantika okeani orqali harakatni boshladi. Shu yilning oktabr oyida sayohatchilar quruqlikka kelib tushdilar. X. Kolumb Hindistonga yetib keldim, deb o‘yladi. Biroq, u Hindistonga emas, yangi qit’a — Amerikaga kelib qolgan edi. Shu tariqa Amerika qit’asi kashf etildi.

1492-yilning 12-oktabri Amerika qit’asi kashf etilgan sana bo‘lib tarixga kirdi.

X.Kolumb ochgan o‘lkalar Ispaniya qirolligi mulkiga aylandi.

Keyingi kashfiyotlar

1498-yilda  Atlantika okeani orqali Hindistonga boriladigan dengiz yo‘lini portugaliyalik sayyoh Vasko da Gama ochishga muvaffaq bo‘ldi.

Keyinchalik  yevropalik boshqa sayyohlar Avstraliya (Janubiy yer) qit’asini ham kashf etishdi.

Odamlar uchun o‘zlari yashagan davrgacha noma’lum bo‘lgan yangi yerlarning izlab topilganligiga buyuk geografik kashfiyotlar deyiladi.

Jahon savdo aloqalari

Buyuk geografik kashfiyotlar tufayli yangi savdo yo‘llari ochildi. Bu yo‘llarning ochilishi, o‘z navbatida, jahon savdosini vujudga keltirdi. Natijada kishilik jamiyati rivoji yanada tezlashdi. Buyuk geografik kashfiyotlardan keyin Angliya eng muhim dengiz savdo yo‘llari ustidagi davlatga aylandi. Bu esa unga jahon savdosida yetakchilikni qo‘lga kirita borishga imkoniyat yaratdi. Poytaxt London shahri savdo kemalari to‘xtaydigan yirik port shahriga aylandi.


Admiral (dengiz hukmdori) – harbiy dengiz floti qo‘mondonlariga beriladigan oliy harbiy unvon.[1]

Astrolyabiya – XVIII asrgacha biror joyning geografik joylashuv holatini, vaqtini, yulduzlarning chiqish va botish paytini aniqlashda ishlatib kelingan asbob.[2]

Kompas – dunyoning tomonlarini aniqlaydigan, mili doimo shimolni ko‘rsatib turadigan asbob.3

Port – dengiz yoki daryo qirg‘og‘ida kema turadigan va ta’mirlanadigan, yuk ortish va tushirishga mo‘ljallangan hamda yo‘lovchilarga xizmat qiladigan maxsus jihozlangan joy.4


Savol va topshiriqlar

  1. Qanday omillar yevropaliklar oldiga yangi dengiz yo‘llari ochish vazifasini ko‘ndalang qilib qo‘ygan?
  2. Yangi dengiz yo‘llarining ochilishida X.Kolumb qanday rol o‘ynadi?
  3. Portugaliyalik dengiz sayyohlari yangi dengiz yo‘llari ochilishiga qanday hissa qo‘shganlar?
  4. Buyuk geografik kashfiyotlar deb nimaga aytilgan va uning tarixiy ahamiyati nimalardan iborat bo‘lgan?
  • [1] O‘zME. – T.: «¤çÌÝ». 2006. 1-jild. 40-bet.
  • [2] O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2006. 1-jild. 111-bet. 3 O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2006. 2-jild. 396-bet. 4 O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2007. 3-jild. 298-bet.
Previous articleBuyuk Ipak yo‘li
Next articleIshlab chiqarish texnikasining paydo bo‘lishi