Ishlab chiqarish texnikasining paydo bo‘lishi

0

Ishlab chiqarish texnikasi nima?

Ishlab chiqarish texnikasi inson mehnatini yengillashtiradigan va mehnat unumdorligini ko‘p marotaba oshirishga imkon beradigan mehnat qurollaridir.

«Ishlab chiqarish texnikasi» iborasi o‘rnida «mashina» iborasi ham ishlatiladi.

Texnikaning avvalgi mehnat qurollaridan asosiy farqi — uning ishlab chiqarishda inson qo‘l mehnatini keskin kamaytirishi yoki unga umuman o‘rin qoldirmasligidir. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Motiga, omoch, plug, charxpalak, urchuq, charx, to‘quvchilik dastgohlari, shamol tegirmoni va boshqalar odam qo‘l mehnatini eng ko‘p darajada yengillashtirishga imkon beradigan texnikani yaratish yo‘lidagi dastlabki ixtirolar bo‘ldi.

Sanoatda ishlab chiqarish texnikasining paydo bo‘lish sabablari

Sanoat xo‘jalikning texnika yordamida xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan sohasidir. Sanoatda ishlab chiqarish texnikasining qo‘llanishi XVIII asrga kelib dastlab Angliyada yuz berdi. Bunga qanday omillar  sabab bo‘ldi? Bu davrda Angliyada ishlab chiqarish tez suratlar bilan rivojlandi. U yirik harbiy dengiz va savdo flotiga ega edi. Bu hol unga chet ellarga katta miqdorlarda tovarlar chiqarib sotish imkonini berdi. Angliya  sarmoyadorlari  chet ellarga yanada ko‘proq, birinchi navbatda eng xaridorgir to‘qimachilik sanoat mahsulotlarini olib chiqib sotish va undan katta boylik orttirishga intildilar. Ayni paytda, Angliya o‘zi bosib olgan o‘lkalar hisobiga ulkan xomashyo manbalariga ham ega bo‘lib oldi. Buning natijasida Angliya sarmoyadorlarining boyliklari tobora ortib bordi. Bora-bora ularning qo‘lida ko‘plab ist’emol tovarlari ishlab chiqarishi  mumkin bo‘lgan fabrikalar qurish va ularda ilg‘or texnika yutuqlaridan foydalanish imkonini beradigan darajada pul mablag‘i to‘plandi. Shu tariqa, Angliyada ishlab chiqarish texnikalari (mashinalar) ixtiro qilish davr talabiga aylandi.

Buyuk ixtirolarning boshlanishi

Angliyada ishlab chiqarish texnikasidagi ixtirolar dastlab to‘qimachilik sohasida boshlandi. Bunga sifatli matolarga talabning tobora ortib borishi sabab bo‘ldi. Bu talabni faqat ishlab chiqarish texnikasi (mashinalar) yordamidagina qondirish mumkin edi. Dastlabki ixtiro XVIII asrda amalga oshirildi. Chunonchi, 1733-yilda mexanik va to‘quvchi Jon Key to‘quv dastgohini ixtiro qildi. Bu ixtirogacha to‘quvchi o‘rmakni g‘altak iplari orasidan o‘zi o‘tkazib turishga majbur bo‘layotgan edi. Ixtirodan so‘ng esa to‘quvchi bu ishni oyoq qurilmasini bosib turish orqali bajaradigan bo‘ldi. Shu tariqa, Jon Keyning ixtirosi mehnat unumdorligini ikki marta oshirishga imkon berdi. Bu davrda Angliyada yigirilgan ipga ham talab oshib bordi. Bu esa, o‘z navbatida, Jeyms Xargrivs tomonidan bir vaqtning o‘zida 15–18 yigirgich ishlaydigan mexanik urchuq ixtiro qilinishiga olib keldi. U o‘z ixtirosini qizining nomi bilan «Jenni» deb atadi.

«Jenni» mexanik ip yigirish mashinasi
«Jenni» mexanik ip yigirish mashinasi

Endi fabrika egalari uchun  yigirilgan iplardan mato to‘quvchi texnika ham kerak edi. Bu muammoni Edmund Kartrayt hal etdi. U mexanik to‘quv texnikasini ixtiro qildi. Bu texnika to‘quvchining mehnat unumdorligini 40 baravar oshirdi.

Bug‘ mashinasining ixtiro qilinishi

Fabrika ishlab chiqarishning yanada unumliroq bo‘lishi uchun faqat suv bor joyda emas, istagan joyda ishlatish mumkin bo‘lgan texnika kerak edi. Tez orada bunday texnikani angliyalik Jeyms Uatt  ixtiro qildi. Bu – birinchi dvigatel (motor), ya’ni harakatga keltiruvchi texnika edi.

Hozirgi zamon yengil avtomobili dvigateli (motori)ni ko‘z oldingizga keltiring. Dvigatel o‘t oldirilgach benzin yoki gaz bilan harakatga keladi. Jeyms Uatt yashagan davrda benzin yoki gazdan foydalanish hali kashf etilmagan edi. Shuning uchun dastlabki dvigatel bug‘ bilan harakatga keltirildi va u bug‘ mashinasi deb ataldi. Bug‘ suvni qaynatish yo‘li bilan hosil qilindi. Ip yigiruvchi va mato to‘quvchi texnikalar shu bug‘ mashinasi bilan harakatga keltirildi. Bu hodisa o‘sha davr uchun katta muvaffaqiyat edi. Bug‘ mashinasining ixtiro qilinishi keyinchalik transport texnikalari uchun ham dvigatel yaratilishiga turtki bo‘ldi. XVIII asrda amalga oshirilgan bu kabi ixtirolar Angliyani dunyoning eng rivojlangan davlatiga aylanishiga sabab bo‘ldi.


Atamalar mazmunini bilib oling

Mexanik – texnika yaratuvchi, texnikani nazorat qiluvchi va ishga soluvchi kishi.[1]

Fabrika (ustaxona) – texnika uskunalari yordamida xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan sanoat korxonasi (ishxona).[2]

Bug‘ – suvning (suyuqlikning) gazsimon holati.

Transport – yuk va yo‘lovchi tashuvchi  vositalar (masalan, avtomobil, kema, poyezd, samolyot va boshqalar).


Savol

  1. «Ishlab chiqarish texnikasi» tushunchasining mazmunini izohlab bering.
  2. XVIII asrda Angliyada qanday omillar texnika sohasida buyuk ixtirolar amalga oshirilishiga sabab bo‘ldi?
  3. Jon Key va Jeyms Xargrivs amalga oshirgan ixtirolarning o‘xshash va bir-biridan farq qiluvchi tomonlarini aniqlang.
  4. Kartrayt amalga oshirgan ixtironing ahamiyati haqida nimalarni bilib oldingiz?
  5. Bug‘ mashinasining ixtiro qilinishiga nimalar sabab bo‘ldi va bu ixtiro nega bug‘ mashinasi deb atalgan?

[1] O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2006. 2-jild. 584-bet.

[2] O‘TIL. – T.: «¤çÌÝ». 2008. 4-jild. 317-bet.

Previous articleYangi dengiz savdo yo‘llarining ochilishi
Next articleTransport vositalarining ixtiro etilishi