Mulk va xususiylashtirish (Мулк ва хусусийлаштириш).
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
- Rasmlarda tasvirlangan mulklarning egalari kimlar bo’lishi mumkin?
- Mulkning biror shaxsga tegishli ekanligi qanday aniqlanadi?
- Nega maktab ko’pincha davlatga tegishli bo’ladi?
- Davlatga tegishli va xususiy poliklinikalar nimasi bilan bir-biridan farq qiladi?
- Biri davlatga tegishli, ikkinchisi xususiy korxonaga tegishli avtobusda transport xizmati ko’rsatayotgan haydovchilarning mehnat shart-sharoitlari orasida qanday farq bor deb o’ylaysiz?
Biror-bir kishiga, oilaga tegishli turli-tuman buyumlar va uy jihozlari mavjud. Masalan, kiyim-kechak, mebel, madaniy-maishiy va xo’jalik mollari va hokazolar. Yana odamlar zavod, fabrika, do’kon, oshxona kabi turli ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish korxonalariga va firmalariga egalik qiladi. Bunday narsalar— mulk, mulk egasi esa — mulkdor deb ataladi. Mulk egalari nafaqat alohida olingan kishi yoki oila, balki firma, korxona, jamoat tashkilotlari yoki davlat ham bo’lishi mumkin. Masalan, firmaga ishlab chiqarish binolari, mashina- mexanizmlar, asbob-uskunalar, transport vositalari va hokazolar tegishli bo’lishi mumkin. Biror mol-mulkka to’la egalik qilish deganda, mulkdorning:
— shu mol-mulkning egasi deb tan olinishi; — shu mol-mulkdan foydalanishi; — shu mol-mulkni tasarruf etishi, ya’ni boshqa birovga sotishi, almashtirishi yoki sovg’a qilishi tushuniladi.
Yuqorida sanalganlar mulkning belgilari deb ham yuritiladi.
Mulk — odamlar tomonidan o’zlashtirilgan va egalik qilish mumkin bo’lgan barcha narsalar.
Mulkdor — mulkka egalik qiluvchi shaxs.
Mulk obyektlari — bu moddiy va ma’naviy ne’matlar yer va yer osti boyliklari, bino inshootlar, mashinalar, asbob-uskunalar, tayyor mahsulotlar, pul, qimmatli qog’ozlar, san’at va adabiyot asarlari, ixtirolar kabilardir.
Mulkka egalik qiluvchi shaxslar— mulk subyektlari hisoblanadi. Mulk subyektlariga alohida odamlar, oilalar, kishilar jamoalari yoki davlat misol bo’la oladi.
Mulkning shaxsiy, jamoaviy, davlat va xususiy turlari farqlanadi.
Shaxsiy mulk odamning o’z shaxsiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida egalik qiladigan mulkdir. Masalan kiyim, portfel, ko’zoynak va h.k.
Kishilar guruhi egalik qiladigan mulk esa jamoa mulki deb yuritiladi. Masalan, televizor, gilam, dazmol kabi narsalar butun oila mulkidir.
Iqtisodiy huquq asoslari Har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli. O’zbekiston Respublikasining Kon stit utsiyasi, 36- modda. |
Iqtisodiyot fanida mulkning davlat va xususiy turlari keng o’rganiladi.
Yer, yer usti va yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylik hisoblanadi. Ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir. Davlat tashkilotlari, korxona va muassasalarning mol-mulklari, davlat ahamiyatiga ega madaniy boyliklar, tarixiy yodgorliklar, davlat budjetining mablag’lari, oltin-valuta zaxirasi, mol-mulklar davlat mulkini tashkil qiladi.
Davlat mulki bo’lgan mol-mulk davlatga tegishli korxona, idora va tashkilotlarga xo’jalik yuritish yoki boshqarish uchun biriktirib qo’yiladi. Masalan, maktabga tegishli barcha mol-mulk davlat mulki bo’lib, undan foydalanish huquqi maktab jamoasiga, unga egalik qilish huquqi tuman hokimligiga, uni tasarruf etish huquqi esa davlatning maxsus tashkiloti hisoblanmish — Davlat aktivlarini boshqarish qo’mitasiga berilgan. Maktab mulkidan, binosidan ta’lim berishdan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun maktab rahbariyati maktabning egasi — hokimiyatdan ruxsat olishi lozim.
Bozor iqtisodiyotida eng ahamiyatli mulk — bu xususiy mulkdir.
Davlat mulki — davlat korxona va tashkilotlariga tegishli mol-mulk.
Xususiy mulk ayrim kishilarga, oilalarga yoki kishilar guruhiga tegishli mulk. Bu mulkning shaxsiy yoki oddiy jamoaviy mulkdan asosiy farqi — bu uning o’z egasiga daromad keltirishi xususiyatidir.
Xususiy mulkning mulkdori bir necha shaxslar (xususan, odamlar, korxona va firmalar) bo’lganda mulkka egalik qilish huquqi bu shaxslar o’rtasida muayyan kelishuvga ko’ra taqsimlangan bo’ladi.
Xususiy mulk mulkchilikning eng ko’hna shakli. Lekin mamla- katimizda mustaqillikkacha bo’lgan rejali iqtisodiyot sharoitida uning ahamiyati yo’qolgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida esa uning ahamiyati yana qayta tiklanmoqda.
Xususiy mulk — bitta yoki bir nechta jismoniy shaxsga tegishli bo’lgan va mulkdor tomonidan daromad olish maqsadida foydalaniladigan mulkdir.
Ashyolar — bu muayyan mulkdor egalik qiladigan narsalar, pullar, qimmatli qog’ozlar va ashyoviy huquqlardir. Ashyoviy huquqlar esa boshqa birovdan biror narsani yoki xizmatni olish huquqi bo’lib, u ham mulk egasiga tegishli bo’ladi.
Ashyolarga shaxsiy ashyolarni, ko’char va ko’chmas ashyolarni, korxona ashyolarini misol qilib keltirish mumkin.
Mulk ob’yektlarining ichida intellektual mulk o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Intellektual mulk — bu inson aqliy mehnatining mahsuli bo’lib, unga bo’lgan mulkdorlik huquqi qonun orqali ma’lum bir vaqtga shu insonga belgilab qo’yiladi. Ya’ni, bu insonning ruxsatisiz undan foydalanish taqiqlanadi.
Intellektual mulkka misol qilib quyidagilarni keltirish mumkin: adabiy, badiiy, ilmiy asarlar, ovoz yozish, radio, televideniye asarlari, kashfiyotlar, ixtirolar, kompyuter dasturlari, tovar belgisi, nou-xau va boshqalar.
Mulk shaklini davlat mulkidan xususiy mulkka o’zgartirishga xususiylashtirish deb ataladi. Xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirish esa milliylashtirish deb yuritiladi. Mustaqillikdan oldin respublikamizdagi barcha ishlab chiqarish vositalari, zavod va fabrikalar davlat tasarrufida edi. Mustaqillikka erishilgandan so’ng bozor iqtisodiyoti yo’lini tanladik. Korxonalarning ko’pchiligi xususiy mulkka aylantirildi. Xususiylashtirish natijasida kichik korxonalar, do’konlar, hunarmandchilik ustaxonalari, uy-joylar — xususiy mulkka aylantirildi.
Ayniqsa so’nggi yillarda mamlakatimizda xususiylashtirish jarayoni keskin jadallashdi. O’zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko’maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo’mitasining tashkil qilinishi natijasida xususiylashtirish jarayoni tizimli tus oldi. Bunda O’zbekistondagi xususiylashtirishning asosiy maqsadi qilib xususiylashtirilgan korxonalarni modernizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlashga xususiy investorlar mablag’larini jalb qilish va import o’rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarish, yangi ish o’rinlarini tashkil qilish belgilandi.
O’zbekistonda xususiylashtirish quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
- barcha davlat obyektlari ochiq savdo orqali sotiladi;
- xususiylashtirish jarayoni soddalashtirilgan va shaffof;
- barcha investorlar sotiladigan obyektlar bo’yicha yetarli ma’lumot olishlari mumkin;
- investorlar barqaror qonunchilik vositasida kafolatlanadi.
Hozirgi iqtisodiy islohotlar orqali mamlakatimizdagi eng yirik korxonalar ham xususiylashtirilmoqda. Mamlakatimizda hatto, yerni xususiylashtirish bo’yicha ham choralar ko’rilmoqda.
Milliylashtirish — xususiy mulkni davlat mulkiga aylantirish.
Xususiylashtirish — davlat mulkini xususiy mulkka aylantirish.
Bilimingizni sinab ko’ring!
- Hamma narsaning egasi — mulkdori bo’lishining nimasi yaxshi?
- Mulk shakllarini sanab bering va misollar keltiring.
- Bozor iqtisodiyotida qaysi mulk shakli eng asosiy hisoblanadi?
- Intellektual mulk qanday mulk?
- Xususiylashtirishdan ko’zlangan asosiy maqsad nima deb o’ylaysiz?
- O’zbekistondagi xususiylashtirish jarayoni haqida so’zlab bering.
Buni yodda tuting!
- Pul barcha tovar va xizmatlarni ayirboshlash mumkin bo’lgan maxsus tovardir.
- Pul insoniyatning eng katta kashfiyotlaridan biridir.
- Pul muomala, o’lchov va jamg’arish vositasidir.