“Mirzo Ulug‘bek” fojiasi haqida

0

“Mirzo Ulug‘bek” fojiasi haqida. “Мирзо Улуғбек” фожиаси ҳақида. “Мирзо Улугбек” фожиаси хакида.


Qadrli o‘quvchilar! Siz mazkur asardan olingan, olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bek hayotining eng xushnud va hasratli manzaralari aks etgan adabiy parchalar bilan yaqindan tanishdingiz. Tarixdan ma’lumki, temuriylar sulolasining eng mashhur vakillaridan biri bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek (asl ismi Muhammad Tarag‘ay)ning taqdiri hozirgi kungacha kishilarni hayratga solib kelyapti. Darhaqiqat, tadbirkor davlat rahbari, adolatli shoh,
ilm-fanda yuksak cho‘qqilarni egallagan inson, mislsiz ilmiy qobiliyat Mirzo Ulug‘bek shaxsida mujassamlanishi hayratlanarli hol. Shundan bo‘lsa kerak, hazrat Navoiy sultonlar orasida uni ulkan daho sifatida baholaydi. Umuman, temuriyzodalar orasida bunday aql sohiblari ko‘p uchraydi (Zahiriddin Muhammad Bobur, Husayn Boyqaro kabi). Alisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarining yettinchi majlisini temuriylarga mansub shoirlar, sakkizinchi majlisini yana bir temuriyzoda – Sulton Husayn Boyqaroga bag‘ishlagani bejiz emas.

Mirzo Ulug‘bek – Amir Temurning suyukli nabirasi, ya’ni to‘rtinchi o‘g‘li Shohrux Mirzoning farzandi, u bobosi Temurning barcha yurishlarida ishtirok etgan. Buyuk olim va hukmdor haqida tarixiy ma’lumotlarni ko‘plab keltirish mumkin. Bu ishni tarixchi olimlarimizga qo‘yaylik-da, suhbatimizni yuqorida siz tanishib chiqqan drama voqealari xususida davom ettiraylik. Ushbu sahna mazmunidan ma’lum bo‘lganidek, ulug‘ adibimiz Maqsud Shayxzoda mazkur asarni yaratishda jiddiy tayyorgarlik ko‘rgani, dramani yozishda behisob ilmiy-tarixiy manbalarga tayangani ko‘rinib turibdi. Adib asarda Ulug‘bek yashagan davrni, u hukmronlik qilgan saroy muhitini ko‘z o‘ngimizda yaqqol gavdalantirgan. Mirzo Ulug‘bek hayotida ko‘p voqealar yuz bergan. U oliy hukmdor, buyuk olim sifatida ko‘p narsalarni o‘z boshidan kechirgan. Bularni besh pardali tarixiy fojiaga sig‘dirib bo‘lmasligini bilgan M. Shayxzoda ushbu asarga asosan ikki yo‘nalishdagi voqealarni, ya’ni saroy ixtiloari va buyuk olim olib borgan ilmiy izlanishlarni yoritishga jazm qilgan. Asar bilan tanishganingizda sizda ikki xil tuyg‘u paydo bo‘lgani aniq. Adib Mirzo Ulug‘bekni bir tomondan, qattiqqo‘l, butun Xurosonni o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun har qanday chorani ko‘rishga tayyor hukmdor sifatida, ikkinchi tomondan, ilm-fanning jonkuyari, jahonshumul kashyotlar qilgan olim, fan ahlini jonidan ortiq ko‘radigan (masalan, Ziji Ko‘ragoniyning so‘zboshisida shogirdi Ali Qushchini “farzandi arjumand” – aziz farzandim deb ataydi), biroq saroydagi sq-fasod, ig‘vo ishlar oldida ojiz bir inson qabilida tasvirlaydi. O‘quvchi hukmdor Ulug‘bekning zulm-u zo‘ravonligini inkor qilmagan holda, olim va fozil, ma’rifatparvar Ulug‘bekka achinadi, unga ixlosi ortadi. Haqiqatan ham, Ulug‘bekning tarix oldidagi katta xizmati uning hukmdorlik faoliyatidan ko‘ra ilm-fanni, ma’rifat va madaniyatni rivojlantirishidadir. Shu ma’noda Ulug‘bekning fan, madaniyat ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari uning zulm-zo‘ravonlik faoliyatidan ustun ekanligiga kishida shubha qolmaydi. Maqsud Shayxzoda Ulug‘bek shaxsidagi shu xususiyatlarni teran anglagan holda o‘quvchi diqqatini ko‘proq uning ma’rifatparvarlik faoliyatiga qaratadi. Buni dramadagi Mirzo Ulug‘bek so‘zlaridan ham anglasa bo‘ladi:

Ma’rifatning dargohiga qo‘ydim ixlosim.
Og‘ir bo‘ldi qismat menga ortgan vazifa.
Men, sultonlar o‘rtasida bo‘ldim donishmand,
Donishmandlar tepasida sulton sanaldim.
Ma’rifatni hukumatga qilib rahnamo,
Bu o‘lkaning yerida ham yulduzlar yoqdim.

Agar Ulug‘bekning “Ma’rifatni hukumatga qilib rahnamo, Bu o‘lkaning yerida ham yulduzlar yoqdim”, – degan so‘zlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning davlatchilik faoliyati ma’rifatchilik asosiga qurilganiga amin bo‘lamiz.

Dramada Ulug‘bek qiyofasi ko‘proq asardagi boshqa obrazlar orqali ochilgan, masalan, Ali Qushchi, Sakkokiy, Shayxulislom Burhoniddin, Chin, Hind, Farang, Misr, Rus elchilari bilan bo‘lgan muloqotda ilm-fan homiysi, buyuk olim, ma’rifat doyisi kabi xislatlari namoyon bo‘lsa, Abdullatif Mirzo, uning mahrami Abbos, Qozi Miskin kabi saltanat dushmanlari, ig‘volarga nisbatan bo‘lgan munosabatida mutaassiblikka qarshi ashaddiy kurashgan inson sifatidagi xarakteri ochilgan.

Mirzo Ulug‘bek hukmdor, katta saltanat egasi bo‘lishiga qaramay, avvalo, insoniy fazilatlardan begona bo‘lmagan, o‘z farzandiga mehribon ota. Shundan bo‘lsa kerak, saltanat, ilmfan ishlari bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘z o‘g‘lini unga dushman sifatida qayrab, uni avval taxtidan, so‘ng hayotdan mahrum qilish uchun amalga oshirilgan tnalardan bexabar bo‘lib, g‘aatda qoladi. O‘g‘li Abdullatif otasiga qarshi isyon ko‘taradi va uning buyrug‘i bilan Ulug‘bek qatl ettiriladi. Shu o‘rinda marhum shoirimiz Muhammad Yusufning Ulug‘bek tilidan aytgan quyidagi so‘zlari asl haqiqat sifatida jaranglaydi:

Yulduzlarda ekan nigohim, bilmadim ne edi gunohim…
Men dardimni kimga aytaman.
Qancha g‘amga botmagan edim, qancha og‘u yutmagan edim…
O‘z bolamdan kutmagan edim… men dardimni kimga aytaman.

Ulug‘bekning haqiqiy insonparvar sifatidagi qiyofasi uning taxtdan iste’fo berishi sahnasida yorqin ifodalangan. U dushman qo‘shini bilan kurashda ahvoli tang bo‘lgach, o‘z jonini qutqarish uchun emas, balki mamlakat fuqarosining tinchligini o‘ylab, Abdullatif odamlari oldiga quyidagi shartlarga ko‘nishsagina taxtdan voz kechishini e’lon qilib: avvalo, mamlakatda tna-yu fasod darhol tugatilishi, qo‘ni-qo‘shni o‘lkalarga
bosqinchilik qilib, temuriylar nasliga qarg‘ish va la’nat keltirmaslik, o‘z xizmatidagi arboblardan qasos olmaslik, haramidagi ahli ayolning iffati va izzatiga g‘ubor cho‘ktirmaslik, madrasa va rasadxonalarga zavol yetkazmaslik, kutubxona va kitoblarni omon saqlashga qasam ichishlarini talab qiladi. Adib tasvirida tarixiy haqiqat va uning badiiy ifodasi juda ishonarli chiqqan. Ulug‘bek davrida Amir Temur shakllantirgan juda kuchli davlat
parchalanib ketdi. Temuriyzodalar bobolari qoldirgan vasiyatlarga amal qilmadilar. Toj-taxt talashishlar oqibatida mamlakat inqirozga yuz tutdi. Bu holat Ulug‘bekning bobosi Amir Temur qabri tepasida aytgan so‘zlarida yaqqol ifodalangan:

Shu – qirq yillik andishaga alamli yakun,
Ketib qoldi zamonadan diyonat, rostlik.
Mudhish bir jar yoqasida turmish mamlakat,
Zulmatli tun qo‘nayotir yurtning ufqiga.

Bobo Temur, omonating saqlayolmadik,
Avlodlaring chiqib qoldi g‘oyat noqobil.
Bobo Temur, tirigingda o‘zing va so‘zing
Ulkanlikda sig‘mas edi shu yer yuziga.
Endi nega maydalandi Temur urug‘i,
Endi nega razillashdi hokimlar ruhi.
Endi nega mirzolarning ko‘zlari ojiz,
Qulog‘i kar, idroki bo‘sh, iroda kuchsiz…
Bu kulfatli zamonda bergin maslahat…

Fojia Mirzo Ulug‘bekning o‘limi bilan tugaydi, biroq o‘quvchi yoki tomoshabin bu manzaradan tushkunlikka tushmaydi, aksincha, buyuk olim ishlarining davom etishiga ishonadi, Abdullatif kabi padarkush g‘alamislarning umri qisqa ekanligiga iymon keltiradi.

Dramada adibning sahna asari yaratish bobidagi mahorati tufayli Ulug‘bek yashagan davr, kishilar hayoti aniq, jonli, jozibador, eng muhimi, ishonarli chiqqan. Bu asardagi har bir so‘zga, manzaraga, sahna jihozlariga ishonasiz, uni qalbdan his etasiz, go‘yo o‘zingizni shu voqealar ichida yurgandek sezasiz. Shu ma’noda “Mirzo Ulug‘bek” dramasini Vatanimiz tarixining eng hasratli davridan hikoya qiluvchi mukammal sahna asari sifatida har qancha o‘qib-o‘rgansak arziydi. Ushbu sahna durdonasining hali-hanuz sahnadan tushmay kelayotgani, uning asosida yaratilgan “Ulug‘bek yulduzi” kinolmi (rejissor Latif Fayziyev)ning Vatanimiz va xorij ekranlarida qayta-qayta namoyish etilayotganligi krimizning isbotidir.

Mirzo Ulug‘bek (Tarixiy fojiadan lavhalar)


Savol va topshiriqlar

1. Maqsud Shayxzodaning hayoti va ijodi haqida nimalar bilasiz? U necha marta siyosiy qatag‘ondan jabr ko‘rgan?

2. Maqsud Shayxzoda o‘z asarlarini qachondan boshlab e’lon qila boshladi?

3. 30-yillarda shoirning qaysi asarlari chop etildi?

4. Maqsud Shayxzodaning urush yillarida yaratgan tarixiy dramasi qanday nomlanadi va u nima haqda edi?

5. Adib yaratgan dostonlarni sanang.

6. Maqsud Shayxzodaning ilmiy va pedagogik faoliyati haqida gapirib bering.

7. “Mirzo Ulug‘bek” dramasidagi voqealar qaysi tarixiy davrni o‘z ichiga oladi?

8. Mirzo Ulug‘bek shaxsi, uning qaysi sulolaga mansubligi haqida qisqacha so‘zlab bering.

9. “Mirzo Ulug‘bek” dramasida Mirzo Ulug‘bekning ma’rifatparvarlik xislati nimalarda ko‘rinadi?

10. Dramadagi tarixiy shaxslar (Ulug‘bek, Ali Qushchi va h.k.) va badiiy to‘qima obrazlarni (Piri Zindoniy, Ota Murod kabi) ajrating.

11. Ulug‘bek huzuridagi ajnabiy elchilar bilan uchrashuv nima munosabat bilan tashkil etilgan edi?

12. Ulug‘bek “bu shogirdim… mahramim, do‘stim” deb kimni e’zozlayapti?

13. Ulug‘bekning ajnabiy elchilar bilan uchrashuvida uning qaysi mashhur asari haqida gap ketadi?

14. Dramadagi Ulug‘bek va uning bobosi Temur arvohi o‘rtasidagi suhbat mazmuni nimadan iborat bo‘ldi? Amir Temur nabirasi savoliga qanday javob qildi? Tushuntirib bering.

15. Piri Zindoniy kim, uning temuriylarga bo‘lgan nafratining sababi nimada?

16. Mirzo Ulug‘bek qaysi shartlar bilan taxtdan voz kechadi?

17. Sakkokiy: “O‘g‘illardan yalchimagan, benasibpadar, O‘z shogirdin o‘g‘il deya topar tasalli”, – deganda nimani nazarda tutyapti?

18. Asardagi arxaik so‘zlarni (urfon,farahbaxsh, Chin, Farang, ilalabad, zij, kotibi azal, bilkulliya) toping va lug‘at yordamida ma’nosini bilib, adabiyot daftaringizga ko‘chiring.

Previous articleMirzo Ulug‘bek (Tarixiy fojiadan lavhalar)
Next articleTragediya (fojia)