Usmon Nosir haqida malumot. Усмон Носир ҳақида малумот. Усмон Носир хакида малумот.
Usmon Nosir (1912–1944). “1912-yilning 13-noyabrida Namangan shahrining “Chuqurko‘cha” dahasida qorachadan kelgan bir bola tug‘ildi. U tug‘ilganida hech kim sevinmadi ham, hech kim xafa ham bo‘lgani yo‘q. To‘shakda yotgan bemor ota esa bola go‘dakligidayoq bu olamdan ko‘z yumdi…
Ammo otalik mehrini to‘rt yashar Usmon Masodiq o‘g‘li Nosirhoji xonadonidan topdi. Ikkinchi ota oilasini Qo‘qon shahriga ko‘chirib olib keldi. Bola shu dargohda ulg‘ayib, ko‘p bolalar kabi internatda o‘qib tarbiyalandi. O‘rta maktabda va Samarqanddagi O‘zbekiston dorilfununida o‘qib yurgan yillaridanoq u shoir Usmon Nosir bo‘lib tanildi.
Usmon Nosir!.. Bu nom yigirmanchi yillarning oxirlaridayoq o‘quvchiga tanila boshladi. O‘ttizinchi yillarda esa, u asarlarini kitobxonlar intiqlik bilan kutadigan shoirga aylandi. Endi uni “tabiatan shoir”, “tug‘ma shoir” deb ta’riadilar. Ana o‘shanda Usmon Nosir 20 yoshlarda edi. “Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” deganlaridek, Usmon Nosir ham mashhur siymolarimiz kabi juda yoshligidan ko‘p ijobiy xislatlarga ega bo‘lgan edi.
U nihoyatda ziyrak, idrokli, keng mushohadali, o‘ta qiziquvchan, uquvli, bilimga chanqoq, mehnatkash edi. Shuning uchun ham Usmon Nosir ijodda yoshligidanoq iste’dodli, “tug‘ma shoir” sifatida tanildi. Bu tanilish yosh shoirning shoirona tabiatidan tashqari, uning ijodga jon-dili bilan berilishi, ijod sirini bilishga urinishi, bu yo‘lda o‘rganishi va izlanishi samarasi edi. “Geyne bilan o‘rtoq tutindim, Lermontovdan ko‘mak o‘tindim” degan yosh shoir rus va jahon poeziyasining maftunkor fazilatlarini ijodiy talqin qilish bilan birga, Sharq adabiyoti va og‘zaki ijodining boyliklarini ham egallashga intildi…
Usmon Nosir 18 yoshidan to 24 yoshigacha bo‘lgan davrda ijod qildi. Shu qisqa 6–7 yil ichida u beshta she’rlar to‘plami (“Quyosh bilan suhbat”, “Safarbar satrlar”, “Traktorobod”, “Yurak”, “Mehrim”) va ikki doston (“Norbo‘ta”, “Naxshon”) hamda to‘rt drama (“Atlas”, “Zafar”, “So‘nggi kun”, “Dushman” asarlarini) yaratdi.
Badiiy tarjima sohasida ham shoir o‘ziga xos tarjimonlik madaniyatini va poetik didini namoyish qilgan edi. N.A.Dobrolyubovning “Haqiqiy kun qachon keladi?” degan mashhur asarini, V.I.Kirshonning “Ulug‘ kun” dramasini, A.S.Pushkinning “Bog‘chasaroy fontani”, M.Yu.Lermontovning “Iblis” nomli dostonlarini, Geyne, Gyote, Bayron ijodidan ko‘pgina namunalarni o‘zbek kitobxonlari Usmon Nosir tarjimasida o‘qidi. Bu poetik tarjimalar o‘zbek adabiyotining tarjima asarlar sahifasida shoh namunalar bo‘lib qoldi.
Usmon Nosir lirik shoir edi. Bu yangroq lirika o‘zbek she’riyatidagi lirik oqimga hamohang bo‘ldi, bu oqimga yangi sharshara bo‘lib qo‘shildi va bu unga yana-da joziba baxsh etdi.
Shoir ijodidagi bu xususiyatlar she’riyatda lirikaning yangi turini, badiiy soddalikning eng yaxshi namunasini namoyish qildi. Usmon she’rlarida jimjimadorlik, g‘alizlik, zo‘rma-zo‘rakilik ko‘rinmas, kr-tuyg‘u sodda, lekin lirik harorat bilan, jozibadorlik bilan, original tashbehlar bilan bayon qilinar edi:
She’rim! Yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
(“Yana she’rimga”)
Bu she’riy parchada yana bir narsa, ya’ni shoir ijodining yetakchi mazmuni – she’riyat va hayot oshig‘ligi namoyon bo‘ladi.
…Shoir ijodiy faoliyatida biz ikki pog‘ona borligini ko‘ramiz. Uning 1927-yildan 1932-yilgacha bo‘lgan ijodida publitsistika, voqealarga publitsistik munosabat, publitsistik pafos va ritorika ko‘proq ko‘zga tashlandi. Shuning uchun uning she’rlari shior va chaqiriq bo‘lib yangradi. Bu xususiyat Usmon ijodining zamon talabiga hozirjavobligini ko‘rsatadi…
Shoirning mana shu dastlabki davr ijodida tematik aktuallik va rang-baranglik ustun bo‘lsa-da, bu yillar badiiy mahorat va ijodiy mustaqillik yo‘lida izlanish davri edi…
Usmon Nosir o‘z ijodini, o‘z she’rini:
Sen yuragimning chashma suvisan,
Sen ko‘zlarimning gavhar nurlari.
Sening bahongni kim so‘rasa, de:
“Bahom – umrning bahosiga teng”, —
(“She’rim”)
deb baholagan yildan boshlab uning ijodining yangi davri, yangi oqimi, yangi to‘lqini, yangi toshqini boshlandi. Bu toshqin shoir ijodining kamolot bosqichi edi. Bu bosqichda u yetakchi shoirlar kabi falsay krlashni, teran mushohadani, voqeani poetik tasavvur qilishni o‘rganib, bu xususiyatni o‘z she’rlariga badiiy sodda ifodalarda singdirdi. Uning lirikasida siyosat va ijtimoiy turmush hayotiylik, originallik, chuqur hissiyot, poetik tuyg‘u, intim kechinmalar bilan sug‘orildi, yurak sadosi bo‘lib yangradi va mehr o‘ti bo‘lib olovlandi. Shuning uchun ham shoir shu yillardagi she’riy majmualariga “Yurak” va “Mehrim” deb nom qo‘ydi…
Usmon Nosir yosh ijodkorlarga murabbiylik qildi. O‘rta maktabda o‘qib yurgan chog‘larida Qo‘qondagi havaskor qalamkashlar, o‘z davrining yosh shoirlari Amin Umariy, Nasrulla Davron, Ibrohim Nazir va shu satrlarning mualli – kamina kabi shoirlar uning ko‘magidan bahramand bo‘ldi… Keyinchalik Usmon Nosir barcha katta-kichik shoirlar yuragiga kirib bordi va ularga o‘rnak bo‘lib qoldi.
…Usmon Nosirning adabiyotda paydo bo‘lishi hammaning e’tiborini tortgan edi. Uning ijod maydoniga kirib kelishi mislsiz kuchi bilan hammani o‘ziga jalb qilgan notanish bir pahlavonning maydonga kirib kelishiga o‘xshar edi. Ha, u ijod maydoniga yosh va kichkina jussasi bilan keldi-yu, juda katta yuk ko‘tardi.
“Usmon she’riyatimizga shamolday kirib keldi. Balki bo‘ronday! U shunday to‘polon va to‘lqin bilan keldiki, uncha-muncha she’riy uslub va ijodni to‘s-to‘s qilib yubordi. Uni o‘zimizda “O‘zbekning Lermontovi”, Moskva gazetalarida “Sharqda Pushkin paydo bo‘ldi”, deb yozishdi”, – deydi shoir Turob To‘la.
…Usmon Nosir 1944-yil 23-martda 32 yoshida Uzoq Sharqda vafot etdi. Lekin, shoir o‘zi aytganidek, uni Vatan, xalqimiz, adabiyot unutmadi!
Bargdek uzilib ketsam
Unutmas meni bog‘im.
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
She’rlarim yangrab qolur,
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog‘im, —
(“Bog‘im”)
degan edi Usmon”.
O‘tkir Rashid,
lologiya fanlari nomzodi, 1984-yil
YURAK
Yurak, sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo‘r etding.
Ko‘zimga oyni berkitding,
Yurak, sensan ishqibozim.
Senga tor keldi bu ko‘krak,
Sevinching toshdi qirg‘oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Sen ey, sen — o‘ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To‘lib qayna, toshib o‘yna,
Tirikman, kuyla boringni.
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo‘lsa,
Yoril, chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o‘lsam!..
1933, Samarqand
Usmon Nosirning «Yurak» she’ri shoirning insoniy xarakterini va ijodiy taqdirini o‘zida mujassam etgan she’rlar sirasiga kiradi. Ijodkor tarjimayi holidan o‘rin olgan shoir Turob To‘laning unga bergan ta’ri yodingizdami? «Yurak» she’ridan xuddi shu bo‘ronday shiddatni, to‘polonni, to‘lqinni his qilmaymizmi? Shoir Yurak obrazini o‘zining ilhomi, ijodiy intilishlari, his-tuyg‘ulari, orzu-o‘ylarining mujassam timsoli deb biladi. Ya’ni uning Yurakka murojaati, aslida, o‘z shaxsiga, ijodiga murojaatidek yangraydi. Qalbida ilhom bulog‘i jo‘sh urgan shoirgina:
Senga tor keldi bu ko‘krak,
Sevinching toshdi qirg‘oqdan.
Tilim charchar, ajab, gohi
Seni tarjima qilmoqdan, —
deyishi mumkin.
Qarang, Yurakning xuddi qaldirg‘och jivir-jiviridek, bulbul chax-chaxidek kuyini, zavq-u shijoatini shoirning tili boryo‘g‘i tarjima qilishga zo‘rg‘a ulguradi. Chunki, ichingizda ozmi-ko‘pmi she’r, hikoyalar yozishga ishtiyoqmand o‘quvchilar bo‘lsa guvohlik berishlari mumkinki, ilhom degan to‘lqin hech bir ogohlantirishsiz, egasini qalam-qog‘oz olishga-da ulgurtirmay, toshib keladi. Usmon Nosir bir she’rida aytganiday: «Ilhomning vaqti yo‘q, selday keladi…»
Shoir kricha, Yurakka faqat bir o‘rinda buyruq bermoq, uni itoatga ko‘niktirmoq, balki majburlamoq ham qiynamoq mumkin: agar undan «Vatan rozi emas bo‘lsa…»
Usmon Nosir ham ko‘ziga oyni berkitib, u bilan ishqibozlik qilishiga-da yo‘l qo‘yib bergani Yurakdan avvalo Vatan rozi bo‘lishini talab qiladi. Aks holda: «Yoril, chaqmoqqa aylan sen, Yoril! Mayli, tamom o‘lsam!..» — deya yurtga na tegmaydigan ijoddan o‘limni afzal biladi.
Savol va topshiriqlar
1. Usmon Nosir hayoti va ijodi haqida bilgan ma’lumotlaringizni adabiyotshunos olim O‘tkir Rashid esdaliklari bilan boyitib, sinfdoshlaringizga hikoya qilib bering.
2. Sho‘ro hukumati tomonidan Usmon Nosirning hibsga olinib, Sibirga surgun qilinishining asosiy sababi nimada, deb o‘ylaysiz?
3. Shoir necha yil ijod qilishga ulgurdi? Shu yillar ichida qanday asarlar yozdi?
4. «Yurak» she’ri bilan shoirning shaxsi, ijodiy uslubi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor, deb hisoblaysiz?
5. Shoir Yurakka murojaat etib, «Sen ey, sen — o‘ynoqi dilbar, Zafardan izla yoringni», — deydi. Shu misralarga jo bo‘lgan ma’noni, lirik qahramon istagini sharhlashga harakat qiling-chi.
6. She’r lirik qahramoni Yuragiga qarata «Tilimni nayga jo‘r etding» demoqda. Nega shoir tili aynan nayga jo‘r bo‘ladi? Mulohaza qilib ko‘ring.
7. Shoirdan, uning ilhomi va ijodidan Vatan rozi bo‘lishi uchun bu ilhom va ijoddan nimalar talab qilinadi, deb o‘ylaysiz? Usmon Nosir bu talablarga javob bera oldimi?
8. «Yurak» she’rini yod oling va sinfda ifodali o‘qib bering.







