Tragediya (fojia)

0

Tragediya (fojia). Трагедия (фожиа).


Tragediya adabiyotning dramatik tur janrlaridan biri bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi yunoncha tragos – echki, ode – qo‘shiq; tragediya – echki qo‘shig‘i ma’nosini anglatadi. Echki qayoqdayu, fojiali sahna asari qayoqda, deb o‘ylashingiz mumkin. Aslida, yuqoridagi so‘zlarning zamirida haqiqatga yaqin ma’no bor: qadim yunonlarda hosil xudosi Dionis sharaga xalq bayramlari o‘tkazilgan. Bu bayramlarda echkilar so‘yilib dasturxonga tortilgan. Qiziqchilar esa echki terilarini yopinib, turli sahna tomoshalarini ko‘rsatishgan. Bunday jaydari qiziqchilarni tragoslar deyishgan. Keyinchalik bu so‘z oqibati fojia bilan tugaydigan sahna asarlariga nisbatan qo‘llanila boshlagan.

Tragik asar, ya’ni tragediyaning boshqa sahna asarlari (komediya, drama, monodrama, intermediya)dan farqi shundaki, u qahramonlar o‘rtasidagi kuchli ziddiyatlar asosiga quriladi, qahramonlar taqdiri fojia bilan yakun topadi, ular o‘rtasidagi ziddiyat shiddatli va keskin tus oladi. Fojiiy asar qahramonlar xarakterining yorqinligi, ichki kolliziya (qarama-qarshilik, to‘qnashuv) kuchliligi, personajlar o‘rtasidagi koniktning o‘ta kuchli ekanligi bilan farqlanadi. Tragediya murosasiz kurash, g‘oyatda keskin ziddiyat zaminiga quriladi. Bunday asar asnosida kishilar qismati shiddatli, suronli siyosiy voqealar, turli ijtimoiy, shaxsiy qarashlar kurashi fonida ko‘rsatiladi.

Siz o‘qib-o‘rgangan “Mirzo Ulug‘bek” fojiasidagi voqealarni esga olsak, bunga ishonch hosil qilamiz. Asar buyuk olim va hukmdor Mirzo Ulug‘bekning o‘limi bilan tugasa-da, undagi optimistik ruh kishiga dalda beradi. Ali Qushchining tragediya nihoyasidagi kelajakka ishonch, yaxshi kunlar umidi bilan yo‘g‘rilgan quyidagi so‘zlari krimizning dalilidir:

Koinotning chamaniga ochgan yo‘limiz
Yo‘lchilarsiz qolmas, biling, aziz muallim!
Orta borar yulduz soni jadvalingizda,
Qoningizdan o‘sib chiqar shodlik gullari.

Yevropada tragediya uyg‘onish va undan keyingi davrlarda ham keng rivojlandi. Ispan dramaturglari Lope de Vega, Kalderon, ingliz yozuvchisi V. Shekspir, nemis dramaturglari Gyote, Shiller, rus shoiri A.S. Pushkin kabilar bu sohada samarali qalam tebratdilar. Ular yaratgan “Otello”, “Gamlet”, “Romeo va Julyetta”, “Boris Godunov” kabi tragediyalar bugungi kunda jahon teatrlari sahnalarida qayta-qayta o‘ynalmoqda.

O‘zbek adabiyotida tragediyaning go‘zal namunalari Mahmudxo‘ja Behbudiy – “Padarkush” (1911), Abdurauf Fitrat – “Abulfayzxon” (1926), Maqsud Shayxzoda – “Jaloliddin Manguberdi” (1944), “Mirzo Ulug‘bek” (1961) tomonidan yaratildi. Ushbu asarlar o‘zbek sahna madaniyatining haqiqiy durdonalariga aylandi.


Savol va topshiriqlar

1. Tragediya so‘zining lug‘aviy ma’nosi va bu terminning kelib chiqish tarixini aytib bering.

2. Tragediya dramaturgiyaning boshqa janrlaridan nimasi bilan farqlanadi?

3. Kolliziya nima? Bu tushuncha tragik asar uchun qanday ahamiyatga ega?

4. “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi so‘ngidagi Ali Qushchi so‘zi bu janrga xos qaysi xususiyatni anglatadi?

5. Tragediya janrida qalam tebratgan qaysi o‘zbek yozuvchilarini bilasiz?

Previous article“Mirzo Ulug‘bek” fojiasi haqida
Next articleUsmon Nosir haqida malumot