Shaxs (O’zbekiston davlati va huquqi asoslari)

0

Shaxs (O’zbekiston davlati va huquqi asoslari). Шахс (Ўзбекистон давлати ва ҳуқуқи асослари). Шахс (Узбекистон давлати ва хукуки асослари).

Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar

  1. Rasmlarda tasvirlangan odamlar jismoniy, moddiy, aqliy, ma’naviy jihatlari bilan bir-birlaridan qanchalik farq qiladilar deb o‘ylaysiz?
  2. Sizning fi kringizcha rasmlardagi odamlarning qanday umumiy jihatlari bor?
  3. Nima uchun odamlar tug‘ilganida bir xil imkoniyat va sifatlarga ega bo‘ladilar, lekin ulg‘aygan sari bir-biridan farqlana boradilar?
  4. Inson o‘z oilasida, maktab, oliygoh yoki ishxonasida qay darajada nufuz, obro‘-e’tiborga ega bo‘lishi nimalarga bog‘liq deb o‘ylaysiz?
  5. Har qanday inson uchun eng qadrli bo‘lgan narsalarni sanab bering.
  6. Alohida toifadagi insonlar uchun qadrli bo‘lgan, lekin boshqalar uchun uncha ahamiyatli hisoblanmagan narsalarga misol keltiring.
  7. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga misollar keltiring. Mazkur qadriyatlarning inson uchun ahamiyati yuqori bo‘lishi bu inson haqida qanday tasavvur uyg‘otadi?

Odam har qanday tirik organizm kabi jonli tabiatning bitta a’zosi, elementidir. Lekin odam tabiatdagi boshqa mavjudotlardan o‘zining ko‘plab jihatlari bilan farqlanadi. Inson – tabiatdagi eng rivojlangan, ongli mavjudotdir. U xuddi boshqa jonzotlar kabi tirik tanaga ega. Uning xuddi hayvonlarda bo‘lganidek, tabiiy ehtiyojlari, mana shu ehtiyojlarini qondirishga intilishi chog‘ida namoyon bo‘ladigan, instinkt deb atalmish sifati bor. Lekin insonning hayvonlar bilan umumiy jihatlari shu bilan tugaydi. Ya’ni, odam ongli, aqlli mavjudot sifatidagi jihatlarini namoyon qila boshlaydiki, bu jihatlar faqatgina tabiatning odamzot deb atalmish qismining vakili bo‘lgan insongagina xosdir.

Har bir alohida odam – bu individ. U ayol yoki erkak, yosh yoki qari, baland yoki past bo‘yli, oriq yoki semiz deb tavsifl anadigan umumiy xususiyatlarga, ovqat, suv, boshpana, kiyim kabi umumiy ehtiyojlarga, ota-onaga, o‘z uyiga bog‘liqlik, sog‘inch, muhabbat kabi tuyg‘ularda namoyon bo‘ladigan hishayajonga ega. Odamning bu jihatlari barcha odamlarga birdek xosdir. Ya’ni odam tug‘ilishi va ulg‘ayishi davomida bu jihatlar o‘z-o‘zidan ozmi-ko‘pmi shakllana boradi. Mana shu individ, odam, inson qanday qilib shaxsga aylanishi, ya’ni insonning shaxs sifatida shakllanish jarayoni insoniyatni qadim zamonlardan buyon qiziqtirib kelgan.

Xo‘sh, inson qanday qilib shaxsga aylanadi? Qanday insonni biz shaxs deb atashimiz mumkin?

Shaxs ham, albatta odam, inson, individ. Lekin unda tabiiy xususiyatlar, ehtiyojlar, his-hayajon, tuyg‘ulardan tashqari bir qadar ahamiyatliroq bo‘lgan jihatlar mavjud. Masalan, shaxs uchun qator qadriyatlar muhim. Bu qadriyatlarga misol qilib o‘z uyi – oilasi, mamlakati – vatani, mahallasi – qo‘ni-qo‘shnilari, o‘quv dargohi – sinfdoshlari yoki kursdoshlari, ishxonasi – hamkasblari kabilarni keltirish mumkin. Bu qadriyatlarga erishish, ularni saqlash va e’zozlash uning hayotining maqsadi, mazmuni bo‘lib xizmat qiladi. Shaxsga yashash prinsiplari, atrofdagilar bilan munosabat qonunqoidalari, o‘zi yashayotgan, faoliyat yuritayotgan muhitda obro‘-e’tiborga, nufuzga ega bo‘lish istagi kabilar xosdir.

Shaxs o‘z his-hayajon va ehtiyojlarini jilovlay oladi. Unda ong va iroda kuchli. Shaxs o‘z ichki dunyosini biladi, tushunadi va ma’lum tizimga sola oladi.

Shaxs o‘z-o‘zini va o‘z hayotini quradi. Bunda u o‘zini va o‘z atrofi dagi shart-sharoitlarni o‘zgartiradi, shakllantiradi. Shaxs faqat o‘z-o‘zi bilan ovora emas. U atrofdagilar, hayot, mahalla, mamlakat, vatan haqida doimo o‘ylaydi, qayg‘uradi, g‘amxo‘rlik qiladi. Inson qay darajada shaxs sifatida shakllanganligining o‘lchovi, me’yori sifatida uning o‘z shaxsiyati bilan qay darajada atrofdagi boshqa odamlarga, vataniga va hayotga ta’sir o‘tkaza olayotganligini keltirish mumkin.

Biz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarimizni tilga olganimizda ularni buyuk shaxslar deb ulug‘lashimiz ham shaxs tushunchasining naqadar salobatli ekanligini bildiradi.

Insonning shaxs sifatida shakllanishida oila, maktab, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla va do‘stlarning ta’siri katta. Oila bola uchun eng dastlabki asoslarni yaratsa, bolalar bog‘chasi, maktab yoki boshqa ta’lim muassasalari zarur bilim, ko‘nikma va malakalarni beradi. Qo‘ni-qo‘shnilar va mahalla an’analar, urf-odatlar bilan tanishtiradi, atrofdagilar bilan munosabatga kirishishga o‘rgatadi. Insonning qanday shaxsga aylanishi ko‘p jihatdan davlatning yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan siyosatiga bog‘liq. O‘zbekistonda so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri aynan yosh avlodning ta’lim-tarbiyasiga, kelajakda farovon turmush va taraqqiy etgan mamlakatning quruvchilari bo‘lgan shaxslarni voyaga yetkazishga qaratilgan. Islohotlarning markaziga aynan shaxs, uning erkinligi, manfaatlari, orzu-istaklari, intilishlari qo‘yilgan.

Shaxs deganda o‘ziga xos xususiyatlar, xohish-istaklar, orzu va intilishlar, bilim, ko‘nikma, malakalarga ega, ma’naviy dunyosi boy bo‘lgan inson tushuniladi.

Shaxs sifatida shakllangan kishi yetarli darajadagi aql-idrok, bilim, zakovat, kuch-quvvat, tajriba, kasbiy mahorat, ilmiy salohiyat, jismoniy va ma’naviy salomatlikka, ya’ni inson kapitali deb atalmish boylikka ega bo‘lishi lozim.

Insonning ma’naviy boyligi – uning dunyoqarashi, xulqi, odobi, madaniyati kabi ruhiy dunyosi bilan bog‘liq fazilatlari inson kapitalining asosiy tashkil etuvchilaridan hisoblanadi.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi qilib aynan inson kapitalini rivojlantirish belgilanganligi ham bejiz emas. Chunki, inson kapitali – mamlakatimizning jahon arenasidagi raqobatbardoshligini ta’minlab beradigan omildir. Bu so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan qabul qilinayotgan yangi qonunchilik hujjatlarida ham o‘z aksini topmoqda.

Siz o‘sib, ulg‘ayib shaxs sifatida shakllanib borar ekansiz o‘zingizda vatanga bo‘lgan muhabbatni tarbiyalab borishingiz kerak. Sizdagi vatanparvarlik ruhi va davlatning sizning shaxsiy kamolotingiz bo‘yicha g‘amxo‘rligi siz va vatan o‘rtasidagi maqsadlar, intilishlar mushtarakligidan darak beradi. Mana shu mushtaraklik sizning shaxsligingizning ravnaqi, siz kabi yosh avlodning kamol topishi, bular esa o‘z navbatida vatanning kelajakdagi taraqqiyoti kafolatidir. Chunki Vatan kelajagi siz yosh avlodning qo‘lingizda.


Mustahkamlash va takrorlash uchun savol va topshiriqlar

  1. Odamning uni boshqa tirik mavjudotlardan farqlantirib turuvchi jihatlarini sanab bering.
  2. His-hayajon va ehtiyojlar inson hayotida qanday o‘rin tutadi?
  3. Inson shaxs sifatida shakllanishiga qanday omillar ta’sir qiladi?
  4. Shaxs uchun qadriyatlarning qanday ahamiyati bor?
  5. Shaxs uchun e’tiborli bo‘lgan qadriyatlarga misollar keltiring.
  6. Shaxsning shakllanishida davlatning qanday ahamiyati bor?
  7. Davlatimiz yosh avlodning yetuk shaxslar bo‘lib kamol topishi uchun qanday imkoniyatlar yaratmoqda? Bu imkoniyatlarga misollar keltiring.
  8. O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan olamshumul islohotlarning markazida inson, uning manfaatlari, yosh avlodni yetuk shaxslar qilib kamolga yetkazish qo‘yilganligi sizni, sizning tengdoshlaringizni nimaga undaydi?
  9. Inson kapitalining insonning shaxsga aylanishidagi ahamiyatini tushuntiring.
  10. Qanday tarixiy zotlarni “buyuk shaxslar” deb atashimiz mumkin? Siz bunday zotlardan kimlarning nomlarini aytib bera olasiz?
Previous articleO’zbekiston respublikasi – mustaqil davlat
Next articleJamiyat (O’zbekiston davlati va huquqi asoslari)