Tuyuq va tajnis (Туюк ва тажнис).
Tuyuq – lirik janr. U arabiy va forsiy adabiyotda yo‘q. Bu janr namunalarini faqat turkiy she’riyatdagina uchratamiz.
Tuyuqlar aslan turkiy xalqlar og‘zaki adabiyoti ta’sirida shakllangan, takomil topgan. Keyinchalik yozma adabiyotga o‘tib, muayyan qoidalarga bo‘ysungan, talablari qat’iylashgan.
Bir necha adabiy-badiiy talab tuyuq janrining asosiy qoidasiga aylangan:
Tuyuq, albatta, to‘rt misradan iborat bo‘lishi kerak.
Tuyuq misralari, xuddi ruboiydagi kabi, a-a-a-a yoki a-a-b-a tarzida qofiyalanishi zarur.
Tuyuq, albatta, ramali musaddasi mahzuf (yoki maqsur) vaznida, ya’ni «foilotun–foilotun–foilun (yoki foilon)» tarzida bo‘lishi shart. Taqte’si: – V – – / – V – – / – V – (yoki V – ~).
Tuyuqda qofiyaga olingan so‘zlar, albatta, tajnisli bo‘lishi, ya’ni omonim so‘zlardan yoki shakldosh so‘zlar turkumidan tashkil topishi darkor.
Ilgari tuyuqlar janrning ana shu talablaridan dastlabki uchtasiga javob bergan, xolos. Lekin keyinchalik janrning to‘rtinchi sharti yuzaga kelgan. Shu tariqa tuyuqlarni tajnissiz tasavvur qilib bo‘lmay qolgan.
Tajnis – badiiy san’atlardan biri. Lug‘aviy jihatdan jinsdosh, ya’ni shakldosh degan ma’noni anglatadi. Bu nutqda shakli bir xil, ammo ma’nosi har xil so‘zlar yoki so‘zlar turkumini qo‘llash, degani.
Ammo bu san’atni oddiygina qilib, omonimlar ishlatish ekan-da, deb hisoblamaslik kerak. Chunki omonimlar – tilda qat’iylashgan shakldosh so‘zlar. Tajnisni yuzaga keltirish uchun esa muallif bir necha so‘zlar ishtirokida ohoriy (original, ya’ni birmartalik) shakldoshliklar yaratishi mumkin. Masalan, ul Oy, u loy, uloy (ulay) so‘z birikmalari tilda o‘zaro omonim emas. Shoir she’rda bularni shunday qo‘llaydiki, natijada bir gal ul
Oy (u Oy), boshqa safar u loy, uchinchi ko‘rinishda esa uloy (ulay) ma’nolarini anglatadi. Shundan ifoda go‘zalligi kelib chiqadi. O‘quvchi yo tinglovchi shuurida ajib bir badiiy zavq paydo bo‘ladi.
Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili – tajnis yaratish uchun juda katta imkoniyatlarga ega. Hatto, tilimizdagi shu qulaylik adabiyotimizda tajnis ishlatish shart qilib qo‘yilgan alohida, maxsus bir janrning paydo bo‘lishiga olib kelgan.
Tuyuq – shunday janr. Unda qofiyaga olingan so‘z yoki so‘zlar turkumi o‘zaro shakldoshlik paydo qilishi shart.
Lutfiyning mana bu tuyug‘i qofiyasida tajnis bo‘lib kelgan so‘zlarni ko‘rib o‘taylik:
Ko‘ngluma har yonki boqsam, dog‘i bor,
Har necha dardimni desam, dog‘i bor.
Qilcha tanga bori ishqing yor edi,
Bir sori bo‘ldi firoqing, dog‘i bor.
Birinchi misradagi dog‘i bor so‘zlari ko‘ngildagi dog‘ni ko‘zda tutadi. Ikkinchi misrada esa xuddi shu so‘zlar otashi bor degan ma’noni anglatadi. To‘rtinchi misrada bu so‘zlar yana (tag‘in) bor ma’nosida kelgan.
Tajnis qofiyaga olinganda shuning o‘zi qofiya vazifasini o‘taydi. Ya’ni ma’nosi har xil bo‘lgani uchun bu yerda tajnisli so‘zlarning takrorlanishi qofiya o‘rnida qabul qilinadi.
Shoir tajnisda aynan bor so‘zi mavjudligidan foydalanib uchinchi, ya’ni qofiyasiz misrada ham ataylab bori so‘zini qo‘llaydi. Zimdan bu kalima bilan qofiyadagi so‘zlar o‘rtasida ham boshqa bir tajnis yuzaga keladi.
Savol va topshiriqlar
- Lirik janrlarning sof milliy turlari bo‘ladimi?
- Tuyuq janri shakllanishi, tadriji haqida nimalar bilasiz?
- Tuyuq janrining asosiy adabiy-badiiy shartlari nimalardan iborat?
- Tuyuqda ta’sirchanlikni oshiradigan, kishiga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydigan asosiy badiiy vosita nima?
- O‘zingiz mustaqil o‘qigan tuyuqlardagi tajnislar qo‘llash mahoratini tahlil qiling.
- Tajnis va omonimning bir-biriga aloqador va farqli jihatlari nimalardan iborat?
- Tajnisning tuyuq janri uchun ahamiyatini tushuntiring.







