Dastlabki tangalar. Tangalar – tarix guvohi

0

Dastlabki tangalar

Dunyo xalqlari hayotida pul katta ahamiyatga ega. U ming yillar davomida insonlarga ayirboshlash vositasi bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Kishilik tarixida pul bo‘lmagan davrlar ham bo‘lgan. Ular dastlab iste’mol qiladigan barcha narsalarni o‘zlari ishlab chiqarganlar.

Vaqtlar o‘tishi bilan dehqonchilikdan chorvachilik va hunarmandchilikning alohida faoliyat turi bo‘lib ajralib chiqishi savdosotiqning  kuchayishiga olib kelgan. Endi ular ishlab chiqargan mahsulotlarini o‘zaro ayirboshlashga o‘tganlar. Shu tariqa bir-birlarining hojatlarini chiqara boshlaganlar.

Savdo aloqalarining tobora o‘sib borishi, shaharlarning esa ko‘payib borishi foydalanish  uchun eng qulay bo‘lgan  ayirboshlash vositasi — pulning yaratilishini zaruriyatga aylantirib qo‘ydi. Metall (mis, kumush va oltin)dan ishlangan dastlabki pul – tanga shu tariqa paydo bo‘ldi.

Tanga (turkiy – tamg‘a so‘zidan olingan) – maxsus ramzlar tushirilgan va ma’lum og‘irlikka hamda qiymatga ega bo‘lgan metalldan yasalgan pul.

Arxeolog olimlar tanga dastlab miloddan avvalgi VIII–VII asrlarda Lidiya (Osiyoda)   davlatida paydo bo‘lganligini aniqladilar.

Lidiya hududida oltin ko‘p bo‘lgan. Bu davlatda oltindan zarb etilgan tanga starter deb atalgan.

Eron podshosi Doro I davrida  esa o‘sha davrning mashhur «darik» deb ataluvchi tanga puli joriy etildi. Bu tanganing har biri 8,4 gramm sof oltindan yasalgan.

Tangalar tarixdan guvohlik beradi

Tangalar, avvalo, o‘zining qanday metalldan yasalganligiga qarab shu tangani zarb etgan davlatlar, ularning yerosti boyliklari haqida guvohlik beradi. Ikkinchidan, tangalarning og‘irligi va uning zarb etilish usuli, shuningdek, sifati haqida guvohlik beradi.

Yunon-Baqtriya davlati tangalari
Yunon-Baqtriya davlati tangalari

Uchinchidan, davlatning nomi, hukmdorining ismi, uning taxtga o‘tirgan vaqti va hukmronlik qilgan yillari haqida guvohlik beradi.

To‘rtinchidan, u yoki bu davlat tangasining boshqa davlatlar hududidan ham topilishiga qarab bu davlatning qaysi davlatlar bilan savdo aloqalari olib borganligi, tashqi savdoda qaysi davlatning puli katta rol o‘ynaganligi haqida ham ma’lumot olish mumkin.

Qadimgi va zamonaviy tangalarda ramzlarning aks etilishi

Qadimgi davrlarda  tangalarga turli ramzlar va hukmdorlarning  tasviri tushirilgan. Shuningdek, hukmdorning unvoni, ismi va tamg‘asi hamda tangani chiqargan davlatning yoki shaharning nomi, zarb etilgan yili yozilgan.

Xususan, Lidiya podsholigining tanga puli – starterning bir tomoniga lidiyaliklar uchun muqaddas hisoblangan tulki tasviri tushirilgan. Ayni paytda, tulki lidiyaliklarning bosh xudosi – Bassareyning ramzi ham hisoblanardi.

O‘zbekistonning yubiley tangalari
O‘zbekistonning yubiley tangalari

Qator davlatlar hukmdorlari nomlarini abadiylashtirish maqsadida tangalariga o‘z tasvirlarini tushirganlar. Masalan, Doro I makedoniyalik Aleksandr, Rim hukmdori Yuliy Sezar, Yunon-Baqtriya hukmdori Yevkratid va boshqalar zarb ettirgan tangalar buning dalilidir.

Zamonaviy tangalarda ham turli ramzlarni aks ettirish an’anasi davom etib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining pul birligi – so‘m 1994-yilning 1-iyulidan muomalaga kiritildi. 10, 25 va 50 so‘mlik tanga pullar ham zarb etildi.

Bu tangalarning yuz qismiga uning necha so‘m  ekanligi, orqa tomoniga esa «O‘zbe kiston Respublikasi» yozuvi va davlatimiz gerbi tasviri tushirilgan.

O‘zbekistonda mashhur allomalarimiz yubileylari munosabati bilan ham ularning tasviri tushirilgan tanga pullar zarb etilgan. Masalan, 1996-yilda buyuk bobomiz Amir Temur yubileyining 660 yilligi munosabati bilan, 2009-yilda esa Toshkent shahrining 2200 yilligiga atab 100 so‘mlik tanga puli zarb etilganligi buning dalilidir.


Yubiley – tarixiy voqealar, buyuk tarixiy shaxslarning muayyan yoshini tantanali nishonlash.

Savol

  1. Pul paydo bo‘lguniga qadar savdo ishlari qanday amalga oshirilgan?
  2. Dastlabki paydo bo‘lgan tanga pullar haqida nimalarni bilib oldingiz?
  3. Nega tangalar — tarix guvohi deyiladi?
  4. Tangalarda aks ettirilgan turli ramzlar, rasmlar va sanalar nimalarni anglatishini izohlab bering.
  5. O‘zbekiston davlatining tanga pullari haqida nimalarni bilib oldingiz?
Previous articleO‘zbekiston hududidagi qadimgi davlatlar
Next articleQadimgi karvon savdo yo‘llari