Islohotchi yahudiylik

0

«Islohotchi yahudiylik» zamonaviy oqimi XIX asr boshlarida Germaniyada yuzaga kelgan bo‘lsa-da, AQSH da shakllandi. Ushbu oqim yuzaga kelishiga Markaziy Yevropada yashovchi yahudiylarning o‘zlari yashayotgan mamlakat madaniyatiga moslashishga chaqiriqlari g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qilgan.

«Islohotchi yahudiylik»ka xos xususiyatlar shundaki, uning ta’limotiga ko‘ra, «yahudiylar endi bir xalq (millat) emas, balki bir jamoatdir, qadim yahudiy qonun-qoidalaridan faqatgina zamonaviy hayot tarziga mos bo‘lganlarigina qabul qilinishi mumkin» deyiladi.

Masalan, shanba kungi ibodat yakshanba kuniga ko‘chirilgan, sinagogada ayollar erkaklar bilan yonma-yon o‘tirib ibodat qilishlari hamda ruhoniy sifatida marosimlarni boshqarishi ham mumkin.

Bundan tashqari, ibodat vaqtida bosh kiyim kiyish  majburiyati yo‘q. Boshqa e’tiqod vakillari bilan nikoh munosabatlariga kirishishga monelik qilinmaydi.

Bugungi kunda, islohotchi yahudiylar soni Isroilda taxminan 5–6 ming kishi bo‘lsa, AQSHda yashovchi yahudiylarning 40 foizini tashkil qiladi.

Ota-onasidan qaysi biri yahudiyligidan qat’i nazar farzand ham yahudiy, deb e’tirof etiladi.

Islohotchi yahudiylikka javob sifatida konservativ yahudiylik yuzaga kelgan. Konservativ yahudiylikda boshqa e’tiqod vakillari bilan oila qurish qabul qilinmaydi va faqat yahudiy onadan tug‘ilgan bola yahudiy deb hisoblanadi.


Yahudiylik marosimlari va oqimlari. Yahudiylik ta’limoti

Previous articleYahudiylikda dafn marosimi
Next articleSinagoga nima?