Vaqt she’ri tahlili (G’afur G’ulom she’rlari). Вақт шеъри таҳлили (Ғафур Ғулом шеърлари). Вакт шеъри тахлили (Гафур Гулом шеърлари).
G’uncha ochilguncha o’tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik,
Ba’zida bir nafas olgulik muddat
Ming yulduz so’nishi uchun yetgulik.
Yashash soatining oltin kapgiri
Har borib kelishi bir olam zamon.
Koinot shu damda o’z kurrasidan
Yasab chiqa olur yangidan jahon.
Yarim soat ichida tug’ilib, o’sib,
Yashab, umr ko’rib o’tguvchilar bor.
Ko’z ochib-yumguncha o’tgan dam – qimmat,
Bir lahza mazmuni bir butun bahor.
Bir onning bahosin o’lchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ayhannos ovoz.
Yigit termiladi qizning ko’ziga,
Kiprik suzilishi, mayin tabassum…
Qo’sha qarimoqqa muhr bo’ladi
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.
Yashash darbozasi ostonasidan
Zarhal kitob kabi ochilur olam,
Tiriklik ko’rkidir mehnat, muhabbat,
Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.
…Reyxstag ustiga g’alaba tug’in
Qadashda otilgan jangchining o’qi
Yalt etgan umri-la barqaror qildi
Basharning muqaddas, oliy huquqin.
G’alaba amri-la mag’lub nemisning
Generali qo’l qo’ydi. Uch sekund faqat…
Shu mal’un imzoda odamlar o’qir
Million yil fashistning umriga la’nat.
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so’raydi qadrin.
Fursat g’animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq onidir umr daftarin.
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana ma’budin yoqmoq shart emas.
Ko’plarning baxtiga o’znikin jamlab
Shu ulug’ binoga bir g’isht qo’ysak, bas.
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal.
Umrdan o’tajak har lahza uchun
Qudratli qo’l bilan qo’yaylik haykal.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g’animatdir, umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.
1945
Urushda qozonilgan g’alaba to’g’risida har kim har xil yozishi tabiiy hol. Kimdir bu g’alabani ko’tarinki ohang, ko’tarinki so’z bilan ifoda qiladi. Kimningdir ichiga sig’magan quvonchi g’alabani olqishlash shaklida qog’ozga to’kiladi.
G’afur G’ulom ijodiy tafakkuriga faylasufona mulohazakorlik, kichik tuyulgan hayotiy detallardan katta umumlashmalar yasay olish xos edi. Bu noyob fazilatlar shoirning 1945-yilda fashizm ustidan qozonilgan g’alaba munosabati bilan yozgan «Vaqt» she’rida yaqqol ifodasini topdi.
Shoir mazkur she’rda lahza(sekund)ning mohiyatiga nazar tashlaydi.
Darhaqiqat, yuzaki qaraganda, lahza nima? Ko’z ochib yumguncha o’tadigan fursat. Go’yo e’tiborga, diqqatga arzimaydi. O’z umrini poyonsiz deb o’ylaydigan aksariyat odamlar uchun lahzaning sariq chaqalik qimmati bo’lmasligi ham mumkin. Biroq…
Biroq shoir ijodiy tafakkuri butun insoniyat hayoti – uning quvonch-u tashvishlari, hatto qismati ham mana shu lahzalarga jo ekanini favqulodda misollar bilan isbotlab beradi: Bir onning bahosin o’lchamoq uchun Oltindan taroz-u, olmosdan tosh oz.
Hayotning abadiy qonuniyatlarini anglagan, his qilgan odam uchun behuda lahzaning o’zi yo’q va bo’lishi ham mumkin emas. Zero, inson necha yil umr ko’rishidan qat’i nazar, bu umrning asosini mana shu lahzalar tashkil qiladi. Buyuk qahramonliklar ham, isnodli sharmandaliklar ham ayni lahzalar oralig’ida ro’y beradi. O’zini, o’zligini unutgan odam bir lahzada yo’l qo’ygan xatosi, qo’rqoqligi, shijoatsizligi tufayli umrbod yuzi qora bo’lib qolishi hech gap emas. Va aksincha, Amir Temurdek, Jaloliddin Manguberdidek, Bobur Mirzodek bobolarimizning shon-shavkati aynan bir lahzada qabul qilgan qat’iy qarorlari, biror lahza unutmaganlari – yurtga sadoqatlari tufayli abadiyatga daxldor bo’ldi.
Endi ayting-chi, ular kabi jo’mard insonlarning umri, faoliyati, millat taraqqiyotiga qo’shgan hissalarini oltindan yasalgan tarozi-yu olmosdan qilingan tosh bilan o’lchab bo’ladimi?!
G’alaba amri-la mag’lub nemisning
Generali qo’l qo’ydi. Uch sekund faqat…
Shu mal’un imzoda odamlar o’qir
Million yil fashistning umriga la’nat.
Yanagi o’quv yilida Siz Ikkinchi jahon urushining barcha tafsilotlari, u keltirgan kulfatlar to’g’risida batafsil ma’lumot olasiz. Hozir esa shuni eslatib o’tamizki, insoniyat tarixidagi eng dahshatli hodisa bo’lgan bu urush 70 milliondan ortiq kishining umriga zavol bo’ldi. Minglab shahar va qishloqlar, Yevropa, Afrika, Osiyo qit’asining eng noyob madaniy yodgorliklari shu urush olovida kuyib kulga aylandi. Qanchadan-qancha bolalar o’z ota-onalaridan, otaonalar esa farzandlaridan ajrab, hayotlari sarson-sargardonlikda o’tdi. Bu urush yetkazgan jarohatlar o’rni hali-hamon bitgani yo’q. Halihamon Yaponiyaga tashlangan atom bombalarining zahri avlodlar tan-u joniga, atrof-muhitga ozor bermoqda…
Holbuki…
Holbuki, fashizmning o’z mag’lubiyatini tan olib, german armiyasining so’zsiz taslim bo’lishi to’g’risidagi hujjatga imzo chekishi uchun uch sekund vaqt talab qilindi, xolos. Biroq shu uch sekundga yetib kelish insoniyatga qanchalar qimmatga tushganini bir tasavvur qilib ko’ring-a.
Darvoqe, 1939-yil 1-sentabrda Ikkinchi jahon urushini boshlash – Polshaga hujum qilish to’g’risidagi qarorni qabul qi lishga ham, balki uch sekund kifoya qilgandir.
Shoir dunyoda shuhrat qozonmoqning yo’llari ko’p ekani, biroq bu yo’llarning biri odamni sharmandali shuhratga olib kelsa, boshqasi abadiyatga olib borishini quyma satrlarda eslatadi:
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana ma’budin yoqmoq shart emas.
Darhaqiqat, o’z davrining buyuk mutafakkirlari goh ilm-fan, goh san’at, goh falsafada ulkan natijalarga erishayotganidan ichi kuygan Gerostrat degan kimsa odamlar uni ham doimiy yodlabyo’qlab turishlarini xohlab qoladi. Bunga arzirli biror ish qo’lidan kelishiga ko’zi yetmay, ulkan buzg’unchilik, vahshiylikka qo’l uradi. Dunyo arxitekturasining noyob namunalaridan biri bo’lgan Diana ma’badi – ibodatxonasiga o’t qo’yadi. Qarabsizki, halihamon Gerostratning nomini ham insoniyat eslashga majbur.
Lekin bu eslov-yo’qlovning qimmati va ahamiyati qanchalik? Hamma gap mana shunda!
Shukrki, insoniyatga xotira degan ulkan saboq – xazina ato etilgan. U o’zining baxt-u iqboli yo’lida kurashgan ulug’lar bilan birga, odamzod tirikligiga xavf-u qo’rqinch solgan yovuz kimsalarni ham unutmaydi. Ularning qilmishlari takrorlanishidan ogoh turadi.
Faylasuf shoir G’afur G’ulom o’zining mo’jazgina asari – «Vaqt» she’ri bilan lahzaga abadiy haykal qo’ydi, deb bem alol aytsak bo’ladi! Bu she’r bag’riga jo bo’lgan mantiq va ma’no, san’at va sayqal ko’lamini anglamoq uchun, qarangki, asrlar talab qilinmoqda. Chinakam she’riyatning, adabiyotning mo’jizaviy qudrati, balki mana shundadir.
Savol va topshiriqlar
- «Vaqt» she’rida kapalak umri nega g’uncha ochilguncha o’tgan fursatga tenglashtirilyapti?
- «Yashash soatining oltin kapgiri har borib kelishi bir olam zamon. Koinot shu damda o’z kurrasidan Yasab chiqa olur yangidan jahon…» – satrlarida ifoda qilingan ilmiy haqiqatni boshqa fanlardan olgan bilimlaringiz yordamida ochib berishga harakat qiling.
- Shoir «Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram…» deydi. Shu fursat insonni yana ne ko’ylarga solishi mumkin?
- «Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so’raydi qadrin», – degan chaqiriq bugun qanday yangraydi? Siz «bu da’vatning menga ham daxli bor», deb o’ylaysizmi? O’ylasangiz, unga javoban nimalar qilmoqdasiz? - Umr daftarini bezashi mumkin bo’lgan shoh satrlar nimalar bo’lishi mumkin? Sizning umr daftaringizga birorta shunday satr tushdimi?
- «Vaqt» she’rini o’qishli qilib turgan eng muhim jihatlar nimalarda aks etgan, deb o’ylaysiz? Fikringizni misollar bilan tushuntiring-chi.
- Xalqimizning uzoq va yaqin o’tmishidan «tarixiy lahzalar»ga misollar toping.
- Sizningcha, lahza insonni, voqeani abadiyatga daxldor qiladimi yoki inson lahzaga shunday qismat bag’ishlaydimi? Bu savolga javobni sinfdoshlaringiz bilan birgalikda topishga harakat qiling.
- G’afur G’ulomning «Vaqt» she’rini, albatta, yod oling. Uni keyingi hayotingizda ham tez-tez eslab turishga, unda aytilgan haqiqatlarga amal qilishga harakat qiling.