Sog’inish she’ri tahlili (G’afur G’ulom sherlari). Соғиниш шеъри таҳлили (Ғафур Ғулом шеърлари). Согиниш шеъри тахлили (Гафур Гулом шеърлари).
Zo’r karvon yo’lida yetim bo’tadek,
Intizor ko’zlarda halqa-halqa yosh.
Eng kichik zarradan Yupitergacha
O’zing murabbiysan, xabar ber, quyosh.
Uzilgan bir kiprik abad yo’qolmas,
Shunchalar mustahkam xonayi xurshid,
Bugun sabza bo’ldi qishdagi nafas,
Hozir qonda kezar ertagi umid.
Xoki anjir tugab, qovun g’arq pishgan,
Baxtli tongotar chog’ uni kuzatdim,
Bir mal’un gulshanga qadam qo’ymishkan,
Joni bir jondoshlar qolarmidi jim.
Unda yetuk edi meros mard g’urur,
Ostonani o’pib, qasamyod qildi.
Ukalarin erkalab o’zimday mag’rur,
Ya’ni obod uyimni u dilshod qildi.
Iblisning g’arazi bo’lgan bu urush
Albatta, yetadi o’zin boshiga.
O’g’lim omon keladi, g’olib, muzaffar,
Gard ham qo’ndirmasdan qora qoshiga.
Ne qilsa otaman, meros hissiyot…
Jondan sog’inishga uning haqqi bor,
Kutaman uzoqdan ko’rinsa bir ot,
Kelayapti, deyman ko’rinsa g’ubor.
…Kechqurun osh suzsak, bir nasiba kam,
Qo’msayman birovni – allakimimni.
Doimo umidim bardam bo’lsa ham,
Ba’zan vasvasalar bosar dilimni.
Balki bir g’alat o’q yo xavf-u xatar
Xazinai umrimdan yo’qotdi olmos…
Yo’q, u o’lmas, qadami olam yaratar,
Hayotiy bu olam siz-u bizga xos.
Tong otar chog’ida juda sog’inib,
Bedil o’qir edim, chiqdi oftob.
Loyqa xayolotlar chashmaday tindi,
Pok-pokiza yurak bir qatra simob.
O’rog’-u gulqaychi, istak ko’tarib,
Hovrimni bosishga boqqa jo’nadim.
Hasharchi qo’shni qiz – uning sevgani,
Ma’yus bosar edi orqamdan odim.
…Dur bo’lib taqilar yoring bo’yniga,
Sadafday ko’zimda behuda bu yosh,
Ikkoving ikki yosh, labing labiga Qo’yar.
Vasvasamdan kuladi quyosh.
…Sizlarni keldi, deb eshitgan kuni
O’zing to’qib ketgan katta savatda
To’latib shaftoli uzib chiqaman,
G’alaba kunlari yaqin albatta.
Yayov, ko’ksim ochiq, boshda shaftoli,
Xuddi mo’ylovingdek mayin tuki bor.
Har bitta shaftoli misoli kulgu,
Shafaqday nimpushti, sarin, beg’ubor.
Suyganing labida reza ter kabi,
Unda titrab turar sabuhiy shabnam.
Munchalik mazani topa olmaydi
Uyquda tamshangan chaqaloqlar ham.
Ye, o’g’lim, jonginang salomat bo’lsin,
O’z bog’ing, o’z mevang danagin saqla.
Shu meros bog’ingni o’z qo’lingga ol,
Menga topshirilgan merosiy haq-la.
Bog’da tovus kabi xiromon bo’lib,
Umid danagini birga ekingiz.
G’olib kelajakni sayr qilaylik
Mushfiq onaginang bilan ikkimiz.
1942
Siz «o’zbek onasi» degan ibora anglatadigan mazmun-mohiyatni, har qalay, yaxshi anglaysiz. Uni eshitganingizda farzandi uchun jonini berishga tayyor, butun fikr-zikri bolasining baxt-u iqboliga qaratilgan munis ayol qiyofasi ko’z oldingizda gavdalanadi.
Yaxshi bilasizki, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan poytaxt Toshkentdagi Mustaqillik maydonida Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga so’lim xiyobon barpo etilgan. O’zbekona ayvonlar bilan o’ralgan Xotira xiyobonining to’rida urushga ketgan bolasini intizor kutayotgan ona siymosi gavdalantirilgan. «O’zbek onasi» tushunchasining ko’z o’ngimizda aniq reallashuvida bu siymo beqiyos rol o’ynaydi.
Endi shunga yaqin boshqa bir tushuncha to’g’risida o’ylab ko’raylik. Bu – «o’zbek otasi» tushunchasidir.
Albatta, bu iborani eshitishingiz bilan ko’z oldingizda o’z padari buzrukvoringiz siymosi gavdalanishi bor gap. Otangizning Sizga bo’lgan e’tibori, Sizni boqib katta qilish yo’lida qilayotgan mehnatlari, kun-u tun oila tashvishlari bilan band yurishi… bularning bari mana shu tushunchada jamuljamdir.
Biroq «o’zbek otasi»ning bo’rtma, umumiy, hamma uchun tanish, yaxlit siymosini aynan G’afur G’ulom hozirgina o’qiganimiz «Sog’inish» she’rida aks ettirgan desak, hech mubolag’a bo’lmaydi.
Bu she’rda otalarimizga xos bo’lgan jamiki fazilatlar o’zining yorqin ifodasini topgan. Ularning samimiyligi, jonsarakligi, har doim ham oshkor qilinavermaydigan farzandga mehr-u muhabbati, kuzatuvchanligi, tantiligi, andishasi… barcha-barchasi shu she’rda namoyon bo’ladi.
Asar misralari ichra urushga ketgan o’g’lidan bir mujda – nedir yaxshi xabar kutayotgan Otaning bezovta yuragi gupillab urib turibdi. Uning ko’ngliga goh vahima-vasvasa ko’lanka soladi. Atrofga har kuni yuzlab «qoraxat» qo’nayotgan tahlikali kunlarda bu bezovtalikka, albatta, o’rin bor – «Ne qilsa otaman, meros hissiyot…»
Ko’pchiligingizga sog’inch hissi hozircha bir qadar uzoqroq bo’lishi tabiiy. Negaki, hozir ota-onangiz, aka-ukalaringiz yonidasiz – har kuni ularni ko’rish, diydoridan bahramand bo’lish imkoniyatingiz bor. Lekin harbiy xizmatdami, uzoqroq xizmat safaridami bo’lgan otangiz yoki boshqa qarindoshlaringiz suhbatiga quloq solsangiz, ular uyni, yaqin qarindoshlarni, Vatanni qanchalar qo’msaganliklarini hikoya qilishadi. Ayniqsa, tunlari oyga qarab, «uyimdagi ota-onam ham uni ko’rishayotgandir, men ham qarab turibman, demak, bir-birimizni ko’rgandek bo’lyapmiz», – degan ilinj mana shu sog’inch taftini, biroz bo’lsa-da, bosadi…
«Sog’inish» she’rining lirik qahramoni – Otaning sog’inchi shunchalar zo’rki, u har bir narsadan umidlanadi, najot so’rab to quyoshga qadar zorlanadi:
Eng kichik zarradan Yupitergacha
O’zing murabbiysan, xabar ber, quyosh.
She’rning:
Tong otar chog’ida juda sog’inib,
Bedil o’qir edim, chiqdi oftob.
Loyqa xayolotlar chashmaday tindi,
Pok-pokiza yurak bir qatra simob.
degan bandiga e’tibor bering. Nima uchun Ota sog’inch o’rtagan paytlari aynan Bedilni o’qiydi? Nega uni o’qigach, «loyqa xayolotlar chashmaday» tinadi?
Gap shundaki, asli nasli turkiylardan bo’lgan fors shoiri Bedil she’riyati o’zining falsafiy chuqurligi, o’quvchini o’tkinchi dunyo g’am-tashvishlaridan yuqoriroq turib fikrlashga undashi bilan ajralib turadi. Bedil mutolaasi Otaga abadiy haqiqatlardan, o’lmas va yuksak tuyg’ulardan saboq beradi. Abdulqodir Bedil she’riyatida, jumladan, shunday misralarni uchratamiz:
Maqomi zolim oxir bar zaifonast arzoniy,
Agar otash furu aftad baxokistar dehad jaro…
(Mazmuni: Zolimning maqomi – qudrati, zulmi oxir-oqibat zaiflashib, kuchdan qoladi. Lovullab yonayotgan olov ham bir kun kelib kulga aylanadi.)
Endi bu fikrning G’afur G’ulom she’ridagi ifodasiga e’tibor beraylik:
Iblisning g’arazi bo’lgan bu urush
Albatta, yetadi o’zin boshiga…
Bedilning Otaga – shoirga bergan daldasi, yupanchi, loyqa xayolotlarini chashmaday tindirishi shu emasmi?
Aytadilarki, shoirlar yarim avliyodirlar. Bu qarashning naqadar to’g’riligini G’afur G’ulomning «Sog’inish» she’ri ham to’la isbotlaydi.
Qarang, bu she’r 1942-yilda yozilyapti. Urushning tugashiga hali uch yil bor. O’zbek otasi esa:
…Sizlarni keldi, deb eshitgan kuni
O’zing to’qib ketgan katta savatda
To’latib shaftoli uzib chiqaman,
G’alaba kunlari yaqin albatta. –
deydi. Urush esa 1945-yilning mayida tugagan, unda tirik qolgan jangchilar ayni shaftoli pishig’ida uylariga qayta boshlaganlar…
Xulosa qilib aytganda, G’afur G’ulomning «Sog’inish» she’ri nafaqat urush davri va nafaqat o’zbek she’riyati, balki insoniyat badiiy tafakkurining eng yuksak cho’qqilarida turishga arzigulik, o’zida eng pokiza insoniy hislarni badiiy mukammal tarzda mujassam etgan noyob badiiy asardir.
Savol va topshiriqlar
- O’qituvchingiz yordamida G’afur G’ulomning «Sog’inish» she’ri yozilishiga sabab bo’lgan hayotiy faktni bilib oling.
- Nima deb o’ylaysiz: agar shoirning o’z farzandi urushga ketmaganida bu she’r yozilmasligi mumkinmidi?
- «Zo’r karvon yo’lida yetim bo’tadek, Intizor ko’zlarda halqa-halqa yosh», – misralarida tasvirlangan manzarani ko’z oldingizga keltirib, sinfdoshlaringizga aytib bering.
- Ota o’g’lini yilning qaysi faslida urushga kuzatganini aniqlash mumkinmi?
- «Hasharchi – qo’shni qiz»ning holatini izohlab bering-chi. Nega u «ma’yus odim bosadi?»
- Nima deysiz, «Yayov, ko’ksim ochiq, boshda shaftoli» satrlarida ifoda etilgan ota siymosini «o’zbek otasi» siymosi sifatida qabul qilish mumkinmi?
- She’rning qaysi bandlarida avlodlararo azaliy davomiylik o’z ifodasini topgan?
- «Sog’inish» she’rining umidbaxshligi, shoirning kelajakka bo’lgan sobit ishonchi to’g’risida mulohaza yuriting.
- «G’afur G’ulom she’riyatida milliy ruh ifodasi» mavzusida uy inshosi yozing. O’qituvchingiz yordamida insholar muhokamasini uyushtiring.