Vatanparvarlik – Ватанпарварлик

0

Aziz o‘quvchi, har bir inson ona yurtiga bo‘lgan muhabbati va sadoqatini turli shakllarda ifoda etadi. Kimdir sidqidildan mehnat qilib, Vatanning moddiy va ma’naviy boyliklarini oshirishga harakat qiladi. Kimdir Vatan sarhadlarida tun-u kun sergak turib, uning har qarich yerini ko‘z qorachig‘idek asraydi.

Bularning barchasi vatanparvarlik deb ataladigan aziz va noyob tuyg‘uning amalda namoyon bo‘lishidir. Odam o‘z yurtining dard-u tashvishi, shodlig-u quvonchi bilan hamisha hamnafas yashasa, hatto, Vatan uchun jonini ham fido qila olsa, vatanparvarlik shunchaki tuyg‘uga emas, yuksak insoniy fazilatga aylanadi.

Vatanparvarlik deb, o‘z yurtini sevish, unga sadoqat bilan xizmat qilish, uning mustaqilligi, tinchligi va taraqqiyoti yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib yashashga aytiladi.

 Vatanni haqiqiy vatanparvar farzandlar dunyoga tanitadi. Vatan tuprog‘i shunday jonkuyar insonlar tufayli ulug‘ va muqaddas bo‘ladi.

O‘ylab ko‘ring, Oy va boshqa sayyoralarda ham tuproq bor. Lekin odam yashamagani, hozircha hech kim vatan deb bilmagani uchun u yerlarni aziz va muqaddas deb aytolmaymiz.

Vatanparvarlik Vatan tuyg‘usini anglashdan boshlanadi. Bu tuyg‘u insonni Vatan manfaatlari yo‘lida jasorat va qahramonlik ko‘rsatib yashashga undaydi.

Dunyoda Vatanning ozodligi, ravnaq topishini o‘z hayotining ma’no-mazmuni deb bilgan insonlar ko‘p bo‘lgan. Aynan ana shunday insonlar tufayli Vatan tuyg‘usi, vatanparvarlik fazilati odamzot hayotida eng buyuk qadriyatlardan biri bo‘lib kelmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining birinchi Prezidenti Jorj Vashington XVIII asrda Shimoliy Amerikadagi ozodlik harakatlariga boshchilik qiladi.

O‘sha paytda Amerika Yevropadagi yirik davlatlarga nisbatan ancha qoloq edi. Bu yerda muntazam armiya shakllanmagan edi. Shunday bir sharoitda har tomonlama yaxshi qurollangan Angliya armiyasiga qarshi kurash olib borish oson emasdi. Lekin Vatan ozodligi va mustaqilligini muqaddas deb bilgan Jorj Vashington murakkab vazifani amalga oshirishga qat’iy bel bog‘laydi – ozodlik harakatiga rahbarlik qiladi. Dushman son jihatdan, harbiy ta’minotiga ko‘ra bir necha barobar ustun bo‘lishiga qaramasdan, Jorj Vashington boshchiligidagi vatanparvar kuchlar oxir-oqibat g‘alaba qozonadi. 1782-yili Angliya AQShning mustaqilligini tan oladi.

Vatanparvarlik borasida bizning buyuk bobolarimiz ham har tomonlama ibratga munosib meros qoldirganlar.

Masalan, jasur ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi o‘n ikki yil davomida uzluksiz kurash olib boradi. Yov yurtimizga bostirib kirgan paytda Jaloliddin yigirma yoshli navqiron yigit edi. Uning otasi Alouddin Muhammad Xorazmshoh uzoqni o‘ylamasdan ish tutgani uchun mamlakatning harbiy qudrati susayib, kuchlar bo‘linib ketadi, buning natijasida uning qo‘shini mag‘lubiyatga uchraydi. Shohning o‘zi Kaspiy dengizidagi orollardan biriga borib jon saqlashga majbur bo‘ladi.

Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi haykali
Urganchdagi Jaloliddin Manguberdi haykali

Shafqatsiz janglarda ishtirok etolmasligini his qilgan Xorazmshoh to‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddinni valiahd, ya’ni taxt vorisi qilib tayinlaydi. Mard va bahodir Jaloliddin o‘z ukalari va 70 nafar otliq askari bilan yov qurshovida turgan Xorazmning qadimiy poytaxti – ko‘hna Gurganjga kirib keladi. Uni ko‘rib, xalqning ruhi ko‘tariladi. Jaloliddin Gurganj va Xuroson o‘rtasidagi sahroda o‘zining 70 nafar askari bilan dushmanning 700 kishilik qo‘shiniga duch keladi va ularni tor-mor keltirib, hozirgi Afg‘oniston hududidagi G‘azni shahri tomon chekinadi. Chingizxon uning ortidan 45 ming kishilik qo‘shin yuboradi. Jaloliddinning safiga ham vatanparvar yigitlar kelib qo‘shiladi. Parvon degan joyda ikki o‘rtada qaqshatqich jang bo‘ladi. Jaloliddin qo‘shini o‘zidan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan, yaxshi qurollangan dushman ustidan g‘alaba qozonadi.

Shundan so‘ng Chingizxon bu yengilmas sarkarda bilan shaxsan o‘zi kurash olib bormoqchi bo‘ladi. Sind, ya’ni «Hind daryosi bo‘yidagi jang» degan nom bilan tarixda qolgan bu to‘qnashuv 1221-yil 24-noyabrda bo‘ladi. Chingizxon son-sanoqsiz askari bilan qora quyundek yopirilib kelar edi. Lekin yosh sarkarda o‘zini yo‘qotmasdan, mardona jangga otiladi. Dushman uning o‘ng va so‘l qanotidagi kuchlarni yorib o‘tadi.

Jaloliddin bor-yo‘g‘i 70 nafar saralangan askari bilan o‘rtada qolib ketadi. U sher kabi goh o‘ngga, goh so‘lga tashlanib, yov lashkarini yer bilan yakson qiladi. Mo‘g‘illar esa uning atrofini o‘rab olgan holqa tobora siqib kelaveradi.

Aytishlaricha, o‘sha paytda mard va shijoatli Movarounnahr farzandining ruhini sindirish uchun Chingizxon uning 7–8 yasharlik o‘g‘lini tutib olib qatl ettiradi. Jaloliddin dushman qo‘liga asir tushmaslik uchun so‘nggi soniyalarda oilasining oldiga kelib, o‘z farzandlari bilan xayrlashadi. Keyin yana yovga tashlanib, ularni chekinishga majbur qiladi va qirg‘oqqa borib, pishqirib oqayotgan daryoga ot soladi va undan shamoldek yelib o‘tib ketadi. O‘sha zahotiyoq qirg‘oqqa yetib kelgan Chingizxon uning shahd-u shiddatiga qoyil qoladi va o‘g‘illariga qarab bunday deydi: «Haqiqiy o‘g‘il mana shunday bo‘lmog‘i lozim».

Jaloliddin Manguberdiga bunchalik g‘ayrat-shijoat va jasorat baxsh etgan kuch Vatan tuyg‘usi, ona yurtga bo‘lgan muhabbat, xalqning unga nisbatan ishonchi edi. O‘n ikki yillik hayotini muttasil jangi jadallar bilan o‘tkazgan bu buyuk sarkarda umrining so‘nggi lahzalarigacha o‘z e’tiqodiga sodiq qoldi. Shu bois uning ozodlik yo‘lidagi faoliyati afsona va rivoyatlarga, muborak nomi esa mardlik va jasurlik timsoliga aylandi. Mamlakatimizda «Jaloliddin Manguberdi» ordeni ta’sis etilgan. Bugungi kunda yuksak vatanparvarlik fazilatlari bilan elyurt hurmatini qozongan yurtdoshlarimiz ana shu orden bilan taqdirlanadi.

1999-yili Jaloliddin Manguberdining 800 yilligi yurtimizda keng nishonlandi. Xorazm viloyatining markazi bo‘lgan Urganch shahrida uning muazzam haykali barpo etildi.


Savol va topshiriqlar:

  1. Vatanparvarlik insonning qanday harakatlarida namoyon bo‘ladi?
  2. Vatanparvarlik tuyg‘usi qachon fazilatga aylanadi?
  3. Bu tuyg‘u qanday tarbiyalanadi?
  4. Buyuk vatanparvar ajdodlarimiz haqida gapirib bering.
Previous articleFuqaro nima? Фуқаро нима?
Next articleO‘zbekistonning fidoyi farzandlari