O‘zbekistonning fidoyi farzandlari. Ўзбекистоннинг фидойи фарзандлари. Узбекистон.
Insonda ma’naviy jasorat tuyg‘usi bo‘ladi. Aynan ana shu tuyg‘u uning butun vujudini harakatga keltirib, qahramonlikka undaydi.
«Xalqimiz doimo ma’naviy jasorat hissi bilan yashagan va bu ulug‘ tuyg‘u uning hayotida yillar, asrlar o‘tgani sayin tobora kuchayib, yuksalib bormoqda»[1].
Yurtimizning bugungi fidoyi, qahramon farzandlari haqida ko‘p gapirish va misollar keltirish mumkin. Chunki xalqimizning mustaqillikka erishganining o‘zi ma’naviy jasorat mahsuli bo‘lgani kabi, istiqlol yillaridagi barcha yutuq va marralarimiz ham ana shunday ulug‘ fazilat natijasidir.
Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, davlat rahbarining vatanparvarlik fazilatlari xalq, millat uchun nafaqat ibrat maktabi, balki ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishishning hal qiluvchi omili hamdir.
Hozirgi kunda yurtimizda mingminglab vatanparvar yoshlar yetishib chiqmoqda. Ayniqsa, davlatimiz sarhadlarini terrorchi guruhlardan himoya qilishda mardlik va matonat ko‘rsatib, qahramonlarcha halok bo‘lgan botir yigitlarning jasoratini el-yurtimiz hech qachon unutmaydi.
Bu jasorat yoshlarimizning ajdodlarimizga xos vatanparvarlik an’analarini sadoqat bilan davom ettirayotgani, ona yurt, uning tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi bugungi navqiron avlod uchun ham eng muqaddas qadriyat bo‘lib qolayotganini ko‘rsatdi.
Mahmudjon Jalilov, Alisher Salimov, Boburjon G‘aniyev, Sayyor Sa’dinov, G‘afurjon Rajabov, Ma’rufjon Rajabov, Elomon Otajonov, Abduhalim Toshqulov, Yunus Oxunov, Ulug‘bek Barnoyev, Doniyor Tojiboyev, Qahramon Madalimov singari yosh jangchi va ofitserlarning nomi Vatan himoyasi yo‘lida jon bergan qahramon ajdodlarimiz qatoridan joy oldi. Bu yigitlarning aksariyati hali hayot zavqiga to‘ymagan, dunyo ne’matlaridan bahramand bo‘lib ulgurmagan edi. Lekin ular yurt mustaqilligini, elimiz tinchligini hamma narsadan aziz bilib, o‘zlarini ana shu oliy maqsadga fido qildilar.
Leytenant Boburjon G‘aniyevning onasi Munavvar opaning Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan o‘g‘li haqida aytgan gaplari farzandidan bevaqt judo bo‘lgan ota-onalar qalbidagi muqaddas yurtimiz zaminiga bo‘lgan muhabbat ifodasidir.
«O‘g‘limning umri zoye ketmadi. Men unga bergan oq sutimdan roziman. Chunki bolam ko‘cha-ko‘yda bezorilik qilib, birov bilan mushtlashib olamdan o‘tgani yo‘q. U Vatanini, xalqini himoyalash yo‘lida jonini fido qildi»[2].
Bugungi kunda ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida nufuzli musobaqalar, ko‘rik-tanlovlar va festivallarda munosib ishtirok etib, yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarayotgan yoshlar ham haqiqiy vatanparvarlardir. Shuningdek, o‘qishda, ishda, harbiy xizmatda, oila qurishda boshqalarga namuna bo‘layotgan yoshlarni ham ularning qatoriga qo‘shish mumkin.
«Har kuni, har soatda fidoiy bo‘lish, o‘zini tomchi va tomchi, zarrama-zarra buyuk maqsadlar sari charchamay, toliqmay tinimsiz safarbar etib borish, bu fazilatni doimiy, kundalik faoliyat mezoniga aylantirish – haqiqiy qahramonlik aslida mana shu»[3].
Vatanparvarlik tuyg‘usini tarbiyalashda ko‘p o‘qish, qishloq va mahalla hayotida faol ishtirok etish, odamlar bilan muloqot qilish, ularni o‘rganish ham katta ahamiyat kasb etadi. Chunki inson shular orqali o‘z yurtini yanada yaxshiroq bilib oladi, unga bo‘lgan muhabbati ortadi. Shuning bilan birga, sayohat qilish, Vatanning shahar va qishloqlarini o‘rganish, dunyo kezish ham insonga olam-olam taassurot beradi, uning qalbini go‘zallashtiradi, tasavvurlarini kengaytiradi. Axir, xalqimiz: «Yurgan – daryo, o‘tirgan– bo‘yra», – deb bejiz naql qilmaydi. Tasavvur qilib ko‘ring, yarim enlik to‘shanchi – bo‘yra qayoqda-yu, qanchadan-qancha shahar-qishloqlar, vodiylar osha oqib o‘tadigan daryo qayoqda! Albatta, daryodek toshib, hayqirib yashash insonni ulug‘laydi.
«Ona yurtga, ona zaminga sadoqat bilan, kimning avlodi ekanini xayolidan chiqarmasdan, hayotda aniq maqsad va e’tiqod bilan yashaydigan harbiy inson Qurolli Kuchlarimizning eng ishonchli tayanchi va suyanchi, boyligi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi»[4].
Vatanparvarlik insonni qanchalik yuksakka ko‘tarsa, Vatanga xiyonat shuncha xor-u zor etadi. Vatanga xiyonat otaga, onaga xiyonat qilish bilan barobar. Dunyo dunyo bo‘libdiki, hali o‘z eli va yurtiga xiyonat qilgan odamning ishi o‘nglanganini hech kim ko‘rgan emas.
Vatan bor ekan, vatanparvarlik eng oliy fazilatlardan biri bo‘lib qolaveradi va ana shu sharafga munosib farzandlar ham voyaga yetaveradi.
Vatanparvarlik borasida avvalo Vatanning o‘zi buyuk murabbiy hisoblanadi. Uning saxovatli zamini, betakror tabiati, bir-biridan go‘zal shahar va qishloqlari, shonli tarixi, boy madaniyati, oriyatli, mehnatkash, sodda va oqko‘ngil odamlari, ajdodlar xotirasi, avlodlar baxti – barcha-barchasi insonni o‘zi tug‘ilgan zaminga bog‘lab turadi, shu tuproqning fidoyi va jonkuyar farzandi bo‘lishga undaydi.
Ona O‘zbekistonimiz – ana shunday beqiyos o‘lka. Binobarin, biz uchun unga munosib farzand bo‘lishdan ortiq baxt-u saodat yo‘q.
[1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 169-bet.
[2] «Vatan fidoyilari». –T.: «Ma’naviyat», 2000-yil, 10–11-betlar.
[3] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 165-bet.
[4] Islom Karimov. Vatanga qasamyod, mardlik va jasorat madhiyasi. –T.: «O‘zbekiston» nashriyoti, 2010-yil, 6-bet.
Savol va topshiriqlar:
- Yurtimizning bugungi kundagi fidoyi farzandlari haqida gap ketganida avvalo kimni tilga olamiz?
- Mashhur sportchi yoshlardan kimlarni bilasiz?
- Siz sinfdoshlaringizdan kimlarni haqiqiy vatanparvar deb hisoblaysizva nima uchun?
- Kelgusida kim bo‘lmoqchisiz va Vatanimizga qanday xizmat qilmoqchisiz?