Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi

0

Ta’lim va tarbiya uyg‘unligi. Таълим ва тарбия уйғунлиги / уйгунлиги.


Aziz o‘quvchi, har qanday yurtning kuch-qudrati, avvalo, uning xalqi va farzandlarining salomatligiga bevosita bog‘liq.

Inson tanasi o‘z vazifasini to‘liq ado etish quvvatiga ega bo‘lsa, uni sog‘lom deymiz. Sog‘lomlik ikki xil bo‘ladi. Birinchisi – jismoniy sog‘lomlik, ikkinchisi esa – ma’naviy sog‘lomlik.

Agar odamning jismi ham, ruhi ham sog‘lom bo‘lsa, to‘laqonli inson hisoblanadi va u komil insonga aylanishi mumkin. Buning uchun u jismini ham, ma’naviyatini ham doimiy ravishda chiniqtirib, tarbiyalab borishi lozim. Bunday takomillashuv jarayoni bir umr davom etadi.

O‘zidan qoniqmasdan, doimo oldinga, yetuklik va mukammallikka intilib yashaydigan inson barkamol insondir.

Demak, komil bo‘laman degan inson hamisha ezgulikka intilib yashashi lozim. Bunda uning qanday kasb egasi, qaysi toifa yoki millat vakili ekani muhim emas. Oddiy cho‘pon yoki quruvchi bo‘laturib, o‘z kasbi, halol mehnati orqali shon-shuhrat topgan yuzlab odamlar oramizda ko‘p. Yoki dunyo miqyosida san’at, ilm-fan, sport sohasida buyuk kashfiyotlar qilgan insonlarni bir esga olaylik. Ularning har biri turli millat va elatga, kasb-kor sohasiga mansub. Lekin bu hol ularning insoniy kamolotiga xalal bermaydi, aksincha, yordam berishi mumkin.

Ayniqsa, insonning Vatani va xalqiga bo‘lgan muhabbati e’tiqod darajasiga ko‘tarilsa, uning fazilatlari yanada ortadi. Komillik darajasiga yetgan insonlar qiyofasida nafaqat ular mansub bo‘lgan xalq va Vatan, balki butun insoniyatga xos eng oliyjanob xususiyatlar namoyon bo‘ladi. Masalan, Suqrot, Alisher Navoiy, Shekspir, Mahatma Gandi kabi buyuk zotlar ham o‘z xalqining, ham butun insoniyatning munosib farzandlari hisoblanadi. Chunki ularning siymosida butun bashariyat ahli o‘zi orzu qilgan fazilatlarni ko‘radi.

Demak, inson el-yurtiga, odamzotga qancha ko‘p foyda keltirsa, shuncha mukammal bo‘lib boraveradi.

Insonning jismi va ruhiyati bir-biri bilan shunchalik bog‘liqki, jismdagi kamchilik ruhiyatga, ruhiyatdagi kamchilik esa jismga ta’sir etmasdan qolmaydi. Shuning uchun ota-bobolarimiz duo qilganlarida, «Tan-u joning sog‘ bo‘lsin», deya tilak bildiradilar.

Jism va ruhning uyg‘unligi ta’lim bilan tarbiya ishini bir butun holda, uyg‘un olib borishni talab etadi.

«Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘l-1 maydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi» .[1]

 Ba’zida har tomonlama sog‘lom tug‘ilgan inson noto‘g‘ri tarbiya oqibatida ham jisman, ham ruhan majruh bo‘lib qolishi mumkin.

Jismning kasalligi tana a’zolarining har xil og‘riqlarga duchor bo‘lishida ko‘rinsa, ruhning xastaligi odamning yolg‘onchilik, dangasalik, loqaydlik, johillik, manmanlik kabi yomon odatlarida namoyon bo‘ladi.

Jism ham, ruh ham doimiy parvarishga muhtoj. Shu bois insonning sog‘lom va barkamol rivojlanishida tarbiya bosh mezon hisoblanadi.

Sog‘lom farzand – jamiyatning bebaho boyligi. Chunki inson sog‘lom bo‘lsagina, iste’dodi, aqli va g‘ayrati bilan Vataniga xizmat qila oladi. Shu bois o‘z kelajagini o‘ylagan jamiyat yosh avlodning jismoniy va ma’naviy kamoloti haqida qayg‘uradi. Ammo inson voyaga yetib, mustaqil hayotga qadam qo‘ygach, o‘z taqdiri haqida o‘zi bosh qotirishi, ruhiy va jismoniy tarbiyani turmush tarziga aylantirishi zarur.

Tanni va dilni pok saqlash, sport bilan shug‘ullanib, uni chiniqtirish, vaqtida ishlab, vaqtida dam olish, muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tib turish, san’at va madaniyat vositalari orqali ruhiyati, ong-u tafakkurini boyitish, yomon ishlardan tiyilib, yaxshi ishlarga bosh qo‘shish — bularning barchasi o‘zini o‘zi tarbiyalashga kiradi. Shu tariqa inson sog‘lom turmush tarziga, komillikka yaqinlashib boradi.

Sog‘lom turmush tarzi deb, zararli odatlardan tiyilib, ilmma’rifat, manaviyat, sport vositasida o‘zini o‘zi tarbiyalab boradigan, inson, oila va jamiyatning kamol topishiga xizmat qiladigan hayot shakliga aytiladi.

Inson o‘zini o‘zi tarbiyalashi uchun unda kuchli iroda bo‘lishi lozim. O‘zining kasb-u hunari, iste’dodi bilan katta natijalarga erishgan kishilarning hayotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularning faoliyatida kuchli iroda hal qiluvchi o‘rin tutganini ko‘ramiz.

Ayniqsa, sportchilarning turli musobaqalarda mardlik va jasorat namoyish etganini ko‘p ko‘rganmiz. Masalan, mashhur o‘zbek bokschisi Rufat Risqiyevning 1974-yili Kubada bo‘lib o‘tgan jahon birinchiligida ko‘rsatgan jasorati diqqatga sazovordir. O‘shanda jasur sportchimiz yarim final bellashuvida qattiq shikastlanadi va bir qo‘li og‘ir jarohatlangan holda final o‘yinida ishtirok etadi. Rufat Risqiyev o‘zyurti, xalqining sha’n-u g‘ururini o‘ylab, irodasini jamlab, matonat bilan bellashuvni davom ettiradi va nihoyatda kuchli raqibini mag‘lub etadi.

Rufat Risqiyev shu tariqa o‘zbek bokschilaridan birinchi bo‘lib jahon chempioni degan yuksak sharafga erishadi.

Bunday iroda, ezgu fazilatlar bizlarga ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelmoqda. Tarixiy kitoblarda yozilishicha, bir jangda Amir Temur bobomizning oyog‘i va qo‘liga o‘q tegib, og‘ir yarador bo‘ladi. Shunga qaramasdan, jang maydonini tark etmaydi. Aksincha, askarlarining ruhini ko‘tarib, yovga qarshi mardona hujum boshlaydi va oxir-oqibatda o‘z lashkari bilan dushman ustidan g‘alaba qozonadi.

Ulkan iroda, buyuk jasorat namunasini biz yana bir jasur bobomiz Bobur Mirzo hayoti misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Ul zotning umr kitobi bo‘lmish «Boburnoma» asarini o‘qib chiqsangiz, 12 yoshidan – Andijon taxtini egallaganidan to hayotining so‘nggi daqiqalarigacha bu inson ma’naviy jasorat ko‘rsatib yashaganiga ishonch hosil qilasiz. Bobur Mirzo, Shayboniyxon ta’qibidan qochib, Xo‘jand tog‘larida sargardon yurgan kezlarida, qahraton qishda daryo suviga bir necha bor sho‘ng‘ib chiqadi. Yaxshisi, bu haqda buyuk bobomizning o‘zidan eshitaylik: «Ul martabada sovuq edikim, o‘shul ikki-uch kishi bu borada sovuqning shiddatidin o‘lub edi… Bir ariq suyidakim, yoqalari qalin muz to‘ng‘ub edi, o‘rtasi suvning tezligi jihatidin yax bog‘lamaydur edi, bu suvg‘a kirib, g‘usl qildim[2]. O’n olti qatla suvg‘a cho‘mdum. Suvning sovuqlig‘i xeyli ta’sir qildi».

Odamlar kiyimga o‘ranib ham sovuqdan halok bo‘layotgan bir pallada muzdek suvga o‘n olti karra sho‘ng‘ib chiqish osonmi? Buning uchun insonning tanasi o‘ta kuchli va baquvvat bo‘lishi bilan birga, uning irodasi ham mustahkam bo‘lmog‘i zarur, albatta.

Darhaqiqat, taqdirning har qanday sinovlariga bardosh berish, ularni mardona yengib o‘tish, yuksak fazilatlarni namoyon etishni otabobolarimiz hayot sinovlariga tayyor bo‘lishning muhim sharti, deb hisoblaganlar. «Alpomish» dostonining bosh qahramoni Hakimbek – Alpomish o‘z maqsadiga yetguncha qancha sinov va mashaqqatlarga duch keladi. Lekin u hech qachon umidsizlikka tushmaydi. Chunki o‘zining kuch va imkoniyatlariga, irodasiga qattiq ishonadi. Shuning uchun oxir-oqibatda to‘qson alpning ustidan g‘alaba qozonib, Barchinoyni o‘z yurtiga olib ketishga muyassar bo‘ladi.

Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun juda ulkan ishlar qilinmoqda. Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab Prezidentimizning tashabbusi bilan «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi, shu nomda jurnal tashkil etildi. Vatanimizning birinchi oliy nishoni ham «Sog‘lom avlod uchun» ordeni deb ataladi. Yurtimizda onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, sport va jismoniy tarbiyani rivojlantirish uchun zamonaviy sog‘lomlashtirish majmualari, shifoxonalar, sport maskanlari barpo etilmoqda. Ayniqsa, «Umid nihollari», «Barkamol avlod», «Universiada» musobaqalarini o‘z ichiga olgan uch bosqichli yaxlit tizim shakllangani dunyodagi boshqa mamlakatlarda uchramaydigan noyob hodisadir.

Yurtimizda 2000-yil – «Sog‘lom avlod yili», 2001-yil – «Ona va bola yili», 2008-yil – «Yoshlar yili», 2010-yil – «Barkamol avlod yili», 2014-yil esa «Sog‘lom bola yili» deb e’lon qilinib, maxsus davlat dasturlari asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani ham siz kabi yosh avlod vakillari haqida naqadar katta g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotganining amaliy ifodasidir.

Yurtimiz yoshlari bunday yuksak e’tibordan ruhlanib, turli sohalarda dastlabki quvonchli yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda. Masalan, 2014yili 10 nafar o‘quvchi yirik xalqaro va musiqa festivallarida «gran-pri» deb ataladigan eng yuqori sovrinni, 60 nafari esa birinchi o‘rinni olishga erishdi. Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar olimpiadasida 28 nafar yosh sportchimiz 4 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza, jami 10 ta medal egasi bo‘ldi. Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida esa O‘zbekiston vakillari 9 ta oltin, 14 ta kumush, 21 ta bronza, jami 44 ta medalni qo‘lga kiritishdi.

Aziz o‘quvchi, ushbu darslikda Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch» kitobiga tez-tez murojaat qilganimiz bejiz emas. Shuni yodda tutingki, bu kitob aynan siz kabi navqiron avlod vakillari uchun yozilgan. Ulg‘ayib, katta bo‘lganingizda bu kitobni o‘zingiz mustaqil o‘qib-o‘rganib, unda bayon qilingan fikr-mulohazalarning ma’no-mazmunini yanada chuqurroq tushunib, anglab olasiz, deb ishonamiz.


  • [1] Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. –T.: «Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 61–62-betlar.
  • [2] G‘usl qildim – cho‘mildim.

Savol va topshiriqlar:

  1. Qanday odamni sog‘lom deymiz?
  2. Komil inson bo‘lish uchun nima qilish kerak?
  3. Qanday odamni barkamol deyish mumkin?
  4. Ta’lim va tarbiyani nima uchun bir-biridan ajratib bo‘lmaydi?
  5. O‘zini o‘zi tarbiyalash deganda nimani tushunasiz?
  6. Mashhur bokschi Rufat Risqiyev qanday qilib jahon chempionibo‘ldi?
  7. Buyuk ajdodlarimizning jasoratlari haqida nimalarni bilasiz?
  8. Prezidentimiz Islom Karimovning «Yuksak ma’naviyat – yengilmaskuch» kitobi kimlarga bag‘ishlab yozilgan?

«Yoshlar — Vatan kelajagi» mavzusidagi amaliy mashg‘ufot uchun adabiyotlar

  1. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. Toshkent,«Ma’naviyat» nashriyoti, 2013-yil, 60–64-betlar.
  2. Islom Karimov. Vatan va xalq mangu qoladi. Toshkent, Alisher Navoiynomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2010-yil, 126–130betlar.

Previous articleVatanni ulug‘lash
Next articleTo‘garak chuvalchanglar tipi: odam askaridasi