«Yo’q» radifli g’azal. Alisher Navoiy G’azallari

0
«Yo’q» radifli g’azal. Alisher Navoiy G’azallari. «Йўқ» радифли ғазал. Алишер Навоий Ғазаллари. «Йук» радифли газал. Алишер Навоий Газаллари.

«Yo’q» radifli g’azal

Yordin ayru ko’ngul – mulkedurur, sultoni yo’q,
Mulkkim, sultoni yo’q, jismedururkim, joni yo’q.

Jismdin jonsiz ne hosil, ey musulmonlarkim, ul
Bir qaro tufrog’dekdurkim, gul-u rayhoni yo’q.

Bir qaro tufrog’kim, yo’qtur gul-u rayhon anga,
Ul qorong’u kechadekdurkim, Mahi toboni yo’q.

Ul qorong’u kechakim, yo’qtur Mahi tobon anga,
Zulmatedurkim, aning sarchashmayi hayvoni yo’q.

Zulmatekim, chashmayi hayvoni oning bo’lmag’ay
Do’zaxedurkim, yonida ravzayi rizvoni yo’q.

Do’zaxekim, ravzayi rizvondin o’lg’ay noumid,
Bir xumoredurki, anda mastlig’ imkoni yo’q.

Ey Navoiy, bor anga mundoq uqubatlarki, bor
Hajrdin dardi-yu lekin vasldin darmoni yo’q.

«G’aroyib us-sig’ar»ning 310-g’azali.

Baytlardagi mantiqiy bog’liqlik nuqtayi nazaridan bu g’azal ham «Jong’a chun dermen: «Ne erdi o’lmakim kayfiyati?..» g’azaliga o’xshaydi.

G’azal ramali musammani mahfuz (yoki maqsur), ya’ni foilotun – foilotun – foilotun – foilun (yoki foilon) vaznida bitilgan. Uning taqte’si quyidagicha bo’ladi: –V– – / – V – – /– V– – / – V – (yoki – V ~).

M a t l a ‘ ning o’zidayoq muallif avval yordan ayri ko’ngilni sultoni yo’q mamlakatga, keyin esa sultoni yo’q mamlakatni joni yo’q jismga o’xshatadi.

I k k i n c h i b a y t da mulohaza shu tarzda davom etadi: «Ey musulmonlar, jonsiz jismdan qanday hosil unadi, u gul-u rayhoni yo’q bir qora tuproqning o’zginasi-ku».

U c h i n c h i b a y t da aytiladiki: «Agar gul-u rayhoni yo’q bir qora tuproq bo’lsa, u bir porlab turgan Oyi yo’q qorong’i kecha ekan-da».

To ‘ r t i n c h i b a y t da aynan ana shu qorong’i kecha ta’rifiketadi: «Porlab turgan Oyi yo’q qorong’i kecha bo’lsa, u hayot sarchashmasi yo’q zulmat ekan-da».

B e s h i n c h i b a y t da aynan ana shu hayot sarchashmasi yo’q zulmat lirik qahramonni do’zaxiy kimsaning jannatdan noumidligi haqida so’zlashga undaydi, do’zax esa shunday bir xumordirki, unda mastlikning imkoni yo’q. (Mastlik deganda shoir ishqni, ya’ni Yaratganga intilishni ko’zda tutgan.)

M a q t a ‘ da lirik qahramon Navoiyga murojaat qilib: «Unga shunday uqubatlar yuborilganki, hajridan dardi, lekin vaslidan darmoni yo’q», – deydi.


Savol va topshiriqlar

  1. Matla’ badiiy go’zalligini ta’minlagan asosiy omil, mantiqiy asos nima?
  2. Baytdan baytga qaysi so’zlar o’tyapti va buning g’azal umumiy qurilmasidagi o’rni va mavqeyi nimadan iborat?
  3. G’azal baytlarini ketma-ketlikka amal qilgan holda sharhlang.
  4. G’azaldagi tahlilga tortilgan so’z-timsollarni daftaringizga yozib olib, ular talqinlarini o’zaro qiyoslab chiqing.
  5. G’azalni yodlang.
Previous article«Jong’a chun dermen: «Ne erdi o’lmakim kayfiyati?..» g’azali
Next article«Bo’ldum sanga» radifli g’azal. Alisher Navoiy G’azali