«Jong’a chun dermen: «Ne erdi o’lmakim kayfiyati?..» g’azali. Alisher Navoiy G’azallari. «Жонға чун дермен: «Не эрди ўлмаким кайфияти?..» ғазали. Алишер Навоий Ғазаллари. «Жонга чун дермен: «Не эрди улмаким кайфияти?..» газали. Алишер Навоий Газаллари.
Jong’a chun dermen: «Ne erdi o’lmakim kayfiyati?»
Derki: «Bois bo’ldi jism ichra marazning shiddati».
Jismdin so’rsamki: «Bu za’fingg’a ne erdi sabab?»
Der: «Anga bo’ldi sabab o’tluq bag’irning hirqati».
Chun bag’irdin so’rdum, aytur: «Andin o’t tushti manga, –
Kim ko’ngulga shu’la soldi ishq barqi ofati».
Ko’ngluma qilsam g’azab, ayturki: «Ko’zdindur gunah,
Ko’rmayin ul tushmadi bizga bu ishning tuhmati».
Ko’zga chun dermenki: «Ey tardomani yuzi qaro,
Sendin o’lmish telba ko’nglumning balo-yu vahshati».
Yig’lab aytur ko’zki: «Yo’q erdi manga ham ixtiyor, –
Kim ko’rundi nogahon ul sho’xi mahvash tal’ati».
Ey Navoiy, barcha o’z uzrin dedi, o’lguncha kuy, –
Kim sanga ishq o’ti-o’q ermish azalning qismati.
«Favoyid ul-kibar»ning 597-g’azali.
Bu g’azalda she’riyatdagi savol-javob usulidan unumli foydala nilgan. Bunda birov savol beradi, ikkinchi taraf shu savolga javob qaytaradi. Shoirning «Farhod va Shirin» dostonida Xusrav bilan Farhodning aytishuvi ham aynan ana shu yo’lda qog’ozga tushirilgan.
To’liq bir g’azalni savol-javob tarzida bitish Navoiydan oldin yashab, ijod qilgan qalam sohiblari ijodida ham uchraydi. Ammo bu g’azal ayni san’atni oliy darajada qo’llashi va mantiqiy asoslanganligi bilan alohida ajralib turadi.
G’azalning lirik qahramoni – oshiq. U ishq otashining zo’ridan o’lim yoqasiga kelgan. Shuning uchun u m a t l a ‘ dayoq to’g’ridan-to’g’ri jonidan: «O’lishimning sababi nima?» – deb so’raydi. Jon esa unga: «Bunga jismdagi kasallikning shiddati sabab bo’ldi», – deya javob qaytaradi.
I k k i n c h i b a y t da lirik qahramon jismga murojaat qilib, undan: «Bu vaziyatga tushib qolishingga nima sabab bo’ldi?» – deb so’raydi.
Jismning javobi esa quyidagicha: «Bunga o’tlik bag’irning hirqati sabab bo’ldi». Baytdagi «hirqat» so’zi kuyish, yonish degan ma’noni anglatadi.
U c h i n c h i b a y t da savol endi bag’irga beriladi, u esa: «Menga ko’ngildan o’t tushdi, chunki ko’ngilga ishq chaqnog’ining ofati shu’la soldi», – deb javob aytadi.
T o ‘ r t i n c h i b a y t da mantiqan lirik qahramon ko’ngilga «g’azab qiladi», shu tariqa u gunohni ko’zga yuklaydi: «Agar ko’z ko’rmaganida edi, biz bu ishning tuhmatiga qolmagan bo’lar edik».
B e s h i n c h i b a y t da oshiq endi ko’zning «yoqasidan oladi»: «Ey etagi ho’l-u yuzi qora, ko’nglimning balo-yu vahshati sendan ekan-ku».
O l t i n c h i b a y t da ko’zning yig’lab aytgan javobi berilgan: «Menda ham ixtiyor yo’q edi, nogahon ul sho’xi Mahvash
(Oysifat) tal’ati ko’rinib ketgan bo’lsa, men nima qilay?» M a q t a ‘ ga kelganda lirik qahramon shoirga murojaat qilib: «Ey Navoiy, barcha o’z uzrini aytdi, sen o’lganingcha kuy, chunki ishq o’ti senga azalning qismati ekan», – deydi.
G’azalning har bir baytida o’ziga xos ohoriy (original) badiiy ifoda va tasvirlarga duch kelamiz. Muallif hech kimning xayoliga kelmagan tarzda baytlarni baytlarga mantiqan bog’laydi. Jon (birinchi bayt), jism (ikkinchi bayt), bag’ir (uchinchi bayt), ko’ngil (to’rtinchi bayt), ko’z (beshinchi va oltinchi baytlar) bilan bo’lib o’tgan savol-javoblarda kuchli izchillik va o’zaro ketma-ketlik bor. Jon aybni – jismga, jism – bag’irga, bag’ir – ko’ngilga, ko’ngil – ko’zga yuklaydi. Oxiri, lirik qahramon ishqda yonish uning azaliy qismati ekanini tan oladi.
G’azal ramali musammani maqsur (yoki mahfuz) vaznida bitilgan. Uning ohangi foilotun – foilotun – foilotun – foilun (yoki foilon) bo’ladi. Taqte’si: – V – – / – V – – / – V – – / – V– (yoki – V ~).
Savol va topshiriqlar
- G’azal hajmi, mavzusi, vazni va qofiyasi haqida ma’lumot bering.
- G’azalda ishq tasviri uchun qanday ohoriy badiiy usul qo’llangan?
- Baytdan baytga mantiqiy bog’liqlik qanday amalga osha boradi?
- G’azal baytlarini ketma-ketlikka amal qilgan holda sharhlang.
- Lirik qahramon ishqiga haqiqiy «aybdor» kim?
- G’azalni yodlang.








