«Zarbulmasal» masalia

0

Kabutar[1] bilan zog’[2]

Hakimi hoziq[3] bir gulistoni ruhafzog’a[4] doxil bo’ldi. Ko’rdiki, bir shox uzasinda Kabutar ila Zog’ nishast qilib[5]o’lturubdur. Ikkisi bir-biriga vahshat bila nazar qilur[6], ulfati baror kelmas[7]. Shul asnoda[8] mehmonsaroni[9] oldida bir jo’y[10] bor erdi – ikkisi suv ichmoqqa qasd qildi. Mehmonsaroni ichida bir rustoiy[11] azbaroyi[12] sayd[13] o’qin sozlab, muntazir o’lturub erdi. Zog’ daraxtdan parvoz qilib, eshikni to’g’risig’a tushdi. Zog’din rustoiy o’qin otib o’tkardi, qushig’a yem qildi. Kabutar parvoz qilib, sihhat[14] ketti. Agar Zog’ o’z jinsi birla sahroda va yo juvaripoyada[15] va yo eski xirmanlarda yursa erdi, o’q zaxmini[16] yeb, qushg’a yem bo’lmas erdi.


TOSHBAQA BILAN CHAYON

Yaxshilar andog’ aytmishlarki, Sangpusht[17] Iroqdin Hijozga borur erdi. Bir Chayon anga yo’ldosh bo’ldi. Ikisi ketib borur erdi, ammo Sangpusht bag’oyat[18] sohibifahm – farosatlik erdi, toinki cho’x safarlarda yaxshi-yamonlar birla yurub, ko’b tajribalar hosil qilg’on erdi. Ammo Chayonga inon-ixtiyorini verub[19], bodiyalar[20] qat’ edub[21] borur erdi. Shul orada banogoh bir nahri azim[22] paydo bo’ldi. Ikisi o’tmoqqa qasd qildilar. Sangpusht birla Chayon o’tmoqqa yo’l topmay, tafakkur yog’ochi anga ko’pruk bo’lurg’a ojiz va tadbir qamuchi sol bo’lurg’a nobudu nochiz[23]. Oxir ul-amr[24] Sangpusht mustajobi da’vadek[25]murod hadafiga[26] maqrun[27] o’lub, shinovarlik[28] birla muddao istid’osi[29] sohiliga o’zini oldi, nori yoqig’a o’tub, qoz-u[30] o’rdakdek silkinib turdi. Banogoh orqasiga boqti, ko’rdiki, yo’ldoshini oti horug’on, poyluchchak tag’olardek nayzasini kiftiga tashlab, yuqori va quyi yurur erdi.[31] Anda Sangpusht aydiki:

– Mo’jib[32] nadur – buyon o’tmaysiz? Kajdum[33] aydi:

– Ko’zyoshicha suv bo’lsa, bizga ma’zur tutung.

Sangpusht aydi: «Yo’ldosh bo’lmoq sharti bul ermaski, oz hodisa birla hamrohliq rasmini bartaraf qilsam. Avloroq[34] uldurki, tag’oni o’tkarib qo’ysam, yaxshi bo’lur. Burung’ilar masalidurki: «Yaxshiliq qil, suvg’a sol, baliq bilur, baliq bilmasa, Xoliq[35]bilur». Anda Sangpusht hutchav yag’ochini qo’lg’a olib[36], oz harakat birla najot sohilig’a o’zini oldi. Aydi:

– Ey birodar, sani daryodan o’tkazgali o’g’radim[37]. Mani ustimga mingil va lekin bejo harakat qilmag’ilki, o’z joningga jabr qilursan.

Anda Chayon aydi:

– Har kim o’z maslahatini o’zi bilur.

Andin so’ng Sangpushtni orqasig’a mindi. Daryog’a tushib oqdilar. Zamonedin so’ng Chayoni mazkur tebrana berdi. Sangpusht aydi:

– Bul bejo harakatdin muddao nimadur?

Chayon aydi:

– Bu kun maydoningni vase’[38] topdim. Burung’i yaxshilar: «Eshak o’yuni qirq yilda va yana it o’yuni bor anda», – debdurlar. Bul fo’lod[39] nayzamni yakjirma qalqoningga[40] ozmoyish[41] qiloyin derman.

Anda Sangpusht aydi: «G’olibo uldurki: «O’z do’sti dilin resh[42] aylayur jahldinkim, ul urur o’z mushtini devorg’a!» Anda Sangpusht aydi:

– Sani bu xorsifat[43] nayzayi bemajoling[44] mani bu yakjirma qalqonimg’a ne kor[45] qilsin?

Anda Chayon aydi:

– Bilganing yo’qmuki, aqrabni[46] muddaosi nish urmoqdur xoh do’st ko’ksina va xoh dushman orqasina! Qit’a:

Har kimi odati zamima[47] bo’lur, Beirodat[48] zuhur etar[49] andin.

Toshdin nish[50] ayari yo’q aqrab,

Garchi mundoq demak ajab sandin.

Anda Sangpusht aydi:

– Ishonmagil do’stingg’a, samon tiqar po’stingg’a.«Oshnongdin tob» debdurlar. Ey do’stum, suv uzra jasadimiz xasdek yurmagi tokay? Bu bahri[51] amiq[52] javohirlarin tamosho qilmoq kerak, – deb g’avvoslardek[53] bir g’o’ta[54] urdikim, ul javohir termoqda qoldi va bul jon bermog’da qoldi.

N a q l

…Ibrohimbek… bog’inda tab’i tund[55], lavand[56] bir bog’boni bor erdi. Ani bog’boni o’zini bog’bone sonub, olti tub daraxtni ho’l shoxini quruq shoxiga payvand qilur erdi va yana bu aql-u farosati birla o’zini olamni bog’bonidek sobit qadam olur erdi.

N a q l

…bir odam yaxshi ko’rgan to’ppisini[57] tez suvga oqizib, harchand taraddud bila ololmadi. Mahrum bo’lub qaytur erdiki:

– Yo’qolg’oni ham xo’b bo’ldi[58], boshimg’a ham tor kelur erdi, – deb.

N a q l

…zangi[59] yo’l uzasidin bir oyina topib oldi. Oyinada o’zini aksi nomu-borakini ko’rub, oyinani yerga urub, anga necha ayblar qo’yub, aytur erdiki:

– Bul o’zi yaxshi mato’ bo’lsa, yo’l uzra yoturmidi?!


YODGOR PO’STINDO’Z

Odamizod arosinda Yodgor otlig’ bir odam bor erdi. Goho o’zini o’tkir so’fiy[60] ot qo’yar, goho mirishkori[61] hushyor va donishmandi ro’zgor olib aytur erdiki:

– O’n yoshimda hazrati Nuh payg’ambarni obi azobda[62]qolg’onlarida kemalarin itorib, boham[63] erdim.

Va yana aytur erdiki:

– Andog’ ham ermas. O’n besh yoshimda hazrati Ibrohimalayhissalomni kofirlar manjanaqqa[64] solib o’tga otarda bir poyasinda[65] hozir erdim.

Boz aytur erdiki:

  • Andog’ ham ermas. Yigirma besh yoshimda hazrati sultoniorifin[66] Xoja Ahmad Yassaviy xonaqohlarin[67] obod qilurda loy tepib, xisht bergan man erdim.

Ul yerda o’lturg’on yor-jo’ralari aytur erdiki:

  • Ey Yodgor aka, rost naql qiling…

Aytur erdiki:

  • Qul Muhammad Bahodirdin bo’lagini bilsam, Xudo ursun!

Yodgorning po’stin tikkanin ko’rsangiz, chokidin barmoq o’tar erdi. Bozorga olib chiqsa, xaridorlar barmog’ini chokiga suqub, aytur erdiki:

  • Bu na tikish?

Ul javob berurki:

  • Musht o’tmasa, xo’b tikish!

O’zi din, ilmi sunnatga[68] amri ma’ruf[69] qilg’uchi erdi, to onki tahoratda qo’l-oyoqni bandig’acha yuvmog’ni farz[70]-sunnat ekanin bilmay, uch angushtni[71] birin yuvub, ikkisini yuvmay qo’yar erdi.


  • [1] Kabutar – kaptar.
  • [2] Zog‘ – qarg‘a.
  • [3] Hakimi hoziq – bilimdon tabib.
  • [4] Ruhafzo – ruhni yayratuvchi, ko‘ngilni quvontiruvchi, jonbaxsh.
  • [5] Nishast qilib – qaror topib, maqom tutib.
  • [6] Nazar qilur – qarash, nazar solish.
  • [7] Baror kelmas – mos, muvofiq kelmas.
  • [8] Asno – vaqt, payt, holat.
  • [9] Mehmonsaro – mehmonxona.
  • [10] Jo‘y – ariq, anhor, oqar suv.
  • [11] Rustoiy – qishloqi; majozan: nodon, ahmoq.
  • [12] Azbaroyi – uchun, sababli.
  • [13] Sayd – ov.
  • [14] Sihhat – sog‘-omon.
  • [15] Juvaripoya – jo‘xorizor.
  • [16] Zaxm – zarb, jarohat.
  • [17] Sangpusht – toshbaqa.
  • [18] Bag‘oyat – g‘oyatda, juda, nihoyatda.
  • [19] Verub – berib.
  • [20] Bodiya – cho‘l, dasht, biyobon, sahro.
  • [21] Qat’ edub – bosib o‘tib.
  • [22] Nahri azim – katta daryo.
  • [23] Tafakkur kuchi bunga ko‘prik va tadbir qamishi sol (kema) bo‘lishga ojiz.
  • [24] Oxir ul-amr – nihoyat, oqibatda.
  • [25] Mustajobi da’va – duosi qabul bo‘ladigan.
  • [26] Hadaf – nishon.
  • [27] Maqrun – yaqin.
  • [28] Shinovar – suzuvchi.
  • [29] Istid’o – iltimos, so‘rash, yalinib-yolvorish.
  • [30] Qoz – g‘oz.
  • [31] Bu yerda Chayonning suvdan qo‘rqib, nayzasini kiftiga tashlab, yuqori va quyi yurishi qurolini yelkasiga osib, oyoqyalang u yoqdan bu yoqqa yuruvchi posbonga o‘xshatilyapti.
  • [32] Mo‘jib – sabab.
  • [33] Kajdum – chayon.
  • [34] Avlo – yaxshi, afzal.
  • [35] Xoliq – Yaratuvchi, Xudo.
  • [36] Suvga suzishga hozirlanib.
  • [37] O‘g‘ramoq – yo‘l olmoq, mo‘ljallamoq.
  • [38] Vase’ – keng.
  • [39] Fo‘lod – po‘lat; o‘tkir, tez.
  • [40] Yakjirma qalqon – toshbaqaning yaxlit kosasi.
  • [41] Ozmoyish – sinash, imtihon.
  • [42] Resh – yara, jarohat.
  • [43] Xorsifat – tikanga o‘xshash.
  • [44] Bemajol – ojiz, kuchsiz.
  • [45] Kor – bu yerda: ta’sir.
  • [46] Aqrab – chayon.
  • [47] Zamima – yomon, yaramas.
  • [48] Beirodat – beixtiyor.
  • [49] Zuhur etish – ko‘rinish, namoyon bo‘lish.
  • [50] Nish – zaharli jonivorlarning chaqish a’zosi.
  • [51] Bahr – ummon, dengiz.
  • [52] Amiq – chuqur, teran.
  • [53] G‘avvos – suvga sho‘ng‘uvchi.
  • [54] G‘o‘ta urish – suvga sho‘ng‘ish.
  • [55] Tund – tez, g‘azabli.
  • [56] Lavand – yalqov, tanbal, dangasa, bo‘shang.
  • [57] To‘ppi – do‘ppi.
  • [58] Xo‘b bo‘ldi – yaxshi bo‘ldi.
  • [59] Zangi – qora tanli, habash, negr.
  • [60] So‘fiy – tasavvuf tariqati namoyandasi.
  • [61] Mirishkor – o‘z ishining ustasi.
  • [62] Obi azob – azob suvi. Bu yerda: Nuh davridagi to‘fon ko‘zda tutilmoqda.
  • [63] Boham – birga.
  • [64] Manjanaq – palaxmon.
  • [65] Poya – joy.
  • [66] Sultoni orifin – oriflar sultoni. Orif – ma’rifat sohibi, Ollohni tanigan kishi, komil inson.
  • [67] Xonaqoh – so‘fiylar yig‘iladigan, zikr tushadigan joy.
  • [68] Sunnat – yo‘l, ravish, odam. Muhammad alayhissalomning yo‘li va qilgan ishlari.
  • [69] Amri ma’ruf – savob ishlarga da’vat qilish.
  • [70] Farz – bajarilishi zarur bo‘lgan ish.
  • [71] Angusht – barmoq.
Previous article«Zarbulmasal» asari Muhammad Sharif Gulxaniy
Next article«Zarbulmasal» asari haqida