Yahudiylik Ibodat va marosimlari

0

Yahudiylik Ibodat va marosimlari. Yahudiylikda ibodat tong, peshin va shom paytida qilinadigan kundalik hamda shanba kuni sinagogada bo‘lib o‘tadigan haftalik ibodat shakllariga bo‘linadi. Haftalik ibodat (Shabat-Sabt) juma kuni Quyoshning botishi bilan boshlanadi va shanba kuni nihoyasiga yetadi.

Shanba kuni olov yoqish, ishlash, hatto transportdan foydalanish ham taqiqlanadi. Yahudiylik ta’limotiga ko‘ra, Xudo olamni olti kunda yaratib, yettinchi kuni dam olgan. Shuning uchun ham, yahudiylar haftaning yettinchi kuni — shanbani dam olish va ibodatga
bag‘ishlaydilar.

Sinagoga (yun. «jamlanish»; ibr. — «beyt kneset» — «jamlanish uyi»)da ibodatlar kamida o‘nta balog‘atga yetgan erkak kishi to‘planganda o‘tkaziladi.

«Tavrot»da jannat «Adan» nomi bilan atalib, uning sifatlari bayon qilingan.

Yahudiylikda ibodat — «avoda she-ba-lev» ibroniycha «Qalb xizmati» degan ma’noni anglatadi.

Ibodat vaqtidagi eng muhim lahza va uning asosiy shartlaridan biri  «Tavrot» o‘ramalarining tugunlar ichidan chiqarilishi va ruhoniy tomonidan baland ovozda o‘qilishidir. Yahudiylarda faqatgina sinagogada emas, uyda ham ibodat qilinadi.

Uylarda kirish eshigining yuqorisida «mezuza» deb nomlangan, uzun bir quvur ichiga o‘rama holida qo‘yilgan «Tavrot» jumlalari yozilgan bo‘ladi. Uyga kirish va chiqishda yahudiylar «mezuza»ga qo‘l tekkizib, barmoqlarini o‘padilar. Yahudiylar «mezuza» ularni yovuz ruhlar yomonligidan saqlaydi, deb e’tiqod qiladilar. Uyda olib boriladigan ibodat vaqtida bosh kiyim kiyilib, yelkaga esa chakmon (tales) tashlanadi. Duolarning eng muhimi sanalgan 16 tasi tik turgan holda aytiladi. Boshqalarini o‘qiyotganda tiz cho‘kish, vujudni tebratib turish kabi harakatlar qilinadi.

Sinagogalarda, albatta, uch unsur joy olishi shart. Bu Aron Kodesh, Ner Tamid va Bimadir. Quddusga yo‘nalgan muqaddas sandiq (shkaf) — Aron Kodesh ichida «Tavrot» tumorlari saqlanuvchi maxsus joy bo‘lib, u masjiddagi «mehrob»ga o‘xshash vazifani bajaradi va kirish eshigining to‘g‘risida bo‘ladi.

Ner Tamid — (ibr. «abadiy shamchiroq») sinagogada «Tavrot» solingan sandiq ro‘parasida joylashgan bo‘lib, doimo yonib turuvchi shamchiroqdir. Singogalarda Ner Tamid Menorani eslatib turuvchi ramz sifatida qo‘yiladi.

Bima (yoki teva, almemar) esa — sinagoganing markazida joylashgan «Tavrot» o‘qiladigan minbardir.

Yahudiylik marosimlari va oqimlari. Yahudiylik ta’limoti

Previous articleYahudiylik ta’limoti
Next articleYahudiylik dini bayramlari