Ayirboshlash va pul (Iqtisodiyot bilim). Айирбошлаш ва пул (Иқтисодиёт билим).
Faollashtiruvchi savol va topshiriqlar
Yuqoridagi rasmda tasvirlangan etikdo’zga non, novvoyga un, tegirmonchiga bug’doy, dehqonga o’roq va temirchiga etik kerak bo’lsin.
- Bu holatda etikdo’z birgina nonga bo’lgan ehtiyojini qondirish uchun o’zi tikkan etikni qay tariqa nonga almashtira olgan deb o’ylaysiz?
- Bu ayirboshlash jarayonini qanday osonlashtirish mumkin?
- Yuqorida keltirilgan mahsulotlar ichidan qaysi biriga o’z mahsulotini bajonidil almashtirishga rozi deb o’ylaysiz?
- Yuqorida keltirilgan mahsulotlarning birortasi boshqa mahsulot va xizmatlar uchun to’lovni amalga oshirishga mo’ljallangan hammabop almashtirish vositasi sifatida tanlangan bo’lsa, etikdo’z o’zining nonga bo’lgan ehtiyojini qanday qondirgan bo’lar edi?
- Non va bug’doyning universal ayirboshlash vositasi sifatida qanday ijobiy va salbiy tomonlari bor ekanligini ayta olasizmi?
Qadimda odamlar qabila-qabila bo’lib yashaganlar. Har bir qabila o’zi uchun kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini, kiyim-kechaklarni va oddiy ish qurollarini o’zi ishlab chiqargan va iste’mol qilgan. Bunday xo’jalik iqtisodiyotning eng dastlabki shakli bo’lib, u natural xo’jalik deb yuritiladi. Natural xo’jalikning har bir a’zosi asta-sekin muayyan mahsulot turini ishlab chiqarishga moslasha borgan. Vaqt o’tishi bilan har bir kasb egasi o’z mahsulotlarini boshqalar bilan ma’lum nisbatda almashtira boshlagan, ya’ni, ayirboshlagan. Shu tariqa ayirboshlashga mo’ljallangan mahsulot — tovar vujudga kelgan.
Ayirboshlash — bir mahsulotni sotish, sotib olish yoki boshqasiga almashtirish.
Tovar — ayirboshlash maqsadida ishlab chiqarilgan mahsulot.
Odamlar metallni qayta ishlashni o’rganib olganlaridan so’ng metall pullar paydo bo’lgan. Keyinchalik qimmatbaho metallar, oltin va kumushdan yasalgan pullar muomalaga chiqarilgan.
Turli xil og’irlikka ega bo’lgan oltin va kumush bo’laklari pul sifatida ishlatilganda, har safar ularni tarozida tortishga to’g’ri kelgan. Bu noqulaylikni bartaraf etish uchun ma’lum og’irlikka va shaklga ega bo’lgan va turli xil muhrlar urilgan tangalar muomalaga kiritilgan. Vaqt o’tishi bilan tangalarning ham kamchiliklari ko’rinib qolgan. Oltin va kumush tangalar qo’ldan-qo’lga o’tib silliqlashgan va yengillashib qolgan. Bu esa, o’z navbatida, ularning boshlang’ich qiymati, ya’ni boshqa tovarlar bilan ayirboshlash qobiliyatining kamayishiga olib kelgan. Bu muammoni yechishga bo’lgan harakatlar natijasida qog’oz pullar paydo bo’lgan. Birinchi qog’oz pullar 812- yilda Xitoyda zarb qilingan, keyinchalik esa boshqa davlatlarda ham chiqarila boshlangan.
Pul — mahsulot va xizmatlar uchun to’lovni amalga oshirishga mo’ljallangan maxsus ayirboshlov vositasi.
Har qanday mamlakatda tarixan o’z pul tizimi shakllanadi. Pul tizimi — bu pul muomalasining davlat tomonidan tashkil qilinish shaklidir. Pul tizimida quyidagi elementlarni ajratib ko’rsatish mumkin:
— Pul birligi — bu mamlakatda qabul qilingan pul nomi (so’m, dollar, yena va h.k). Pul birligi — bu tovar narxini belgilash uchun qo’llaniladigan pul belgisidir. AQSH pul birligi dollardir. Pul birligi yana mayda bo’laklarga bo’linishi mumkin. Masalan, 1 dollar — 100 sentga teng.
— Narxlar ko’lami — bu tovarlar qiymatlarini o’lchash usulidir. Boshqacha aytganda, narxlar ko’lami orqali pulning qiymat o’lchovi funksiyasi ifodalanadi.
— Pul turlari va ularni muomalaga chiqarish uslublari. Pul turlari — bu muomaladagi qog’oz pullar va tangalarning nominallaridir. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan chiqariladigan so’m — pul turiga misol bo’ladi. Shuningdek naqd (qog’oz va tanga) va naqdsiz (bank hisob raqamidagi yozuv ko’rinishidagi) pullarni ham farqlaydilar.
— Pul emissiyasi tizimi — pul belgilarini muomalaga chiqarish va aylanishi tartibidir. Pul emissiyasi Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi. Markaziy bank pul aylanishini chegaralash va muvofiqlash ishlarini ham amalga oshiradi.
Pul aylanishi — bu tovar oldi-sotdisidagi, tovarsiz to’lovlardagi va boshqa har xil hisob-kitoblardagi muomalada bo’lgan pullarning harakatidir.
Pul aylanishining tarkibiy qismlari deb quyidagilarni keltirish mumkin:
— To’lov aylanishi — bu ish haqi, soliqlar, qimmatbaho qog’ozlar sotib olish va boshqa majburiy to’lovlarning amalga oshirilishidir.
— Naqdsiz pul aylanishi — bu pul aylanishining bankdagi hisob raqamidagi yozuvlar orqali naqd pulsiz amalga oshiriladigan qismidir.
— Naqd pul aylanishi — bu jami pul aylanishining muomala va to’lov vositasi sifatida naqd pul ishlatiladigan qismidir.
Pul sifatida ishlatilgan narsa quyidagi xususiyatlarga, sifatlarga ega bo’lishi lozim:
- odamlar o’zlari bilan olib yurishlari uchun qulay, ya’ni ixcham bo’lishi;
- pishiq, chidamli materialdan bo’lishi, vaqt o’tishi bilan o’z sifatini va qiymatini yo’qotmasligi;
- kamyob, hammaning unga erishishga bo’lgan imkoniyati cheklangan bo’lishi;
- har xil qiymatlarni ifodalovchi xillarining mavjudligi;
- oson taniladigan va uni soxtalashtirish qiyin ekanligi.
Pulning birinchi funksiyasi — pul bu muomala vositasidir. Pul yordamida tovarlar pulga ayirboshlanadi. Natijada, tovar — pul almashuvi amalga oshiriladi. Ikkinchidan, pul — bu tovar qiymatining o’lchov vositasidir. Har bir tovarning qiymati pul bilan o’lchanadi. Tovarning pulda ifodalangan qiymati — uning narxini belgilaydi. Uchinchidan, pul boylik jamg’arish vositasidir. Tovarni pulga almashib, tushgan pulga boshqa tovar olmasdan, uni ma’lum vaqtgacha saqlash ya’ni jamg’arish mumkin.
Xalqaro savdoda pul — dunyo pullari, tovar uchun pul to’laganda esa – to’lov vositasi funksiyalarini ham bajaradi.
Hozirgi zamonda pullarning naqd — tanga va qog’oz pullar; kredit — veksel, banknota va chek ko’rinishidagi pullar; naqdsiz pullar; kredit va to’lov plastik kartalardagi pullar; elektron pullar turlari mavjud.
Pul massasi — bu jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat ixtiyoridagi muomaladagi naqd va banklar hisob raqamlaridagi naqdsiz pullarning umumiy hajmidir. Pul massasi pulning qanday ishlayotganligini ko’rsatuvchi muhim ko’rsatkichdir. Zamonaviy pul tizimi sharoitida pulning aylanish tezligi jadallashmoqda, pul massasining o’sishi esa sekinlashmoqda. Ya’ni, pul yaxshiroq ishlamoqda.
Djon Meynard Keyns bozor iqtisodiyotiga davlatning keng aralashu- vining zarurligini asoslab berdi va pul-kredit siyosati bo’yicha o’zining modelini taklif qildi. Unga ko’ra qat’iy soliq siyosati va yengil pul siyosati uyg’unlikda barqaror iqtisodiy o’sishni ta’minlaydi.
Bilimingizni sinab ko‘ring!
- Qadimda mahsulotlarni ayirboshlash jarayoni haqida ma’lumot bering.
- Oltin tangalar misolida pul o’z vazifasini qanday bajargan?.
- Har qanday narsa ham pul vazifasini bajara oladimi?
- Pulning har bir funksiyasini yaqqol ko’rsatuvchi hayotiy misollar keltiring.
- Sizningcha, pul qanday xususiyatlarga ega bo’lmog’i kerak?
- Pulning qanday turlarini bilasiz?
- Pul tizimi nima? Uning elementlarini ayting.
- Pul aylanishining tarkibiy qismlarini tushuntirib bering.
- Pul massasi nima?
- Pulning xususiyatlari va funksiyalari haqida nimalarni bilasiz?
- Keyns modeli haqida umumiy fikr bildiring
Buni yodda tuting!
- Pul barcha tovar va xizmatlarni ayirboshlash mumkin bo’lgan maxsus tovardir.
- Pul insoniyatning eng katta kashfiyotlaridan biridir.
- Pul muomala, o’lchov va jamg’arish vositasidir.
- Odamlar ma’lum manfaatlarni ko’zlab tovar va xizmatlarni ayirboshlaydilar.








